Внимание! Веб-Сайт работает в тестовом режиме
08-Декабря, 2025-год, Понедельник

19.5.2025 786

Ayollar bandligi: yechimlar bormi?

Bugungi kunda O‘zbekistonda oliy ma’lumotli, bilimli, salohiyatli ayollar soni ortib bormoqda. Ammo achinarlisi shundaki, ularning aksariyati o‘z kasbi bo‘yicha ishlamaydi. PMTI (Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti) mutaxassislarining fikricha, o‘zbek ayollaridagi iqtisodiy faollikning pastligi uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lishga bog‘liq. Joriy yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 37,7 mln kishini tashkil qilgan. Shundan18,7 mln nafarini ayollar tashkil etdi. Qolaversa, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 39 foiz kam maosh oladi va ular 30 yoshda martabaga erisha boshlaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayollar orasida ishsizlik darajasi erkaklarga qaraganda ancha yuqori. Bugungi kunda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, barcha sohalarda gender tengligiga erishish, mehnat bozorida kamsitishlarga barham berish va ish haqi tengligini ta’minlash butun dunyoda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-2020-yillarda ayollar bandligi 4,2 foizga kamaygan va jami 54 mln ish o‘rni boy berilgan. Bu 2020-yilda ishlaydigan ayollar soni 2019-yildagiga nisbatan 13 million nafarga kamayganligini anglatadi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past. Sababi, o‘rtacha 20-23 yoshida turmush quradi va undan keyin kamida 2 yilni tug‘ruq ta’tilida, 2023-yilda 961 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu esa o‘z-o‘zidan ayollarning mehnat bozoridan vaqtincha chiqib ketishi va iqtisodiy nofaol maqomiga tushishiga olib kelgan. Ayollar vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi. Undan so‘ng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tug‘uruq ta’tiliga chiqish ehtimoli yuqori. PMTI mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek ayoli aslida kuniga 12 soat ishlaydi, 7−8 soat ishxonada va undan keyin o‘rtacha 4 soat uy ishlari bilan band. Ayollarning mehnat bozoriga kirib borishidagi to‘siqlar ko‘p. Eng avvalo, jamiyatda hali-hanuz “ayolning joyi uyda” degan qarash mavjud. Aksariyat hollarda ularning ijtimoiy roli faqatgina oila, bolalar va uy ishlari bilan cheklanadi. Bu esa nafaqat ayollarning shaxsiy rivojlanishini, balki mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini ham sekinlashtiradi. Biroq ayollar o‘qishi va ishlashi oiladagi tarbiyani yanada mustahkamlashi, davlat rivojiga hissa qo‘shishi ularning xayoliga ham kelmaydi. O‘zbekistonda ayollarni to‘liq ish bilan ta’minlash iqtisodiy o‘sishga qanday hissa qo‘shadi? O‘zbekistonda ayollar aholining deyarli yarmini tashkil qiladi. Ammo mehnatga layoqatli ayollarning barchasi mehnat bozorida faol emas. Agar ular ish bilan to‘liq ta’minlansa, bu davlat iqtisodiyotiga sezilarli foyda olib keladi. Ayollar ishtiroki darajasi (labor force participation rate) – 2023-yilda faqat 35,4 foiz  ayollar ishchi kuchi safida bo‘lgan. Erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 69 foiz atrofida.     Ish bilan band ayollar soni – taxminan 5,5 million.     Ishga layoqatli, ammo ishlamaydigan ayollar – 6 milliondan ortiq.     To‘liq bandlik holatida kutilayotgan ijobiy natijalar: YAIM o‘sishi. Jahon banki va Xalqaro Mehnat Tashkilotining baholariga ko‘ra, agar ayollar ishtiroki erkaklar bilan teng bo‘lsa, O‘zbekiston YAIMi 20–25 foizgacha oshishi mumkin. Bu esa yiliga qo‘shimcha 15–20 milliard AQSH dollari miqdoridagi iqtisodiy foyda degani. Kambag‘allikni qisqartirish. Hozirgi kunda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11,5 foiz atrofida. Agar ayollar ko‘proq daromad topadigan bo‘lsa:   Oilalarning moliyaviy holati yaxshilanadi.   Kambag‘al oilalar soni 3-4 foizga kamayishi mumkin.   Ijtimoiy yordamga ehtiyoj kamayadi, bu esa davlat byudjetiga yengillik keltiradi. Soliq tushumlarining oshishi. Ishlayotgan ayollar soni ortgani sayin solinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy badallar ko‘payadi. Bu esa davlat budjetiga yiliga 2–3 trillion so‘m qo‘shimcha daromad keltiradi. Bundan tashqari, ta’limga e’tibor oshadi: ishlovchi onalar farzandlarining o‘qishiga ko‘proq mablag‘ ajratadi. Ijtimoiy tenglik kuchayadi: ayollar iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘ladi. Mahalliy tadbirkorlik rivojlanadi: ayollar o‘z biznesini ochishga intiladi. Hozirda ayol-qizlarimizga ko‘plab qulayliklar yaratilgan. Ayollar ham o‘z huquqlaridan xabardor bo‘lishlari, o‘zlari xohlagandek faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin. 2024-yilda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun bu 15 trln so‘m ajratilishini ma’lum qilingan edi. Ammo ayollarning mehnat huquqi, jinsiy kamsitilishlar, ish haqining sun’iy pasaytirilishi, o‘qish va malaka oshirish jarayonlariga to‘sqinlik kabi bir qancha kuzatilayotgan muammolar bor. Shu sabab bu yo‘nalishdagi ishlarni kompleks tarzda olib borish kerak bo‘ladi.

20.9.2022 2486

NODIRBEK YOQUBBOYEV: “BIZDAN O‘RGANISHSA ARZIYDI”