Baxtimiz kafolati

Sohibqiron Amir Temur “Qayerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik bo‘ladi”, deb ta’kidlagan edi. Chindan ham, adolatli qonunlar mamlakatni yuksaltiradi. Bu esa, avvalo, konstitutsiyadan boshlanishi zarur.
Yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash eng katta qadriyatlardan biridir. Bu bosh qomusimizda o‘z aksini topgan. Qonun ustuvorligi, fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodni ularga hurmat ruhida tarbiyalash, huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, hayotimizning erkin va obod, turmushimizning yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.
Xo‘sh, yoshlar taqdirida konstitutsiyaning ahamiyati qanday? O‘zbekiston fuqarosi uchun bu qay darajada muhim? Shu mavzu yuzasidan jamiyatning ilg‘or vakillari bilan suhbatlashdik.

Karim BAHRIYEV, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi:

— O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi… Shu uchta so‘zda xalqimiz va insoniyat tarixiy taqdirining in’ikosi zohirdir. Ularning har biri buyuk istilohdir.
O‘zbekiston — ota-bobolarimizning qoni va joni evaziga bunyod bo‘lgan, millatimizning hayoti va abadiyati yashaydigan makondir. Uning mustaqilligi, istiqloli va istiqboli uchun buyuk ajdodlarimiz kurashgan va bizga meros qilib qoldirgan. Biz bu yerda elimizga, tilimizga, tariximizga va kelajagimizga sohib bo‘lib chiqamiz.
Respublika — mustaqil davlatimizning tuzumidir. Uning asosi demokratik huquqiy davlatdir. Qadim Rim va Yunonistondan ibtidosi boshlangan demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati shuni anglatadiki, hokimiyatning manbayi — xalq. Biz farang inqilobida xalq “Ozodlik, Erk va Respublika uchun!”, deya maydonga chiqqanini o‘qiganmiz. Inson ozodligi va erki uchun kurashish tushunarli, xo‘sh, nega “Respublika uchun” kurashish kerak, deya o‘ylaganmiz. Yakkahokimlik bo‘lgan monarxiyadan, boshboshdoqlik bo‘lgan anarxiyadan, zolim bo‘lgan oligarxiyadan to‘ygan xalq ming yillar mobaynida o‘z hokimi­yatini — Respublikani orzu qilgan. Shuning uchun mustaqillikka erishgach, respublika tuzumini tanladik.
Konstitutsiya — mamlakatning asosiy qonuni. Aleksandr Pushkin “Imperator hokimiyatidan qonun hokimiyati af­zaldir”, deb bejiz ta’kidlamagan. Holbuki, u imperator saroyining erkasi edi. Qonun hokimiyatini orzu qilgan, chunki imperator uni bugun yoqtirishi va ertaga yomon ko‘rishi mumkin. Shoir o‘z hayoti bir insonning o‘zgaruvchan kayfiyatiga emas, o‘zgarmas qonunga bog‘liq bo‘lishini istagan. Konstitutsiya xalqaro huquqning vorisi va barcha qonunlari­mizning onasidir. Qolgan qonunlar unga muvofiq bo‘lishi va u bergan huquq va erkinliklarga daxl qilmasligi kerak.
Xalqimiz va millatimiz kelajagi uchun mas’ul bo‘lgan yoshlarimiz, avvalo, Konstitutsiyani o‘qishi, uni e’zozlashi va rioya qilishi, qonunga asosan yashashga intilishi lozim.

Muxtor XUDOYQULOV, faxriy jurnalist:

— Mustaqil O‘zbekistonning Konstitutsiyasi erkin va ozod mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayoti, taraqqiyoti yo‘llarini belgilab beruvchi qomus, bosh Qonunlar majmuasidir. Huquq va burchlarga amal qilib, ularga tayangan holda yashash va faoliyat ko‘rsatish har bir fuqaro uchun bo‘lganidek, yurtimiz yoshlari uchun ham farz va qarz. Bu muazzam hujjatda yoshlarimizning o‘qish, ilm olish, mehnat qilish va boshqa huquqlari aniq ko‘rsatib berilgan. Ularga tayangan holda kamolotga erishish, kasb-hunarli bo‘lish, har tomonlama bilim olish hamda tarqqiyotga o‘z hissasini qo‘shish yoshlarning o‘zlariga bog‘liq. Ya’ni yoshlar kelajagi uchun hamma yo‘llar ochiq, harakat esa ularning o‘zidan bo‘lishi kerak.

Gulbahor RASULOVA, huquqshunos-pedagog:

— Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, yoshlar uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yoshlarning mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, mamlakatni modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlarning mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish, ularda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat hissini kamol toptirish, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda asosiy manbadir.
Hozirgi kunda yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, oila qurishi, yashash joylariga ega bo‘lishi kabi o‘nlab hayotiy talablarni davlat tomonidan kafolatlash va qondirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar tizimi ishlab chiqildi va amalga oshirib kelinmoqda.

Ma’rufjon JUMAYEV, O‘zJOKU talabasi:

— Davlat va jamiyat taraqqiyoti, shaxs kamolida konstitutsiyaning roli va ahamiyati beqiyos. Har bir yosh mustaqil fikr va prinsiplariga ega shaxs sifatida shakllanish jarayo­nida o‘zida mavjud huquq va majburiyatlarni o‘rga­nish bosqichidan o‘tadi. Konstitutsiya jamiyat va davlat hayotini tartibga soluvchi bosh normativ huquqiy-hujjat hamda jamiyat hayotiga endi qo‘shilayotgan yoshlar uchun fundamental bilimlar asosi sanaladi. Ya’ni Bosh qomusimizni o‘rganish insonda nafaqat huquqiy ongni, balki odob-axloq, bag‘rikenglik, insoniylik va vatanparvarlik qarashlarini ham shakllantiradi.

Yulduz O‘RMONOVA, O‘zJOKU magistranti:

— Konstitutsiya nafaqat huquq va erkinligimizni ta’minlaydi, balki burch va vazifalarimizni-da anglatadi.
Moddalarning ko‘p qismi yoshlar hayoti, jamiyatdagi mavqeyi, ta’lim va tarbiya kabi masalalarga bag‘ishlangan. Bu bejiz emas. Boisi yoshlarga e’tibor — jamiyatga, millat rivojiga e’tibor.
Konstitutsiyada belgilangan burchlarimizni dildan his qilib, ado etarkanmiz, muvaffaqiyatlar bardavom bo‘laveradi. Zero, asl qomus qog‘ozda emas, yurakdadir!

Dilnoza ATOYEVA yozib oldi.