Har qish shu bo‘lar takror…

Hademay yangi yil kirib keladi. Aksariyatimizda bayramona kayfiyat hukmron. Ammo yangi yil arafasida bir holat tufayli yuragimizni qo‘rquv bosadi.

Doimgidek o‘sha tanish manzara: pirotexnika vositalarining shovqini, paqildoqlarning portla­shiga guvoh bo‘lyapmiz. Xuddi urush bo‘layotganga o‘xshaydi. Aholi, ayniqsa, yoshlarda pirotexnika vositalariga qiziqish tobora ortib, bayram kelmasidan avval ko‘chalarda portlash ovozlarini eshityapmiz. Afsuski, o‘quv­chilar ba’zi hollarda paqildoq­larni maktab­ga ham olib kelishadi. Nazoratda ushlasak ham, tegishli chora-tadbirlarni olib borsak ham, baribir, bu illat kamaymayapti.
Mazkur holatga hukumat darajasida e’tibor berilsa ham vaziyat ijobiy tomonga siljigani yo‘q. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 25-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “Pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, rea­lizatsiya qi­lish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Mazkur hujjatda pirotexnika buyumlarini (harbiy maqsaddagi mahsulotlardan tashqari) yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi belgilangan.
Shunga qaramay, o‘zining moddiy manfaatlarini boshqalarning sog‘lig‘i, hayotidan ustun qo‘ygan ayrim nopok kimsalarning ortidan bolalarimiz va biz, kattalar aziyat chekyapmiz. Bolalarimiz ulardan paqildoqlarni sotib olib, ko‘cha va boshqa jamoat joylarida portlatishmoqda. Buning oqibatida yo‘lovchilar, ayniqsa, keksalar cho‘chib ketadi. Ularning ruhiyati buzilib, sog‘lig‘i yomonlashishiga sabab bo‘ladi. Ba’zi paytlarda esa tan jarohati olish, yong‘in kelib chiqishi, hatto o‘lim bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ham yuz beryapti.
Pirotexnika vositalarining zararli oqibatlari aniq misollar bilan ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinmoqda. Ammo bu baloni farzandiga ovunchoq sifatida olib berayotgan ota-onalar ham talaygina. Yosh bolalar pirotexnika vositalari tufayli yuz-qo‘li kuyib, og‘ir tan jarohati olyapti. Ota-onalar farzandlariga mana shu zararli matohning o‘rniga kitob, ta’tilni mazmunli o‘tkazish uchun foydali buyum olib bersa, foydadan xoli bo‘lmasdi.
Aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar, ularning ota-onalari o‘rtasida pirotexnika vositalaridan foydalanishning salbiy oqibatlari, ushbu buyumlarni sotgan va ishlatganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgani to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borsak, turli ko‘ngilsizliklarning oldi olinadi. Bundan tashqari, qanchadan-qancha fuqarolar javobgarlikka tortilishdan saqlab qolinadi. Eng muhimi, ota-onalar farzandlariga pirotexnika vositalarini ishlatish qanday og‘ir oqibatlarga olib ke­lishini yotig‘i bilan tushuntirishlari lozim.
Bayramni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish har birimizning o‘z qo‘li­mizda. Farzandlarimizni foydali yumushlar bilan band etaylik. E’tiborsizligimiz ortidan muammolar kelib chiqmasin.

Muazzamxon MAHMUDOVA,
O‘zbekiston tumanidagi 27-maktab o‘qituvchisi