Tejamkorlik — fazilat, ziqnalik-illat

Iqtisodiyot rivojlangani sayin tabiiy resurslarga ehtiyoj ortib boradi. Dunyoda qariyb bir milliard aholi toza ichimlik suvi iste’mol qilishdan mahrum. Elektr energiyasi va tabiiy gaz zaxiralari kundan kun taqchil bo‘lib bormoqda. 2030-yilda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 50% ga oshishi kutilyapti. Demak, og‘ir va yengil sanoat, fan-texnikani rivojlantirish, ma’naviyatni oshirish bilan bir qatorda iqtisodiy taraqqiyotga e’tibor qaratish zamonamizning dolzarb vazifalaridan.

Inson tug‘ilibdiki, unga nafs doimiy hamrohlik qiladi. Uni o‘ldirib bo‘lmaydi, faqat so‘ndirish mumkin. Nafs bilan kurashishni, uni so‘ndirib, goh-gohida shiddatini pasaytirib turishni o‘ylamagan odam hech qachon ne’matlarning qadriga yetmaydi. Zero, tejamkorlik — insonning ma’naviyatini boyitadi, oilasiga qut-baraka keltiradi. Tejamkorlik — ne’matlarni isrof qilmaslik, ularni qadrlab, me’yor bilan ishlatishdir. Ajdodlarimiz tejamli oilalarning barakali, to‘kis, dasturxoni to‘kin bo‘lishini bashorat qilgan. Tejamkorlik, avvalo, xalqning va o‘zi­ning mehnatini qadrlash, qanoatli bo‘lish, faqat bugunni emas, ertani ham o‘ylash degani.
Tejamkorlik so‘zi arabchada “Iqtisod” degan ma’noni anglatadi. “Iqtisod qilgan ummatim kambag‘allik ko‘rmaydi”, deya muqaddas ha­dislarimizda ham aytilgan. Sharq xalqlarining boy iqtisodiy merosi, jumladan, Osiyodan yetishib chiqqan mutafakkirlarning iqtisodiy tarbiya haqidagi fikrlari, tejamkorlik va bunyodkorlikni targ‘ib qiluvchi asarlari iqtisodiy tarbiyaga qo‘yilgan poydevordir. Jumladan, Imom al-Buxoriy bobomiz shunday yozadi: “Yaxshi siyrat, chiroyli hayot va har bir ishda iqtisodchilik — yetmish xislatdan biridir”.
Isrofgarchilik — pul, mol-dunyo va ne’matlarni keragidan ortiq ishlatish, nobud qilish, o‘rinsiz yoki ortiqcha sarflashdir. Ota-onamiz ne mashaqqat bilan topayotgan pulni ko‘kka sovurib, boqimandalikka o‘rganishimiz, turli ko‘ngilochar manzillarda makon topishimiz nohaqlikdir. Bugun suvni isrof qi­lish, undan oqilona foydalanmaslik odat tusiga kirdi. Nos, sigaret, turli ichimliklarga o‘ylamasdan pul sarflaymiz. Foyda emas, ziyonimiz uchun isrof qilishdan ham qaytmaymiz.
Isrofgarchilik ikkiga bo‘linadi: ke­rak emas joyda isrof qilish va kerak o‘rinda me’yordan ortiq sarf etish. Kunduz kuni chiroqni yoqishimiz isrof, tunda chiroqni me’yordan oshiq darajada ishlatish ikki barobar isrofdir. Unutmaslik kerakki, muqaddas dinimizda isrof haromligi
ta’kidlangan.
— Ayrim insonlar me’yor nimaligini unutib qo‘ydi, tejamkorlikni yodidan chiqardi, — deydi “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi Muhammadamin Alixonov. — Ki­yiming but bo‘lsa-da, yangisini xa­rid qilish, shinam uyingni buzib, qaytadan hashamatliroq imorat qurish, turli marosim va to‘y-hashamlardagi dabdababozliklarning hammasi isrof sanaladi. Islom dini mohiyatiga ko‘ra, bunday kimsalar shaytonning do‘stlari bo‘ladi. Shayton esa o‘z robbisiga o‘ta noshukr edi.
Ota-bobolarimiz qo‘lingni toshib oqayotgan daryodan yuvsang ham, uch marotaba yuvgin. To‘rtinchisi isrof, qolaversa, og‘ir gunoh, deb uqtirishgan. Tarbiyam kimnidir to‘g‘ri yo‘lga boshlasin, deydigan har bir inson, avvalo, o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi, hayotni chuqur bilishi lozim. Tarbiyani o‘zingdan boshla, degan gap ham bejiz aytilmagan. Qachonki kundalik hayotimizda, eng avvalo, oilada tejamkorlikka erishsakkina, xalqimiz boy, davlatimiz bundan-da farovon bo‘ladi. Isrof qilayotgan narsalarimizning qadrini, qilmishimiz oqibatini hamisha his etib yashashimiz darkor.
Tarixiy asarlarda ilm-ma’rifat, bilim va zakovat, poklik, to‘g‘rilik, sabr-matonat bilan bir qatorda, bunyodkorlik, tejamkorlik, halollik haqida ham qimmatli fikrlar keltiriladi. Rizouddin ibn Faxriddinning “O‘n bir nasihat” kitobidagi quyidagi jumlalarga nazar soling:
“Butun a’zolaringizni gunoh ishlardan saqlang. Insof, adolatni o‘zingizga rahbar qilib oling. Pul va mol-dunyoyingizni tejab sarf
eting, isrofgarchilikka yo‘l qo‘y­mang. Birov­dan qarz bo‘lsangiz, va’da qilgan kuningizda qaytaring. Riyozat egasi bo‘ling, ortiq darajada yeb-ichmang. Tejamkor bo‘ling, pulni tejang, sa’y-g‘ayrat qiling”.
Bu xislatlar insonda bir kunda shakllanmaydi. Ularni bolalikdan, yoshlikdan tarbiyalash kerak. “Qobusnoma”dagi: “Ey farzand, o‘zingni mol jam qilishdan g‘ofil tutmagil, ammo halollik bilan to‘plashga harakat qil. Mol uchun o‘zingni xavf-xatarga qo‘yma.
Qashshoqlikning sababi isrofdir. Isrof faqat mulkni sarflashda emas, kishining qiliqlarida, nutqida ham namo­yon bo‘ladi. U tanni aldaydi, nafsni ranjitadi, aqlni qochiradi va tirikni o‘ldiradi”, kabi fikrlar o‘tmishda ham tejamkorlik va iqtisodiy madaniyatga befarq qaralmaganlikdan dalolatdir.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, isrof — saxiylik, ziqnalik — bahillik emas! Har bir ishda me’yorni va haddimizni bilsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, kuniga bir siqim don tejasang, o‘n yilda ot olasan.

Abdulaziz AHMEDOV