O‘ylang, fikrlang!

Saylov. Ko‘p eshitgan, ko‘rgan va ilk marotaba ishtirok etadigan jarayonim. Bolaligimizda saylovga ketayotgan yaqinlarimizga “Biz qachon ishtirok etarkanmiz?”, deb havas bilan qarardik.

Endi bilyapmizki, bu bolalikdagi kabi havas, intiq bo‘lib kutadigan jara­yon emas. Afsuski, bugun nomzodlar orasidan kimga ovoz berish, bermasligimni ham bilmayman. Bu holat faqat menda emas, balki aksariyat yurtdoshlarimizda kuzatilmoqda.
Kimdir nomzodning tashqi ko‘rinishi, yana kimdir uning kelib chiqishiga qarab ovoz beradi. Bu noto‘g‘ri yondashuv. Aslida-chi? Saylov va nomzodlar qanday bo‘lishi kerak? Saylanayotgan nomzod berayotgan va’dasining ustidan chiqa oladimi? Dasturini to‘liq bajarishga harakat qiladimi? Shu kabi savollarga qay­sidir partiyaning munosib javobi bo‘lsa, men hech ikkilanmay o‘sha partiyadan ko‘rsatilgan nomzodga ovoz berardim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi uchun davlat budjetidan 230 milliard 549 million so‘m ajratilgan. TV orqali kun ora uzatilayotgan turli loyihalar, debatlarga sarflanayotgan pullarni tasavvur qiling! Agarda siz ham shu debatlardan birini ko‘rsangiz, nomzod­larning berilayotgan savollarga aniq, lo‘nda javoblari yo‘qligidan ensangiz qotadi. Menimcha, ular to‘xtab qolmay gapirsam, yaxshi fikr aytdim, deb o‘ylashsa kerak.
Albatta, bu saylash huquqiga ega, oddiy bir fuqaroning shaxsiy fikrlari edi. Siz ham o‘ylang. Fikrlang. Ma’qul nomzodga ovoz bering!

Ruslan MAKSIMOV,
O‘z JOKU talabasi