Ona mehri

Bir kuni Ahmad Lutfi Qozonchi qalamiga mansub “O‘gay ona” asari qo‘limga tushib qoldi. Boshida zerikarli kitob bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Lekin ustozimiz bir necha dars oldin bu asar haqida aytgan fikrlar uni o‘qishga undadi. Mutolaani boshlashim bilanoq, kitobga sho‘ng‘ib ketdim. Qahramonlar qiyofasi ko‘z o‘ngimda jonlandi.

Qahramonlardan biri Ismoil asarning bosh, jamiyatning o‘zgarishidagi asosiy obraz. Asar Ismoilning o‘gay ona bilan yashashidan boshlanadi. Sanihaxonimning o‘z farzandi va o‘gay bolasi o‘rtasidagi farqni yozuvchi quyidagicha izohlaydi:
“Biri sovqotganidan qo‘llarini qo‘ltiqlariga suqib olgan, qarovsizligi ko‘rinishidanoq bilinib turgan zaifgina o‘g‘il bola. Ikkinchisi go‘zal liboslar kiygizilgan, toza qiyofali, uch yasharga kirar-kirmas qizaloq”.
Bu ko‘rinishda bola xizmatkor­ning, qiz esa zodagonning farzandiga o‘xshardi. Aslida, otalari bir-u, ammo onalar boshqa edi, xolos. Ko‘ngli o‘ksik bolakay shu o‘gay onaning bir og‘iz bolam deb chaqirishiga intizor edi. Hattoki, o‘gay onasini “Ona” deb atay boshladi. Ammo mehr ko‘rmaydi. Bolakayning chekkan azobiga ba’zida guvoh bo‘ladigan Fotimaning yuragi ezilardi. Uni uyiga chaqirib ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilardi.
Fotimaning hayotiga bu bolakayning ayanchli taqdiri sezilarli ta’sir qilgandi. O‘n to‘qqiz yoshga kirganida uyidan sovchi arimagan Fotima ikki bolasi yetim qolgan Odilbek bilan turmush qurishga qaror qildi. U Ismoilning boshiga tushgan kunlar bu ikki norasida bolaning ham boshiga tushishidan qo‘rqdi. Yuragi shu ikki norasidaning ham o‘gay ona qo‘lida azoblanishidan jizzilladi. Shu xayollar ichida yashadi-yu, qalbida o‘zgacha his uyg‘ondi. Bolalar ha­yotining mazmunli bo‘lishi, afsuslanmasdan yashalishi uchun o‘zini qurbon qilishga tayyor inson edi u.
Oradan oylar o‘tdi. Odilbek to‘y yaqinlashgani sari o‘ylar ichida yashadi. Xato ish qildimmikan? “Farzandlarimni o‘z ixtiyorim bilan o‘gay onaning qo‘liga berib qo‘yamanmi?” degan savol miyasida g‘ujg‘on o‘ynardi. U ham inson. Odamlardan o‘gay onalar haqida ancha-muncha gaplar eshitgan, hozir shularni o‘ylab iztirobda.
Afsuski, u adashdi. Fotima bolalar bilan qadrdon insonga aylandi. Odila hali kichkina edi. Shu sababli Fotimani ona deyishga qiynalmadi. Ammo Husayn onasini yaxshi eslar, unda shubha, gumonlar paydo bo‘lgan edi.
Bir kuni qo‘shnilar: “Fotima se­ning onang emas, ular seni alda­yapti, sening onangning ismi Xayriya”, deyishgandi. Fotima bolaning onasi ekanini isbotlashga urinar edi. O‘zining ikkinchi ismi ham borligini, ismi Xayriya (bolaning haqiqiy onasining ismi) ham ekanini ta’kidladi. Biroq Husayn “Unda sizning ko‘zlaringiz nega ko‘k, meniki qora?”, deb yana savolga tutdi. “Allohim har bir insonga har xil ko‘z ato etadi”, deb javob qildi ayol. Husayn do‘sti Yilmazni o‘gay ona tarbiyalayotganini bilardi. Yilmaz sinfdoshlaridan ajralib turardi. Ust-boshi kir, kiyimlari yirtiq-yamoq edi. Ustozi bir-ikki marta koyiganda u mulzam bo‘lib qolgan edi. Buni payqagan Husayn uni uyiga olib bordi. Fotima bu bola kelganiga Allohga behisob shukronalik keltir­di. Chunki u barcha yetim bolalar haqiqiy ona mehrini his qilishini ich-ichidan xohlar edi.
Uyidan biror marta ham baland ovoz eshitilmasdi. Islom dinini mufassal o‘rganayotgan Fotima kundoshi Xayriya haqiga har kuni tilovat qilardi. O‘z farzandi Saniha dunyoga kelganda ham bolalarni ajratmadi. Husayn maktabdan yetim o‘rtog‘ini yetaklab kelganda ham unga o‘z onasidek muruvvat ko‘rsatdi. Husaynning tarbiyasiga befarq qaramadi. Taqdir charxpalagini qarangki, taqdirlar tutashdi. O‘sha yoshlik paytlarida taqdirini o‘zgartirgan Ismoil hamda Husayn uyga olib kelgan Yilmaz ularning oila a’zosiga aylandi.
Asarni tugatgach, erkalig-u, sho‘xliklarimni ko‘targan onajonimning sabr-bardoshiga tan berdim. Boshqa bir inson men uchun jon og‘ritib yashaydimi?! Betobligimda holimdan har daqiqa xabar olib, o‘zini o‘t orasiga tashlaydimi? Qadrdonim onam yonimda ekaniga shukrona qildim!
Asar meni ko‘ngli yarimlarga yanada mehribon bo‘lishga undadi. Ba’zi insonlar xatolarini tushunar, shundagini “o‘gay ona” bo‘lsa-da o‘zga farzandni dunyolarga alish­mas. Aminmanki, Fotima­xonim singari onalar hali ham oramizda bor. Ular barcha yetim go‘daklar qalbida yashaydi.

Asilabonu ABDURAHMONOVA