“Dadajon, ichmang!”

Shom payti. Havo birdan o‘zgarib, shamol aralash yomg‘ir boshlandi. Qo‘shnimiznikidan baqir-chaqir eshitildi: dugonamning “oyi!” degani, Yusuf tog‘aning so‘kingani. Qo‘rqqanimdan buvimning yoniga yugurdim.

— Buvijon! Yusuf tog‘anikida nimadir bo‘layotganga o‘xshaydi! Ano­raning yig‘laganini eshitdim. Buvijon, tezroq yuring, biror yordam kerakdir!
— Tinchlikmi? O‘rtog‘ingga nimadir bo‘ldimi? Darsga borganmidi?
— Ha, buvijon. Lekin kayfiyati yo‘q, g‘amgin edi.
Buvim bilan Anoranikiga kirdik. Dugonamning oldiga bordim. Kiyimlari loy, ho‘l…
— Dadam yana aroq ichib, oyim­ni urdi, — dedi u yig‘lab. — Pul topmasang, o‘ldiraman, deb ustunga bog‘lab qo‘ydi. Dadam uydagi idishlarni sindirib tashladi.
Buvim Anoraning dadasiga nasihat qila boshladi:
— Senda insof, diyonat bormi o‘zi? Qara, hammayoqni vayron qilibsan! Aroqni deb guldek ayolingni, shirin oilangni, qizingni azoblayapsan. Yorqinoy tinim bilmaydi. O‘zini zarracha o‘ylamay, ayol boshini o‘tga-cho‘qqa urib ishlab, oilam ahvoli yaxshi bo‘lsin, qizim tengdoshlaridan kam bo‘lmasin, deya salomatligini yo‘qotdi. Yusuf, yomon odatlaringni tashla! Qizingni, ayolingni boshqa qiynama. Ertaga mahallada, yaqinlaring oldida bosh ko‘tarib yurishingni o‘yla.
— Ey kampir, siz nimaniyam bilardingiz. Bu miyasi aynigan pulini menga bermaydi. Kecha ukasiga “sement, tosh, qum, ko‘mir olib kel”, deb pul berib yubordi. Menga bersa, o‘sha narsalarni o‘zim olib kelaman-ku! Urmayman ham. Agar hozir pulini bermasa, uyiga ketaversin. Men uyni sotaman! U bilan ortiq yashamayman.
Yusuf tog‘a Yorqinoy yangani qamchi bilan urmoqchi edi, buvim to‘xtatib qoldi.
— Nima qilyapsan, bemehr! Vijdonsiz! Seni ham ona dunyoga kel­tirgan-ku. Yorqinoy endi biznikida yashaydi, qo‘lingda azoblangandan ko‘ra, bir kun bo‘lsa ham tinchgina yashasin. Ochlikda qolib, ularning qadrini bilarsan!
Dugonam bilan oyisini hovlimizga olib chiqdik. Ularga qarab, o‘ylab qoldim. Nega erkaklar aroq ichadi? Shuni deb oilasidan voz kechib, guldek umrini zulmatga aylantiryapti? Nahotki, oilasini o‘ylamasa? Farzand­lar uvoli tutmaydimi?

Rushana ROZABOYEVA,
talaba