Ota

Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan odam o‘z qavmining eng boy va nufuzli kishisi edi. Uning ismi Tor Overas.
Kunlardan birida baland bo‘yli, jiddiy, o‘ziga bino qo‘ygan bir shaxs
cherkovda — ruhoniyning qarshisida hozir bo‘ldi. Bu o‘sha fermer — Tor edi.

— Men o‘g‘illi bo‘ldim, — dedi u, — cho‘qintirib qo‘ysangiz.
Ruhoniy bosh irg‘ab, rozilik bildirdi.
— Uning ismini nima qo‘ymoqchisiz?
— Fin, xuddi otamning ismi kabi!
— Homiylar kim?
— …
Albatta, Torning qarindoshlari bilan aloqasi so‘nggi paytlarda sezilarli darajada ijobiy tomonga o‘zgardi. Ammo…
— Boshqa kimdir bormi bo‘lmasa?! — ruhoniy o‘zini xotirjam tutib unga yuzlandi. Fermer sukut ichra biroz o‘yga cho‘mdi. So‘ng qat’iy ohangda dedi:
— Uni o‘zim, shaxsan o‘zim cho‘qintirishni xohlayman!
— Bu haftada bo‘ladimi?
— Yo‘q, keyingi shanba, soat o‘n ikkilarda!
— Boshqa bironta yaqiningiz bormi?
“Hech kim yo‘q…”. U bu so‘zlarni ichidan aytgancha boshini quyi egdi. Ruhoniy o‘rnidan qo‘zg‘alib, unga yaqinlashdi:
— Siqilmang, endi o‘g‘lingiz bor! — uning kaftini siqdi, ko‘zlariga
ishonch bilan qaradi. — Xudoning xohishi o‘laroq, bu o‘g‘il sizga bir kuni dunyodagi eng katta narsani sovg‘a qiladi!
Mana, oradan o‘n olti yil o‘tdi. Tor yana ruhoniyni yo‘qlab bordi. Uni kutilmaganda cherkov qoshida uchratgan ruhoniy hayratlanib gapirardi:
— Haqiqatan ham siz meni lol qoldirmoqdasiz, janob, hali ham o‘sha-o‘shasiz, yoshsiz, navqironsiz!
— Bilasizmi, — yanada kiborlandi boy fermer, — chunki menda tashvish yo‘q, g‘am yo‘q.
Ruhoniy hech narsa demadi, sal o‘tgach esa undan kechqurungi rejalari haqida so‘radi. U oqshomda o‘g‘li bilan uchrashishga kelishganini, o‘g‘li kollejni bitkazayotganini, o‘zi esa uzoq safardan yaqindagina qaytganini, uzoq yillik ayriliqdan so‘ng endi o‘g‘li bilan diydorlashishini aytdi.
— O‘g‘lingizning kelajagi yorqin! — ruhoniy uning uzundan-uzoq gapini bo‘ldi.
— O‘g‘limning nufuzi shaharda birinchi ekanini ertaga cherkovdagi aslzodalar yig‘inida e’lon qilishingizni istayman!
— Albatta, janob, u birinchi bo‘ladi.
— Eshitishimcha… — u cho‘ntagidan pul chiqardi, — bu yerda o‘n dollar.
— Siz uchun yana nima qila olaman, janob, — so‘radi ruhoniy Tor­ning ma’nosiz ko‘zlariga tikilib.
— Boshqa hech narsa shartmas, — u yanada gerdaydi va xayr-xo‘shlashmay tashqariga yo‘naldi.
Oradan yana sakkiz yil o‘tar -o‘tmas, cherkov oldida shovqin-su­ron eshi­tildi. Ruhoniy nima gapligini bilish uchun tashqariga chiqdi. Bir gala odam cherkovga yaqinlashib kelardi. Yo‘lboshchi Tor edi. Ruhoniy uni darrov tanib, hayratlanib so‘radi:
— Tinchlikmi, janob?!
— To‘y boshlayapmiz, men takliflar masalasi bo‘yicha keldim, o‘g‘limni qo‘shnimiz graf Gudmundning qizi
Karen Storlidenga unashtirib qo‘yishi­n­gizni so‘rayman.
— Axir u eng boy xonadonning qizi-ku!
— Xullas, ular, — deb javob qaytardi boy fermer silliq sochini oraqaga tarab, — bizga mos xonadon.
Ruhoniy biror fikr bildirishdan o‘zini tiydi. Qarshilik qilish befoyda, so‘ng cherkov kitobiga ular­ning ismlarini kiritdi. Tor uning stoli ustiga uchta yuztalik dollarni qo‘ydi.
— Minnatdorman, o‘tgan safar berganingiz ham yetadi, — dedi afti bujmaygan ruhoniy.
— Ha, lekin bilganingizdek yolg‘iz o‘g‘lim bor va men uni juda yaxshi ko‘raman!
Ruhoniy noiloj pulni oldi.
— Bu uchinchi marta, janob, o‘g‘li­ngizning hisobiga pul sarflamoq­dasiz.
— Endi, men uning yoniga boray.
Tor cherkovni tark etdi. Qolganlar ham unga ergashdi. Ikki hafta o‘tgach, ota va o‘g‘il to‘y yaxshi o‘tgani xususida suhbat qurib, Storliden xonimni maqtab, shiddat bilan oqayotgan daryo ko‘prigidan o‘tib borishardi. O‘g‘il oyoq bosgan ko‘p­rik taxtasi birdan sinib, u pastga osilib qoldi.
— Uzoq ushlab turolmayman, ota! — dedi bu holatdan qo‘rqib ketgan o‘g‘il.
— Qo‘rqma, o‘g‘lim, hozir, — ota endi ushlay deganda, o‘g‘ilning qo‘llari ko‘prik taxtasidan uzildi. Ota tezlik bilan pastga, oqayotgan daryo qirg‘og‘i tomon yugurdi. — Hozir o‘g‘lim, hozir, — ota hansiragancha chopardi. O‘g‘il otasiga so‘nggi bor qayrilib qaradi va cho‘kib ketdi. Suv yuzasida pufakchalar paydo bo‘ldi. Suv esa endi juda sekin, imillab oqayotganday tuyulardi otaga.
Ota uch kecha-yu uch kunduz uxlamasdan o‘g‘lining jasadini izladi. Suv uni ko‘lga oqizib ketibdi. Uni uchinchi kuni topib, olib chiqdi. O‘sha mash’um voqea sodir bo‘lga­niga mana, bir yil bo‘ldi. Kech kuz oqshomlarining birida ruhoniy uyi ostonasida bir odam paydo bo‘ldi. Ruhoniy eshikni ochib, baland bo‘yli, oq sochlari to‘zg‘ib ketgan, ozg‘in bir odam yerga cho‘kkalab o‘tirganini ko‘rdi. U Tor edi.
— Ancha qarib qolibsiz-ku, — dedi hayratlangan ruhoniy.
— Ha, ancha, ancha qarib qoldim, — Tor o‘rnidan sekin turdi. Ichkariga kirgach, ular bir-biriga uzoq va ma’nisiz termilib o‘tirishdi.
— Kambag‘allar uchun xayriya qil­moqchiman, o‘g‘lim nomidan… — so‘ng o‘rnidan turib bir dasta g‘ijimlangan pulni stol ustiga qo‘ydi. Ruhoniy uni ko‘rib:
— Axir, bu juda katta pul-ku, — dedi.
— Bu yagona merosim: bog‘im­ning puli, uni sotib yubordim.
Ruhoniy yana jim qoldi, muloyimlik bilan so‘radi:
— Keyin o‘zingiz nima qilasiz, janob?!
— Faqat ezgu ish, faqat xayrli ish!
Ular biroz suhbatlashib o‘tirgach, yerdan ko‘zlarini uzolmagan Torga ruhoniy dedi:
— O‘g‘lingiz, sizga, o‘ylashimcha, eng katta narsani sovg‘a qilibdi!
— Ha, balkim shundaydir, — javob qaytararkan, baxtiqaro ota­ning yu­zidan ikkita yirik tomchi oqib tushdi. Ota ko‘z yoshini sira
yashirmadi…

Ingliz tilidan Rahmat BOBOJON tarjimasi.