O‘zbek sporti muammolari — talabalar nigohida

Sport — salomatlik garovi. Hech narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez tanita olmaydi. Sport musobaqalari xalqlarni jipslashtiradi. Joriy yil 4-sentabr kuni Prezidentimiz raisligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘nggi yillarda sportchilarimiz tomonidan qayd etilgan natijalar, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida qurilgan sport obyektlari, aholini ommaviy sportga jalb qilish masalalari tahlil qilindi.
Xullas, bu xususda ko‘p gapirish mumkin. Biz O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti sport jurnalistikasi yo‘nalishi talabalarining ayni mavzudagi fikrlari bilan qiziqdik.

— Yurtimizda sportga qiziqish kuchli. Sportga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Afsuski, ularning hammasi ham samarali ishlamayapti. Quruq gap bilan sportni rivojlantirib bo‘lmaydi.
Aytaylik, oddiy oilaning farzandi voleybolga juda qiziqadi. Iqtidori, salohiyati yetarli. Biroq oilaning moddiy ahvoli yaxshi emasligi tufayli yosh sportchi tirikchilik tashvishiga tushadi. Oqibatda iqtidorli sportchidan mahrum bo‘lamiz. Buning oldini olish uchun ijtimoiy himoyani kuchaytirish kerak.

Ilyos MAHMUDOV

— Milliy sport turlarimiz bo‘lgan kurash va ko‘pkariga e’tibor ham havas qilarli darajada emas. Ko‘pkari o‘yinlari to‘y, bayramlar munosabati bilangina o‘tkaziladi. Doimiy musobaqa yo‘q.
Sportchilarimizning aksariyatida jismoniy tayyorgarlik maromida emas. Sohada malakali muta­xassislar kam. Xorijda har bir yo‘nalishda alohida murabbiy faoliyat olib boradi. Biz ham rivojlanishni istaymizmi, mayda, biz arzimas degan detallarni ham hisobga olishimiz kerak.

Navro‘zbek MAMAZIYOYEV

— O‘zbekistonda sport bilan shug‘ullanish, uning ommaviyligini oshirish bo‘yicha ishlar ko‘pincha qog‘oz va raqamlarda bo‘rttirib ko‘rsatiladi. Lekin bizda hech bir sport turi yuqori darajada rivojlanmagan.
Chunki bizda hanuzgacha mukammal tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Sohadagi korrupsiyaning “xizmati” ham bunga sabab. Tanish-bi­lishchilik, mahalliychilik, korrupsiya illatlari uchraydi. Bolalar futbolida “yosh kichraytirish” odati mavjudligi achinarli hol. Bu jara­yonda ota-onalarning “hissa”si katta. Ular farzandlarini qiziqishi, imkoniyati­dan kelib chiqib yo‘naltirsa, qo‘llab-quvvatlasa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Umid ABDURAHMONOV

— Mamlakatimizda sportchilarning tez tiklanishiga yordam beradigan farmakologiya sohasi oqsagan. Bu yo‘nalishda rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, yangi dori vositalarini yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmayapti. Malakali mutaxassislar yo‘q. Ko‘pchilik atletlar doping bo‘lmagan moddalardan foydala­nish mumkinligini bilmaydi. Ruslan Nuriddinov, Abdulla Tangriyev, Soslan Tigiyev kabi kuchli sportchilarimizning xalqaro maydondagi natijalari shu sabab bekor qilindi.
Bu muammolarni bartaraf etish uchun Prezidentimiz sport farmakologiyasini rivojlantirish, sport federatsiyalarida ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Sherzod NORMATOV

— Chekka hududlarda sportning ko‘p turi rivojlanmagan. Ma­salan, suzish — eng foydali sport turi. Lekin qishloqlarda bu sport turini rivojlantirish uchun suzish havzalari, anjomlari yetishmaydi. Olimpiadada eng ko‘p medal to‘playdigan sport turi aynan suv sporti hisoblanadi. Afsuski, bizda mohir suzuvchilarimiz kam. Agar biz ham shu sport turiga e’tiborni yanada oshirsak, katta natijalarga erishishimiz mumkin.

Malika KUSHBAKOVA

— Bokschilarimiz jahonda birinchi. Buni joriy yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida isbotlashdi. Quvonarlisi, qishki sport turlari ham asta-sekin rivoj­lanmoqda. Oliy xokkey ligasida ishtirok etayotgan “Humo” jamoasining o‘yinlarini muxlislar katta qizi­qish bilan kuzatib bormoqda.
Ammo, afsuski, jamoaviy sport turlarida sportchilarimizning natijalari ancha past. Yirik xalqaro turnirlar, jahon chempionatlari, olimpiada o‘yinla­rida yakkalik sport turlaridan yuqori natijani qo‘lga kiritamiz, xolos. Voleybol, basketbol, futbol bo‘yicha ko‘rinarli yutuqlarni qo‘lga kiritmagani bizning og‘riqli nuqtamiz.

Xurshida ABDIQULOVA

— Xorijda iqtisodiyot ishlab chiqarishi­ning katta foizi xususiylashgan. Shu bilan bir qatorda, sport ham davlatdan mustaqildir. Ayniqsa, futbol klublari yirik ishbilarmonlar tomonidan moliyalashtirilmoqda. Bizda esa birgina “Paxtakor” futbol klubidan boshqa barcha jamoalarimiz davlat tashkilotlari tasarrufida. Mahalliy hokimlik yoki yirik tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan klublar tarkibni imkoniyatiga qarab shakllantiradi. Tizim yaxshi ishlamaydi. Pul bor paytda uni bemaqsad sarflashadi. Marketing tizimi deyarli yo‘q. Klub o‘zini ta’minlay olmaydi. Mavjud sarmoyani vaqtinchalik natijalarga sarflaydi. Akademiya, moddiy-texnik bazani rivojlantirish yurtimizning aksariyat klublari uchun xos emas. Davlatga boqimanda bo‘lib yuraveradi. Bu sharoitda futbolimiz qanday rivojlanishi mumkin?!

Ma’ruf ABDUMALIKOV

— Sport federatsiyalari va mahalliy hokimliklar kelgusidagi yirik musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qila oladigan sportchilar uchun yaxshi sharoit yaratib bermayapti. Seleksiya ishlari keng qam­rovda emas. Bu jarayon, asosan, poytaxt va viloyat markazi bilan cheklanib qolgan. Chekka hududlardagi iste’dodli sportchilarni malakali mutaxassislarga birik­tirish uchun aniq tizim yo‘q. Viloyatlarda o‘tkaziladigan musobaqalarga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilmaydi. Buning natijasida, musobaqalarning saviyasi ancha past bo‘lmoqda.

Sarvinoz Rahmonqulova

— Mamlakatimizda sport turlarini rivojlantirish shahar, tuman maktablarida o‘quvchilarni bu sohaga jalb etish va barchani qiziqtirish kerak. Masalan, maktablarda jismoniy tarbiya darsida hech narsa o‘rgatilmaydi. Qishloqlarda qanchadan-qancha iqtidorli yoshlar bor. Ularni kashf etish kerak. Tizimga korrupsiyaning aralashuvi rivojlanishga jiddiy to‘siq bo‘lyapti. Iqtidorli yoshlar ko‘p, ammo salohiyatini ko‘rsatishi uchun yetarli mablag‘i yo‘q. Buning natijasida orzularidan voz kechishga majbur. Agar maxsus tashkilot tuzib, mana shunday ko‘makka muhtoj sportchilarga yordam berilsa, ijobiy o‘zgarish bo‘lardi.

G‘olib JOVLIYEV

— Basketbolchilarmizning erishayotgan natijalariga havas qilib bo‘lmaydi. Ichki birinchiliklarda raqobat, infratuzilma yo‘q. Bu voleybol, gandbol sport turlariga ham tegishli. Mazkur sport turlarida Osiyoda o‘z o‘rnimizni boy berib bo‘lganmiz. Autsayderlar qatoridamiz. Bu achinarli natija. Demak, federatsiyalar faoliyatini tubdan o‘zgartirish kerak. Umumta’lim maktablari, aka­demik litsey-kollejlar, OTMlarda klublar ochish kerak, to‘garaklar emas. Har bir o‘quv bosqichlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish lozim. Buning uchun esa maxsus dastur ishlab chiqish va murabbiylar ma­lakasini oshirish talab etiladi.

Muhammadyor SOLIYEV

— Musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilishi kerak bo‘lgan sportchilarni tarbiyalash uchun Chirchiq shahrida sport turlarining zamonaviy bazalari yaratilgan. Xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lganlar moddiy rag‘batlantirilmoqda.
Ammo bolalar-o‘smirlar, olimpiya zaxi­ralari va oliy sport mahorati maktablari murabbiylarining oylik ish haqi umumta’lim maktablaridagi jismoniy tarbiya fani o‘qituv­chilarinikidan ikki barobar kam. Bunday sharoitda qanday qilib chempion yetishtirish mumkin?
OTMlar 50 foiz talabalarni sport bilan qamrab olish imkoniyatiga ega. Imkoniyatidan kelib chiqib, sportning ma’lum bir turiga biriktirish yaxshi samara beradi.
Yana bir holat. Mamlakatdagi barcha sport inshootlari jami aholining bor-yo‘g‘i 4,5 foizini qamrab olishi sport ommala­shishidagi asosiy to‘siq hisoblanadi. Baza yetishmaganidan keyin aholi qanday qilib sport bilan muntazam shug‘ullansin?!

Abror JO‘RAQULOV