BIR RUBOIY AQOIDI

Kim ko‘rdi ekan jahonda, ayo xushluq

To bir kishi aylagay tamanno xushluq?

Yuz yilda agar bir o‘lsa paydo xushluq,

Omodadurur yonida yuz noxushluq.

(Alisher Navoiy)

Men Hazratning ushbu ruboiysini, mayda dardlarimning katta ko‘rinishiday bir necha yildan beri xirgoyi qilib yurar, bu g‘ussa qaysi iztirobning shu’lasi ekanini anglolmas, qiynalib chig‘irig‘iga tusholmasdim.

Ba’zan, inson qalbi o‘zi nima, degan savolga javob topolmasdim. O‘zimni bir fikr bilan oqlardim: Inson qalbi – insoniyat yaralganidan buyon yaralishida hech bir o‘zgarish bo‘lmagan esa-da, inson tomonidan anglashga doimo urinilgan, ammo hech qachon anglab yetilmagan mavjudlikdir. Qalb – ilohniki, insonniki emas, agar u bizniki bo‘lganida, biz uni tushunib yetgan va izmimizga bo‘ysundirgan bo‘lardik. Biz ongsiz holatda ham shunday satrlarni bitishimiz mumkin: “Ilohiy yaralgan ko‘ngilni, ayirmoq mumkinmi Xudodan”.

Agar biz, zamin qonun-qoidalari o‘lchovi bilan ruboiydagi ma’noni anglamoqchi bo‘lsak, bu narsa qorong‘i tunda sham yoqib oftobni izlashday gap bo‘lar edi.

Xullas, biz Navoiy qalbida shu’lalangan ushbu ruboiyning asl ma’nosini topmoq uchun qalb shu’lalantiruvchisining Qur’oni karimda aytganlarini, ushbu ruboiyga taalluqlilarini topishimiz lozim:

«Eslang: (Ey Muhammad), farishtalarga Odamga ta’zim qiling deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat iblis kibr va or qilib – kofirlardan bo‘ldi. Va aytdi: «Ey, Odam, siz juftingiz bilan jannatni maskan tuting va undan xohlagan joylaringizda bemalol taomlaning. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangki, u holda zolimlardan bo‘lib qolasiz». Bas, ularni shayton yo‘ldan ozdirib, maskanlaridan chiqardi va aytdik: «Tushingiz (jannatdan yerga)! (Sizlar) Bir-biringizga dushmansiz. Endi ma’lum vaqtgacha (ajallaringiz yetguncha) yerda maskan tutib yashaysiz». (Baqara surasi, 34–36-oyatlar, Al. Mansur tarjimasi.

Olloh taolo, ushbu oyatlarda odamzot yaralganida jannatda yashaganligi, asl vatani jannat ekanligi, gunohlari uchun yerga quvg‘in bo‘lganligini, zamin gunohkorlar maskani ekanligini, yerda shayton va odam bir-biriga dushmanligini, Ollohgagina ma’lum vaqtgacha yerda maskan tutib yashashini va Ollohning diydorini qo‘msash uchun gunohlardan forig‘ bo‘lmoq kerakligini, asl vatan bo‘lmish – jannatga doxil bo‘lmoq uchun gunohlardan forig‘ bo‘lmoq lozimligini, aksincha zaminga – yerga qattiq bog‘lanmoqlik gunohlar zanjiriga qattiqroq bog‘lanishni taqozo etishini, chunki zaminda hech qachon odamzotga xos hayotga, asl baxt-saodatga to‘la hayotni topa olmasligini, chunki odamzotga uning yaralganida berilgan xos hayot jannatda ekanligini, zaminga u quvg‘in qilingan, kelgindi ekanligini uqtirmoqda.

Shu nuqtayi nazardan qarasak, Hazrat Navoiy o‘z ruboiysida bu dunyodan «xushluq» damlarni axtarayotganini emas, bu foniy dunyoni baholayotganini ko‘ramiz. Bu ruboiy – foniy dunyoga berilayotgan bahodir. Ya’ni shu’lalantiruvchi Olloh taolo bu dunyoni yaratib, uning qay mavqeda ekanligini Qur’oni karimda qanday baholagan bo‘lsa, ruboiy o‘sha bahoning shu’lasidir.

Shuningdek, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning «Vatanni sevmoq – iymondandir», mashhur hadisi shariflarini xotirlaganda vatan – Ollohning dargohi, musulmonlar erishmog‘i sharaf bo‘lgan – jannat timsoli nazarda tutilganligini, yer yuzini, bizlar chegara-chegara qilib olgan vatanni sevmoq esa asl mohiyatga teskari sevgi ekanligini ko‘ramiz.

Islom dinining buyuk namoyandalarida, hatto ular yer sharining butun bir qit’asiga hukmdorlik qilganlarida ham zaminga va undagi foniy dunyoga muhabbat hech qachon bo‘lgan emas:

Yod etmas emish kishini g‘urbatta kishi,

Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatta kishi.

Ko‘nglum bu g‘ariblikda shod o‘lmadi, oh

G‘urbatta sevunmas emish, albatta, kishi.

Agar biz ushbu ruboiyda Olloh roziligini istab, shu yo‘lda jihod qilgan, zafar qozongan Mirzo Bobur faoliyatiga baho berib, u Turkiston sog‘inchini bayon etgan edi, desak va zaminga bog‘lanish ul zotning bosh iddaosi edi desak, asl ma’nodan chetlangan, buyuk sarkardani behurmat qilgan va bugungi kundagi musulmon hind xalqining tashakkurini mensimagan bo‘lamiz.

Muhammad ISMOIL