Multfilm bolalarni tarbiyalaydi

O‘g‘il-qizlarimizni ma’naviyatli inson etib tarbiyalash, asrlar davomida shakllangan or-nomus, andisha, hayo va iffat, ota-onaga hurmat, Vatanga sadoqat kabi axloqiy mezonlar asosida kamolga yetkazish muhim masala.

Bolalarning beg‘ubor olami, dunyoqarashini muntazam boyitib borish, ularning pok qalbiga ezgulik, insoniylik, mehr-oqibat tuyg‘ularini singdirishda ertak va multfilmlarning o‘rni beqiyos.
Biz, ota-onalar farzandlarimiz bilan suhbatlashishdan qochib, multfilm qo‘yib beramiz. “Ovunib tursa, ishlarimni bitirib olaman”, deymiz. Ammo bolalar qanday multfilm ko‘rayotgani bilan qiziqmaymiz. Bolalik paytlarimizda “Qizaloq va quyonlar”, “Gena laqabli timsoh”, “Qulupnay yomg‘iri”, “Vinni Pux”, “Lolo­ning sarguzashtlari” kabi multfilmlar bo‘lardi. Haligacha ularni ko‘rsak, rohat olamiz. Bolaligimizni eslatadi. Chunki ular samimiy edi. Ezgulikni targ‘ib qilardi. Biroq hozir-chi?
Yurtimizda bolalarning yuksak fazilatlar egasi bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladigan milliy multfilmlar yaratilayotgani quvonarli. Biroq sifatli, zamonaviy filmlar yetarli darajada emas. Shu bois farzand­larimiz xorijning jangarilik, zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi multfilm va o‘yinlarini tomosha qilayotgani kishini o‘ylantiradi.
Yaqinda o‘quvchilarimdan biri yuzi ko‘karib keldi. Surishtirsam, akasi qay­sidir xorij multfilmida ko‘rgan o‘yinini takrorlab, singlisini tova bilan uribdi. Vaholanki, o‘sha manzaraning o‘rnida bola ezgulik ruhi singdirilgan voqeani ko‘rganida bunday holat yuz bermasdi. Multfilmdagi kichik lavhaki, bolani shunday harakatga boshlabdi, kelajakda bundan ham katta fojialarni keltirib chiqarmasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Ilgari bolalar multfilmlarni faqat televizorda ko‘rardi. Texnika rivoji tufayli har bir xonadonga xorij multkanallari, internet kirib keldi. Axborot-kommunikatsiya sohasida ulkan imkoniyatlarni taqdim etgan bu vositalar farzand tarbiyasi, ma’naviy kamoloti borasida qator muammolarni keltirib chiqarayotgani ham hech kimga sir emas. Xususan, ular orqali tarqatilayotgan multfilmlar, kino asarlar, turli o‘yinlarning hammasini ham yaxshi, deb bo‘lmaydi. Ayrim multfilmlarda zo‘ravonlik, yovuzlik, behayolik va jangarilik kabi illatlar targ‘ib qilinayotgani farzandlari­mizning ma’naviy olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, zo‘ravonlik voqealari tasvirlangan asarlar bolaning nafaqat ma’naviy kamolotiga, balki jismoniy rivoj­lanishiga ham katta zarar yetkazadi. Bolaning bir kunda uch soatdan ortiq televizor qarshisida o‘tirishi ularning aqliy rivojlanishi pasayishi, turli xastaliklarga chalinishiga sabab bo‘ladi. Uzoq vaqt televizorga tikilib o‘tirish natijasida bolada tez toliqish, asabiylashish holatlari paydo bo‘ladi.
Bolalar uchun yaratilayotgan asarlar ularning murg‘ak qalbini boyitishi, ezgulik, insoniylik kabi tuyg‘ular bilan limmo-lim bo‘lishi kerak. Chunki hozirgi murakkab va tahlikali zamonda milliy o‘zligimiz, azaliy qadriyatlari­mizga yot va begona bo‘lgan turli xurujlar, yoshlari­mizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan g‘arazli intilishlar tobora kuchayib borayotgani barchamiz­ni yanada hushyor va ogoh bo‘lishga da’vat etishi tabiiy.

Zilolaxon MAHMUDOVA,
O‘zbekiston tumanidagi
27-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi