Dekabr — mazmunli o‘tayotir

Shu kunlarda respublikamizning barcha maktablarida boshlang‘ich ta’lim fan oyligi qiziqarli va mazmunli kechmoqda. Avvalo, fan oyliklari o‘qituvchi-ustozlarga, qolaversa, o‘quvchilarga ham bir olam zavq beradi. Chunki bu davrda ustozlarga o‘tkazgan ochiq darslari, tadbirlari orqali o‘zining salohiyati, o‘quvchilarning iqtidorini ko‘rsatishi uchun fursat beriladi, ular avvalgidan ham ko‘proq izlanadi.

Men ham ushbu jara­yonni mazmunli tashkil etish maqsadida oylik reja ishlab chiqdim. Bugunning ota-onalari farzandlarining madaniy hordiq chiqarishi uchun vaqt orttirishi qiyin. Shu­ning uchun o‘quvchila­­ri­m­­­ni shahrimizdagi “Pla­netariy” muzeyiga olib bordim. U yerdagi eks­ponatlarni ko‘rib, o‘quv­chilar ko‘plab ma’lumot oldi. Muzeydan chiqib, Chorsudagi Hunarmandlar uyiga bordik. Hunarmandlar yasagan lavh, kursi, ustun, idishlarni ko‘rib, bolalar inson qo‘li gul ekaniga amin bo‘ldilar. Shuningdek, maktab rahbarlari, ota- onalarni taklif etgan holda “Bayrog’imiz — faxrimiz” tadbirini o‘tkazdik. Bolalar Davlatimiz ramzlarini ulug‘lab, she’r, qo‘shiq, sahna ko‘rinishlari namoyish qildi.
Tuman miqyosidagi “Konstitutsiya — mening taqdirimda” tanlovida o‘quvchilarim muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sinfda o‘tkazilgan “Bilimdonlik sinovi”, “Chaqqonlar bellashuvi”, “Hunardan unar”, “Chiroyli yozuv” tanlovida o‘quvchilar faol qatnashdi. Ayniqsa, “Kitob mening oftobim” deb nomlangan bellashuv bolalarni mutolaaga chorlovchi mayoq bo‘ldi, nazarimda. Ota-onalar ishtirokidagi “Farzandingiz bo‘sh vaqti­ni qanday tashkil qilgansiz?” mavzusidagi suhbatdan yosh ota-onalar anchagina saboq oldi.
Fan oyligi davomida har bir o‘quvchimni maqtov yorliqlari, kitob­lar bilan taqdirlashga harakat qilmoqdaman. Chunki o‘quvchiga berilgan e’tibor, rag‘bat uni ulug‘ ishlarga chorlaydi.
O‘qituvchi bejiz bog‘bonga qiyoslanmagan. Niholchalarni parvarishlab, azim daraxtlarga aylantirish uning qo‘lida. Sermazmun o‘tayotgan jarayon o‘qituvchilarni kelgusida ham qiziqarli va no­odatiy darslar o‘tish, o‘quvchilar bilan hormay-tolmay ishlashga ilhomlantiradi.

Muyassar KARIMOVA,
Uchtepa tumanidagi 229-maktab o‘qituvchisi