Oila davrasida: Qiziqarli Yangi yil

Bolalar kichikligida…

Qish boshlanishi bilan bolalar yangi yil bayramini kuta boshlaydi. Birinchi qor xonadonimizda qorboboning tug‘ilgan kuni sifatida ni­shonlanadigan bo‘ldi. Bunday yo‘l tutishimizga sabab, bolalar qorbobodan faqat sovg‘alar kutarkan-u, o‘zlari munosib javob uchun izlanmas ekan.
Xullas, birinchi qor yangi yil elchisining tug‘ilgan kuni, deb e’lon qilindi. Uch juft hayrat to‘la ni­gohlarga nimaga qodir bo‘lsangiz, namoyish eting, dedik. Maktabga borib, xat-savodi chiqgan qizimiz qor odam bo‘lsa-da, issiq niyatlar olib keluvchi bobo nomiga xat yozadigan bo‘ldi. Uning xati insho darajasidagi badiiylikka yo‘g‘rilgani, orzularini asoslab tasvirlagani bilan e’tiborimizni tortdi. Chiroyli gimnastika kiyimi musobaqa uchun juda zarurligini aytishni ham esdan chiqarmabdi.
Bu yil “birinchi sinf”, degan yuksak maqomga erishgan botiri­miz ham “Alifbe”ni o‘zlashtirganini ko‘z-ko‘z qilgisi kelib, yasagan archasi­ning yoniga shunday yozib qo‘ygandi: “Yam-yashil archa, sen tabiat malikasisan. Yangi yilda hamma bolalar atrof-muhit himoyachisiga aylanishini istayman”. O‘yinqaroq o‘g‘limizning o‘quvchi bo‘lgani, istagining ulug‘ligi shundoqqina sezilib turardi. Bog‘chadagi kichkintoyimiz esa o‘ziga qanday shirinliklar va o‘yinchoqlar kerak bo‘lsa, o‘shalarni rangli kartonlardan yasab, yostig‘ining tagiga mehr bilan taxlab chiqgandi.
Har holda bolalar ijod qilgandi, yangi yildan yaxshi orzular kuta­yotgandi. Ularning ishonchi so‘nmasligi, nimalarni istayotganini bilish uchun uch kunda tayyor bo‘lgan ijod namunalarini sekin olib qo‘yaman… Yaqinlashib kelayotgan yangi yil kuni, albatta, ularning yostig‘i tagidagi orzulariga esh narsalar paydo bo‘ladi. Bundan ruhlangan bolalar esa keyingi yil yakunigacha odobli bo‘lishga, yangi yilda siylaydigan “sehrgar”ning nazaridan qolmaslikka harakat qiladi.
Ulg‘ayganida…

Yangi yilni faqat to‘kin dastur­xon atrofida kutib olish tasavvurini foydali jihatlarga aylantirish ota-onadan qunt va e’tibor talab qiladi, xolos. Farzandlar ulg‘ayayotgan­dagi har bir qadam chiroyli xotiralar bo‘lib, oila tarixiga muhrlanishida bu kundan unumli foydalanish mumkin.
Bolaning ilk qadam bosishi, bi­rinchi so‘zi, chizgan odamchasi, yodlagan she’ri va boshqa minglab yutuqlari ota-onaga xursandchilik keltiradi. Lekin yillar o‘tgan sari ular sekin-sekin esdan chiqa boshlaydi. Bu onlarni unutmaslik uchun yaxshi xotiralar yodga olinishi kerak. Ularni doim yodimizda saqlashga yordam beruvchi bir o‘yin bor. Uni har yili yangi yil arafasida o‘tkazish mumkin. Buning uchun o‘ttiz birinchi dekabr kuni barcha oila a’zolari tugayotgan yilda erishgan yutuqlarini qog‘ozga yozadilar. Bunga bolaning yurib ketgani, birinchi tishi chiqqani, maktabga borgani, birinchi “5” olgani, ilk marta daraxt ko‘chati ekkani, ota-onaning yaxshi ishga o‘tgani, yangi uy olingani, yangi do‘st topilgani, to‘y bo‘lgani kabi yutuqlar misol bo‘lishi mumkin. Shuningdek, yangi yildagi maqsadlar ham yoziladi yoki orzular rasm shaklida tasvirlanadi.
Har bir oila a’zosi uchun alohida qog‘oz ajratilgani maqsadga muvofiq. Yutuqlar orasidagi eng arzirlilari suratlar bilan bezatilishi mumkin. Barcha qog‘ozlar oila a’zosining ismi yozilgan konvertga solinib yopishtiriladi va saqlab qo‘yiladi. Bu konvertlar 1 yildan so‘ng yangi yil arafasida ochiladi.
Yangi yil arafasida hamma eski yilda yozganlarini ochmay turib, 1 yil oldingi yutuqlarini va va’dalarini eslashi kerak bo‘ladi. Kichik bolalar uchun ota-ona bu vazifani bajarishi mumkin. Yutuqlarni eng ko‘p eslay olgan (konvertga solib qo‘yilgan qog‘ozdagi yozuvlar bilan solishtiriladi) va bergan va’dalarini amalga oshirgan oila a’zosi g‘olib bo‘ladi. Oldindan ushbu o‘yin uchun tayyorlangan sovg‘a (kitob, koptok, sport inventari) bilan taqdirlanadi.
Bu o‘yin nafaqat qiziqarli, balki bizga har yilimiz qanchalik unumli va yutuqlarga boy bo‘lib o‘tayogani haqida eslatib turadi. Inson psi­xologiyasi shundayki, u ko‘proq salbiy holatlarni eslab qolish xususiyatiga ega. Ijobiy holat va yutuqlarni esa unutib yuborish oson. Bu o‘yin esa bizga har kunimiz aslida naqadar yaxshilik va shirin lahzalarga boy ekanligini, har bir lahzadan
unumli foydalanib, maqsad sari olg‘a intilish kerakligini o‘rgatadi.

Bog‘chada, maktabda…

Bog‘cha va maktabda o‘tadigan yangi yil tadbirlarida bolalarni faqat sovg‘a kutish niyatidan biroz bo‘lsa-da chalg‘itish kerak, degan fikr ustunlik qiladi. Chunki bolalar bog‘cha yoki maktabdagi tadbirda she’r aytsamgina menga sovg‘a beriladi, qabilidagi fikrda bo‘ladi. Shuningdek, bayramda sovg‘alar faqat shirinliklardan iborat bo‘lishi ham to‘g‘ri emas. Chunki qishki mavsumda me’yordan ortiq shirinlik bolaning tomog‘ini og‘ritadi. Undan ko‘ra o‘quv qurollari bilan bolalarni xursand qilish yo‘llarini izlash lozim.
Ota-onalar ko‘pincha farzandla­riga iloji boricha qimmatroq sovg‘a olishga harakat qiladi. Afsuski, bolani sovg‘a narxi bilan qiziqtirish va boshqalarniki bilan solishtirishga o‘rgatish juda xunuk holat. Xullas, bola yangi yilda faqat “kutuvchi” emas, “javob beruvchi” rolini ham ijro etishni bilishi kerak. Shundagina bog‘chada va oiladagi bayram tadbirlari bolalar rivojlanishi uchun xizmat qiladi.
Maktabdagi yangi yil tadorigi bolalarni izlanishga undashi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari sinfni bezatish uchun turli o‘yinchoqlar yasashga qiziqadi. Bir-birinikidan ajoyib bezaklar yasagani tufayli ular ustozlaridan rag‘bat eshitadi. Bu esa ularda o‘z o‘zidan qoniqish, yana oldinga intilish ruhini paydo qiladi.
Sergeli tumanidagi 322-maktab o‘qituvchisi Inobat Ravshanova yangi yilning bolalar tasavvuridagi ijtimoiy ahamiyatini oshirish uchun qanday tajribani yo‘lga qo‘yganini quyidagicha bayon qildi:
— O‘quvchilar ishonuvchan va beg‘ubor bo‘ladi. Shuning uchun o‘quvchilar o‘rtasida “Mening sarhisobim va yangi yildan kutayotganlarim” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazaman. Olaylik, bu yilgi tanlov uchun yozilgan 32 ta insho ham juda rang-barang ifodalangan. Bolalar qanday yutuqlarga erishganini, musobaqalarda qat­nashgani va nimalarni yangi yilda maqsad qilib qo‘yganini hatto qanday kamchiliklari bo‘lganini, ularni, albatta, bartaraf etishini ham yozgan. Bu jarayon bolaning o‘zini o‘zi baholashida, mas’uliyatli bo‘lishida asqatadi. Shuningdek, o‘quvchi oldiga maqsad qo‘yadi, o‘ziga va’da beradi va ularni baja­rish niyatida yangi yildan yangicha shijoat bilan harakat qila boshlaydi. Shuning uchun kasbdoshlarim ham yangi yil ruhini sinfiga shu tarzda olib kirsa, o‘quvchilarini ancha faollashtirgan bo‘ladi.
Bugungi kun bolasi ancha ziy­rak, rivojlanayotgan dunyo taklif etayotgan tayyor mahsulotlarga osongina erishishi mumkinligini ham tushundi. Biroq bayramlarga tayyorgarlik ko‘rish asnosida bolalarni harakatga chorlash ularni pishitadi. Ijodkorlikka chorlash esa beg‘ubor tasavvurlarini boyitadi. Demak, yangi yilda bolalarni faqat sovg‘a kutishga o‘rgatish emas, o‘zlarini intiltirish ham maroqli, ham foydali bo‘ladi. Asosiysi, bayram shunchaki o‘tmaydi, bolalar kelgusi yil yakunigacha taassurotlar og‘ushida bo‘ladi.

Nasiba ERXONOVA