O‘zbek sporti yuksalmoqda

Yakunlanayotgan yilda sport sohasida qanday voqealar sodir bo‘ldi?

Davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchisi yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan. Shu xususda so‘z borganida, mamlakatimizda 12 mingdan ziyod sport inshooti bo‘la turib, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan qamrab olish darajasi talabga javob bermasligi qayd etildi. Umumta’lim maktablarining sport anjomlari bilan jihozlanish ko‘rsatkichi mamlakat bo‘yicha 56 foizni, jumladan, Surxondaryo viloyatida 12, Xorazmda 14, Qoraqalpog‘istonda 15 foizni tashkil etishi juda past ko‘rsatkichdir.
2019-yilda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Tuman va shahar hokimlarining yoshlar ma­salalari bo‘yicha o‘rinbosarla­riga mutaxassislar bilan birgalikda yoshlarning sport turlariga qiziqishi hamda sport inshootlarining jihozlanish darajasini o‘rganib, shu asosda takliflar berish, Vazirlar Mahkamasiga ularni amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar manbasini aniqlash vazifasi yuklatildi. Olis va chekka qishloqlarda yengil konstruksiyali sendvich panellardan kichik sport zallari va sun’iy qoplamali maydonlar qurish, tashabbuskor tadbirkorlarga sport inshootlari tashkil etish uchun yer hamda “Yoshlar — kelajagimiz” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratish zarurligi ta’kidlandi. Sport maktablariga xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan taniqli sportchilarni rahbar etib tayinlash, sportchilarni oliy o‘quv yurtlari­ning maxsus sirtqi bo‘limlarida maqsadli o‘qitish yaxshi natija beri­shi qayd etildi. Bolalar-o‘smirlar sport maktab­lari sonini ko‘paytirish
yuzasidan topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz joriy yil 4-sen­tabrda “Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish” masalalariga bag‘ishlangan yig‘i­lishda bu borada to‘planib qolgan muammolarni amaliy hal qilishga doir muhim topshiriqlar bergani mutasaddi va mutaxassislar ishini jonlantirish uchun turtki bo‘ldi.
Sentabr oyida Rossiyaning Ye­katerinburg shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionatida 8 vazn toifasida medallar uchun jang qilgan 6 o‘zbek o‘g‘loni shohsupaga ko‘tarildi. Mezbonlar, azaldan peshqadam kubaliklar, uncha-munchaga yengilmaydigan qo‘shnilarimiz — qozog‘istonliklar O‘zbekiston termasining kuchliroq ekanini tan olishga majbur bo‘ldi.
Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov va Bahodir Jalolov barcha raqiblarini yengib, jahon chempionatining oltin medallari bilan taqdirlandi. Termamiz sardori — Bahodir Jalolov chempionatning “Eng yaxshi bokschisi”ga atalgan maxsus sovringa munosib ko‘rildi.
Bu kabi yutuqlar zamirida murabbiy va sportchilar, mutasaddi va mutaxassislarning fidokorona mehnatlari borligiga e’tibor qara­tish joiz. Olimpiada qahramonlarining aksariyati professional boksga o‘tib, ishonchli g‘alabalar qozonmoq­da. O‘z navbatida akalariga havas qilib, ringga ko‘tarilgan yangi avlod vakillari mamlakatimizda boksni rivojlantirish tizimi samarali ishlayotganini tasdiqlamoqda.
O‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida kechadigan har qanday musobaqada raqobat shu darajada kuchliki, kechagina jahon yoki qit’a chempionatida qatnashganlar mag‘lubiyatni tan olib, chetga chiqishiga to‘g‘ri kelmoqda. Boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bu fikrimizni tasdiqlab turibdi.
O‘zbek boks maktabining kuchini tan olgan chet ellik mutaxassislar birgalikda o‘quv-mashq yig‘inlari o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilayotgani quvonarli. Jumladan, jahon chempionatidan so‘ng yetakchi charm qo‘lqop ustalarimiz Kubada shunday yig‘inga taklif etildi. Tez orada kubaliklarning ham yurtimizga kelib, hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
AIBA reytingida ham, mustaqil ekspertlarning tahliliy monitoringida ham O‘zbekiston boks bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatiga aylandi. Xalqaro musobaqalarda 75 ta oltin, 37 ta kumush va 76 ta bronza medalni qo‘lga kiritilgani bu fikr haqqoniy ekanini tasdiqlab turibdi.
Yil mobaynida erishilgan yutuqlar haqida so‘z borganda og‘ir atletika­chilarimizni alohida tilga olish darkor. Keyingi 2-3 yilda yurtimiz og‘ir atletika jamoasi tarkibi deyarli to‘liq yangilandi. Jamoa a’zolarining o‘r­tacha yoshi 18-21 ga teng. Professional sportda bitta mahoratli sportchi natijadorlik darajasiga chiqishi uchun kamida 5-6 yil ketishini hisobga oladigan bo‘lsak, shtangachila­rimiz bundan-da yuksak marralarga erishishi turgan gap.
2019-yil mart oyida AQShning Las-Vegas shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 7 hamyurtimizdan 6 nafari shohsupaga ko‘tarildi. Qizlarimiz umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi. Kumushxon Fayzullayeva chempionatning eng yaxshi atleti sifatida e’tirof etildi. Yoshlar va kattalar o‘rtasidagi xalqaro musobaqalarda jahon rekordlarini yangilab zafar quchishga erishgan Kumushxon yil yakunida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Tahsin–2019” mukofotiga loyiq topildi.
O‘zbekiston 2015-yili taekvondo sport turi reytingning 27-pog‘onasida qayd qilingan bo‘lsa, 2018-yilda 6-o‘ringa ko‘tarildi. Nikita
Rafalovich, Nigora Tursunqulova va boshqa sportchilarimizning yil davomida xalqaro musobaqalarda erishgan natijalaridan xulosa chiqarsak, O‘zbekiston joriy mavsumda ham kuchli 10 talikdan joy oladi.
Kurash, dzyudo kabi sport turlarida yurtdoshlarimiz bir qator ishonchli g‘alabalarga erishdi. Zamonaviy beshkurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ilk marotaba olimpiadada qatna­shish huquqini qo‘lga kiritgani bar­chani quvontirdi.
Qilichbozlik bo‘yicha yigitlar va qizlarimiz ilk marotaba Jahon kubogi oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, Zaynab Dayibekova taj­riba orttirib, tobora yuqori pog‘o­nalarga ko‘tarilmoqda.
Olga Zabelinskaya aprel oyida ilk bora mamlakatimizda o‘tkazilgan veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionatida oltin medal sohibasiga aylanib, 2020-yili Tokio mezbonlik qiladigan navbatdagi yozgi olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Yana bir velosportchimiz Murodjon Xolmurodov ham kunchiqar yurtda o‘tadigan olimpiadada qatnashadigan bo‘ldi. Yetakchilar ortidan yangi umidli iste’dod sohiblari tajriba orttirib, xalqaro arenalarda zafar quchayotgani quvonarli hol. Jumladan, sirdaryolik Yanina Kuskova shosse va trekda qit’a chempionatlarida shohsupaga ko‘tarilib, ustoz­lar ishonchini oqladi.
Sport bilan shug‘ullanish, unga e’tiborni kuchaytirish uchun zamonaviy arenalarning bunyod etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Mart oyida poytaxtimizda foydalanishga topshirilgan “Humo arena” ko‘plab sport turlari bo‘yicha halqaro musobaqalarni o‘tkazish imkoniyatini taqdim etdi. Endilikda Toshkentning “Humo” klubi Oliy xokkey ligasi — “Ipak yo‘li kubogi” musobaqasi doirasida Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston klublari bilan bahs olib bormoqda. Bu esa yuzlab bolalarning hokkey seksiyalariga muntazam qatnashiga sabab bo‘ldi.
Toshkentda velotrek majmuasi foydalanishga topshirildi. So‘nggi yillarda bu sport turida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz sal­mog‘i oshib bormoqda. Yangi majmua bu g‘alabalar bardavom bo‘lishiga hissa qo‘shadi, degan
umiddamiz.
Ayni paytda Tokio–2020 yozgi olimpiadasi hamda paralimpiadasiga litsenziyalarimiz soni
32 taga yetdi. Yangi yilda yo‘llanmalar sonini yuztadan oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga
oshirilmoqda. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar olib borayotgan ishlar o‘z samarasini berishi shubhasiz. Zamonaviy
bazalar, kuchli sportchilar bilan birga o‘quv-mashq yig‘inlari, xorijdan taklif etilayotgan yetakchi trenerlar, sport meditsinasini rivojlan­tirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar o‘zbekistonlik sportchilarning
zafarli odimlari bardavom bo‘lishini ta’minlaydi.

Mirzahakim TO‘XTAMIRZAYEV,
“Sport” hamda “O‘zbekiston futboli” gazetalari bosh muharriri