Direktor bo’lmaydi, o’qituvchi litsenziya oladi

2020-yilda maktab ta’limini yana qanday yangiliklar kutmoqda?

O‘qituvchi — xalq tarbiyachisi. Muhtaram ustozlarga berilgan eng to‘g‘ri ta’rif ham shu bo‘lsa kerak.
Jamiyatni muayyan o‘zanga yo‘naltirayotgan muallimning ijtimoiy mas’uliyati, turgan gapki, rahbarnikidan ancha yuqori sanaladi. Demak, ushbu oliyjanob kasb egalari alohida munosabatga loyiqdir.

Taassufki, bu jihatdan jahonga namuna emasmiz. Ustoz-murabbiylar mavqeyini qanday bo‘lmasin ko‘tarish zarurligini ularning mehnati sezilarli darajada qadrsiz­lanib ketgachgina anglab yetdik. Axir, yillar davomida qanchadan-qancha o‘qituvchilarimiz paxta terimi, metall-lom yig‘ish, ko‘cha supurish yoki daraxt oqlashga o‘xshash ta’lim-tarbiyaga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb qilingani rost-ku. Bunday sharmisorlikdan uya­lish, achinish yoki afsuslanish befoyda. Vaziyatni o‘nglash ke­rak! Ochig‘i, maktab ta’limi mana endi — Prezident aralashganidan keyingina joyiga tushyapti.
2019-yil 29-aprel kuni yurtimizda Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Unda o‘qituvchilar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Aytish kerakki, hujjatga muhrlangan rejalar qog‘ozda qolib ketayotgani yo‘q. Kuni kecha Toshkentda tashkil etilgan matbuot anjumanida Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov maktab pedagoglari maj­buriy mehnatdan ozod etilganini ta’kidladi.
— Shu choqqacha negadir o‘qituv­chining darsini qanchalik qoyillatib o‘tayotgani emas, balki jamoat ishlaridagi faolligi, qog‘oz-hisobotlarni o‘z vaqtida to‘ldirganiga ko‘proq e’tibor qaratilgan, — dedi A.Umarov. — Natijada ta’lim sifatiga jiddiy putur yetdi. Kelasi yildan o‘quv­chilarning bilimini xalqaro PISA reyting tizimi asosida baholashga o‘tamiz. Mana shunda dunyo miq­yosida qanday ahvolda ekanimiz ayonlashadi. Xalq ta’limi tizimida sifat va saviya bilan bog‘liq muam­molarni hal etish maqsadida jiddiy islohotlar boshlangan. O‘tgan bir yil mobaynida muallimlarning maoshi 2,5 baravarga oshirildi. O‘quvchisi xalqaro fan olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan ustozga 111 million so‘mdan ortiq bir martalik pul mukofoti, qolaversa, har oyda 200 foiz ustama beriladi. Bunday vaziyatda hatto maktab direktorlari rag‘batlantirilmoqda. Sababi ta’lim dargohida qanday muhit hukmronlik qilishi ko‘p jihatdan rahbarga bog‘liq. Darvoqe, endilikda direktorlarga qo‘yiladigan talablarni ham qayta ko‘rib chiqyapmiz. Kelasi o‘quv yilidan ular maktab menejerlari, deb yuritilib, ta’lim sifatini oshirish uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. Hozirga qadar
4 ming 500 nafar direktor uchun menejerlik kurslarini tashkil qildik. Tez orada boshqaruvning yangi usullari bilan qolganlar ham tanishib oladi.
Hozir o‘qituvchilarning ortiqcha ishlarga jalb qilinmayotgani (yoki deyarli jalb qilinmayotgani!) ijobiy hol, albatta. Lekin quvo­nishga hali erta. Sababi xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglar­ning hammasi ham yetarli bilim va malakaga ega emas. Raqamlarga murojaat etaylik. Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, respublikada mavjud 10 mingga yaqin umumta’lim maktabida 481 ming 604 nafar o‘qituvchi mehnat qilmoqda. Shundan bor-yo‘g‘i 2,7 foizi oliy toifali. O‘rta maxsus ma’lumotga egalari esa salkam 50 foizni tashkil qiladi. O‘rta bo‘g‘in vakillari pedagogika universitetlarining sirtqi bo‘limlariga jalb qilinmoqda. Ular uchun alohida kvota ajratilgan. Biroq bunday amaliyot hali kutilgan natijani bergani yo‘q.
Yana bir nozik masala. Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston maktab­larida o‘z sohasining yetuk mutaxassislari hamda xorijda ta’lim olgan yurtdoshlarimiz dars berolmaydi. Sababi ular pedagogika ilmidan bexabar, ya’ni bolalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega emas. Xo‘sh, malakali fan o‘qituvchilari shusiz ham yetishmayotgan bir paytda bunday kadrlarni maktabga yo‘latmaslik to‘g‘rimi?
— Noto‘g‘ri! — javob berdi Alisher Umarov. — Shu bois hukumatimiz xalqaro miqyosda top 500 talikka kiruvchi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini maktabga qayta tayyorlovsiz ishga qabul qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. O‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini ham qayta ko‘rib chiqyapmiz. Xabaringiz bor, vazirlik tasarrufida Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va muta­xassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyat ko‘rsatmoqda. Gap shundaki, muassasa poytaxtda joylashgani bois, u yil mobaynida pedagoglar­ning faqat 20 foizini o‘qita oladi. Qam­rovni oshirish maqsadida “Onlayn-maktab” tizimi­ni ishga tushir­dik. Mazkur platforma o‘qituvchiga masofadan turib malaka oshirish imkonini beradi. Tizimga yangi dars ishlanmalari­ni ham joylashtirib borish mumkin. Onlayn kurslarida ilk bor salkam 6 ming nafar xodim qatnashdi. Kelgusida malaka oshirishning uyg‘unlashgan — blended-learning shaklini ham joriy qilmoqchimiz. Abdulla Avloniy nomidagi institut esa Xalq ta’limi akademiyasiga aylantiriladi.
Vazir o‘rinbosari yaqin istiqbolda xalq ta’limi xodimlari uchun malaka oshirish har yillik, uzluksiz jarayonga aylanishini ta’kidladi. Shu maq­sadda kredit-model me­xanizmidan foydalanish ko‘zda tutilgan. Ya’ni peda­gogning salohiyatiga onlayn, masofaviy yoki uyg‘unlashgan ma­laka oshirish kurslari, kasbiy tanlovlardagi ishtiroki hamda mustaqil tarzda bajarayotgan ijodiy ishlari sal­mog‘iga qa­rab baho beriladi. Buyog‘i oddiy arifmetika: jamg‘arilgan ballar qanchalik katta bo‘lsa, maosh ham shunchalik ko‘payadi. Taxmin qilinishicha, bunday ado­latli yondashuv muallimlarning ishga munosabatini o‘zgartirishi kerak.
Lekin eng qiziq gapni hali aytganimiz yo‘q. O‘zbekistonda o‘qituv­chilar faoliyatini litsenziyalash taj­ribasining yo‘lga qo‘yilayotgani chinakam nou-xaudir. Yangi tizim 2021-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2030-yilgacha qamrovni 15 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Kasbiy litsenziya pedagoglarga besh yil muddatga berilsa, maktab rahbarlari uni har uch yilda yangilab turishi lozim.
— Litsenziyalash bilan Xalq ta’limi vazirligi shug‘ullanadi, — tushun­tirdi Alisher Umarov. — O‘qituvchi dastavval o‘z fanidan, keyin psixologik test topshirishi ke­rak. Oxirgi bosqichda u bir nechta maktabda ochiq dars o‘tib, peda­gogik mahoratini namoyon etadi. Hozircha litsenziya olish ixtiyoriy. Turgan gapki, bilim va malakasini tasdiqlatgan pedagoglar jamiyatda alohida hurmatga sazovor bo‘ladi. Qolaversa, ularga ko‘proq oylik to‘lanadi. Aytaylik, malaka toifasiga ega bo‘lmagan o‘qituvchi kasbiy litsenziya olgach, maoshi avtomatik ravishda ikkinchi toifali o‘qituvchiniki bilan tenglashtiriladi. Litsenziya asosida amaliyotchi mutaxassislarni ham maktabga ishga qabul qilish mumkin. Shu asnoda ta’lim sifatini birmuncha yaxshilay olamiz, degan umiddaman.
Yana bir yangilik. Keyingi yildan xalq ta’limi boshqarmalari va bo‘limlarida umumta’lim fanlari bo‘yicha “metodist” lavozimi o‘rniga mentorlik vazifasi joriy qilinadi. Buning sabablarini Alisher Umarov quyidagicha izohladi:
— Qoidaga ko‘ra, metodist muallimlarning ustozi bo‘lishi, ularga uslubiy yordam ko‘rsatishi kerak. Lekin amalda u nazoratchi vazifasi­ni bajaryapti. Ya’ni maktabga kelib, o‘qituvchining qog‘oz-daftarlarini tekshirib ketadi, xolos. Boshqasiga na vaqti, na qunt-qanoati bor. Uslubchilar­ning oyligi ham uncha ko‘p emas. Muammoni mentorlar yordamida bartaraf etishga qaror qildik. Qisqa qilib aytganda, ustoz­larning eng sarasi mentorlikka tavsiya qilinadi. U butun kuch-g‘ayratini boshqa hamkasblarining bilim hamda ko‘nikmasini oshirishga sarf­laydi. Mentor oliy toifali o‘qituvchidan 1,5 baravar ko‘p maosh olishi ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumanida ta’lim mazmuniga doir islohotlar haqida ham so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, Xalq ta’limi vazirligi maktab darsliklari­ning yangi avlodini yaratishga kirishgan. Gap nafaqat qo‘lga olib o‘qish, balki ko‘rish va eshitish mumkin bo‘lgan multimediali format haqida bormoqda.
O‘quv adabiyotlariga ja­mo­atchilik­ning e’tirozi katta. Ba’zilari­da juz’iy xatoliklar topilgan. Shu tufayli yuqori sinf darsliklarining mazmun-mundarijasi tanqidiy nazar bilan ko‘rib chiqilib, qaytadan chop etildi. Boshlang‘ich sinflarniki ham tez orada yangilanadi. Bundan tashqari yurtimiz maktab­larida xorijiy darsliklardan foyda­lanishga ruxsat berilishi mumkin. Yagona talab — tashqaridan jalb qilinayotgan darslik yurtimizdagi ta’lim standartlariga mos kelishi kerak.

Nargiza UMAROVA