G’alaba ham bir sinov

Maqsadga yaqinlashgan sari mashaqqat ortib boradi. Lekin har bir kishi yulduzlarga o‘xshab sokinlik bilan, shoshmasdan, belgilangan maqsad tomon uzluksiz intilgan holda o‘z yo‘llarini bosib o‘tishlari kerak.

I. GYOTE

Chempionlikka havas qilamiz-u, ammo aksariyat hollarda uning ortidagi mehnat va harakat haqida o‘ylab ko‘rmaymiz.
Joriy yilning noyabr-dekabr oyida Hindistonning New Delhi shahrida “Asia budokan karate cup — 2019” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Hamyurtimiz Homiddin Otamirzayev qora belbog‘ sohibi bo‘lib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va birinchi o‘rinni egalladi.

Qahramonimiz 1996-yilda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan. Asl kasbi tijoratchi, uzoq yillar davomida sog‘lom bo‘lish maqsadida sport bilan shug‘ullanib kelgan. Biz uning taassurotlari bilan qiziqdik.
— Musobaqa 3 bosqichda bo‘lib o‘tdi, ya’ni: kata, kumite, team kumite, — deydi Homiddin Otamirzayev. — 11 davlatdan ikki yarim mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Yakkalik kurashda uchta qatnashchi bilan jang qildim. Mutlaq vaznda kurash tushganimiz uchun men 90 kg, raqiblarim 120 kg va undan yuqori vaznda edi. Shunday bo‘lsa-da, yutishimga ich-ichimdan ishonganman. Doim yaqinlarimning menga bildirgan iliq munosabati, ishonchi har daqiqada qaddimni tik tutib, olg‘a intilishga undadi.
Bolaligimdan sport bilan muntazam shug‘ullangaman. Keyinchalik ma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtatganman. Birinchi murabbiyim Abulvosit Yo‘ldoshev Surxondaryoda bo‘lib o‘tadigan katta musobaqaga taklif qilganda bora olmaganman. O‘shanda bunday bellashuvlarga jiddiy qaramas edim. Shon-shuhrat uchun emas, faqat sog‘lom va ruhan tetik bo‘lish uchun sport bilan shug‘ullanganman. Kuz faslining boshlarida ustozim meni Hindistonda bo‘ladigan musobaqaga taklif qildi. Bu gal rad eta olmadim. O‘zimni sinab ko‘rish fikri paydo bo‘ldi. Musobaqaga tayyorgarlik ko‘rdim. Bu kabi musobaqalarda qatnashmaganimdan bo‘lsa kerak, ich-ichimda qandaydir hadik bor edi. Buni sezgan murabbiyim shunday dedi: “Sen tayyorsan! Borasan, yutasan! 2-3-o‘rinni xayol qilma. Sen 1-o‘rinni olishing kerak!”.
Uchqo‘rg‘on tumani hokimi bizga ruhan quvvat bo‘ldi. “Oltin me­dal bilan qaytsangiz bo‘ldi, qolgan narsani o‘ylamanglar, men sizlarga ishonaman”, deya kuzatdi. Yo‘l davomida faqat menga bildirilgan ishonch haqida o‘yladim. Yutqizishga haqqim yo‘q edi.
Hayotning ma’nosi — orzu-niyatlar sari intilishning go‘zalligi va qudratidadir, shuning uchun hayotning har daqiqasida yuksak maqsadlar tuzib, unga erishishga harakat qilish kerak. Nega uzoq payt sport bilan shug‘ullanmadim, shu choqqacha bu kabi musobaqalarda qatnashmadim, agar doimiy mashq qilganimda o‘zimga bo‘lgan ishonchim hozirgidan ancha baland bo‘lardi, deya o‘zimni o‘zim aybladim.
Musobaqada oldimda faqat bir maq­sad borligi haqida o‘yladim. Jang­larda ketma-ket g‘alaba qozondim. Oxirgi bosqichdan so‘ng natijani eshitar ekanman, “Menga faqat shu kerak edi, faqat shu”, deya O‘zbekiston bayrog‘ini mahkam quchdim.
Bu g‘alabani mukofot emas, balki sinov sifatida qabul qilaman: negaki, bundan keyin chempionlik nomiga loyiq bo‘la olamanmi yoki yo‘q? Endi vaqtimni boy bermoqchi emasman. Oldimga yana-da ulkan maqsad qo‘ydim. Maqsad bo‘lmasa, hech narsaga erishib bo‘lmasligini, buyuk ishlar amalga oshmasligini tushundim. Jahon chempionatida g‘olib bo‘lish galdagi marramga aylandi. Harakatdan to‘xtamoqchi emasman. Yuksak maqsadlar amalga oshmay qolgan taqdirda ham amalga oshgan kichik maqsadlardan ko‘ra qimmatli­roq deb bilaman.
Musobaqaga juda ko‘p davlatdan mehmon keldi. Sportchilarni ko‘rib havas qildim. Ular o‘z ishining ustasi, mahoratli sportchilar edi. Jangdan keyin bir necha davlatdagi sport murabbiylari o‘z tashrif qog‘ozini berib, yurtiga taklif qildi. G‘alabadan ko‘ra, jarayondan xursandman. Bu sportchilar faqat maydonda raqib. O‘yin tugashi bilan ular meni samimiyat bilan tabrikladi. Ularning ruhiyatidagi bunday tetiklikni, mag‘lubiyatni ham kulib qarshi olishini ko‘rib, aslida ular hayotda doim g‘olib ekanini tushundim.
Bu dunyoda yaxshilig-u yomonlikdan, baxt-u kulfatdan, sog‘liq va xastalikdan, boylik va faqirlikdan, xullas, barcha amallardan hikmat izlab, uni topgan kishigina hayotning asl mohiyatini anglab, umr mazmunini chaqa boshlaydi.
Bu xursandchilikni yurtimda, oilam davrasida yaqinlarim bilan nishon­ladim.
2019-yil ham tugab borar ekan, barchamiz eski yil sarhisobini qilamiz. Yutuq va kamchiliklarimiz talaygina, albatta. Kelayotgan yilda barcha hamyurtlarimga sog‘liq-omonlik, tengdoshlarimga esa o‘z maqsadlari yo‘lida hech qachon taslim bo‘lmaslik­ni tilayman. Qalbimizdagi ezgulik va chin e’tiqodimiz barchamizni yuksak maqsadlar sari yetaklasin.

Dinara YUSUPOVA yozib oldi.