“Qishloq qurilish bank” rahbari yosh xodimlar bilan uchrashdi

Aksiyadorlik tijorat “Qishloq qurilish bank”i boshqaruvi raisi Bahodir Mullaxonov bank tuzilmalarida mehnat qilayotgan bir guruh yosh xodimlar bilan uchrashdi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining 2019-yil 27-dekabrdagi yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar va ularning ijrosi haqida so‘z bordi. Bahodir Mullaxonov bank tizimida yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ayni paytda 3 ming nafardan ziyod xodimning 877 nafarini yoshlar tashkil qiladi. Har yili oliy o‘quv yurtlarining 100 nafardan ortiq bitiruvchilari ishga qabul qilinmoqda. Bankning markaziy idorasida va 41 ta filialda Yoshlar ittifoqining yetakchilar kengashi faoliyat yurityapti.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda bank rahbari yosh xodimlarning muammolari, taklif-mulohazalari bilan qiziqdi.  Yoshlar tomonidan bank faoliyatini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish, yosh xodimlarning bilim va malakalarini tizimli oshirib borish va ularni ijtimoiy rag‘batlantirishga doir qator takliflar o‘rtaga tashlandi.

— Yoshlarda g‘oya va fikrlar ko‘p, — deydi “Qishloq qurilish bank” omonatlari bilan ishlash boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Behruz Muhsinov. — Uchrashuvda bankning “QQB-mobile” ilovasi orqali omonat amaliyotlarini bajarish taklifim ma’qullandi.

Muloqot davomida yoshlar tomonidan bildirilgan takliflarni bank faoliyatiga tatbiq qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Bank axborot xizmati