Akademik tashnalik va “qo‘rqoq” tadbirkorlar

yoxud nega O‘zbekiston innovatsion mamlakatga aylana olmayapti?

Iqtisodiy yuksalish va innovatsiyalar bir-biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri proporsionaldir. Boshqacha aytganda, innovatsion rivojlanish mamlakat yalpi ichki mahsulotining avtomatik ravishda o‘sishiga olib keladi. Bu dunyo tajribasida o‘z isbotini topgan haqiqat.

Uncha katta bo‘lmagan Serbiyani olaylik. Atigi o‘n yil ichida ushbu davlat glo­bal innovatsion indeksda naq 44 pog‘onaga ko‘tarildi. Ayni vaqtda Serbiya xalqaro nashrlarda chop etilayotgan ilmiy maqolalar soni bo‘yicha jahonda 4-o‘rinni band etgan. Bu yerda olimlar soni nihoyat darajada ko‘p. Ular iqtisodi­yotning turli tarmoqlari uchun xizmat qilmoqda. Xuddi shunday progressiv taraqqiyot yo‘lini Turkiya, Gruziya, Bosnya va Gersegovina ham bosib o‘tdi. Qolaversa, Global innovatsion indeksda Chernogoriya, Rossiya, Ukraina­ning ko‘rsatkichlari to­bora yaxshilanmoqda. O‘zbe­kiston esa 2030-yilgacha mazkur reytingda 50 ta ilg‘or mamlakat safiga kirishni maqsad qilgan. Demak, yaqin istiqbolda yurtimiz jahon innovatsiya markaziga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
To‘g‘ri, marrani juda ba­land olganmiz. O‘zbekiston ilm-fani va ta’limida o‘z yechimini kutayotgan jiddiy muammolar talaygina. Bizda akademik tashnalik mavjud. Har bir million aholiga atigi 496 nafar olim to‘g‘ri kelmoqda (solishtirish uchun: Serbiyada 3,5 baravar ko‘p!). Shularning hammasi ham raqobatga dosh berishi amri mahol. Boz ustiga, o‘zbek biznesi mahalliy ilmiy mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor emas. Illo, innovatsion tadbirkorlik mamlakatimizga endigina kirib kelmoqda.
Hafsalani pir qiluvchi yana bir jihat — oliy ta’limga qamrov bo‘yicha hatto qo‘shnilardan orqadamiz. 2018-yilda ko‘rsatkich 9 foizga yetgan, xolos. Vaholanki, dunyodagi eng innovatsion mamlakat — Shveytsariyada maktab bitiruvchilarining 80 foizi oliy ma’lumot olish imkoniyatiga ega.
Ko‘plab parametrlar bo‘­yicha jahondan ortda qolayotganimizga qaramay, O‘zbekiston innovatsiyalarga katta umid bog‘lamoqda. Shu maqsadda 2018-yilda yurtimizda Innovatsion rivoj­lantirish strategiyasi qabul qilindi. Unda asosiy urg‘u inson kapitaliga qaratilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etgan brifingda strategiyaning o‘tgan davr­dagi ijrosi xususida so‘z bordi. Vazirlik bo‘limi boshlig‘i Jahongir Samatov jurna­listlarni hujjatda o‘z ifodasini topgan asosiy yo‘nalishlar bilan tanishtirdi. Ta’kidlanganidek, 2021-yilga qadar O‘zbekistonda ta’lim tizimi hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish, infratuzilma va AKTni rivoj­lantirish, texnologiyalar tran­sferiga yo‘l ochib berish, ilmiy doiradagi raqobatni kuchaytirib, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan.
— Hozircha mazkur sohalar bizda oqsayapti, — qayd etdi mutaxassis. — Innovatsiyalar mamlakat iqtisodiyotining lokomotivi­ga aylanishi uchun butun boshli ekotizimni yaratish kerak. Bu ishni deyarli noldan boshlaganmiz. Davlat ko‘magi bilan, albatta. Masalan, ayni vaqtda startaplar hamda ilmiy-innovatsion ishlanmalarning 92 foizi budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashti­rilmoqda. Sababi banklar va xususiy sektor vakillari bunday loyihalarga pul tikishdan qo‘rqadi. Axir, innovatsion faoliyatda xavf-xatar darajasi ancha yuqori. Tabiiyki, tadbirkorlar “kuyib qolish”ni xohlamaydi. Shu bois yurtimizda venchur moliyalashtirish tizimi joriy qilinmoqda. Hozirga qadar beshta investitsion kompaniya, uchta boshqaruv kompaniyasi va ikkita venchur fondi tashkil qilindi. Ular o‘z sarmoyasini o‘zbek olimlarining nou-xaulariga tikmoqda.
Ba’zi ishlanmalar uchun xorijiy mamlakatlar hamda xalqaro moliyaviy tashkilotlar ham sarmoya ajratyapti. Xususan, joriy yilda Germaniya, Rossiya, belaruslik hamkorlar ko‘magida umumiy qiymati 10,2 milliard so‘mlik
38 ta qo‘shma ilmiy-texnik loyiha bajarildi. Bundan tashqari, Jahon banki ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun O‘zbekistonga 50 million AQSh dollari miqdorida qarz taqdim etgan.
Yuqoridagi sa’y-harakatlarga qaramay, ilm-fanimiz hali ko‘makka muhtoj. Buni mutasaddilar ham anglab turibdi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fan va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlandi. Unga ko‘ra, il­miy tadqiqotlarni moliyalashtirish xarajatlari yalpi ichki mahsulot hajmi­ning 0,8 foizigacha oshiriladi. Aslida bu ham kam. Zotan, ilmiy-innovatsion taraqqiyotda bizdan ancha ilga­rilab ketgan Isroilda mazkur ko‘rsatkich — 4,25, Janubiy Koreyada — 4,23 foizni tashkil qilmoqda.
— Texnologiyalar transferi haqida ham unutmasligimiz kerak, — qo‘shimcha qildi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rnibosari Azimjon Nazarov. — Chetdan hech narsa olib kelmay, innovatsiyalarni faqat o‘zimiz yaratamiz, deyish as­lida xomxayol. O‘zbekiston dunyoga ochiq mamlakat. Ilg‘or g‘oya va texnologiyalarni imkon qadar tezroq va ko‘proq o‘zlashtirishga inti­lish zarur. Bu yili vazirligimiz veb-sayti negizida “Buyurtmachi – tadqiqotchi – investor” deb nomlangan muntazam yangilab boriladigan elektron platforma ishga tushirildi. U yurtimiz olimlari yaratgan ilmiy mahsulotlarga xaridor topish imkonini beradi. Ayni vaqtda portalga 477 ta innovatsion ishlanma hamda
102 ta buyurtma joylashtirilgan. Yil davomida “Aqlli bekat”, “O‘simliklar klnikasi”, “Xalqaro allergologiya markazi” kabi jami 13 ta innovatsion loyiha hayotga tatbiq etilgani ham salmoqli natijadir.
Brifing yakunida mutaxassis hamda ekspertlar jurna­listlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

N.BAHODIROVA