Muddatidan oldin ovoz berish tartibi qanday?

Mening saylov kuni – 22-dekabr arafasida xorijga xizmat safariga ketishim rejalashtirilgan.
Muddatidan oldin ovoz berishim mumkinmi?

Shoikrom SHOHIDOYEV
Toshkent shahri

— Mumkin, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Ishlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘limi yetakchi maslahatchisi, yuridik fanlari nomzodi Alek­sandr ABASOV. — Saylov kodeksining 57-moddasiga binoan saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining yaqinda o‘tgan majlisida bu masala atroflicha ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

— Bu yil muddatidan oldin ovoz berish qachon boshlanadi?

— Saylov kodeksiga binoan muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganda boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilar­ning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.
MSKning qarorida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari hududlarida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish joriy yilda 12-dekabr kuni boshlanib, 19-dekabrga qadar o‘tkaziladi. Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaq­ti soat 09-00 dan soat 18-00ga qadar davom etadi.

— Muddatidan oldin ovoz be­rish uchun qanday sabablar asos bo‘lishi mumkin?

— Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasiga murojaat qiladi va saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo chekadi.
Saylov byulleteni maxsus jihoz­langan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi. Saylovchi qaysi nomzodga ovoz berishni o‘zi hal qiladi va to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi. Konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosi imzolarini qo‘yib, komissiyaning muhri va ovoz beruvchining imzosi bilan tasdiqlanadi.

— Uchastka saylov komissiyasi mutasaddilari saylovchi­ning gapiga ishonmay, qandaydir qo‘shimcha hujjatlar talab qilsa-chi?

— Uchastka saylov komissiyasi saylovchidan saylov kunida bo‘la olmasligining sabablarini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishi taqiqlanadi.
— Muddatidan oldin ovoz be­rish uchun saylov byulletenlari bo‘lishi kerak. Muammo tug‘ilmaydimi?
— Bu masalada ham muammo bo‘lmaydi. MSKning qarorida qayd etilganidek, barcha okrug saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalariga o‘z muddatida yetarli miqdorda saylov byulletenlari yetkazilishini ta’minlaydi.
Uchastka saylov komissiyalari saylovchilarni muddatidan oldin ovoz berish kuni, vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qiladi hamda saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish bo‘yicha murojaatlarini o‘z vaqtida qabul qilib, mazkur jarayonning qonun talablari asosida o‘tkazilishini ta’minlaydi.

— Bu yilgi saylovlarda saylov jarayonini boshqarish axborot texnologiyalari (SJBAT) tizimi joriy etilayotganidan xabarimiz bor. Muddatidan oldin ovoz be­rish ham mazkur tizimda o‘z ifodasini topadimi?

— Saylov uchastkasi hududida yashayotgan fuqarolar tomonidan muddatidan oldin ovoz berish amalga oshirilganda, uchastka saylov komissiyasi o‘sha fuqarolar­ning saylovda ishtirok etganligini SJBATda belgilab qo‘yadi.
Uchastka saylov komissiyasi­ning mas’ul a’zosi muddatidan oldin ovoz bergan saylovchining ism-
familiyasini SJBATdan qidirib topadi va ovoz bergan saylovchi sifatida qayd etadi.

— Avvalgi saylovlarda ham shunday imkoniyatdan foydalangan fuqarolar bo‘lganmi?

— Albatta. 2014-yilning dekabrida o‘tgan parlament saylovlarida 8311 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalangan.

Hamza ABDULLAYEV