Mash’um 18-dekabr

Joriy yilning 18-dekabr sanasida yangi qurilayotgan Yunusobod metro yo‘lida yer o‘pirilishi natijasida quruvchilarni tuproq bosib qoldi. Baxtsiz hodisa har birimizning qalbimizni o‘rtadi. Ularning aksariyati tog‘ni ursa tolqon qiladigan yoshlar ekani yanada achinarli.

“Men “bayramizm”ga qarshiman! — deydi taniqli bloger Nurbek Alimov. — SSSRdan qolgan bir g‘alati odat bor bizda. Har qan­day yangilikni, ishni, qurilishni biz, albatta, birorta bayramga topshirishimiz kerak. Nima uchun? Chunki go‘yoki bayramni ko‘tarinki kayfiyatda nishonlaymiz shu bilan.
Dedlayn qo‘yishda albatta birorta bayramni nishonga olamiz, qancha-qancha kollejlar, “namunaviy” uylar o‘sha “bayramizm”ning qurboni bo‘ldi. Devorlari nurab yotibdi, hali yili to‘lmay bo‘yog‘i ko‘chib ketgan, chunki biz shoshilganmiz, shoshirtirganmiz. Bayram yaqin!
Men “bayramizm”ga qarshiman! Men o‘sha quruvchilarning bolalari ham bayramni xursand kutib olishlarini xohlayman! Bilasizmi, ular qachon xursand bo‘ladi? Bayramga obyekt topshirilsa emas! Dadasi yoki bolasi bayramni ular bilan birga kutib olsa…
Mayli, maktab bayramga bitmasin! Lekin bolam o‘qiyotganida ichim shuvullamasin. Ishga ketyapman deb qabrga kirib ketishdi o‘zbekning o‘g‘lonlari… Endi bayram tatiydimi?”.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq, sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida o‘rganish, zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi. Voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida hozirga qadar olti nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqildi va ularning shaxsiga aniqlik kiritildi.
Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida ro‘y bergan yer o‘pirilishi yuzasidan tuzilgan hukumat komissiyasi topshirig‘iga muvofiq, qurilish vaqtida halok bo‘lgan ishchilarning oila a’zolariga 100 million so‘mdan kompensatsiya puli to‘landi.
Bundan tashqari, marhumlar­ning dafn marosimlarini uyush­tirishga har tomonlama ko‘mak berish topshirilgan.
Eng asosiy savol mazkur fojia bo‘lmasligi ham mumkinmidi? Texnika xavfsizligiga rioya etilmadimi? Balki ishchilarga kerakli sharoit yaratib berilmagandir? Qurilishni tezroq yakunlash uchun pala-partishlikka yo‘l qo‘yilgandir? Ishchilardan birining intervyusi buni tasdiqladi:
“Obyektda bugun to‘rtinchi kun ishlashim. Metro besh oydan beri qurilmoqda. Ishchilar bir necha smenada ishlamoqda. Men o‘z viloyatimdagi qurilish kompaniyasida bir yildan ortiqroq muddatda ishlab kelyapman. Aynan shu kompaniya meni metro qurilishiga yuborgan edi. Bu yerga ishga kelgan birinchi kunimdayoq orqaga qaytib ketishni xohlaganman. Metro qurilishiga jalb etilgan quruvchilarning barchasi “Jomiy” aylanmasida joylashgan plastkart vagonlarda yashaydi. Bitta vagonda 50 nafardan ko‘proq odam joylashgan. Birinchi kundanoq bizning boshlig‘imiz bir necha xodimni dam olgani va chekkani uchun ishdan haydadi. Yashash sharoitlari va bu yerdagi muhitni ko‘rib, o‘sha kuniyoq orqaga qaytib ketishni xohlaganman.
15 kun ishlaymiz, 3-4 kun dam olamiz, keyin yana ishga chiqish kerak bo‘ladi. Oylik 35 soat uchun to‘lanadi. Qo‘limizga
1,5 million so‘mga yaqin pul ola­miz. No­nushtaga ikkita qaynatilgan tuxum, bir nechta bo‘lak non va choy be­rishadi. Tushlikka osh va non, kech­ki ovqatga makaron va guruch. Men kechki ovqatni yemayman, do‘kondan u-bu narsa olib yeyman. Har kuni soat 6:00 da “pod­yom”. Soat yettida biz obyektga borib, tungi smena ishchilari bilan o‘rin almashamiz. Boshliqlar qan­day topshiriq bersa, hammasini bajaramiz. Bir kunda 10-11 soatlab ishlaymiz. Ishimiz og‘ir”.
Chindan ham, yetarli sharoit yaratilmagani ko‘rinib turibdi. Hammasi nima uchun? Metro qu­rilishini tezroq yakunlash, hukumatga hiso­bot berish uchun! Ularga obyektning qanday qurilgani, sifati, eng muhimi, ishchilarning mehnati qiziq emas! Yillar davomida quri­lishlarimiz, afsuski, mana shunday ko‘rinish oldi. Shoshma-shosharlik, ajratilgan mablag‘ni o‘zlashti­rish illatlari natijasida sifatsiz maj­mualar ko‘paydi.
Taassufki, halok bo‘lganlarning aksariyati yoshlar. Biri hali uylanmagan, yana birining yosh farzandi bor. Bu yanada achinarli holat. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari fojia sodir bo‘lgan joyga yaqin metro bekatiga qurbonlar xotira­sini abadiylashtirishni ifodalovchi nom berishni tavsiya qildi. “Xotira” bekati, “18-dekabr” yoki “Quruvchilar” bekati kabi nomlar taklif etilmoqda. Hech bo‘lmasa, mana shu ishimiz oila a’zolari­ning ko‘ngliga oz bo‘lsa-da, tasalli berar.
Bu kabi fojialar yagona emas. O‘tgan yilning 18-yanvarida Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 52 nafar yurtdoshimiz avtobusda yonib, halok bo‘lgandi. Endi esa metro qurilishi fojiasi. Halok bo‘lganlarni tanimasak-da, o‘z yaqinimizdek iztirob chekdik. Marhumlarning oila a’zolariga hamdardlik tiladik.
Shu bilan birga, mazkur fojiaga aholi tomonidan turli munosabatlar bildirildi. Ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.

Bobur AKMALOV, sport sharhlovchisi:

So‘nggi 2-3 yilda dahshatli sur’atlarda buzishyapti, qurishyapti. Sitilar, savdo-ko‘ngilochar markazlari, turar-joy binolari, yer osti va yer usti metrolari… Bu hammasi go‘yoki rivojlanayotganimizdan darak edi, biroq… Na xavfsizlik texnikasiga rioya qilish, na bosh reja, na texnologiyalarga amal qilish, na sifat nazorati…

Asosan davlat tomonidan qurilayotgan obyektlarda sifat oqsayotganiga ko‘zimiz tushadi. Ko‘priklarda yurganmisiz mashi­nada? Katta mashinalar o‘tsa, lopillab ketadi. Qurilayotgan estakada-yu ko‘priklar yo‘llarni bo‘shatish o‘rniga, tirbandlikni oshiradi.
Sergeli yoki boshqa hududlarda davlat tomonidan qurilayotgan uylarga kirganmisiz? Dahshatli darajadagi o‘g‘irliklar o‘sha qurilishlarda bo‘lyapti. Xonadonlardan burchak topolmaysiz. Tekis pol va shiftning o‘zi yo‘q. Devorlar bir g‘isht qalinlikda, yo‘laklar cho‘kib yotibdi. Quvurlardan suv oqadi, eshik­lar buzilgan. Kommunikatsiya achinarli ahvolda. Bu odamlar yashab, ma’lum vaqt o‘tgandan keyin emas, uy yangi holatida topshirilayotgandagi ko‘rinish.
Xususiy sektorlar ham zo‘r emas. Qay bir firmaga qarashli turar-joy podyezdi cho‘kkan, qay bir firmaning sav­do-ko‘ngilochar markazida quruv­chilar halok bo‘lgan…
Endi navbat metroga yetibdi. Qachongacha davom etadi bu? Bu qurilishlarni kim tekshiradi? 400 markali sement o‘rniga 300 markali sement ishlatib, lekin smetaga 400 deb yozdirganni kim tekshiradi? Obodonlash­tirish va ko‘kalamzorlashtirish, drenaj va sug‘orish tizimi xarajatlari deya budjetdan 5 milliard so‘m olib, aslida 200 million so‘mlik ish qilganlarni-chi? Yomg‘ir quyib turganida beton quygan, qor yog‘ayotganda asfalt bostirgan rahbarni kim tekshiradi?
Yana qancha qurbon bo‘lishi kerak? Avtobusda yonganlarni nega unutdik? Savdo majmuasi qurilishida halok bo‘lganlarni nega esdan chiqardik? Qat’iy talablar qo‘yish, jazo muqarrar bo‘lishi uchun yana qancha qurbon kerak?”

Furqat ALIMARDONOV, jurnalist:

“Sening niyating ko‘p edi. Yangi yil yaqin. Tez kunlarda uyga ketmoqchi eding. Onangga jun paypoq olgan eding, chunki qishlog‘ing sovuq. Onangning oyog‘i sovuqqa og‘riydi. O‘ylardingki, shu jun paypoqni kiysa, onajoning oyog‘i og‘rimay qoladi…

Sinfdoshlaring bilan kechagina yangi yil bayramini qayerda, qanday ni­shonlashni kelishganding. Bayramga pul bera olmayotgan sinfdoshingning o‘rniga ham sen pul bermoqchilingni aytding kecha. Sinfdoshlaring ertaroq borishingni aytdi. Endi ular seni bir umr kutadi…
Sevgan qizing ertalab xabar yuborgan edi: “Men ham siz bilan bu yil o‘qishga topshiraman, shaharni aylantirasiz-a? Axir siz Toshkentni yaxshi bilasiz-ku?!” Unga javob yozding: “Ha, ha, birga o‘qishga topshiramiz, men senga o‘zimiz qurgan metroni ko‘rsataman. Xuddi kinolardagidek”. Endi u qiz metroga umuman tushmaydi…
O‘tgan kuni otang bilan gaplashganingda: “Bayramga nima olib boray” deding. Otang: “O‘zing sog‘-omon kelaver o‘g‘lim, hech narsa kerakmas” dedi…
Ertalab turib, ishga otlanding. Ish yer tagida edi. Sening qalbingda cheksiz orzular. Xayolingga hech yomon narsa kelmadi. Ko‘nglingda seni kutayotganlar bor edi: onang, otang, sevgiling, sinfdoshlaring… Ammo nimadir “gurs” etdi. Hammayoq qop-qorong‘i bo‘lib qoldi. Endi hammasi tugadi, xuddi mening o‘sha “porloq kelajak”ka ishonchim kabi”.

Sherzod MAHMUDOV tayyorladi.