Yo‘l odobiga rioya qiling!

Dinimizda yo‘l odobi va yo‘l haqqi kabi amallar borki, buni barcha bilishi kerak. Muqaddas dinimiz va ajdodlarimiz o‘gitlarida bu kabi ishlarga katta ahamiyat berilgan. Zero, har bir narsaning tartibi bo‘lgani kabi yo‘lning ham odobi bor.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘cha-ko‘yda soatlab bekor o‘tirib, odamlarga zarar yetkazayotgan insonlar to‘g‘risida xabar yetdi. Ularning bu ishi harakatlanayotgan ot-ulovga noqulaylik tug‘dirar, ehtiyoj bilan ko‘chaga chiqqan xotin-qizlar xijolat tortardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni yo‘lda o‘tirishdan qaytarib: “Yo‘lda (bekor) o‘tirishdan saqlaning­lar!”, dedilar. “Yo Rasululloh! Yo‘lda o‘tirishimizdan kimga zarar? Biz gaplashib o‘tiramiz”, degan javob bo‘ldi. Shunda ul zot: “Yo‘lda o‘tirishni xohlasangiz, uning haqqini ado qiling”, de­dilar. “Uning haqqi nimadir?” deb so‘rashdi. “Ko‘zni tiyish, aziyatdan saqlanish, salomga alik olish, yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarish”, deb javob berdilar.
Ushbu hadis har bir zamonning odamlari, ayniqsa, yoshlarga qarata aytilgan. Ko‘cha — vaqf mulkidir. Yo‘l esa xalq foydalanishi uchun davlat ajratgan yerdir. Yo‘ldan esa turli ehtiyojmand odamlar, ayol-qizlar o‘tadi. Ularga nisbatan g‘araz niyat yoki shahvat bilan qaralishi og‘ir gunohdir. Ular o‘z yaqinlariga boshqalarning yomon ko‘z bilan qarashiga rozi bo‘lmagani­dek, o‘zgalarning ayol-qizlariga g‘arazli qarash ham og‘ir gunoh ekanini ang­lashlari lozim. Buni bilgan kishi aslo ko‘chada behuda o‘tirmaydi.
Afsuski, bugun ayollarning ham ko‘chada yig‘ilib, soatlab gaplashishiga ko‘zimiz tushadi. Telekanallardagi seriallarni muhokama qilib, g‘iybatlashish odatiy holga aylandi. Buning ustiga turli bid’at, xurofot ishlarga boshlashadi. Ularni bu ishdan qaytarmagan erkaklar ham gunohkor bo‘ladi.
Ba’zida ko‘chada ketayotganda tuflab, sigareta, turli chiqindilarni tashlab ketamiz. Sahobiylardan biri: “Ey Allohning Rasuli! Meni jannatga kiritadigan bir ishga dalolat qiling”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘ldan ozor beradigan narsani olib tashlang”, dedilar. Yo‘ldan odamlarga ozor beradigan narsani olib tashlash, mo‘minni jannatga kiritar ekan.
Bekatda avtobus kutib turgandim. Yonimda ikki bashang kiyingan yigit pista chaqib, po‘chog‘ini yerga tashlardi. Ularga qarab turib chidolmadim.
— Ey yigitlar! Sizlardan bir narsa so‘ramoq­chi edim. Xafa bo‘lmaysizmi?
Ular “So‘rang”, dedi.
— Sizlarni ko‘rgan kishi madaniyatli, zamonaviy yigitlar deb o‘ylaydi. Ammo pista chaqib, yerga tuflab atrofni iflos qilayotganingizni ko‘rgan odamning ta’bi xira bo‘ladi. Bu joyni kimdir supuradi, o‘sha odamning mehnatini qadrlasangiz bo‘lmaydimi?
— Otaxon, xafa bo‘lmang, shamol uchirib ketadi.
— Yaxshi javob, xo‘sh, siz aytgan o‘sha shamol bo‘lmasa-chi? Yigitlar, bu jamoat joylarini arzimagan maoshga kun-u tun supura­digan ota-onangiz tengi insonlar bor. Iymoni but, odobli yoshlar sizlarga arzimas ko‘ringan ishlar gunohligini bilib, bundan saqlanadi.
Yigitlar gapimdan xijolat bo‘lib, yerga qaradi. O‘z ishidan uyalgandek edi. Aksariyat shahar yoshlari yoz faslida tunda ko‘cha izg‘ishadi. Nega aynan shahar yoshlari? Qishloq bolalari kuni bilan mehnat qilib, kechqurun ko‘chaga chiqishga vaqti bo‘lmaydi. Qishda esa qishloq yoshlari ko‘proq bekorchi bo‘ladi. Katta yo‘llar ustida, pastqam devorlar ostida sovuqqa ham qaramasdan, tun yarimigacha turli foydasiz ,oldi-qochdi gaplarni gaplashib o‘tirganlarini ko‘ramiz. Achinarlisi, ba’zida bu bekorchilik jinoyatga undaydi. Turli ins-jinlar tunda sayr qiladi. Shu bois yarim tungacha uzoq o‘tirib, shoshganidan turli joylarga hojatini chiqargan, tunda tahoratsiz, yuvuqsiz yurgan ba’zi yoshlarga jinlar ozor beradi. Demak, tunda sababsiz yurish kerak emas.
Tun ham Allohning ne’mati. Uzun qish kechalarida kitobxonlik qilish kerak. Duo, zikr va ibodat qilish lozim. Vaqtida uxlab, sog‘liqning qadriga yetish kerak. Ko‘chada rioya qilinadigan xayrli ishlardan eng muhimi doimo bir-birimizni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishdir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Sizdan shunday bir ummat bo‘lsinki, yaxshilikka chaqi­radigan va yomonlikdan qaytaradigan. Ana o‘shalar najot topadilar”, dedi.
Oyatga e’tibor qaratsak, najot topish, umrimiz xayr va barakaga to‘lishi uchun doimo bir-birimizga pand-u nasihat qili­shimiz, yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishimiz zarur ekan. Agar
doimo o‘zaro mehr-muhabbatga, yaxshilik va odamiylik fazliga da’vat qilsak, yurtga baraka yog‘iladi. Yoshlar baxtli, keksalar pir-u badavlat bo‘ladi. Yaxshilikka chaqirib yomonlikdan qaytarmasak, “menga nima” qabilida ish qilsak, najot, baraka bo‘lmaydi.

Shermurod TOG‘AY,
Toshkent viloyati “Vaqf” xayriya
jamoat fondi filiali bo‘lim boshlig‘i