Nasimiy diyorida

yoxud “Ey Nasimiy, jahonni tutdi so‘zing…”

O’zining isyonkor she‘rlari bilan jahonga mashhur ozar shoiri va mutafakkiri Imodiddin Nasimiyni (1369–1417) dunyoning ko’pgina mamlakatlarida bilishadi va asarlarini sevib o’qishadi. Nasimiy nafaqat ozar millatining, balki barcha turkiy xalqlarning shoiri sanaladi.

Men ko‘p yillar ilgari Anqarada bo‘l­ganimda hamkasblarimdan:
— Turkiyada eng sevib o‘qiladigan mumtoz shoirlar qaysi? — deb qiziqib so‘raga­nimda:
— Ahmad Yassaviy, Yunus Emro, Imodiddin Nasimiy, Alisher Navoiy va Fuzuliy, — deb javob bergan edi.
Turkmanistonda ham Nasimiy asarlarining sevib o‘qilishi va turkman xalqining o‘z shoiri sifatida ardoqlanishiga guvoh bo‘lganman.
— Men shu paytgacha Nasimiyni o‘zbek shoiri deb o‘ylardim. Ozarbayjonga kelib bildimki, u ozar shoiri ekan, — deb lutf
etganimda:
— Biz ham Navoiyni o‘z shoirimiz deb bilamiz, — deb ozarbayjonliklar meni qizg‘in qo‘llab-quvvatlashdi.
Nasimiy turkiy adabiyotga — Shoh Ismoil Xatoiy, Xaliliy, Fuzuliy, Voqif, Sururiy, Tufayliy kabi ozarbayjon, Lutfiy, Navoiy, Mashrab kabi o‘zbek, Shayxiy, Zotiy, Najotiy kabi turk, Maxtumquli, Durdi kabi turkman shoirlari ijodiga ham ta’sir ko‘rsatgan. U, ayniqsa, hurufiy mazhabidagi shoirlar va bektoshiylar o‘rtasida mashhur edi. Maxtumqulining Durdi shoir bilan mushoarasida Nasimiy fojiasi haqida so‘z boradi.

Maxtumquli:

— U nimadir, yemadilar, to‘ydilar?
U nimadir, qiyomatga qo‘ydilar?
U kim edi, tovonidan so‘ydilar?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Durdi shoir:

— U diydordir, yemadilar, to‘ydilar,
U namozdir qiyomatga qo‘ydilar,
Nasimiyni tovonidan so‘ydilar,
Bizdan salom bo‘lsin, javobimiz shu!

Imodiddin mashhur so‘fiy va avliyo Man­sur Hallojga kuchli e’tiqod qo‘yib, o‘zini uning haroratli shogirdi hisoblaganidan ilk she’rlari­ni Husayniy taxallusi bilan yozadi. XIV asrda Ozarbayjonda tasavvufdan o‘sib chiqqan hurufiylik oqimi keng yoyilib, unda inson omili muhim o‘rin tutadi: inson, uning erki ulug‘lanadi; insonga ilohiy quvvatning zuhuri va tajassumi sifatida qaraladi.
Ma’lumki, Qur’onning bir necha suralari alif, lom, mim kabi arab harflari bilan boshlanadi. Bu ilohiy harflarni mufassirlar turlicha talqin qiladi. Hurufiylar esa arab alifbosidagi barcha 32 harfni ilohiylashtiradi. Zero, bu harflar orqali Qur’on nozil qilingan — ular ilohiy kalom mazmunini o‘zida ifoda etadi. Binobarin, har bir harfda bir ilohiylik mavjud. Chunonchi, dunyoning yaralishiga ham so‘z sabab bo‘lgan: Parvardigori olam “Kun!”, ya’ni “Bo‘l!” degan va bu dunyo vujudga kelgan. So‘z esa harflardan iborat. Arab yozuvida “kun” ikki — kof (k) va nun (n) harflaridan tashkil topgan. Nasimiyning quyidagi bayti shu haqda:

Jo‘sh qildi aqli kull — keldi vujuda koinot,
Kofu nun amrindan o‘ldi bu jahon yakbor mast.

Hurufiylik tariqatining asoschisi, mashhur shoir va mutafakkir Fazlulloh Naimiy 1394-yili Shirvonga keladi va Nasimiy bilan uchrashadi. Uning hurufiylik qarashlari yosh shoirga kuchli ta’sir qiladi va uni qabul etib, Fazlullohni o‘ziga murshid biladi. Naimiyga hamohang Nasimiy taxallusini oladi.
Ilg‘or fikrli kishilar ta’qib ostida olinib, Naimiy Mironshoh tomonidan qatl etilib, Qosim Anvor Shohrux tomonidan surgun qilingach, ham o‘zini qutqarish, ham hurufiylik g‘oyalarini keng yoyish maqsadida Nasimiy Ozarbayjondan chiqib ketadi. U Bag‘dod, Onado‘li, Tokat, Bursa va boshqa joylarda yashaydi, nihoyat Halabda qaror topadi. Misr sultoni Muayyaddin tomonidan Nasimiy dahriylikda ayblanib, uning tiriklayin terisini shiladi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
Ilhom Aliyevning 2018-yil 15-noyabrdagi farmoniga ko‘ra, ozarbayjon adabiyoti tari­xida mardlik, jasorat, qahramonlik timsoli sifatida shuhrat qozongan Imodiddin Nasimiy tavalludining 650 yilligi munosabati bilan 2019-yil Ozarbayjonda “Nasimiy yili” deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan mamlakatda yil davomida otashnafas shoir hayoti va ijodini o‘rganish, asarlarini nashr etish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi, turli tadbir va anjumanlar, nasimiyxonliklar o‘tkazildi.
Buyuk Ozarbayjon shoiri Imodiddin Nasimiy tavalludining 650 yilligiga bag‘ishlab 9-10-dekabr kunlari Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida “Ey Nasimiy, jahonni tutdi so‘zung…” nomi ostida II xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu anjumanga xorijdan 4 nafar mutaxassis — Rossiyadan Ariz Go‘zalov, Tojikistondan Ruxshona Vosiyeva, O‘zbekistondan kamina va Turkiyadan Fotih Usluerinlar taklif qilingan.
Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimi Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiya­sining Markaziy ilmiy kutubxonasida bo‘lib o‘tdi. Anjumanni Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi vitse-prezidenti, Nizomiy nomidagi adabi­yot instituti direktori, akademik Isa Habibbeyli kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z nutqida “Nasimiy yili”da shoir hayoti va ijodini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, jumladan, Adabiyot instituti xodimlari tomonidan ham bir necha kitoblar tayyorlangani va ularning bir qismi chop etilgani, OAVdagi shoirga bag‘ishlangan chiqishlar haqida axborot berdi. Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot muzeyi direktori, akademik Rafael Huseynov Nasimiy hayoti va ijodi haqida ma’ruza qildi.
Menga navbat berilganda, so‘zimni shunday boshladim:
— Har bir millatning ba’zi bir o‘ziga xos so‘zlarini aytmaganda, turkiy tillardagi deyarli barcha so‘zlar bu tillarda so‘zlashuv­chilarga tanish. Tushunishdagi ayrim qiyinchiliklar esa talaffuzdagi tafovutda. Har holda, bu til sohiblari bir-birlarini so‘zma-so‘z tu­shunmasa-da, nima deyayotganini anglaydi. Shunday ekan, men ham dona-dona qilib o‘zbekcha gapiraman. O‘ylaymanki, ozar qardoshlarim meni tushunadi…
Kamina “Nasimiy va o‘zbek adabiyoti” xususida fikr yuritib, buyuk ozar shoirining o‘zbek xalqi orasida asrlar davomida mashhur bo‘lgani, Lutfiy, Navoiy, Shayboniyxon, Mashrab, Furqat va boshqa o‘zbek shoirlari uning shaxsi va ijodiga yuksak ehtirom bilan qaraganini misollar yordamida ta’kidladim. Shoirning O‘zbekistonda nashr etilgan kitoblarini Adabiyot instituti kutubxonasiga taqdim etdim.
Ma’ruzamni hamma yaxshi tushundi, ko‘pchilik kelib meni tabrikladi va shundan so‘ng qayerga bormay, mendan faqat o‘zbekcha gapirishimni so‘rashdi.
Ozarbayjonda Nasimiy hayoti va ijodi­ni o‘rganish, asarlarini targ‘ib, tarjima va nashr etish sira to‘xtamagan. Bu borada tahsinga sazovor ishlar qilingani ma’lum. Lekin shu paytgacha amalga oshirilgan ishlarning barchasi bir tomon-u “Nasimiy yili” bir tomon bo‘ldi. Chunki bu yilda butun ozar xalqi Nasimiy ruhi bilan yashadi, Nasimiyni yaqindan tanidi, o‘nlab kitoblar nashr etildi.
O‘z she’rlarida ko‘proq tariqat talablarini ado etib, ilohiy mahbubani yonib kuylagani, o‘zi mansub hurufiylik g‘oyalarini ulug‘lagani uchun tili og‘ir va uslubi murakkab bu shoirdan xalq bir qadar uzoqlashib qolgan edi. “Nasimiy yili” munosabati bilan o‘tkazilgan nasimiyxonliklar tufayli u o‘z shoirini qayta tanidi.
Kamina ham ozar diyoriga bir nasimiysevar sifatida kelgan edim. Lekin Nasimiy ruhi bilan yashaganim, menga tuhfa qilingan Nasimiy asarlarini mutolaa qilganim, Nasimiy haqidagi bir necha tadbirlarda qatnashganimdan so‘ng endi nasimiy­shunos bo‘lib O‘zbekistonga qaytaman, shubhasiz.
Mening Ozar tuprog‘ida, Boku shahrida birinchi marta bo‘lishim edi. Sharq va G‘arb me’morchilik an’analari omuxta bo‘lib ketgan Boku shahri menda yorqin taassurot qoldirdi. Ozar xalqining o‘z tarixiga munosabati va cheksiz muhabbatidan hayratga tushdim. Mehmondo‘stlikda ham ular o‘zbeklardan qolishmas, ba’zi jihatlarda hatto o‘zar ekan.
Safar nihoyatda muvaffaqiyatli va fayzli o‘tdi. Meni anjumanga taklif qilgan Almaz Ulviy bilan hamkorlikda ozar tilida Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida monografiya tayyorlayapmiz.
Ozarbayjonda Til, Adabiyot va Folklor institutlarining har biri alohida-alohida bo‘lib, birgina Adabiyot institutining o‘zida 250 ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatar ekan. Bizda esa bu ilmiy tadqiqot institutlarining hammasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori nomi ostida birlashtirilgan bo‘lib, ilmiy xodimlarning umumiy soni qirq nafar atrofida. Bu jihatdan qardoshlarimizdan ibrat olsak arziydi. Zero, mashhur olim Habib Abdullayev ta’biri bilan aytganda, boshqa aniq va tabiiy fanlar dunyoning barcha mamlakatlarida o‘rganilishi mumkin, o‘zbek tili, ada­biyoti, tarixi va folklori esa faqat O‘zbekistondagina o‘rganiladi.
Nizomiy nomidagi Adabiyot muzeyi ham nafaqat adabiy, balki tarixiy eksponatlarga ham shunchalik boy va rang-barang, zamonaviy texnika jihozlari bilan ta’minlangan, go‘zal va batartibki, bu borada ham ulardan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsalar ko‘p ekan.

Ergash OCHILOV,
filologiya fanlari nomzodi