Qo‘rqitish shouga aylanmoqda

Bugungi kunda bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazish uchun bosh qotirishning sira hojati yo‘q. Zangori ekranni yoqamiz, muammo hal. Turli filmlar, ko‘rsatuvlar, shoular sizni zeriktirib qo‘ymaydi. Hatto berilib ketganingizdan bajarishingiz kerak bo‘lgan muhim ishlaringiz ham yodingizdan chiqadi. Ayniqsa, xususiy telekanallarda berilayotgan ko‘rsatuvlar kishi e’tiborini o‘ziga tez jalb etadi.

Afsuski, efirga uzatilayotgan ba’zi ko‘rsatuvlar kishini o‘ylantirib qo‘yadi. E’tibor bersangiz, ayrim ko‘rsatuvlarda ishtirokchilarga jonivorlar bilan qo‘rqi­tish orqali shartlar berilmoqda. “Milliy” telekanali orqali namoyish etilayotgan “Voy-dod karaoke”, “Zo‘rTV” telekanalidagi “Aldama meni” singari ko‘rsatuvlarda ilon, kaltakesak, o‘rgimchak, sichqon, buqalamun singari hayvon va hasharotlardan qo‘rqmagan holda shartlarni bajarish talab etiladi. Guvoh bo‘lyapmizki, shou davomida aksariyat qatnashchilarga qo‘rquv va boshqa sabablar tufayli birinchi tibbiy yordam berishga to‘g‘ri kelyapti.
Ma’lumki, qo‘rquv — bu xayoliy yoki haqiqiy xavf natijasida kelib chiqadigan kuchli tuyg‘u va hayot uchun xavf tug‘diradi. Psixologlar qo‘rquvni hissiy jarayonlar bilan izohlashadi. Shou ishtirokchilari qo‘rqish tufayli kelib chiqadigan kuchli his-hayajonlarini shou qiziqarli bo‘lgani, adrenalin olganliklari bilan izohlashadi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bunday ko‘rsatuvlar soni nega kundan-kunga ortmoqda? Javob esa tayin: talabga yarasha taklif. Biz bu ko‘rsatuvlarni ko‘ryapmiz, iste’molchi sifatida qabul qilyapmiz. Shou davomida qatnashchilarning hayvonlardan cho‘chib, hayajonga tushganini tomoshabinlar olqishlayapti. Gla­diatorlar tomoshasiga o‘xshaydi. Nahotki, kimningdir qo‘rquvidan, jonivorlarga yetkazilgan qiynoq­dan zavqlanadigan darajaga keldik?
— Bu kabi shoularda asosan, shou-biznes vakillari, mashur yulduzlar qatnashyapti, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Munisa Muhammadova. — Ishtirokchilardan “jasorat” talab etilib, jonivorlarga tajovuz qilinadi. Muxlislarning olqishlari yanada achinarli hol. Bu kabi teleloyihalarni yosh bolalar ko‘rsa, tabiatida jonivorlarga nisbatan berahmlik, shafqatsizlik tuyg‘usi kuchayadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, telekanallarimiz bunday loyihalarga e’tiborliroq bo‘lishi, unda inson hayoti masalasi turganini hisobga olishlari kerak. Bugun biz yuqoridagi loyihalarning bir tomonigagina e’tibor qaratdik. Loyihalarning mazmuni, saviyasi, unda berilayotgan savollar esa alohida mavzudir!

Zulfira NO‘MONOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi