Bola qachon “yashaydi”?

— Darsdan keyin qayerga bording?
— O‘rtoqlarim bilan ko‘chada o‘ynadim…
— Qayerda o‘ynading?
— Kompyuterxonada…
— Bizni xavotir oladi, deb o‘ylamadingmi?!
— …
— Axir, bu ahvolda vaqtingni havoga sovursang, darslaringni qachon tayyorlaysan?
— Darsingni tayyorla, darsingni qildingmi, deysiz faqat, biz qachon yashaymiz?!

“Darsingni tayyorla, darsingni qildingmi, deysiz faqat, biz qachon yashaymiz?!” Bu 3-sinfda o‘qiydigan o‘g‘limning darsdan uyga kech kelib, tanbeh eshitganidan keyingi norozilik xitobi edi.

Bu norozilik bolaning xohish va istaklari inobatga olinmayotganidan, bizning, ya’ni ota-onaning talabi yuqori planga chiqayotganidan darak berardi. Agarda oilamizdagi hayot tarzi shu zaylda davom etsa, o‘g‘limizda “ko‘cha bolasi” sindromi rivojlanish xavfi borligini anglab turardik.

“Ko‘cha bolasi” sindromi nimalarda namoyon bo‘ladi?

Psixologlar o‘yinqaroq, diqqati tarqoq, o‘ziga ishonchi sust bolalar uyda dars tayyorlashdan qochib, turli mashg‘ulotlarga chalg‘ishga intilishini ta‘kidlaydi. Bunday bolalar darsdan keyin uyga kelish o‘rniga ko‘chada o‘rtoqlari bilan o‘ynashga, kompyuterxonada vaqt o‘tkazishga, uyda televizor ko‘rishga o‘rganib qoladi. Chunki kompyu­ter o‘yinlari bolaga qarshisidagi muammolarni osongina hal etish imkonini beradi. Biroq darslarda­gi topshiriqlar, real hayotdagi muammolardan uzoqroq yurishga undaydi. Shuning uchun ham vaqtida oldi olinmagan bu kabi “jozibadorlik” bolani o‘z domiga tortaveradi-tortaveradi…
Shu sabab farzandimiz ham “o‘quvchi” rolini, ham “baxtli bola” rolini muvaffaqiyatli o‘ynashi uchun o‘ylay boshladik.
Kunora bo‘ladigan chet tili va sport mashg‘ulotlari uning darsdan keyingi vaqtini bekor o‘tkazmasligini ta’minlaydi, deb o‘ylardik. Ammo bola, ayniqsa, boshlang‘ich sinf davrida turli o‘yinchoqlar o‘ynashni, do‘stlari bilan muloqot qilishni, ular bilan ochiq havoda o‘ynab vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘rishini psi­xologik ma’lumotlardan o‘qib bildim. Ayniqsa, tig‘iz kun tartibi bolani toliqtirishi, fanlarni o‘zlashtirishdan bezdirishini bilganimda ham noto‘g‘ri yo‘ldan borayotganimizni tan olgim kelmasdi. Birinchi ishni o‘g‘limni psixolog suhbatiga olib borishdan boshladim.
— Darsdan keyin nimalar qila­san, o‘g‘lim?
— To‘garaklarga boraman…
— Qanday to‘garaklarga?
— Ingliz tili, karate…
— Ularga borish senga yoqa­dimi?
— Yoqadi…
O‘g‘lim oxirgi savolga boshini egib, past ovozda javob berdi.
— Yana nimalarga borishni xohlaysan?
— Robototexnikaga…
— Robototexnikaga qiziqasanmi?
— Qiziqaman!
— Nega unda bormaysan?
— Bo‘sh vaqtim yo‘q-da…
Shu tarzda davom etgan uzoq suhbatdan so‘ng psixolog Shoira Isoqova biz bilan xoli gaplashdi.
— Sizlar bolaning xohishini inobatga olmasdan o‘zingiz istagan yo‘nalishdagi qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb qilgansiz. Aslida bola chet tiliga yoki sportga emas, texnikaga qiziqadi. Agarda u o‘zi xohla­gan mashg‘uloti bilan shug‘ullansa, uyga kelgandan keyin ham shu ishni davom ettirgisi keladi. Aksincha, qiziqishlari hisobga olinmasdan yo‘naltirilgan bola vazifalarni majburan bajarsa-da, biror natijaga erishishi qiyin kechadi…
Ochig‘ini aytsam, shu bir kunlik suhbatdan keyin orzularimiz chalkashib ketdi. Ingliz tilini zo‘r biladigan, bilagi kuchga to‘lgan o‘g‘il siymosini yaratish ustidagi xatti-harakatlarimiz biz o‘ylaganchalik silliq amalga oshmasligini turmush o‘rtog‘im ikkimiz chuqur his etgandik. Va nihoyat otasi­ning:
— O‘g‘lim, uyimizga yaqin joyda robototexnika to‘garagi bormikan-a? Agar bo‘lsa, borasanmi? — degan savoli bolaning chiroyini ochib yubordi.
— Dada, maktabning yonginasida bor, — deya ust kiyimi­ning yengidagi yashirin cho‘ntakni kovlay boshladi. G‘ijimlanib ketgan bir emas, ikkita robototexnika to‘garagining flayerini olib, otasiga uzatdi. Shu payt uning ko‘zidagi quvonchni ko‘rsangiz edi…
O‘g‘lim uch oyda olti oylik o‘quv kursini o‘zlashtirib oldi. Darsdan so‘ng uy shoshib kelishi, uy vazifalaridan avval to‘garak mashg‘ulotida berilgan topshiriqlarni yasashi, undagi ko‘chaga qiziqish va darslarni xohlamasdan bajarish holatlari­ni ancha kamaytirdi. Belgilangan vazifalardan tashqari yana qo‘shimcha topshiriq so‘rashini ustozi aytib qoldi. Bu yo‘nalishda olgan ilk sertifikati o‘g‘lim uchun eng katta muvaffaqiyat edi.
Qachonki kiyimlarini yuvaman desam, cho‘ntaklaridan turli te­mir-tersaklar (oldin ham chiqardi, e’tibor bermagan ekanman) chiqa boshladi. Shu choqqacha uning bu yo‘nalishga qiziqishini ilg‘amaga­nim uchun o‘zimni o‘zim koyigan paytlarim ham bo‘ldi. Endi esa uydagi buzilgan dazmolmi yoki boshqa bir buyumnimi ochib, uni qayta taxlashidan, turli detallarni qidirib yurishidan ma’no izlay boshladik. Otasi ham unga kerakli anjomlarni olib berishdan erinmadi. Ba’zi qurilmalarni buzib qo‘yganida ham hamma tajriba xatolar tufayli to‘planishi mumkinligini, buyum topilishini, bilim esa mashaqqatlar evaziga to‘planishini aytganimizda bolaning yuzida ham minnatdorlik, ham o‘ziga bo‘lgan ishonch hissi ko‘rinib turardi. Birinchi yasagan qo‘lbola ventilyatori, suzadigan kemachasi, uchadigan vertol­yoti, yuradigan tankchasi… hamma-hammasi kamchiliklardan xoli bo‘lmasa-da, olqish olardi. Barcha ishlari farzandlarimiz uchun ajratilgan burchakdan o‘rin olishi, har bir kelgan mehmonga ta’riflab maqtalishidan o‘g‘limiz alohida g‘urur hissini tuyardi. Ajabmas, farzandimning texnika yo‘nalishidagi izlanishlari bir kun kelib foydali ixtiroga aylansa…

Oldi olinmaganda nima bo‘lardi?

O‘sha bizga to‘g‘ri yo‘lni tanlashga signal berilgan kundan boshlab bolalarcha yashash aslida qanday bo‘lishi haqida izlana boshladim. Agarda o‘sha payt bolani nimaga kech qolding, deb tergash bilan cheklanganimizda muammoning ildiziga bolta urilmasdan, bu holat yana takrorlanishi, bora-bora odatga aylanishi hech gap emas edi. Bolalikdagi biz nazarga ilmaydigan kichik muammolar qaysidir fojialarga yo‘rgak bo‘lishi mumkinligini kattalar tajribasini o‘rganish jarayonida angladim.
Dunyodagi muvaffaqiyat qozongan taniqli shaxslar hayotini o‘rganar ekanman, ularning aksariyati o‘z qiziqishlari bo‘yicha faoliyat olib borib, yuqori natijalarga erishganiga guvoh bo‘ldim.
Aksariyat ota-onalar orzu qiladigan “a’lochi o‘quvchi” qiyofasi faqat darslarni yaxshi o‘zlashtirgan boladagina shakllanmaydi. Aksincha, ruhiy holati bosim ostida bo‘lgan va vazifalarni zo‘riqish bilan bajaradigan o‘quvchi shunchaki ijrochi bo‘ladi va majburiyat yuzasidangina uy vazifalarini tayyorlaydi. Qo‘rquv ostidagi bunday ijrochilik bolani cheklaydi, o‘ziga ishonchni so‘ndiradi va buyruqlarni so‘zsiz bajaruv­chiga aylanib qoladi. Biroq bola yuklama­larni o‘zi istab bajarsa, jarayonda shakllanadi, mustaqillikka o‘rganadi, rivojlanishga harakat qiladi. Ayniqsa, ruhshunos­lar bolaga nazoratli erkinlik be­rish zarurligi­ni ko‘p ta’kidlaydi. Bu bolaning xohishlarini hurmat qilgan holda unga yuklamalar berish ma’nosini anglatadi.
Bolaning har bir ishidan kichik bo‘lsa-da, maqtashga arzigulik jihat topish ota-onadan sabr va bardosh talab etsa-da, kafolatli kelajak va’da qilishini anglab bormoqdaman.

Nasiba ERXONOVA