Yoshlarsiz kelajak yo‘q

Har qanday siyosatning samarasi, obro‘si undagi muntazamlik, so‘z va amal birligi, ijrodagi mas’uliyat hissi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ayni talablarga rioya etilganida – g‘oya hamda da’vatlar hayotga izchil tatbiq qilingandagina ham siyosatning, ham siyosatchining obro‘si haqida, safarbarlik kuchi, ommani o‘z ortidan ergashtiruvchi qudrati xususida gapirish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida zamonaviy dunyoda terrorizm tahdidlari kuchayib borayotganiga qarshi faqat kuch ishlatish yo‘li bilan kurashib bo‘lmasligini ta’kidlar ekan: “Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman.

Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir”, deya, avvalo, o‘z xalqini, qolaversa, butun dunyo hamjamiyatini nihoyatda muhim va ezgu sa’y-harakatga da’vat etgan edi.

O‘tgan qisqa davr ichida yurtimizda ham diniy, ham dunyoviy ma’rifatni yoyish, bu beqiyos boylikni hosil qiluvchi muassasalar va ularda xizmat qiladigan ziyoli insonlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida qanchalar ko‘p ish qilinganini xalq ko‘rib-bilib turibdiki, hozir ularni birma-bir sanab o‘tish shart emas. Binobarin, “moziyga qaytib ish ko‘rish – xayrli” ekanini teran anglagan O‘zbekiston rahbariyati, qadim Turon kengliklarida aynan ma’rifat ziyosi taralgan yuz yilliklar davomida diniy va milliy masalada hech bir nizo urchimaganini namuna sifatida dunyoning yodiga solmoqda. Shuning barobarida, bugun faqat o‘tmish yutuqlari bilangina g‘ururlanib o‘tirish mavridi emasligi, dunyoning mutaraqqiy mamlakatlarida kechayotgan jarayonlardan bir kun ortda qolish – vaqti kelib uchqur yillar chang-to‘zoni ichida yo‘qolish xavfini keltirib chiqarishi mumkinligi ham millatga ochiq aytilmoqda.

Zero, yuqorida eslanganidan teskari hollarda – ma’rifatga befarqlik, ilmu urfonga bepisandlik pallalarida millat va mamlakat har turli baloyu bosqinlarga mubtalo bo‘lgan. Xalqimizning ulug‘ tarbiyachilaridan biri bo‘lmish Abdurauf Fitrat o‘tgan asrning o‘ninchi yillarida yozgan “Oila” nomli asarida turkistonliklarning bolasidan ko‘ra qo‘rasidagi qo‘y va moliga ko‘proq e’tiborli ekanliklari, natijada, yil ichi chorva mollari biror kasalga yo‘liqmagani holda, bolalari ne-ne xastaliklarni boshdan o‘tkazishiyu, qanchasi bevaqt nobud bo‘lishi xususida kuyinib yozgan edi. Ular orasida jismu jonigina emas, aqlu tafakkuri pajmurda etilganining hisobi qancha? Aslida ham Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari la’natlagan padarkushlar osmondan tushmagan edilar…

Gap shundaki, dunyoga kelayotgan har bir avlodga ta’lim-tarbiya har safar yangidan – noldan boshlab berilishi talab etiladi, oldingi avlodlar bilim va tajribasini yoshlarga mexanik tarzda, osongina ko‘chirib o‘tkazish mumkin emas. Agar biz “tariximizning eng kir va qora kunlari bo‘lmish xon zamonlari” va mustamlaka davrida yuz bergan ko‘rguliklar qaytarilishini xohlamasak, o‘zimizni ma’rifiy jihatdan tezroq boyitish, intellektual tomondan ildam yuksaltirish tashvishini qilmog‘imiz kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev o‘tgan yilning 26-dekabr sanasida poytaxtimizning Eski shahar qismida barpo etilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi, adib muzeyi va “Turon” kutubxonasining ochilish marosimida: “Katta-katta savob ishlar qilyapmiz, Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar barpo etishga kirishdik. Bu bilan mamlakatimizda uchinchi renessans davriga poydevor qo‘ydik”, der ekan, bu borada so‘z va ish birligi ta’minlanishi qanday natijalarga yo‘l ochishiga e’tiborimizni qaratadi.

Darhaqiqat, yosh iste’dodlarni erta aniqlash, iqtidorli bolalarni tanlab olib o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish, yoshlarning intellektual imkoniyatlarini namoyon etishiga yordam beruvchi ko‘p tarmoqli, raqobatbardosh ta’lim muhitini yaratish orqali milliy yuksalishga juda kuchli turtki berish mumkin. Ayni muhit va sharoitlarda voyaga yetadigan yoshlarni yo‘ldan ozdirish, mayda maishiy istaklarga qul qilish, korrupsiya yoxud tekinxo‘rlik domiga tortish oson bo‘lmaydi. Bunday yoshlar har ikki gapning biriga Vatan so‘zini qo‘shmay yurtni yuksaltirishi, minbarlarda “xalqim” deya hayqirmay ham millatini jahonga tanitishi mumkin.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda navqiron avlod vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Prezidentimiz yoshlar taqdiri bilan bog‘liq ko‘plab dolzarb muammolar va ularning oqilona yechimi xususida so‘zlar ekan, 2020 yil yoshlarga oid siyosatda tub burilish davri bo‘lishi kerakligini uqtirdi. Buning uchun esa yoshlar tashkilotlari, ko‘plab vazirlik va idoralar o‘z faoliyatini jiddiy qayta ko‘rib chiqishlari, har qanday yuzakichilik, kampaniyabozlik, hisobot uchun ishlash, to‘rachilik illatlarini bartaraf etishlari, o‘z vazifalariga vijdonan yondashishlari talab qilinadi. Zero, gap, bugun qo‘ldan ketsa, ertaga o‘rni to‘lishi mumkin bo‘lgan moddiy matoh xususida emas, balki mamlakat va millatning kelajagi, “saodat yoxud falokati” ustida bormoqda.

Shunday ekan, Prezidentimizning 2017-yil 15-iyun kuni o‘tkazilgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzuidagi anjumanda aytgan mana bu so‘zlarini unutishga hech kimning haqqi yo‘q: “O‘zini jamiyatimiz, yoshlarimiz ma’naviyati, g‘oyaviy-mafkuraviy tarbiyasi uchun mas’ul deb bilgan insonlar – bu mahalla yoki diniy tashkilotlar bo‘ladimi, huquq-tartibot idoralari xodimlari yoki katta ta’sir kuchiga ega ijodkor ziyolilar bo‘ladimi – ularning barchasi, ayniqsa, faol bo‘lishlari lozim.

Afsuski, biz bu masalalarda uxlab o‘tiribmiz. Gapning ochig‘i shu: uxlab o‘tiribmiz”.

Demak, taraqqiyot uchun, milliy yuksalish uchun, nurli kelajakka yetish uchun butun xalq uyg‘onmog‘i, oyoqqa qalqmog‘i, o‘z taqdirini o‘zi yaratmog‘i lozim.

Bu – hayotning, taraqqiyotning, insoniylikning talabi!

Rahmon QO‘ChQOROV,

Dilnavoz TOJIBOYEVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti

katta o‘qituvchilari