Maqsadimiz keng dunyoqarashli, erkin fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash

Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni yuqori salohiyatli, barkamol inson sifatida voyaga yetkazish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Har bir mamlakat kelajagini shubhasiz uning iqtidorli va salohiyatli yoshlari belgilab beradi. Shu sababli Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan ishlash masalasiga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilyapti. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarashli, o‘z kasbining chuqur bilimdoni bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashga qaratilgandir.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 20-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yangi saylangan Senati yig‘ilishida o‘tkazilgan majlisda yoshlar masalasiga, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash, qizlar va ayollarning ijtimoiy mavqeyini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Shu ma’noda mamlakatimiz yoshlarining kasb-hunar egallashi va hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun 2019-yil 8-oktabrda “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Mazkur hujjat tom ma’noda kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarish va oliy ta’limni modernizatsiya qilishga qaratilgandir. Oliy ta’lim muassasalarining asosiy vazifasi ta’lim jarayonini to‘g‘ri tashkil qilish bo‘lishiga qaramay, yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularning komil inson bo‘lib yetishida universitet ta’limining ahamiyati katta. Ayniqsa, ilm-fanni qadrlash, unga intilish kabi fazilatlar qon-qoniga singib ketgan xalqimiz farzandlarining zamon talablariga mos ixtisosliklarni egallashi va ushbu ixtisosliklar bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lishini istaydi. Konsepsiya doirasida oliy ta’lim tizimiga qator vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, hozirda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ishlar boshlandi.

2020-yil yanvar oyidan boshlab respublikamizning 10 ta oliy ta’lim muassasasi o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tyapti. Ushbu  universitetlar uchun o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimining joriy qilinishi qo‘shimcha imkoniyatlar berishi kutilmoqda. Avvalo, bunday tizimning joriy etilishi dunyodagi yuqori reytinglarga ega bo‘lgan universitetlar tajribasini yurtimizda joriy qilish imkonini beradi. Bunda oliy ta’lim muassasalarida “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish, ya’ni universitetlarda bir vaqtning o‘zida ta’lim berish, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanish va ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritish nazarda tutiladi. Bundan tashqari, xorijiy talabalarni, tadqiqotchilarni ta’lim jarayoniga jalb etish orqali universitetga qo‘shimcha mablag‘lar kiritish imkoni mavjud. Qolaversa, universitetlarning ta’lim yo‘nalishidan kelib chiqqan holda sohada faoliyat yurituvchi amaliyotchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, yozgi maktablarni, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini tashkil etish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim jarayonining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash bir tarafdan universitet bitiruvchilarini amaliyotga tayyorlasa, ikkinchi tarafdan universitet uchun qo‘shimcha daromad olib keladi. Universitetning qo‘shimcha mablag‘lari esa tabiiyki, unda tahsil oluvchi yoshlarning ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, ushbu mablag‘lar hisobidan oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish mumkin.

Oliy ta’lim muassasalarining o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tishi professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasidan tashqari bajaradigan ishlari uchun qo‘shimcha haq to‘lash imkonini beradi. O‘qituvchi uchun qo‘shimcha haq evaziga o‘z ustida ishlash imkonini bersa, universitet uchun esa professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, dars sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, oliy ta’lim tizimiga haqiqiy bozor mexanizmlarini qo‘llash vaqti keldi. Bozor munosabatlari sharoitida esa oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllanishi nihoyatda muhimdir. Chunki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talaba iste’molchi sanalib, uning iste’molchi sifatidagi sifatli ta’lim olish huquqi universitet tomonidan kafolatlanishi zarur.

Ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalar asosida oliy ta’lim sohasida yaqin kelajakda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumki, bozor iqtisodiyotiga asoslangan davlatlarda oliy ta’lim muassasalari odatda ta’lim jarayonini tashkil etish vazifasini bajarish bilan cheklanadi. Ammo bizning yurtimizda boy tarixiy an’analar va milliy qadriyatlarga asoslangan  ta’lim-tarbiya tizimi shakllangani bois, bozor talablarini oliy ta’limga singdirish jarayonida bu an’analar albatta inobatga olinishi zarur. Darhaqiqat, davlat iqtisodiyoti qanday shaklga asoslanishidan qat’i nazar, ta’lim tizimida jamiyatning umume’tirof etilgan qadriyat va an’analariga asoslangan me’yorlar o‘z dolzarbligini saqlashi kerak.

Go‘zal UZAKOVA

Toshkent davlat yuridik universiteti

Ekologiya va agrar huquqi kafedrasi mudiri,

yuridik fanlar nomzodi, dotsent