Qolipdan tashqarida

Biz o‘zimiz chizib olgan chiziqlar orasida yashaymiz. Bu chiziqlardan oshib o‘tishga hammaning ham jur’ati yetavermaydi. Ulug‘ ingliz adibi Somerset Moemning “Oy va sariq chaqa” asaridagi Striklend hayot qolipidan chiqqan, chiziqlarni pisand qilmagan shaxs. U favqulodda iste’dod egasi. Lekin buni na atrofdagilar va na uning o‘zi anglab yetgan. Biz o‘zimiz chizib olgan chiziqlar orasida yashaymiz. Bu chiziqlardan oshib o‘tishga hammaning ham jur’ati yetavermaydi. Ulug‘ ingliz adibi Somerset Moemning “Oy va sariq chaqa” asaridagi Striklend hayot qolipidan chiqqan, chiziqlarni pisand qilmagan shaxs. U favqulodda iste’dod egasi. Lekin buni na atrofdagilar va na uning o‘zi anglab yetgan.
Chinakam san’at qoliplardan tashqarida bo‘lsagina, hamma yurgan yo‘l qolib, o‘zi uchun yangi yo‘l qidirgandagina na­moyon bo‘ladi. Striklend hamma yurgan yo‘ldan yurmagan, o‘zi va ichki MENidan boshqa hech narsa u uchun ahamiyat kasb etmagan. Buni jamiyat qabul qilmagan. Bu tabiiy holat, albatta. Uning muvaffaqiyatining asosi QO‘RQUVni yengishdir. Chunki u jamiyat, odamlar, kambag‘allik, qonunlardan qo‘rqmagan. Chindan ham qo‘rquv insonni boshqaradi. Agar sen qo‘rquvni zabt etmasang, u seni, albatta, zabt etadi.
Asardagi Dirk Struvening hayoti bu­ning yorqin dalilidir. Bir o‘rinda Dirkning xayolidan shunday fikrlar o‘tadi: “Hayot g‘oyat shafqatsiz. Hech kim bu dunyoda ne sababdan yuribdi-yu, qayoqqa ketayotganini bilmaydi. Itoatkorlik hamma­mizga xos xususiyat”.
Asarda Dirk Struve odatdagi, hamma qatori odamlarning qiyofasini gavdalantirgandek, go‘yo. Sababi — oddiy odamlar hamisha qoidalarga, jamiyat qonunlariga bo‘ysunib yashaydi. Bu qoidalardan tashqariga chiqish
od­diy odam uchun uddalab bo‘lmas ish, chunki bunga jur’ati yetishmaydi. Dirk Struvedek odamlar hayotdagi hamma narsani taqdirdan deb biladi, oqimga qarshi su­zishni xayoliga ham keltirmaydi, mabodo bunga harakat qilib ko‘rsa ham ol­didan biror to‘siq chiqdimi, ortga qaytadi, buni ham taqdir hukmi deb biladi. Dirk Struve haddan ziyod yaxshi inson, buni hech kim inkor eta olmaydi. U boshqalar uchun o‘zini qurbon qilishga tayyor. Lekin bunday qurbonlik bilan baxtni, muhabbatni qorishtirib
bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, asarda Striklendning xotini hamda Blansh Struvega ham alohida urg‘u beriladi. Ayniqsa, Blansh Struve obrazi bizga ayollar haqida ko‘p narsalarni so‘zlaydi. Striklend Blansh Struve haqida gapirayotganda qiziq bir fikrni aytadi: “Ayol zoti erkakning o‘ziga nisbatan yomonligi, qahr-g‘a­zabini kechirishi mumkin, lekin uning qurbonligini kechira olmaydi”. Chindan ham kimningdir oldidagi qarzdorlik hissi bilan yashash haqiqiy muhabbatdan ancha farq qiladi. Lekin Striklend ayollar haqidagi quyidagi haqiqatni ham tan oladi: “Agar ayol sizni sevsa, to qalbingizni egallamagunicha tinib-tinchimaydi. U ojiza va shu tufayli ham to‘la hukm­ronlik qilish ishtiyoqi bilan yonadi”.
Asar hayot haqidagi qarashlaringizni ostin-ustun qiladi. Hayot haqiqiy, isyonkor san’atni, qoliplarga sig‘magan san’atni qabul qila olmaydi. Bunga ming yillardan buyon shakllanib kelgan qarashlar yo‘l qo‘ymaydi. Axir odam juda mayda narsalarda ham boshqalarga bog‘liq, aloqador. Faqat o‘zi uchun yashay olmaydi. Striklendni boshqalar tushunmaganining boisi u hatto o‘zi ham tushunmaydigan ruhini anglashga harakat qiadi, u bilan “gaplashadi”. Romanda u dunyo qalbini tushunib qolgani haqida aytiladi. Aslida dunyo insonning o‘zi, uning ruhidir, inson ruhini tinglashni bilsagina, dunyo qalbini anglashi mumkin. Asarda “sariq chaqa” birikmasi ko‘p marta ishlatiladi. Striklend uchun boshqalarning fikri, moddiy hayot keyingi o‘rinlarda. Sariq chaqa esa qo‘rquvni yengish vositasidir.

Zulfira NO‘MONOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili
va adabiyoti universiteti talabasi