Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

RAKURS

10.9.2026 77

NAM SALFETKA QACHON TAQIQLANADI? Bizga qulay, tabiatga-chi?

Qo‘limiz iflos bo‘lsa, suv izlamaymiz. Bolaning yuzi yoki qo‘li kir bo‘lsa, nam salfetka bilan artib qo‘yamiz. Safarda, ishxonada, mashinada yoki ovqatlanishdan oldin ham eng qulay vositalardan biri shu. Bir necha soniya ichida ishlatamiz va tashlab yuboramiz. Ammo biz uchun bir necha soniyalik qulaylik tabiat uchun ancha uzoq davom etadigan muammoga aylanishi mumkin. Nam salfetka kundalik hayotimizni yengillashtirayotgan oddiy gigiyena vositasidek ko‘rinadi. Aslida esa uning tarkibi, ishlab chiqarilishi va eng muhimi, foydalanilgandan keyingi taqdiri ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Qog‘ozdek ko‘rinadi, ammo... Ko‘pchilik nam salfetkani oddiy qog‘oz mahsulot deb o‘ylaydi. Axir u yupqa, yumshoq va tashqi ko‘rinishidan qog‘ozga o‘xshaydi. Ammo ko‘plab nam salfetkalar tarkibida polyester yoki polipropilen kabi sintetik, ya’ni plastik tolalar mavjud. Bu tolalar salfetkaning nam holatda ham mustahkam turishini ta’minlaydi. Muammo ham shunda. Oddiy qog‘oz suvda tezroq parchalansa, plastik tolali nam salfetka ancha chidamli bo‘ladi. U tashlab yuborilgandan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qolishi, vaqt o‘tishi bilan esa mayda plastik zarrachalarga, jumladan, mikroplastiklarga aylanishi mumkin. Bu zarrachalar suv va tuproqqa tushib, turli tirik organizmlar bilan aloqaga kirishadi. Muammoning ko‘lami esa kichik emas. Masalan, Buyuk Britaniyada 2021-yilning o‘zida bozorga 30 milliarddan ortiq nam salfetka chiqarilgani, ularning qariyb 26 milliardi plastik tarkibli bo‘lgani qayd etilgan. Bitta salfetka juda kichik chiqindi bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo milliardlab marta takrorlanganida uning ekologik oqibati ham kattalashadi. “Fatberg” Nam salfetkalar bilan bog‘liq eng keng tarqalgan xatolardan biri – ularni kanalizatsiyaga tashlash. “Suv bilan ketib qoladi” degan tasavvur aslida muammoning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Nam salfetka hojatxona qog‘ozi kabi suvda tez parchalanmaydi. Aksincha, nam holatda mustahkam turgani uchun kanalizatsiya quvurlarida qolib ketishi mumkin. U yerda salfetkalar yog‘, maishiy chiqindilar va boshqa materiallar bilan birikib, katta tiqinlar hosil qiladi. Bunday tiqinlar ayrim hollarda “fatberg” deb ataladigan ulkan massalarga aylanadi. 2017-yilda Londonning sharqiy qismida og‘irligi qariyb 130 tonna va uzunligi 250 metr bo‘lgan – yog‘ va kanalizatsiyaga tashlangan nam salfetka kabi chiqindilardan iborat ulkan fatberg aniqlangan. Bunday holatlar kanalizatsiya tizimini tozalash va ta’mirlash uchun katta xarajatlarni talab qiladi. Yana, kanalizatsiya tizimidan tashqariga chiqib ketgan plastik tolali salfetkalar suv havzalariga tushishi va vaqt o‘tishi bilan mayda plastik zarrachalarga parchalanishi mumkin. Nam salfetkalar taqiqlanyapti Buyuk Britaniya hukumati plastikli nam salfetkalarni daryo va boshqa suv havzalariga tushadigan plastik va mikroplastik ifloslanish manbalaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda. Muammo ko‘lami sabab mamlakat plastik tarkibli bir martalik nam salfetkalardan voz kechish bo‘yicha aniq muddatlarni belgiladi. Bu taqiq nam salfetkaning barcha turlarini yo‘q qilishni anglatmaydi. Asosiy maqsad – tarkibida plastik bo‘lgan bir martalik mahsulotlarni bozordan chiqarish. Jarayon Britaniyaning to‘rt hududida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Uelsda taqiq 2026-yil 18-dekabrdan kuchga kiradi. Angliyada plastikli nam salfetkalarni sotish va yetkazib berish 2027-yil 19-maydan, Shimoliy Irlandiyada 18-maydan, Shotlandiyada esa 2027-yil 11-avgustdan taqiqlanadi. Taqiq bolalar salfetkalari, pardozni tozalash vositalari, nam hojatxona qog‘ozi, qo‘llar uchun antibakterial salfetkalar, shaxsiy gigiyena va maishiy tozalash salfetkalarining plastik tarkibli turlarini ham qamrab oladi. Tarkibida plastik bo‘lmagan salfetkalar esa savdoda qoladi. Ayrim tibbiy va professional foydalanishga mo‘ljallangan mahsulotlar bundan mustasno. Shuningdek, qadoqdagi “biodegradable”, “plastic-free” yoki “flushable” kabi yozuvlarga ham ongli ravishda qarash kerak. “Biologik parchalanadi” degan yozuv mahsulot istalgan sharoitda va tezda tabiatga singib ketadi degani emas. Parchalanish sharoiti, mahsulot tarkibi va undan keyingi utilizatsiya usuli muhim. Sogʻliqqa ham zarar Ayrim mahsulotlar tarkibida xushbo‘y moddalar, konservantlar, spirtlar yoki boshqa kimyoviy komponentlar bo‘lishi mumkin. Ularning barchasi avtomatik ravishda zararli degani emas, biroq ayrim odamlarda, ayniqsa, sezgir terida qizarish, quruqlashishga sabab bo‘lishi mumkin. Chaqaloq terisi nozik bo‘lgani sababli mahsulot tanlashda uning tarkibiga e’tibor berish kerak. Britaniyaning NHS tibbiy xizmat tavsiyalarida chaqaloq terisini tozalash uchun suv yoki xushbo‘y moddasiz va spirtdan xoli salfetkalardan foydalanish mumkinligi ko‘rsatiladi. Shuning uchun “nam salfetka zararli” yoki “nam salfetka mutlaqo xavfsiz” degan keskin xulosalardan ko‘ra mahsulot tarkibi va undan foydalanish maqsadiga qarash to‘g‘riroq. Uy sharoitida esa ko‘p martalik yumshoq mato oddiy va chiqindisi kamroq muqobil bo‘la oladi. Chaqaloq parvarishida ham imkon bo‘lgan holatlarda suv va yumshoq matodan foydalanish mumkin. Muammoning real koʻlami Nam salfetkalar O‘zbekistonda ham juda ommabop bo‘lib, kundalik hayotning deyarli barcha sohalariga kirib kelgan. Uyda, ayniqsa, bolali oilalarda, avtomobilda, ofislarda, umumiy ovqatlanish joylarida va safarlarda nam salfetkadan tez-tez foydalanamiz. Shu qadar odatiy holga aylanganki, ko‘pincha foydalanib bo‘lgach, uning keyingi taqdiri haqida o‘ylamaymiz. Buyuk Britaniya plastikli nam salfetkalardan voz kechish bo‘yicha aniq muddatlarni belgilayotgan bir paytda O‘zbekistonda ham bu masala haqida o‘ylashga asos bor. Chunki nam salfetka muammosi faqat bir mamlakatga xos emas. Plastik chiqindilar, kanalizatsiya tiqinlari va noto‘g‘ri utilizatsiya har qanday shaharda paydo bo‘lishi mumkin. Avvalo, O‘zbekistonda bu muammoning real ko‘lamini o‘rganish kerak: kanalizatsiya tiqinlarida nam salfetkalar qanchalik ko‘p uchraydi, maishiy chiqindilar tarkibida ularning ulushi qancha, bozorda plastik va plastik bo‘lmagan mahsulotlar nisbati qanday? Bunday ma’lumotlar muammoni taxmin bilan emas, aniq raqamlar bilan muhokama qilish imkonini beradi. Bu yerda mas’uliyat faqat iste’molchiga tushmasligi kerak. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar ham mahsulot tarkibini qadoqda aniq ko‘rsatishi, unda plastik bor-yo‘qligini tushunarli belgilashi va foydalanilgandan keyin uni qanday tashlash kerakligi haqida ma’lumot berishi mumkin. Iste’molchi esa eng oddiy qoidalarga amal qilishi lozim: nam salfetkani unitazga tashlamaslik, imkon bo‘lsa plastik bo‘lmagan variantni tanlash, uy sharoitida ko‘p martalik matolardan foydalanish va mahsulot qadog‘idagi tarkibga e’tibor berish.

10.9.2026 75

Bitiruvchilar necha kunda ish topadi?

Universitetni bitirish ko‘pchilik uchun katta marradek ko‘rinadi. Ammo diplom qo‘lga tekkanidan keyin yana bir muhim bosqich boshlanadi – ish topish. Bu davr yoshning olgan ta’limi mehnat bozorida qanchalik talabgir ekanini, qaysi kasblarga ehtiyoj yuqoriligini va universitet bitiruvchini real ishga qanchalik tayyorlaganini ko‘rsatib beradi. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan Bitiruvchilar sifati indeksining (BSI) dastlabki natijalari O‘zbekistonda bu jarayon o‘rtacha qancha davom etishini ko‘rsatdi. Tadqiqotda 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoriga chiqish natijalari tahlil qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda oliy ta’limni tugatgan yosh birinchi ishini topishi uchun o‘rtacha 2 oy 27 kun vaqt sarflaydi. Raqam o‘rtacha ko‘rsatkich xolos. Chunki ayrim yo‘nalishlarda yoshlar ikki oyga yetmasdan ish topayotgan bo‘lsa, ayrimlarida bu jarayon to‘rt, besh, hatto sakkiz oygacha cho‘zilmoqda. Qaysi kasb egasi tezroq ish topadi? Ish topish tezligi qaysi yo‘nalishda diplom olinganiga ham bog‘liq. Tadqiqotda eng tez ish topayotganlar pedagogik yo‘nalishlar bitiruvchilari bo‘lib, ularga o‘rtacha 2 oy 4 kun kerak. Humanitar fanlar bitiruvchilari esa o‘rtacha 2 oy 9 kunda birinchi ishiga ega bo‘lmoqda. Ya’ni bu yo‘nalishlarda diplomdan mehnat bozoriga o‘tish nisbatan tez kechyapti. Birinchi ishni izlashning eng uzoq muddati yuridik yo‘nalishlar bitiruvchilarida qayd etilgan – o‘rtacha 4 oy 20 kun. Mehnatni muhofaza qilish va gigiyena sohasi bitiruvchilariga esa 4 oy 19 kun kerak. Ijtimoiy ta’minot yo‘nalishi bitiruvchilari o‘rtacha 4 oy 5 kun ish izlaydi. Qashqadaryo yetakchi Hududlar kesimida ham qiziq manzara paydo bo‘ladi. Ishga joylashishning eng qisqa o‘rtacha muddati Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan – 2 oy 8 kun. Navoiy va Andijon viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2 oy 9 kundan iborat. Hududlar bo‘yicha ish topish muddati: Qashqadaryo – 2 oy 8 kun Navoiy – 2 oy 9 kun Andijon – 2 oy 9 kun Namangan – 2 oy 14 kun Farg‘ona – 2 oy 16 kun Jizzax – 2 oy 18 kun Surxondaryo – 2 oy 19 kun Xorazm – 2 oy 20 kun Sirdaryo – 2 oy 21 kun Toshkent viloyati – 2 oy 23 kun Buxoro – 2 oy 25 kun Samarqand – 3 oy 3 kun Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 3 oy 7 kun Toshkent shahri – 3 oy 13 kun Universitetlar o‘rtasidagi tafovut Agar hududlar o‘rtasidagi farq sezilarli bo‘lsa, universitetlar kesimida u yanada yaqqol ko‘rinadi. Reytingga kiritilgan 119 ta oliy ta’lim muassasasi orasida bitiruvchilari eng tez ish topayotgan universitet – Qarshi xalqaro universiteti. Bu yerda bitiruvchilar birinchi ishini atigi 1 oy 4 kunda topmoqda. Bitiruvchilari ishni eng tez topayotgan OTMlar: Qarshi xalqaro universiteti – 1 oy 4 kun Toshkentdagi Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi – 1 oy 8 kun Nordik xalqaro universiteti – 1 oy 14 kun V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali – 1 oy 17 kun Andijon davlat universiteti – 1 oy 18 kun Ammo reytingning salbiy tomonida ish topish muddati ancha uzun. Eng katta ko‘rsatkich VGIKning Toshkent filialida kuzatilgan – uning bitiruvchilari birinchi ishini o‘rtacha 8 oy 13 kunda topmoqda. O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali bitiruvchilarida bu ko‘rsatkich 6 oy 1 kun. Birinchi ishini eng uzoq kutgan talabalar bitirgan OTMlar: VGIKning Toshkent filiali – 8 oy 13 kun O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali – 6 oy 1 kun M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali – 5 oy 21 kun ISFT instituti – 5 oy 13 kun Toshkent farmatsevtika instituti – 5 oy 10 kun Maosh qancha? O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan davrdagi ma’lumotlar asosida hisoblangan. Biroq yo‘nalishlar bo‘yicha daromadlar sezilarli farq qiladi. Ijod va sport sohasi bitiruvchilari eng yuqori o‘rtacha daromadga ega – 6,33 million so‘m. Amaliy fanlar yo‘nalishlarida bu ko‘rsatkich 5,5 million so‘m, ijtimoiy-humanitar yo‘nalishlarda 4,61, tibbiyot yo‘nalishlarida esa 4,43 million so‘mni tashkil etmoqda. Ayrim universitetlarda bitiruvchilarning rasmiy daromadi umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha baravar yuqori. Masalan, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilari o‘rtacha 23,4 million so‘m, Inha universiteti bitiruvchilari 12,6 million so‘m, Vestminster universiteti bitiruvchilari esa 12,5 million so‘m rasmiy daromad olyapti. Bu yerda muhim izoh bor: hisob-kitoblarda faqat rasmiy qayd etilgan daromadlar inobatga olingan. Shuning uchun raqamlar bitiruvchilarning barcha real daromadini to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Eng qiziq jihati shundaki, ish topish tezligi va daromad miqdori har doim ham bir-biriga mos kelmaydi. Masalan, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilari birinchi ishini topish bo‘yicha eng uzoq muddat – o‘rtacha 8 oy 13 kunni qayd etgan. Ammo filial bitiruvchilari o‘rtacha daromad bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. Demak, “Kim tezroq ish topadi?” va “Kim ko‘proq pul topadi?” degan savollarning javobi bir xil emas. Mehnat bozorida tez ishga kirish har doim ham yuqori daromad degani emas. Ba’zan tor yoki murakkab mutaxassislik egasi uzoqroq ish izlaydi, biroq o‘z sohasiga mos va yuqori daromadli ish topishi mumkin. Shu nuqtadan qaraganda, Bitiruvchilar sifati indeksi kasb tanlashda yana bir mezonni ko‘rsatadi: diplomni olgach, bu kasb bilan qayerda va qanchada ish topish mumkin, daromad qancha bo‘ladi? Bugungi abituriyent uchun universitet tanlashda shu savollar ham kontrakt narxi yoki o‘tish balidek muhim.

29.8.2026 335

Poytaxtning 35 yillik o‘sish sur’ati  

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik tarixiy bosqichi — bu milliy davlatchilik poydevorini qurish, sinovli yillarni mardona yengib oʻtish hamda zamonaviy, raqobatbardosh va inson qadrini ulugʻlaydigan davlatni barpo etishning shonli solnomasidir. Ushbu tarixiy davrning har bir yili va har bir bosqichi biz uchun nihoyatda qadrli va mantiqiy poydevor boʻlib xizmat qildi. Tarixiy adolat va xolislik tamoyilidan kelib chiqqan holda ta'kidlash joizki, Mustaqillikning dastlabki yillarida murakkab geopolitik va iqtisodiy sharoitlarga qaramay, davlatimiz mustaqillikni saqlab qolish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash hamda davlat apparati infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha ulkan tarixiy vazifani uddaladi. Biroq, 35 yillik rivojlanish trayektoriyasini xolis tahlil qilish uchun uni uchta asosiy davr kesimida koʻrib chiqish ilmiy va analitikjihatdan toʻgʻri yondashuvdir: 1991 yilgi boshlangʻich sovet merosi sharoiti, 2016 yilgacha boʻlgan bosqichli barqarorlashuv davri, 2016–2026 yillardagi Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi doirasidagi keskin va shiddatli sakrash davri. Xususan, Toshkent shahri nafaqat respublika poytaxti, balki butun Markaziy Osiyoning yirik moliyaviy, sanoat, madaniy va intellektual habi sifatida shakllandi. Poytaxtda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi va tuman Kengashlarining (XDK) faoliyati ham aynan ushbu evolyutsion bosqichlarga hamohang ravishda shakllanib, oddiy rasmiyatchilik va idoraviy qarorlarni tasdiqlash organidan haqiqiy “vakillik nazorati va xalq muloqoti mexanizmiga” aylandi. Aytish mumkinki, Toshkent shahar va tuman Xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatida2016 yildan soʻng tub burilish yuz berdi. 1991–2016 yillar oraligʻida mahalliy Kengashlar faoliyati koʻp hollarda ijroiya hokimiyati (Hokimliklar) soyasida qolib ketgan edi. “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning eski tahririda Hokimning bir vaqtning oʻzida ham ijroiya hokimiyati rahbari, ham Xalq deputatlari Kengashi raisi boʻlib xizmat qilishi manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarar hamda deputatlik nazoratining ta'sirchanligini pasaytirar edi. 2021–2023 yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy va qonunchilik islohotlari natijasida “Hokim va Kengash raisi vakolatlari bir-biridan toʻliq ajratildi”. Toshkent shahar va uning 12 ta tumanida Xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan alohida Kengash raislari va doimiy komissiyalar biriktirildi. Bu esa hokimiyatlar boʻlinishi va oʻzaro tiyib turish mexanizmining mahalliy darajadagi amaliy gʻalabasi boʻldi.   Indikator / Yo‘nalish 1991–2016 yillar 2016–2020 yillar 2021–2026 yillar (Yangi Bosqich) Kengash Rahbariyati Hokim bir vaqtning o‘zida Kengash raisi Kengash raisi deputatlar orasidan saylanadi. Hokimdan to‘liq mustaqil. Deputatlik so‘rovlari sifati Poytaxt bo‘yicha asosan rasmiy axborot olish;  Muammoli masalalar yuzasidan Kommunal, qurilish, budjet va ijtimoiy sohalari bo‘uicha kengaygan Budjet nazorati va shaffoflik Budjet ijroiya organ tomonidan tasdiqlanib, muhokamasiz qabul qilingan Ochiq e’lon qilinishi va ilk jamoatchilik eshituvlari Open Budget va mahalliy budjetning har bir moddasi deputatlik filtri va tasdiqidan o‘tishi Ijroiya organlari hisobdorligi Yilda 1 marotaba umumiy hisobot Har chorakda sohaviy hisobotlar Hokim o‘rinbosarlari, Boshqarma boshliqlari va Prokuror/IIBB rahbarlarining oylik eshituvlari Soʻnggi yillarda poytaxt OAVlarida XDK deputatlarining faolligi va ularning ijroiya organlari qarorlarini bekor qilish yoki oʻzgartirish boʻyicha erishgan natijalari keng yoritilmoqda: 2026-yilning I choragida Hududlar kesimida Toshkent shahrida 858 mlrd so‘m mablag‘lar mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldi. Tuman darajasida moliyaviy mustaqillikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. ususan, Olmazor va Yunusobod tumanlarida 57 mlrd so‘mdan, Sergelida 54,3 mlrd so‘m mablag‘lar shakllandi. Yunusobod, Chilonzor, Yakkasaroy va Sergeli tuman XDK deputatlari tashabbusi bilan poytaxtdagi jamoat transporti marshrutlari optimallashtirildi va 1000 dan ortiq katta sigʻimli elektrobuslar harakati uchun alohida tumanlararo nazorat komissiyalari tuzildi. Sogʻliqni saqlash sektori — poytaxt aholisining turmush sifatini belgilovchi eng muhim tayanchdir. 1991-yilda sovet davridan meros boʻlib oʻtgan poytaxt tibbiyoti markaziy shifoxonalarning moddiy-texnik bazasi ma’nan eskirgani, dori-darmon ta’minotining oʻta tanqisligi hamda bolalar oʻlimining yuqoriligi bilan xarakterlanar edi. 2016-yildan keyingi davrda Toshkent shahri sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʻlar 6,8 baravarga oshirildi. Toshkent shahrida Milliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Shoshilinch tibbiy yordam respublika ilmiy markazining yangi majmualari hamda unikal transplantologiya va neyrojarrohlik bloklari barpo etildi. Bugungi kunda Toshkent shahrida 3,2 million aholiga 72 ta oilaviy va 12 ta ko‘p tarmoqli poliklinika hamda 43 ta shifoxona xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasalarda 7 mingdan ortiq shifokor va 15,5 mingdan ziyod hamshira faoliyat yuritmoqda. Mazkur ko‘rsatkichlar poytaxt tibbiyot tizimining oddiy infratuzilmaviy kengayishdan zamonaviy, texnologik va aholiga yo‘naltirilgan tibbiy xizmat modeliga o‘tganini ko‘rsatadi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 11,3 trillion so‘mni tashkil etib sog‘liqni saqlash xizmatlarining eng yuqori hajmi Toshkent shahrida qayd etildi. Olti oy davomida bu ko‘rsatkich 5,2 trillion so‘mga yetdi. Toshkent shahri respublikaning asosiy ilm-fan va ta'lim markazidir. Biroq, 2016-yilga kelib poytaxtda ham Oliy ta'lim va Maktabgacha ta'lim sohasida jiddiy turgʻunlik kuzatilgan edi. Demografik oʻsish sur'atiga nisbatan bogʻcha va universitetlar soni oshmay qolgani natijasida bogʻcha qamrovi 32% ni, OʻTY qamrovi esa atigi 14% ni tashkil etgan. 2016–2026-yillarda Toshkent shahrida Davlat-xususiylik sherikligi (DXSh) mexanizmi joriy etilishi natijasida nodavlat bogʻchalar va maktablar tarmogʻi keskin kengaydi. Toshkent shahrida maktabgacha ta'lim qamrovi 2016-yildagi 32,4% dan 2026-yilda 94,8% ga yetkazildi. Poytaxtdagi maktablarda “Bir biriktirilgan fan — bir amaliy koʻnikma” va PISA/PIRLS xalqaro baholash standartlari joriy qilindi. 2016-yilgacha Toshkentda 36 ta OTM faoliyat yuritgan boʻlsa, 2026-yilga kelib ularning soni 82 taga etdi. Ular orasida Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya va Singapur kabi davlatlarning dunyoga mashhur universitetlari filiallari va xususiy innovatsion OTMlar bor. Oliy ta'lim bilan qamrov darajasi poytaxtda 14% dan 52% ga koʻtarildi. 1991-yilda Toshkent shahri sanoati asosan sovet harbiy-sanoat majmualarining ayrim qismlari, toʻqimachilik (TAPOiCh, Toshkent Toʻqimachilik Kombinati) va xomashyoni dastlabki qayta ishlashga yoʻnaltirilgan edi. Koʻplab yirik korxonalar 1990-yillardagi iqtisodiy uzilishlar sababli oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. So’nggi 9 yillikda “Yangi Toshkent”da ob’ektlar qurilishi boshlandi — bu Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlarida taxminan 20 ming gektar maydonda qurilayotgan ulkan shaharsozlik megaproektidir. Shahar 2 million aholiga mo‘ljallangan bo‘lib, ekologik toza va texnologik jihatdan ilg‘or “aqlli shahar” sifatida loyihalashtirilmoqda. Oʻtgan toʻqqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi. Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va koʻngilochar obyektlar “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining soni 3 mingdan oshdi. Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yoʻnalish ochildi. Qoʻshimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi. Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi toʻqqiz yilda 2,5 barobar oʻsib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga koʻpaydi. Natijada kambagʻallik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Yaʼni Toshkent shahrida kambagʻallik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi. Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili oʻrtacha 100 mingdan koʻpayib, 2030-yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirish reja qilingan. 2024-yilda Toshkent MDH davlatlarining Yoshlar poytaxti bo‘ldi. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan 2026-yil Tosheknt shahri uchun  “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari oʻsishi” yili boʻldi. Bu orqali 2026-yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyani 3 ming, 2027-yilda esa 3,5 ming dollarga yetkazish uchun poytaxt tumanlari 3 ta yoʻnalishda rivojlantirilib, 2026-yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilishidavlatimiz rahbari tomonidan belgilab berildi. Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, taʼlim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta koʻrib chiqishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yillik tarixiy tajribasi va Toshkent shahri timsolidagi taraqqiyot dinamikasi shuni koʻrsatadiki, bosib oʻtilgan har bir yil, har bir bosqich davlatimiz va xalqimiz uchun beqiyos saboq va poydevor boʻldi. Sovet davridagi resurslar tengsizligi va xomashyo qaramligidan chiqib, Mustaqillikning dastlabki davrida davlatchilik poydevori mustahkamlandi. 2016–2026-yillardagi shiddatli va keskin islohotlar esa Oʻzbekistonni va uning poytaxti Toshkent shahrini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga — “Inson qadri uchun"” degan ezgu gʻoya amalda qaror topgan zamonaviy megapolisga aylantirdi. Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari ushbu jarayonda xalq va hokimiyat oʻrtasidagi olmos koʻprikka, haqiqiy vakillik va deputatlik nazorati organiga aylandi. Mustaqillikning 35 yillik sarhisobi shundan dalolat beradiki, poytaxtimizda va respublikamizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va institutsional islohotlar Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi ezgu maqsadlarimiz real va mustahkam asosga ega ekanligining amaliy tasdigʻidir.      

25.8.2026 333

“BILIB TURIB, BILMAGANGA OLISHADI” yoxud 1700 so‘mlik mas’uliyatsizlik

Bir vaqtlar konduktorlar tiqilinch avtobusda yo‘lovchilar orasida yurib, yo‘l haqini yig‘ardi. Bu ham noqulay, ham inson omiliga bog‘liq jarayon edi. Bugun shahar jamoat transporti modernizatsiya qilindi, yangi, zamonaviy avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarildi. Tizimni maqbullashtirish, tirbandlikning oldini olish va inson omilini kamaytirish maqsadida konduktorlar xizmatidan bosqichma-bosqich voz kechilib, to‘lovlar elektron tizim va validatorlarga o‘tkazildi. Bu jamoat transportiga to‘lovni qulay, ishonchga asoslangan tizimga aylantirdi. Ammo ishonch doim ham oqlanmayapti. Yuzlab yoʻlovchilarni manziliga yetkazayotgan avtobus haydovchisi bu vaziyatni quyidagicha ta’riflaydi: – Konduktorsiz ishlash bizga katta yengillik boʻldi, asosiy e’tiborni harakat xavfsizligiga qaratamiz. Lekin orqa eshikdan chiqib, toʻlov qilmay tushib ketayotganlarni koʻrganda odamning dili ogʻriydi. Ba’zida oynadan qarab turaman: kartasini validatorga shunchaki tekkizgandek bo‘lishadi-yu, lekin pul yechilganini bildiruvchi signal eshitilmaydi. Buni bilib turib, oʻzini bilmaganga olib ketaverishadi. Bu oddiy 1700 soʻmlik masala emas, balki mehnatni qadrlamaslik... Bu haydovchining shaxsiy ginasi emas, raqamlarda ham oʻz aksini topyapti. 2026-yilning dastlabki 7 oyida o‘tkazilgan reyd va tekshiruvlarda jamoat transportida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangani aniqlangan. Ulardan undirilgan jarimalar miqdori esa 2 milliard so‘mdan oshgan. Ushbu raqamlarni faqat statistika sifatida qabul qilish qiyin. 82 ming kishining har biri “Bir marta to‘lamasam nima bo‘lardi?” degan fikrda bo‘lgan, ehtimol. Ammo minglab odamlar bir xil fikrlasa, muammo shaxsiy emas, tizimli tus oladi. Shunchaki moddiy yetishmovchilik emas Chiptasiz yurishga intilish ortida koʻproq inson psixologiyasi va ijtimoiy xulq-atvor omillari yotadi. Ya’ni bu zinhor moddiy yetishmovchilik natijasi emas. Inson tabiatan nazoratchi boʻlmagan joyda mas’uliyatni kamroq his qilishga moyil boʻladi. Validatordan signalsiz oʻtib ketganda atrofidagilar e’tibor bermasa, odamda beixtiyor jazosizlik hissi shakllanadi. Har kuni 1700 soʻm tejab qolish oy oxirida mo‘may summani jamg‘arishdek tuyulishi mumkin, ammo bu ma’naviy mas’uliyatni vaqtinchalik moddiy manfaatga almashtirish, xolos. Arzimagan 1700 soʻm ulkan iqtisodiy mexanizmga bog‘lanib turadi. Yoʻl haqidan yigʻilgan har bir soʻm avtobuslarni texnik soz holatda saqlash, yoqilgʻi va elektr energiyasi xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi. Toʻlanmagan yo‘l haqlari koʻpaygani sari tizimda daromad kamayib, avtobuslarning qatnov intervallari uzayadi va xizmat sifati tushadi. Yangi va shinam avtobuslarni xarid qilish, yoʻnalishlarni kengaytirish, haydovchi va texnik xodimlarga munosib ish haqi toʻlash shu tushumlar hisobiga amalga oshiriladi. 1-sentabrdan qimmatga tushadi Tez orada qonunchilikda chiptasiz yurganlarga nisbatan choralar keskinlashadi. Transport vazirligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritgan yangi takliflarga ko‘ra, 1-sentabrdan jamoat transportida chiptasiz yurish uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Birinchi marta yo‘l haqini to‘lamasdan ushlangan yo‘lovchiga BHMning yarim baravari – 220 ming so‘m jarima solinadi. Huquqbuzarlik takrorlansa, jarima 1 BHM – 440 ming so‘mga yetadi. Oddiy qilib aytganda, bir necha ming so‘mlik yo‘l haqini tejab qolishga uringan yo‘lovchi yuz baravardan ortiq mablag‘dan ayrilishi mumkin. Yana bir muhim talab bor: avtobusga chiqqan zahoti kartani validatorga tekkizib, to‘lovni amalga oshirish kerak. Dunyoda bu masalaga qanday qaraladi? Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamaslik faqat O‘zbekistonga xos muammo emas. Ammo rivojlangan davlatlarda bunga nisbatan nazorat va javobgarlik ancha qat’iy. Germaniyada avtobus va metrolarda chiptasiz yurganlik uchun 60 yevro jarima solinadi. To‘lovdan muntazam ravishda bo‘yin tovlash ayrim holatlarda jinoiy javobgarlikkacha olib borishi mumkin. Londonda chiptasiz ushlangan yo‘lovchiga 80 funt sterling jarima qo‘llanadi. Ish sudgacha borsa, jarima miqdori 1 000 funtgacha yetishi mumkin. Singapurda to‘lov qilmaganlik uchun jarimalar 50 Singapur dollaridan boshlanadi va takroriy holatlarda 1 000 dollargacha yetishi mumkin. Tallinda esa shahar aholisi uchun jamoat transporti bepul bo‘lishiga qaramay, safarni validator orqali qayd etmagan fuqarolarga 40 yevro jarima solinadi. Tizim ham mukammal bo‘lishi kerak To‘lov madaniyatini shakllantirishda mavjud sharoit ham muhim ahamiyatga ega. Validator har doim ishlayaptimi? Kartadan mablag‘ yechilgani haqida yo‘lovchiga aniq ma’lumot beriladimi? Texnik nosozlik tufayli to‘lov amalga oshmasa, yo‘lovchi qanday yo‘l tutishi kerak? Nizoli holatlarda kimga murojaat qilinadi? Bu savollarga ham aniq va tushunarli javob bo‘lishi zarur. Chunki elektron tizim ishonchga asoslangan bo‘lsa, uning ikkinchi tomoni shaffoflik va texnik barqarorlikdir.

25.8.2026 349

Sarafan marketing yoki iste’molchi fikri nega qiziq?

Biror mahsulot tanlashdan oldin ko‘pchilik reklamalarga emas, sharhlarga e’tibor beradi, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarni ko‘radi yoki tanishlaridan tavsiya so‘raydi. Reklama hayotimizning deyarli barcha jabhalarini egallaganiga qaramay, iste’molchilar ko‘proq boshqa odamlarning tavsiyasiga tayanishni afzal ko‘radi. Mutaxassislar buni reklama samarasining pasayishi, axborot oqimining keskin ortishi va inson psixologiyasi bilan izohlaydi. Natijada an’anaviy marketing usullaridan biri – “sarafan marketing” raqamli texnologiyalar yordamida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Sarafan marketingda mahsulot yoki xizmat haqida uni sinab ko‘rgan iste’molchilar fikr bildiradi. Bu tavsiya yoki tanqid ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Avvallari asosan og‘zaki suhbatlar orqali tarqalgan bo‘lsa, bugun ular ijtimoiy tarmoqlar, marketpleyslardagi izohlar va foydalanuvchilar yaratgan kontent orqali boshqalarga yetib boryapti. Bu marketingning asosiy xususiyati shundaki, axborot manfaatdor tomon emas, mustaqil foydalanuvchi tomonidan tarqatiladi. Shu jihat uni reklamalardan ajratib turadi. Chunki iste’molchi mahsulotni sotishga urinayotgan brendning va’dalaridan ko‘ra uni ishlatgan boshqa odamning tajribasini xolisroq deb qabul qiladi. “Nielsen” kompaniyasining “Trust in Advertising” tadqiqotiga ko‘ra, respondentlarning 84 foizi do‘stlari va yaqinlarining tavsiyasini eng ishonchli axborot manbasi deb hisoblaydi. Shuningdek, 70 foizi internetdagi boshqa foydalanuvchilar qoldirgan sharhlarga ishonishini bildirgan. Bu ko‘rsatkichlar an’anaviy reklama vositalariga bo‘lgan ishonchdan sezilarli darajada yuqori. Sarafan marketingning muvaffaqiyatini ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi va iste’molchining axborotni qabul qilish usuli o‘zgargani bilan izohlash mumkin. Insonlar kun davomida ko‘plab reklama xabarlariga duch keladi. Axborotning haddan tashqari ko‘pligi ham reklama samaradorligini pasaytiradi. Masalan, foydalanuvchi bir xil yoki haddan tashqari ko‘p reklama xabarlarini ko‘rgani sababli ularga befarq bo‘lib qoladi. Inson miyasi takrorlanadigan elementlarni avtomatik ravishda e’tibordan chetda qoldiradi. Bu ortiqcha yuklamadan himoyalanishning tabiiy mexanizmi. Bu jarayonda insonning qaror qabul qilish psixologiyasi ham muhim rol o‘ynaydi. Amerikalik psixolog Robert Chaldini odamlar noaniq vaziyatlarda boshqalarning xatti-harakatiga ergashishga moyilligini ta’kidlaydi. Bu hodisani bugungi bozor sharoitida ham kuzatish mumkin. Bir xil ehtiyojni qondiradigan o‘nlab, ba’zan yuzlab mahsulot va xizmatlar mavjud. Masalan, iste’molchi yangi narsalar tanlayotganda juda ko‘p muqobil variantlarga duch keladi. Bunday vaziyatda boshqa xaridorlarning tajribasi qaror qabul qilish jarayonini soddalashtiradi. Chunki tavsiya xavfni kamaytiruvchi ishonch signali sifatida qabul qilinadi. Telegram guruhlaridagi muhokamalar, TikTokdagi mahsulot sharhlari, Instagramdagi foydalanuvchilar yaratgan kontent, Google Maps yoki marketpleyslardagi reyting va izohlar – zamonaviy sarafan marketing. Endi bitta foydalanuvchining ijobiy yoki salbiy tajribasi qisqa vaqt ichida keng auditoriyaga tarqalishi mumkin.  Iste’molchilar ishonchi uchun reklamalardan ko‘ra tavsiyalar muhimroq bo‘la boshlagani marketing strategiyalarini ham o‘zgartirdi. Ilgari kompaniyalar asosiy e’tiborni reklama kampaniyalariga qaratgan, bugun esa ular mijozlarning o‘zi brend haqida ijobiy fikr bildirishiga sharoit yaratishiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli marketpleyslar xarid tugagach, mahsulotni baholashni so‘raydi, restoran va mehmonxonalar sharh qoldirishni rag‘batlantiradi, ko‘plab brendlar esa foydalanuvchilar yaratgan foto va videolarni o‘z sahifalarida ulashadi. Tavsiya dasturlari orqali do‘stlarini taklif qilgan mijozlarga bonus yoki chegirma berish ham keng qo‘llaniladi. So‘nggi yillarda kichik auditoriyali influenserlar bilan hamkorlik ham ommalashdi. Ularning auditoriyasi mashhur blogerlarnikiga qaraganda kichikroq, lekin ulardagi obunachilar bilan yaqin muloqot va yuqori ishonch darajasi sarafan marketingi orqali kompaniyalarga foyda keltiradi. Reklama xabarlari misli ko‘rilmagan darajada ko‘paygan paytda iste’molchilar tobora ishonchliroq manba – boshqa odamlarning tajribasiga murojaat qilyapti. Shuning uchun zamonaviy kompaniyalar uchun eng qimmat marketing vositasi reklama emas, balki ishonch qadriyati bo‘lib qolyapti.

25.8.2026 292

Qo‘ng‘iroq qilmang, yozing! Nega yoshlar muloqotdan ko‘ra yozishmalarni afzal ko‘radi?

Telefon jiringlaydi. Siz bir necha soniya ekranga tikilib turasiz: ko‘taraymi yoki yo‘qmi? Qo‘ng‘iroq o‘chadi. Oradan bir necha soniya o‘tmay telegram ochiladi: “Tinchlikmi? Yozib yuboring, iltimos”. Birovga telefon qilishdan oldin ham xayoldan bir nechta savol o‘tadi: “Xabar yozib qo‘yaymi?”, “Gaplashishga vaqti bormikan?”, “Nima masalada ekanini avval aytib qo‘ysammi?”. Qizig‘i, telefonlar tobora “aqllilashayotgan” bir paytda ular orqali gaplashishning o‘zi yoshlar uchun noqulaylashib boryapti. Ba’zilar uchun kutilmagan qo‘ng‘iroqning o‘zi kichik stressga aylanadi. Axir telefonning eng asosiy vazifasi gaplashish emasmidi? Nazorat hissi: nega qo‘ng‘iroq yozishmadan qiyinroq? Telegram, Instagram yoki WhatsApp kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda suhbat sur’atini o‘zingiz belgilaysiz: javob berishdan oldin o‘ylaysiz, yozgan gapingizni qayta ko‘rib chiqasiz, kerak bo‘lsa o‘chirib qayta yozasiz yoki suhbatni bir muddatga “pauza”ga qo‘yasiz. Eng muhimi, suhbatdosh sizdan ayni soniyada javob kutmaydi. Telefon qo‘ng‘irog‘ida esa bu nazorat deyarli yo‘qoladi. Savol berildimi, javob kerak, sukut bo‘ldimi, uni kimdir to‘ldirishi kerak. Ovozdagi hayajon, ikkilanish yoki chalkash fikrni esa o‘chirib bo‘lmaydi. Yozishma bizga gapirishdan oldin o‘ylash imkonini beradi, qo‘ng‘iroq esa o‘ylayotganimizda gapirishga majbur qiladi. Shu sabab ayrimlar uchun qo‘ng‘iroqning o‘zi xavotir manbayiga aylanishi mumkin. Psixologiyada bunday holat “telephone anxiety” yoki “telephonophobia” kabi atamalar bilan ifodalanadi. Biroq go‘shakni ko‘tarmaslikni hamma holatda fobiya deb atash to‘g‘ri emas: kimdir shunchaki yozishmani qulayroq deb biladi, diqqatini chalg‘itishni istamaydi yoki spam qo‘ng‘iroqlardan ehtiyot bo‘ladi. Ayrim hollarda telefonning o‘zi emas, suhbat davomida yuz berishi mumkin bo‘lgan noma’lumlik bezovta qiladi: “Nima deyishim kerak?”, “Suhbat to‘xtab qolsa-chi?”, “Savolga darhol javob topolmasam-chi?”, “Meni noto‘g‘ri tushunishsa-chi?” Yozishmada bularning barchasiga tayyorlanish uchun vaqt bor. Demak, gap faqat qulaylikda emas: yozishma insonga muloqotni boshqarish imkonini beradi, qo‘ng‘iroq esa uni real vaqtning o‘zida suhbatga kirishga majbur qiladi. Asinxron muloqot Raqamli kommunikatsiya gaplashish usulimizni, shaxsiy chegaralar haqidagi tasavvurimizni ham o‘zgartirdi. Bugun xabar yozish va telefon qilish deyarli ikki xil muloqot shakliga aylangan. Telegram yoki boshqa messenjerlardagi xabar asinxron muloqot hisoblanadi: “Vaqtingiz bo‘lganda o‘qing va javob bering”. Bu suhbatdoshga vaqtini o‘zi belgilash imkonini beradi. Qo‘ng‘iroq esa sinxron muloqot, u ayni damda javob berishni va e’tibor qaratishni talab qiladi. Shu sabab raqamli etiketda kutilmagan qo‘ng‘iroqdan oldin “Gaplashishga vaqtingiz bormi?” yoki “Qo‘ng‘iroq qilsam bo‘ladimi?” deb yozib qo‘yish tobora odatiy holga aylanyapti. Bir qarashda bu oddiy odob qoidasi. Ammo uning ortida muloqotga qarashning o‘zgargani seziladi: oldin qo‘ng‘iroqqa javob berish tabiiy hol edi, bugun esa kutilmagan qo‘ng‘iroq ayrimlar uchun shaxsiy hududga to‘satdan kirib kelishdek tuyulishi mumkin. Bu o‘zgarish ayniqsa ish va o‘qish muhitida seziladi. “Qo‘ng‘iroq qilaman” degan odamga nisbatan “Qachon?” degan savolning paydo bo‘lishi ham bejiz emas. Chunki bugun vaqtga ham shaxsiy resurs sifatida qaralyapti. Ammo “Avval yozing, keyin qo‘ng‘iroq qiling” qoidasi hamma uchun birdek tabiiy emas. Ayniqsa, bu farq ota-onalar va yoshlar o‘rtasidagi muloqotda yaqqol ko‘rinadi. Avlodlar o‘rtasidagi tafovut Katta avlod uchun telefon avvalo gaplashish va aloqaga chiqish vositasi. Masala bormi, qo‘ng‘iroq qilasiz, gaplashib olasiz. Ular uchun ovozli suhbat tezkorlik, samimiyat va hatto hurmat belgisi bo‘lishi mumkin. Yoshlar uchun esa telefon oddiy gaplashish qurilmasi emas – messenjer, kamera, ijtimoiy tarmoq, ish va o‘qish vositasi, musiqa pleyeri va shaxsiy makon. Shu sabab “Telefon qil, gaplashib olaylik” degan taklif ularga har doim ham qulay tuyulmaydi. Ular ko‘pincha “Nima masalada ekanini yozib yuboring” degan variantni afzal ko‘radi. Bu farqni yoshlarning odamovi bo‘lib qolgani bilan izohlash oson. Ammo masala bundan murakkabroq: ikki avlod shunchaki muloqotning samarali usulini turlicha tasavvur qilyapti. Katta avlod uchun tezkor suhbat qulay bo‘lsa, yoshlar uchun suhbatdan oldin vaqt va imkoniyatni kelishib olishning o‘zi hurmat hisoblanadi. Ammo bu yerda yana bir qiziq savol tug‘iladi: agar yoshlar ovozli suhbatning o‘ziga qarshi bo‘lsa, nega ular ovozli xabar va videoqo‘ng‘iroqlardan foydalanishda davom etmoqda? Demak, muammo ovozning o‘zida bo‘lmasligi mumkin. Ovozli xabar va videoqo‘ng‘iroq paradoksi Qizig‘i shundaki, oddiy qo‘ng‘iroqdan qochadigan yoshlar ovozli xabarlardan unchalik ham qochmaydi. Aksincha, “ovozli” xabarlar kundalik muloqotning odatiy vositasiga aylangan. Buning sababi tushunarli: ovozli xabar ikki xil muloqotning qulay jihatlarini birlashtiradi. Unda ovozning tabiiyligi, intonatsiya va hissiyot bor, ammo suhbatning real vaqt bosimi yo‘q. Siz xohlagan paytda gapirasiz, suhbatdoshingiz esa xabarni o‘ziga qulay vaqtda eshitadi, javobini ham shoshmasdan beradi. Videoqo‘ng‘iroqlarda ham shunga o‘xshash holatni ko‘rish mumkin. Odatda bunday suhbat oldindan kelishiladi: “Soat yettida gaplashamiz”. Demak, inson suhbatga ruhiy jihatdan tayyorlanadi. Oddiy telefon qo‘ng‘irog‘i esa ko‘pincha aynan kutilmaganda kelgani uchun stress uyg‘otadi. Demak, yoshlar ovozning o‘zidan emas, ko‘proq kutilmaganlik va real vaqt bosimidan qochayotganga o‘xshaydi. Bu esa masalani boshqa tomondan ko‘rishga majbur qiladi: “texting” va boshqa raqamli qulayliklar bizning muloqotimizni o‘zgartirayotgan bo‘lsa, buning evaziga nimanidir yo‘qotmayapmizmi? Raqamli qulaylik nimaning evaziga keldi? “Texting” muloqotni osonlashtirdi, masofalarni qisqartirdi va istalgan paytda bir-birimiz bilan aloqa qilish imkonini berdi. Ammo bu qulaylikning ikkinchi tomoni ham bor. Matnli xabarda suhbatdoshning ovozi, intonatsiyasi, yuz ifodasi yoki pauzasidagi ma’no yo‘q. Masalan, oddiygina “Mayli” degan xabarni olaylik. U rozilikni ham, ranjishni ham, befarqlikni ham, “Endi o‘zing bilasan” degan ma’noni ham anglatishi mumkin. Emoji qo‘shish orqali ma’noni aniqlashtirishga urinib ko‘ramiz, ammo u ham har doim yordam bermaydi. Shu jihatdan qaraganda, raqamli muloqot bizga yangi qulayliklar bergani kabi yangi tushunmovchiliklar uchun ham joy ochdi. Agar inson asosan matn, emoji va qisqa xabarlarga tayanib qolsa, real vaqt rejimida suhbatni boshlash, sukutni noqulaylikka aylantirmaslik, fikrni darhol shakllantirish yoki kelishmovchilikni ovoz ohangi bilan yumshatish kabi ko‘nikmalar yaxshi shakllanmasligi mumkin. Demak, masala “texting” yomon degan xulosada emas. Muhimi – qulay muloqot shakli bizga jonli muloqotning boshqa imkoniyatlarini unuttirib qo‘ymasligi. Balki, telefon jiringlaganda darhol vahimaga tushmaslik, har bir qo‘ng‘iroqni “bezovtalik” deb qabul qilmaslik va ba’zan shunchaki gaplashish uchun go‘shakni ko‘tarish ham kerakdir. Chunki ayrim gaplar yozilganda emas, aytilganda o‘z ma’nosini topadi. Xo‘sh, siz-chi? Oxirgi marta qachon biror do‘stingizga hech qanday sabab va oldindan ogohlantirishsiz, shunchaki gaplashish uchun qo‘ng‘iroq qildingiz?

25.8.2026 291

Ichki migratsiya mamlakat bo‘ylab imkoniyatlarning qanday taqsimlanganini ko‘rsatadi

Bir odamning tug‘ilib-o‘sgan joyini tashlab, boshqa bir joyga ko‘chib ketishini shaxsiy qaror sifatida tabiiy qabul qilish mumkin. Ammo juda ko‘pchilik ko‘chishni istasa, bu endi alohida oilalarning emas, butun mamlakatning demografik va iqtisodiy hayotiga ta’sir qiladigan jarayonga aylanadi. Ichki migratsiya dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida uchraydi. Odamlar odatda o‘zlari uchun imkoniyat ko‘proq bo‘lgan joyga intiladi. Ammo ular qayerga va qanchalik erkin ko‘cha olishi faqat shaxsiy xohishga emas, davlat siyosati, uy-joy bozori, mehnat bozori va hududlar o‘rtasidagi farqlarga ham bog‘liq. Migratsiyaning eng oddiy sababi – iqtisodiy sharoit. Yirik shaharlar odatda ko‘proq ish, biznes va ta’lim imkoniyatlarini taklif qiladi. Bundan tashqari, umumiy infratuzilma masalasi: yaxshi maktab, universitet, shifoxona, transport yoki boshqa xizmatlarning mavjudligi ham odamlarning qaroriga ta’sir qiladi. Turmush qurish, oiladan mustaqil yashash yoki qaytish kabi sabablar ham bor. Urush, zo‘ravonlik, tabiiy ofatlar, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik yoki ekologik muammolar tufayli ham odamlar ko‘chishga majbur bo‘ladi. Shu sababli ichki migratsiyani faqat “Qishloqdan shaharga ish izlab ketish” bilan izohlash noto‘g‘ri. Jahon Banki va UNDP ma’lumotlariga ko‘ra, ichki migrantlar soni taxminan 760 million deb ko‘rsatilgan. Biroq mamlakatlarda ichki migratsiyani o‘lchash usullari bir xil emas va global miqyosda muntazam yangilanadigan yagona statistika yo‘q. Dunyoda ichki migratsiyaning eng katta yo‘nalishlaridan biri – urbanizatsiya. Odamlar iqtisodiy faoliyat, ish, ta’lim va xizmatlar jamlangan shaharlarga intiladi. Shu sababli ichki migratsiya va shaharlashish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ammo barcha mamlakatlarda jarayon bir xil emas. Xitoy va Hindiston kabi davlatlarda qishloqlardan yirik shaharlarga katta oqim kuzatilgan bo‘lsa, ayrim rivojlangan mamlakatlarda qimmat uy-joy va zich shahar hayotidan qochib, kichik shaharlarga yoki qishloqlarga ko‘chish ham uchraydi. Shu ma’noda migratsiya mehnat resurslarini ehtiyoji yuqori bo‘lgan joylarga taqsimlashga yordam beradi. Ammo jarayon juda tez yoki bir tomonlama kechishi bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Aholi qisqa vaqt ichida bir necha yirik shaharga to‘plansa, uy-joyga talab oshadi. Ijara haqi qimmatlashishi, yo‘llarda tirbandlik kuchayishi, maktab va shifoxonalarga yuklama ortishi mumkin. Shaharning mavjud infratuzilmasi yangi aholini qabul qilishga ulgurmasa, iqtisodiy imkoniyatlar bilan birga yashash xarajatlari ham oshadi. “Seitz”ning O‘zbekistondagi ichki migratsiya va propiska tizimiga bag‘ishlangan tadqiqotiga ko‘ra, 2018-yilda rasmiy ichki migratsiya darajasi aholining atigi 0,5 foizi atrofida bo‘lgan. L2CU so‘rovida esa aholining taxminan 5 foizi tug‘ilgan viloyatidan boshqa viloyatda yashayotgani aniqlangan. So‘nggi bir yil ichida ko‘chganlar ulushi esa atigi 0,3 foiz bo‘lgan. Besh yillik davr bo‘yicha viloyatlararo migratsiya darajasi 1,24 foizni tashkil etgan. Buning asosiy sabablaridan biri – “propiska” tizimi edi. Sovet davridan meros bo‘lib qolgan ro‘yxatga olish tizimi O‘zbekistonda odamlarning yashash joyini tanlashiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, Toshkentga doimiy ko‘chib kelish bo‘yicha cheklovlar kuchli bo‘lgan. “Seitz” tadqiqotida Toshkent 1999-yilda alohida tartibga ega yopiq shahar sifatida belgilanganini, 2011-yilda esa ayrim cheklovlar Toshkent viloyatiga ham kengaytirilganini qayd etgan. Bu tizimning ta’sirini demografik raqamlarda ham ko‘rish mumkin. 2000–2019-yillarda O‘zbekiston aholisi 36 foizga oshgan, Toshkent shahri aholisi esa atigi 17 foizga ko‘paygan. Keyingi yillarda O‘zbekistonda yashash hududida ro‘yxatdan o‘tish tizimi isloh qilindi. Odamlarning mamlakat ichida harakatlanishiga oid ayrim ma’muriy to‘siqlar yumshatildi. Biroq qonuniy imkoniyat kengaygani bilan odamning real imkoniyati avtomatik ravishda oshib qolmaydi. Bugungi kunga kelib narxlar, ko‘chmas mulk, infratuzilma masalalari ko‘proq ahamiyat kasb eta boshladi. O‘zbekistonda ichki migratsiya haqida gapirganda, ekologik omilni chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Jahon Bankining O‘zbekiston bo‘yicha iqlim va taraqqiyot hisobotida suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, ekstremal issiqlik, chang bo‘ronlari va Orol dengizning qurishi mamlakat uchun muhim xavf sifatida ko‘rsatilgan. Hisobotga ko‘ra, 2030-yilga borib kamida 8 million kishi juda yuqori iqlim xavfi mavjud hududlarda yashashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Iqlim sharoitining yomonlashishi qishloq xo‘jaligi, daromad va ish o‘rinlariga ta’sir qilmay qolmaydi. Natijada odamlar u yerdan ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. Shu sababli kelajakdagi ichki migratsiyani iqlim xaritasi ham belgilaydi. Bugungi rasmiy statistika ichki migratsiyaning mamlakatda ham davom etayotganini ko‘rsatadi. Milliy statistika qo‘mitasining SIAT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston hududlariaro 252,8 ming kishi ko‘chgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 241,8 ming edi. Toshkent shahri va viloyati, Samarqand, Farg‘ona va boshqa iqtisodiy yoki ta’lim markazlari aholining ichki harakatida muhim rol o‘ynaydi. Ichki migratsiya – mamlakat bo‘ylab imkoniyatlarning qanday taqsimlanganini ko‘rsatadigan jarayon. Buni yaxshi yoki yomon hodisa deb bo‘lmaydi. U odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Agar odam Toshkentga yaxshiroq ish uchun ko‘chsa, bu uning iqtisodiy imkoniyatini kengaytirishi mumkin. Ammo odam o‘z hududida ish, sifatli ta’lim, tibbiyot yoki yashash sharoitini topa olmagani uchun ketayotgan bo‘lsa, muammo uning ko‘chganida emas. Shu bilan birga, boshqarilmagan yoki haddan tashqari markazlashgan migratsiya shaharlar va qishloqlarda yangi muammolarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Ichki migratsiya qanday kechayotganini kuzatish imkoniyatlar mamlakat bo‘ylab qanchalik teng taqsimlanganini, hududlardagi iqtisodiy vaziyat, mehnat sharoitlari, turmush darajasini bilishga yordam beradi.

25.8.2026 336

BIOHAKING: Insoniyat o‘zini qayta yarata oladimi?

Bir necha yil oldin inson xotirasini kuchaytirish, kamroq uxlash bilan ko‘proq ishlash yoki genlar yordamida kasalliklarning oldini olish haqidagi g‘oyalar faqat fantastik filmlarga xos edi. Bugun esa bu mavzular oddiy odamlar hayotiga ham kirib kelmoqda. Aqlli gadjetlar orqali salomatlikni kuzatish, ovqatlanishni genetik xususiyatlarga moslashtirish, miya faoliyatini yaxshilash yoki inson imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan texnologiyalar yoshlar orasida tobora ommalashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa “O‘z tanangni optimallashtir”, “Biologik chegaralaringni oshir” kabi g‘oyalar tarqalyapti. Biohaking va genetik tahrir insoniyatga kasalliklarni davolash, umr sifatini yaxshilash va yangi ilmiy yutuqlarga erishish imkonini berishi mumkin. Biroq bu texnologiyalar inson tanasi, kelajak avlod va jamiyat oldida yangi axloqiy hamda xavfsizlik masalalarini ham yuzaga chiqaradi. Xo‘sh, inson o‘z biologik kodini qanchalik o‘zgartira oladi? Buni qilish kerakmi o‘zi? “O‘zing bajar” “Biohacking” atamasi texnologiya olamidagi “hacking” tushunchasidan kelib chiqqan. Dasturlashda haker tizim kodini o‘zgartirib, imkoniyatlarini oshirish yoki ishlash usuliga ta’sir qilishga harakat qiladi. Biohakingda esa gap insonning o‘z biologik tizimi – tanasi, miyasi, immun tizimi va genlari ustida ishlash haqida boradi. Oddiy qilib aytganda, biohaking – inson imkoniyatlarini zamonaviy texnologiyalar, maxsus ovqatlanish tartibi, turmush tarzidagi o‘zgarishlar va biologik tadqiqotlar yordamida yaxshilashga urinish. Maqsad – sog‘liqni nazorat qilish, jismoniy va aqliy imkoniyatlarni oshirish yoki organizm faoliyatini “optimallashtirish”. Biohaking rasmiy akademik fan yoki mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida tan olinmagan. U ko‘proq “O‘zing bajar” (DIY – Do it yourself) tamoyiliga asoslangan global harakat hisoblanadi. Bu oqim tarafdorlari o‘zini o‘z tanasi va salomatligi ustida faol ishlaydigan shaxs sifatida ko‘radi. Biohaking maqsadi va xavf darajasiga qarab bir necha yo‘nalishga bo‘linadi. Maishiy yoki kundalik biohaking – eng ommaviy va nisbatan xavfsiz shakl. Bunga uyqu rejimini tartibga solish, intervalli ochlik, sport mashg‘ulotlarini aqlli soatlar orqali kuzatish kabi odatlar kiradi. Bu usullar odatda katta xavf tug‘dirmaydi va ko‘pchilik qo‘llaydi. Nutrigenomika – inson genlari va ovqatlanish o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Bunda genetik tahlillar orqali organizmga mos individual parhez, vitaminlar yoki miya faoliyatini yaxshilashga qaratilgan nootroplar tanlashga harakat qilinadi. Biroq genetik ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilish yoki mutaxassis maslahatisiz qo‘llash turli nojo‘ya ta’sirlarga olib kelishi mumkin. Kibernetik biohaking yoki “Grinders” harakati – texnologiyalar yordamida inson tanasini o‘zgartirishga qaratilgan yo‘nalish. Bu turdagi biohakerlar teri ostiga RFID va NFC chiplari, turli datchiklar yoki elektron implantlar joylashtirish orqali inson imkoniyatlarini kengaytirishga urinadi. Ammo bunday amaliyotlar infeksiya, jarrohlik xavflari va organizmning begona qurilmalarga munosabati bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. DIY biologiya (mustaqil genetik tajribalar) esa biohakingning eng murakkab va xavfli yo‘nalishlaridan biri. Bu rasmiy ilmiy laboratoriyalardan tashqarida, ba’zan uy sharoitida CRISPR kabi gen tahrirlash texnologiyalari va biologik materiallar bilan tajribalar o‘tkazishni anglatadi. Bunday tajribalar biologik xavfsizlik, sog‘liq va axloqiy me’yorlar bilan bog‘liq savollarni yuzaga keltiradi. CRISPR-Cas9 Biohaking haqidagi eng katta bahslar genetik tahrir masalasida yuzaga keladi. Bu yo‘nalishdagi eng muhim kashfiyotlardan biri – CRISPR-Cas9 texnologiyasi. Unga genomni o‘zgartirish sohasida haqiqiy inqilob yasagan usul sifatida qaraladi. CRISPR inson DNKsidagi ma’lum bir genni topish va unga o‘zgartirish kiritish imkonini beruvchi “biologik qaychi”ga o‘xshaydi. Xuddi kompyuterdagi matn muharririda xato yozilgan so‘zni o‘chirib, o‘rniga yangisini yozgandek, bu texnologiya ham genetik koddagi ayrim nuqsonlarni tuzatishga yordam beradi. CRISPR texnologiyasining kashfiyotchilaridan biri, Nobel mukofoti laureati Jennifer Doudna bu kashfiyot insoniyatga biologik kodni o‘zgartirish imkonini berganini, biroq bunday kuch katta mas’uliyatni ham talab qilishini ta’kidlagan. Bu texnologiyani yaratgan Jennifer Doudna va Emmanuyel Sharpartye 2020-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini olgan. CRISPR yordamida ilgari davolash qiyin bo‘lgan ayrim irsiy qon kasalliklari, ko‘rlikning ayrim turlari va boshqa kasalliklarni molekulyar darajada davolash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Biroq CRISPRning xavfi ham bor. Texnologiyaning tobora arzonlashayotgani va undan foydalanish imkoniyati kengayayotgani sababli genetik tajribalar faqat professional laboratoriyalar doirasida emas, mustaqil biohakerlar orasida ham paydo bo‘lmoqda. Berlin bemori Biohaking va zamonaviy biotexnologiyalar tarixida inson imkoniyatlarini kengaytirishga uringan, katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan bir qancha tajribalar bor. Ulardan biri – Timoti Braun (“Berlin bemori”) holati. U ildiz hujayralari terapiyasi va o‘ziga xos genetik xususiyatga ega donor hujayralari yordamida OIV (OITS) kasalligidan to‘liq tuzalgan dunyodagi birinchi inson sifatida tarixga kirdi. Bu voqea olimlar va biohakerlarning regenerativ tibbiyot hamda genetik davolash imkoniyatlariga qiziqishini yanada oshirdi. Biohakingning yana bir muhim yo‘nalishi miya va texnologiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishdir. Miya-kompyuter interfeyslari (BCI) orqali inson miyasi faoliyatini raqamli qurilmalar bilan bog‘lash imkoniyatlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Masalan, “Neuralink” kabi loyihalar miya va sun’iy intellekt o‘rtasidagi aloqani rivojlantirishni maqsad qilgan bo‘lsa, “OpenBCI” kabi ochiq platformalar miya to‘lqinlarini (EEG) kuzatish imkonini beruvchi texnologiyalarni ommalashtiryapti. Nega odamlar o‘zini xavfga qo‘yadi? Biohakingning eng bahsli jihatlaridan biri – insonni o‘z tanasi ustida xavfli tajribalar o‘tkazishga nima undashi masalasi. Axir tibbiy yoki biologik bilimlari yetarli bo‘lmagan odam nega o‘z sog‘lig‘i va kelajagini xavf ostiga qo‘yadi? Mutaxassislar bu holat ortida qiziqishdan tashqari chuqur psixologik va ijtimoiy omillar borligini aytadi. Birinchi omil – nazoratni o‘z qo‘liga olish istagi. Ba’zilar an’anaviy tibbiyot tizimini juda sekin, murakkab yoki qimmat deb biladi. Ayniqsa, uzoq davom etadigan kasalliklardan aziyat chekayotgan yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga yechim izlayotgan odamlar yangi usullarni mustaqil sinab ko‘rishga moyil bo‘ladi. Ular tanasini shifokor yoki tizim emas, aynan o‘zi boshqarishi kerak degan fikrga keladi. Ikkinchi sabab – qoidalarga qarshi chiqish va ochiq ilm-fan g‘oyasi. Ayrim bioxakerlar ilmiy bilimlar faqat yirik laboratoriyalar va universitetlar qo‘lida bo‘lib qolmasligi, har bir inson tajriba qilish va yangi kashfiyotlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Ular buni ilm-fanni demokratlashtirish deb ko‘radi. Yana bir kuchli omil – mashhurlik istagi. TikTok, Instagram va YouTube kabi platformalarda noodatiy tajribalar, ekstremal sinovlar yoki “inson imkoniyatlarini oshirish” haqidagi videolar tez tarqaladi. Ba’zan ko‘proq ko‘rish va e’tibor olish istagi insonlarni xavfli qarorlar qabul qilishga undashi mumkin. Bundan tashqari, biohaking ortida insoniyatning qadimiy orzularidan biri – o‘z chegaralarini kengaytirish istagi ham yotadi. Odamlar doim uzoqroq yashash, kuchliroq bo‘lish, xotirani yaxshilash yoki kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini izlab kelgan. Bugungi texnologiyalar esa bu istaklarni avvalgidan ko‘ra realroq ko‘rsatyapti. Biohaking inson imkoniyatlarini kengaytirish uchun katta umidlar berayotgan bo‘lsa-da, uning xavfli tomonlari ham mavjud. Ayniqsa, inson organizmiga tibbiy nazoratsiz aralashish kutilmagan va ba’zan qaytarib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin. DNKdagi o‘zgarish oddiy tajriba emas, undagi xatolarni ortga qaytarish imkoni har doim ham bo‘lavermaydi. CRISPR texnologiyasida kerakli gen bilan birga boshqa qismlarga ham ta’sir ko‘rsatish ehtimoli mavjud. Ayniqsa, embrion yoki jinsiy hujayralardagi genetik o‘zgarishlar keyingi avlodlarga ham o‘tishi mumkin... O‘zbekistonlik yoshlar hayotiga ham kirib kelyapti Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali genetik testlar, nootroplar, biologik qo‘shimchalar, “aqlli” qurilmalar va turli optimallashtirish usullari allaqachon o‘zbekistonlik yoshlar hayotiga kirib kelyapti. Dasturlashni biologiya bilan birlashtira oladigan yoshlar genetik ma’lumotlarni tahlil qilish, individual tibbiyot, yangi diagnostika usullari va biotexnologik tadqiqotlarda muhim rol o‘ynashi mumkin. Demak, yoshlar uchun asosiy vazifa o‘z organizmida nazoratsiz tajriba o‘tkazish emas, bu texnologiyalarni tushunadigan, ularning imkoniyati bilan birga xavfini ham baholay oladigan avlodga aylanishdir. Bunday kuch katta mas’uliyatni ham talab qiladi.

7.8.2026 713

Gʻamxoʻr ota boʻlish qiyinmi? Yoki tabiat  yaratgan, jamiyati oʻldirgan instinkt

Har yili O‘zbekistonda yuz minglab erkaklar ota bo‘ladi. Ammo ularning aksariyati farzandi tug‘ilganidan keyingi eng muhim kunlarni tug‘uruqxona va uy o‘rtasida emas, ishxonada o‘tkazadi. Chaqaloq yig‘lasa, uni onasiga uzatish, tungi parvarishni ayolning vazifasi deb bilish, otaning rolini esa faqat oila tebratuvchi va daromad topuvchi sifatida tasavvur qilish odatiy tusga kirgan. Ammo zamonaviy neyrobiologiya, endokrinologiya va rivojlanish psixologiyasi bu tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. ​So‘nggi tadqiqotlar ko‘rsatadiki, mehribon va g‘amxo‘r ota bo‘lish shunchaki zamonaviy madaniyat mahsuli yoki “xotiniga rahm qilish” emas. Bu erkak organizmi va miyasida inson evolyutsiyasi davomida dasturlashtirilgan chuqur, fundamental biologik jarayondir. ​Xo‘sh, bizning ijtimoiy-huquqiy tizimimiz va mavjud mental qarashlarimiz o‘zbek erkaklariga yaxshi ota bo‘lishga, miyasidagi yashirin salohiyatni uyg‘otishga qay darajada imkon beryapti? Erkak miyasi qanday “qayta dasturlanadi”? Uzoq yillar davomida ilm-fan faqat onalik inson organizmida tub o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi deb hisoblab keldi. Buning sababi ham tushunarli edi: homiladorlik, tug‘uruq va emizish davrida ayol tanasi ulkan gormonal o‘zgarishlarni boshdan kechiradi. Erkak esa bu jarayonlarning hech birini jismonan his qilmaydi. Shu bois “ota bo‘lish erkakni biologik jihatdan o‘zgartirmaydi” degan qarash hukmron bo‘ldi. Bugun esa bu fikr eskirdi. MRT yordamida yangi otalarning miyasi o‘rganilganda olimlar kutilmagan natijalarga duch keldi. Ma’lum bo‘lishicha, farzand dunyoga kelishi erkak miyasining ayrim qismlari faoliyatini ham o‘zgartirar ekan. Testosteron kamayadi, bu zaiflik emas. Ko‘pchilik testosteronni erkaklikning asosiy belgisi deb biladi. Darhaqiqat, bu gormon raqobat, qat’iyat va tajovuzkorlik bilan chambarchas bog‘liq. Ammo ota bo‘lish arafasida organizm boshqa vazifani bajarishga kirishadi. Amerikalik antropolog Li Gettler boshchiligidagi tadqiqotlarda farzandli erkaklarda testosteron miqdori farzandsiz erkaklarga qaraganda sezilarli pasaygani aniqlangan. Eng katta pasayish esa chaqalog‘iga bevosita qarayotgan otalarda kuzatilgan. Olimlar fikricha, testosteronning pasayishi erkakni raqobatlashuvchi individ rolidan g‘amxo‘r parvarishlovchi roliga moslashtirishga xizmat qiladi. Bunday biologik moslashuv natijasida erkak chaqaloq yig‘isiga nisbatan sezgirroq bo‘ladi, uning ehtiyojlarini tezroq ilg‘aydi va tajovuzkor reaksiyalar kamayadi. Tabiat go‘yo erkakka shunday deydi: “Endi sening eng muhim vazifang kurashish emas, asrashdir”. Oksitotsin. Oksitotsin odatda onalik bilan bog‘lanadi. Homiladorlik, tug‘uruq va emizish bu gormon muhim rol o‘ynaydi. Ammo bugungi tadqiqotlar yana bir muhim haqiqatni ochdi. Yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini bag‘riga bosgan otalarda ham oksitotsin miqdori sezilarli oshadi. Har safar ota bolasini quchoqlaganda, unga mehr ko‘rsatganda, u bilan o‘ynaganda yoki ovutganda organizm oksitotsin ishlab chiqaradi. Natijada ota bolaga nisbatan yanada sabrliroq, mehribonroq va himoyachi bo‘lib boradi. Bu jarayon o‘zini o‘zi kuchaytiradigan biologik aylana hosil qiladi. Qancha ko‘p muloqot bo‘lsa, shuncha ko‘p oksitotsin ajraladi. Qancha ko‘p oksitotsin ajralsa, ota bolaga shuncha ko‘proq yaqinlashadi. Shuning uchun olimlar bugun otalikni “ishlatilgan sayin kuchayadigan biologik tizim” deb ta’riflamoqda. “Ishlatmasang – yo‘qotasan”. Balki, otalik haqidagi eng muhim ilmiy xulosa ham shudir. Erkakdagi biologik imkoniyat avtomatik ravishda ishga tushmaydi. Uni faollashtiradigan yagona narsa – ishtirok. Chaqaloqni qo‘lga olish, tagligini almashtirish, tunlari uni ovutish, sayr qildirish, u bilan yolg‘iz qolish. Mana shu oddiy ko‘rinadigan harakatlar erkak miyasida yangi neyron aloqalarni mustahkamlaydi. Agar ota turli sabablar (ish, ijtimoiy stereotiplar yoki oiladagi vazifalar taqsimoti) tufayli bola parvarishidan chetda qolsa, tabiat yaratgan bu biologik salohiyat to‘liq namoyon bo‘lmasligi mumkin. Biologiya tayyor, jamiyat-chi? Agar masala faqat biologiyada bo‘lganida edi, ehtimol, dunyoning barcha otalari farzandi tug‘ilgandan birdek faol bo‘lardi. Ammo inson boshqa jonzotlardan farqli ravishda nafaqat instinkt, balki madaniyat, iqtisodiy sharoit va ijtimoiy qarashlar ta’sirida ham yashaydi. Shuning uchun erkakning otalikka moslashishi faqat organizmiga emas, u yashayotgan jamiyatga, qonunchilikka ham bog‘liq. O‘zbekiston qonunchiligida otaning bola parvarishidagi ishtiroki nazarda tutilmagan, deyish noto‘g‘ri. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi otaga ham bola parvarishlash ta’tilidan foydalanish huquqini beradi. Bu muhim norma. Ammo qonun bilan real hayot orasida sezilarli tafovut bor. Aksariyat oilalarda asosiy boquvchi erkak bo‘lgani sababli yosh otalar bu huquqdan foydalanishga jur’at eta olmaydi. Bola parvarishlash davridagi nafaqa oilaning kundalik ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli emas. Natijada erkak tanlov oldida qoladi. Yangi tug‘ilgan farzandi yonida qolishmi yoki oilaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash? Ko‘pchilik ikkinchi yo‘lni tanlaydi. Bu ularning otalikni istamagani uchun emas, sharoit shuni talab qilgani uchun. Shunday qilib, ilm-fan eng muhim deb hisoblayotgan dastlabki haftalar va oylar ko‘pincha ish joyida o‘tadi. Kechqurun uyga qaytgan ota esa ko‘pincha uxlab qolgan chaqaloqni tomosha qilish bilangina cheklanadi. Huquqiy omillardan tashqari yana bir muammo bor – jamoatchilik bosimi. Yosh ota aravachada bolasini sayr qildirib yuribdi. Yoki shifokor ko‘rigiga olib kelgan, taglik almashtiryapti. Bugun bunday holatlar ko‘paygan bo‘lsa-da, ayrim joylarda hali ham bunday erkakka hayrat bilan qarashadi. Ba’zida hazil-mazax qilishadi. Go‘yoki, farzandga qarash erkakning qadrini tushiradi. Ota tarbiyasi – xarakter maktabi Rivojlanish psixologiyasi va neyrobiologiya sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar yana bir muhim haqiqatni ko‘rsatmoqda: ota va ona bir xil rolni bajarmaydi, bolaning rivojlanishida bir-birini to‘ldiradigan ikki xil tarbiyani yaratadi. Ona odatda bolaga xavfsizlik, mehr va hissiy barqarorlikni beradi. Ota esa ko‘pincha uni tashqi dunyoga tayyorlaydi: yangi narsalarni sinab ko‘rishga, tavakkal qilishga, qiyinchiliklarni yengishga va mustaqil qaror qabul qilishga undaydi. Mutaxassislar shu farq bolaning xarakteri shakllanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi. Otalar bolalari bilan ko‘pincha faolroq va jismoniy harakatlarga boy o‘yinlarni tanlaydi: kurashish, quvlashmachoq o‘ynash, yelkasiga mindirish yoki havoga ko‘tarib ushlash. Bir qarashda oddiy tuyuladigan bunday o‘yinlar aslida bolaning emotsional rivojlanishi uchun muhim mashq hisoblanadi. Hayajon, qo‘rquv va quvonch bir vaqtning o‘zida yuzaga keladi, ota esa o‘yin davomida bolaning hissiyotlarini boshqarishga yordam beradi: qachon to‘xtash, qachon ehtiyot bo‘lish, qachon davom etish kerakligini o‘rgatadi. Psixologlarning fikricha, bu tajribalar keyinchalik bolaning jahli chiqqanda yoki stressli vaziyatlarda hissiyotlarini boshqarish qobiliyatini rivojlantiradi. Bundan tashqari, psixologiyada “otaga ehtiyoj” tushunchasi mavjud. Bu faqat otasiz ulg‘aygan bolalarni anglatmaydi. Ba’zan ota oilada bo‘ladi, ammo bola hayotida hissiy jihatdan deyarli ishtirok etmaydi. Tadqiqotlarda bunday holat ayrim bolalarda o‘ziga ishonchning pastligi, xavotir, tashabbus ko‘rsatishdan cho‘chish yoki kattalar davrida yaqin munosabatlarni qurishda qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi. Jahon tajribasi So‘nggi yigirma yil ichida ko‘plab davlatlar otaning bola hayotidagi ilk oylaridagi ishtiroki nafaqat oilaga, balki butun jamiyatga foyda keltirishini anglab yetdi. Shu bois otalikni qo‘llab-quvvatlash oilaviy siyosatning muhim yo‘nalishiga aylandi. Masalan, Islandiya dunyoda otalik ta’tili bo‘yicha eng ilg‘or davlatlardan biri. Bu mamlakatda ota belgilangan ta’tildan foydalanmasa, bu kunlarni onaga o‘tkazib bo‘lmaydi. Davlat shu yo‘l bilan otaning farzand hayotidagi ilk kunlardan faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shunga o‘xshash tizim Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Ispaniya kabi davlatlarda ham joriy qilingan. Bu mamlakatlarda masala erkakka imtiyoz berishda emas, bolaga ota va ona bilan teng yaqin hissiy aloqa o‘rnatish imkoniyatini yaratishda. Natijada otalar bola parvarishida faolroq qatnashyapti, onalar ruhiy va jismoniy jihatdan tezroq tiklanyapti, bolalar esa ham ota, ham ona bilan mustahkam hissiy rishta hosil qilyapti. Mutaxassislar buni kelajak avlodga kiritilgan investitsiya deb baholaydi. Huquqiy va ijtimoiy sharoit kerak Darhaqiqat, ilm-fan va real hayotiy tajribalar bizga inson tabiatining tub qonuniyatini isbotlab berdi: ota bo‘lish chuqur biologik va ruhiy transformatsiyadir. Erkak kishini mehribon otaga aylantirish uchun uning instinktlari uyg‘onishiga huquqiy va ijtimoiy sharoit yaratib berish kerak. O‘zbekistonda sog‘lom demografik muhit, baxtli bolalik va mustahkam oila poydevorini qurish uchun quyidagi strategik qadamlarni qo‘yish – davr talabi. Haq to‘lanadigan “Otalik ta’tili”. Erkaklar uchun farzandi tug‘ilgan ilk oyda foydalaniladigan, kamida 10 ish kunidan iborat, majburiy va ish beruvchi yoki davlat jamg‘armalari tomonidan yuz foiz haq to‘lanadigan maxsus “Otalik ta’tili” tizimini mehnat qonunchiligiga kiritish shart. Bu yosh otaga moddiy tanqislikdan qo‘rqmasdan, dastlabki haftalarda oilasi yonida bo‘lish imkonini beradi. Tibbiy tizimni transformatsiya qilish. Davlat shifoxonalari va poliklinikalarda faqat onalar bilan ishlash tizimidan voz kechish lozim. Homiladorlik davridagi ilk tekshiruvlar va tug‘uruqdan keyingi chaqaloq parvarishiga otalarni ham faol jalb qilish, ularga tibbiy tushuntirishlar berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarur. Ijtimoiy ongni o‘zgartirish. Davlat ijtimoiy buyurtmalari, media va jurnalistika orqali “g‘amxo‘r, farzandining ehtiyojlarini tushunadigan, tunda uni ovutadigan zamonaviy va kuchli ota” obrazini trendga olib chiqish, bola parvarishini gender cheklovlaridan tozalash lozim.

7.8.2026 719

MUVAFFAQIYATLI KO‘RINISH MUVAFFAQIYATDAN AFZALROQmi?

Qayoqqa qarama, muvaffaqiyat haqidagi hikoyalar, aqlli gaplarga duch kelasan: falonchi bu natijaga qanday erishdi, u kabi bo‘lish uchun nima qilish kerak... Kitob do‘konlari ham ruhlantiruvchi bitiklar bilan to‘la. Yana podkastlar, vebinarlar... Ijtimoiy tarmoqlarda-ku bu deyarli alohida industriya darajasiga chiqdi. Har kuni kimdir qimmat avtomobilini, yangi uyini, navbatdagi sayohatini yoki daromadini namoyish qiladi. Qovun qovundan rang oladi, odamlar ham jamiyat taklif qilayotgan tayyor qolipga intilyapti. Muvaffaqiyat deganda koʻpchilikning koʻz oldiga deyarli bir xil manzara keladi: yuqori daromad, hashamatli uy, qimmat avtomobil, sayohatlar, mashhurlik. Goʻyo muvaffaqiyatning boshqa shakllari yoʻqdek. Xuddi bu tushuncha kecha paydo bo‘ldi-yu, asosi shudek. Inson oʻz hayotini emas, boshqalarning yutuqlari andazasidagi tasavvurini yashashga urinadi. Eng xavflisi ham shu. Chunki qanday muvaffaqiyatli koʻrinish kerakligi masalasida bosim yuzaga kelyapti, gap muvaffaqiyatga erishish haqida bo‘lganda mayli edi. XX asr boshida amerikalik iqtisodchi va sotsiolog Torsteyn Veblen jamiyatdagi qiziq bir hodisani kuzatgan. Odamlar ayrim buyumlarni ularning foydasi uchunmas, boshqalarga oʻz mavqeyini namoyish qilish uchun xarid qiladi. Veblen bu hodisani “namoyishkorona isteʼmol” deb atagan. Uning fikricha, boylik faqat mavjud boʻlishi yetmaydi, u koʻrinishi ham kerak. Chunki jamiyat insonning mehnatidan ko‘ra uning tashqi belgilarini baholashga moyil. Oradan bir asrdan ortiq vaqt oʻtdi, Veblen tasvirlagan hodisa yangi bosqichga koʻtarildi. Boylikni ijtimoiy tarmoqlar minglab, millionlab odamlarga namoyish qilish imkonini berdi. Zamonaviy tadqiqotlar ham Instagram va boshqa platformalar tobora koʻproq ijtimoiy mavqe va oʻzini namoyon qilish vositasiga aylanayotganini koʻrsatgan. Fransuz sotsiologi Pierre Bourdieu manzarani yanada chuqurroq tushuntiradi. Uningcha, inson jamiyatdagi oʻrnini faqat iqtisodiy kapital emas, ramziy va madaniy kapital bilan ham namoyon qiladi. Qanday kitob oʻqishi, qayerga sayohat qilishi, didi yoki turmush tarzini namoyish etishi ham ijtimoiy mavqe belgisiga aylandi. Demak, jamiyat muvaffaqiyatning oʻzini ko‘rmasa ham, uni ifodalovchi ramzlarga och. Muvaffaqiyat haqidagi tasavvur shu ikki nazariya chorrahasida shakllanyapti. Choʻponning usta qo‘yboqarligi, bogʻbonning mahorati yoki oʻqituvchining oʻn yillardan keyin jamiyatga foyda keltiradigan shogirdlari zohiran darrov koʻrinmaydi. Biroq qimmat avtomobil, chet elga sayohat yoki hashamatli uy darhol “oʻqiladigan” belgilar. Muvaffaqiyatning bunday qoliplarda o‘lchanishi shunchaki did yoki qarashlar masalasimi? Yo‘q. Bu kasblar va ijtimoiy qatlamlarga munosabatni ham oʻzgartiradi. Agar natija faqat yuqori daromad, hashamat va tanilish bilan oʻlchana boshlasa, shu belgilarni tezroq beradigan kasblar jozibador boʻlib qoladi. Vaholanki, barqaror taraqqiyot barcha kasblarning oʻz oʻrnida qadrlanishiga bogʻliq. Tadbirkor ham, shifokor ham, oʻqituvchi ham, dehqon ham, choʻpon ham birdek zarur. Ularning har biri turli va muhim ehtiyojni qondiradi. O‘ylab qaralsa, masala ijtimoiy siyosatning mazmuniga ham borib taqaladi. Nobel mukofoti sovrindori, iqtisodchi Amartya Sen rivojlanishni insonning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatlari kengayishi bilan baholashni taklif qiladi, faqat daromadlar oʻsishi bilan emas. Uning nazariyasiga koʻra, ijtimoiy siyosatda davlatning vazifasi odamlarni bir xil natijaga olib kelishmas, turli qobiliyat va kasb egalari oʻz imkoniyatlarini erkin amalga oshira oladigan sharoit yaratish. Bunday muhitda muvaffaqiyatning ham yagona formulasi boʻlmaydi. Kimdir ilmi bilan, boshqasi hunari, qaysidir faoliyat orqali o‘zi va jamiyat uchun qiymat yaratadi. Shu nuqtayi nazardan, inson kasbni tanlayotganda oʻz qobiliyati va qiziqishiga tayanishi, buning ortidan jamiyatda qadr topishiga ishonishi kerak. Shunday ishonch shakllangan joyda ijtimoiy kayfiyat ham barqaror boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlar, podkastlar, biznes forumlar va ruhlantiruvchi adabiyotlarga qarasak, asosan tadbirkorlar, investorlar, bloger yoki mashhurlar fikr bildiradi. Buning oʻziga yarasha sababi bor. Lekin oqibatda jamiyat muvaffaqiyatni shu qatlamning tajribasi orqali tasavvur qila boshlaydi. Yoshlar kasb tanlayotganda jamiyatdagi ahamiyatidan koʻra u orqali qanday hayot tarziga erishish mumkinligiga koʻproq eʼtibor bera boshladi. Natijada ayrim kasblar nufuzi pasayadi. Bu uzoq muddatda mehnat bozori muvozanatiga, taʼlim tizimidagi ustuvorliklarga, hatto davlatning inson kapitaliga taʼsir qilishi mumkin. Fransuz faylasufi Mishel Fuko jamiyatda qaysi fikr haqiqat sifatida qabul qilinishini oʻsha fikrni muntazam ishlab chiqarayotgan va tarqatayotgan institutlar belgilashini taʼkidlaydi. Demak, muvaffaqiyat haqidagi tasavvurlarni faqat ayrim ijtimoiy guruhlar shakllantirsa, vaqt oʻtishi bilan ularning hayot tarzi va qadriyatlari meʼyorga aylanadi. Masalaga yana bir rakursdan qarab ko‘rish kerak. Balki bugun muvaffaqiyat tushunchasini faqat ijtimoiy tarmoqlar yoki ommaviy madaniyat bilan izohlash yetarli emasdir. Oʻzbekistonda hali bozor iqtisodiyoti toʻliq shakllanmagan. Oʻtish davrida odamlar uchun boylik – farovonlik va xavfsizlik kafolati. Sifatli taʼlim, tibbiyot, uy-joy, farzand kelajagi yoki kutilmagan iqtisodiy xatarlarga tayyor turish moddiy imkoniyat bilan bogʻlanadi. Shunday sharoitda boylikning muvaffaqiyat mezoniga aylanishi ham tabiiy jarayondir, ehtimol. Ammo har qanday oʻtish davri vaqtinchalik boʻlishi kerak. Ijtimoiy siyosat kuchayib, taʼlim, sogʻliqni saqlash, huquqiy himoya va ijtimoiy kafolatlar ishonchli ishlay boshlagan sari insonning ertangi kundan xavotiri kamayadi. Shunda jamiyat muvaffaqiyatni kasbiy mahorat, ilmiy yutuq, xalq oldidagi xizmat yoki maʼnaviy nufuz bilan ham oʻlchay boshlaydi. Shunda odamlar ham siyqasi chiqqan gaplardan qutulib, bosimsiz, tinchroq uxlaydi.     AKU: Muvaffaqiyat deganda koʻpchilikning koʻz oldiga deyarli bir xil manzara keladi: yuqori daromad, hashamatli uy, qimmat avtomobil, sayohatlar, mashhurlik. Goʻyo muvaffaqiyatning boshqa shakllari yoʻqdek. *** Ijtimoiy siyosatda davlatning vazifasi odamlarni bir xil natijaga olib kelishmas, turli qobiliyat va kasb egalari oʻz imkoniyatlarini erkin amalga oshira oladigan sharoit yaratish.

7.8.2026 648

Maktabda sun’iy intellekt: Bolalarga mehr bera olmaydi

Oxirgi vaqtlarda qayerga qaramang, sun’iy intellekt haqida gap ketadi. Bizning maktab o‘qituvchilar xonasi ham bundan mustasno emas – tanaffuslarda ko‘pincha shu mavzu atrofida bahs boradi. Kimdir “yaqin orada kompyuterlar bizning o‘rnimizni egallaydi”, deydi jiddiy tashvish bilan. Kimdir esa qo‘l siltab, “bu ham o‘tkinchi moda, tez orada unutiladi”, deb qo‘ya qoladi. Yigirma yildan ortiq doska va bo‘r bilan, so‘nggi yillarda esa elektron doska bilan ishlab kelgan oddiy maktab o‘qituvchisi sifatida men bu ikki qutb o‘rtasida o‘zimga xolis javob topishga harakat qildim. Avvalo, tan olish kerak: bugungi o‘qituvchining ish yuki faqat darsxonada o‘tkaziladigan qirq besh daqiqa bilan cheklanmaydi. Qog‘ozbozlik, dars ishlanmalari, har bir o‘quvchi uchun alohida topshiriqlar tayyorlash, daftarlarni tekshirish – bular bari ko‘rinmas, ammo og‘ir mehnat. Ilgari bitta mavzu bo‘yicha turli darajadagi o‘ttizta test tuzish uchun kamida bir soat vaqt ketardi, hozir sun’iy intellektga to‘g‘ri so‘rov bilan bu ish bir necha daqiqada bajariladi. Darsni odatiy bo‘lmagan tarzda boshlash, o‘quvchida qiziqish uyg‘otadigan o‘yin va topshiriqlar o‘ylab topish borasida ham u ajoyib manba bo‘lib xizmat qiladi. Yana muhimi – har bir bola bir xil jadallikda o‘zlashtirmaydi: kimdir matematikani sekinroq, kimdir tezroq tushunadi, sun’iy intellekt shu farqni hisobga olib, moslashtirilgan mashqlar tuzishga ko‘maklashadi. Shu ma’noda u o‘qituvchini qator ishlardan ozod qilib, uning e’tiborini eng muhim narsaga – bola bilan jonli muloqotga qaratishga imkon beradi. Lekin barcha ishni unga topshirib qo‘yish to‘g‘rimi degan savolga javobim aniq: yo‘q. Sun’iy intellekt qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, oxir-oqibat berilgan ma’lumotni algoritmlar asosida qayta ishlaydigan dastur, xolos. Uning yeta olmaydigan narsalari bor. Masalan, mehr va tarbiya – o‘qituvchilik faqat bilim uzatish emas, balki bolaning ko‘ziga qarab kayfiyatini bilish, tushkunlikka tushganda yonida turish, xatosini muloyimlik bilan to‘g‘rilash demakdir. Buni kompyuter his qila olmaydi. Maktab, umuman olganda, faqat darsxona emas, balki bolalar bir-biri va katta yosh vakillari bilan muloqot orqali jamiyatda yashashni o‘rganadigan ijtimoiy makon. Bundan tashqari, ishonchlilik masalasi ham jiddiy: sun’iy intellekt ba’zida noto‘g‘ri ma’lumotni ham to‘liq ishonch bilan taqdim etishi mumkin, tajribali o‘qituvchi hech qachon tayyor javobni tekshirmasdan o‘quvchiga uzatmaydi. Bugungi kunda yana bir muammo ham ko‘zga tashlanmoqda – ba’zi o‘quvchilar uy vazifasini o‘zlari izlanib bajarish o‘rniga tayyor javobni sun’iy intellektdan olib qo‘ya qolishmoqda. Bu ularning mustaqil va tanqidiy fikrlash qobiliyatini susaytirishi mumkin. Shunday qilib, mening nazarimda, sun’iy intellekt o‘qituvchining na raqobatdoshi, na uning o‘rnini bosuvchi kuch. U – o‘z vaqtida ta’limga kirib kelgan kalkulyator, kompyuter yoki internet kabi oddiygina yangi bir qurol. Sun’iy intellekt o‘qituvchining o‘rnini egallay olmaydi, ammo undan foydalanishni o‘rgangan o‘qituvchi, shubhasiz, foydalanmaydiganidan bir necha qadam oldinda bo‘ladi. Asosiysi – muvozanatni saqlash: texnologiyani o‘zimizga xizmat qildirish, lekin uning quliga aylanib qolmaslik. Eng muhimi, maktabdagi samimiy, jonli inson muhitini har qanday holatda ham asrab qolish kerak.

3.8.2026 806

O‘zbekistonlik yoshlar necha yilda uy sotib olishi mumkin?

BMT Aholishunoslik jamg‘armasining besh banddan iborat so‘rovnomasida dunyo bo‘ylab 100 mingdan ziyod 18–39 yosh oralig‘idagi inson qatnashdi. Berilgan javoblar orasida 57 foiz ishtirokchi shaxsiy uyining yo‘qligini oila qurish uchun asosiy to‘siq deb aytgan. 81 foiz qatnashchi esa uy-joyi yo‘qligi sababli farzand ko‘rishni rejalashtira olmayotganini bildirgan. Qizig‘i, Gana, Qozog‘iston, Laos, Shimoliy Makedoniya, Ukraina davlatlarida farzandsizlar ulushi yuqori, lekin ularning 98 foizdan ortig‘i farzand ko‘rishni xohlaydi. Ya’ni ularning xohishlari imkoniyatlariga to‘g‘ri kelmayapti. Uysizlik dunyoda kechayotgan demografik tanazzulning sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Insonlar oila qurish yoki farzandli bo‘lishdek qarorni boshpana bilan bog‘layaptimi, demak, bu – asosli talab. Uyli bo‘lishga intilish faqatgina oila qurish ostonasidagi yoshlargagina tegishli emas. Ko‘pchilik zumerlar haqida gapirganida ularning bir joyda muqim qolishni istamasligini, ijarada yashashni ma’qul ko‘rishlarini aytadi. Lekin so‘nggi tahlillar mutlaqo boshqa manzarani ko‘rsatadi. Hatto amerikalik zumerlarning 67 foizi uyi bo‘lishi muhim deb hisoblaydi. 73 foizi esa uy uchun pul jamg‘arishni boshlagan. “CleverOffers” platformasi o‘tkazgan so‘rovnomada esa 79 foiz dunyo zumerlari uyga ega bo‘lolmasligini, bunga ishonchi yo‘qligini aytgan. O‘zbekistonda ham ayni masalada yoshlarning ishonchi pasaygan. Yoshlar nega mulkka ega bo‘lishni xohlaydi, ijarada yashab, qolgan pulni boshqa maqsadlar – ta’lim, sayohat, biznesga yo‘naltirish mumkinmi? Nazariy jihatdan mumkin. Yevropaning bir qator davlatlari, xususan, Germaniyada aholining yarmidan ko‘pi butun umr ijarada yashaydi va bu ularning turmush sifatiga deyarli ta’sir qilmaydi. Chunki u yerda ijarachining huquqi qonun bilan himoyalangan. Ijara narxi keskin oshmaydi, uy egasi xohlagan payt shartnomani bekor qilmaydi. Ijarachilik munosabatlari qonunlar bilan tartibga solingan. O‘zbekiston sharoitida ijara bozori norasmiy va tartibga solinmagan. Shartnomalar ko‘pincha og‘zaki. Narxlar bir necha oyda o‘zgarishi mumkin. Uy egasi istagan payt ijarachini ko‘chirib yuborishi hech kimni ajablantirmaydi. Bunday muhitda inson o‘zining 5–10 yillik kelajagini rejalashtira olmaydi. Farzand tarbiyalash, uni maktabga berish, hatto mebel sotib olishga jur’at etmaydi, chunki ertaga qayerda yashashi noaniq. Shu ma’noda o‘z uyiga ega bo‘lish O‘zbekistonda faqat status yoki qulaylik masalasi emas − barqarorlik. Bundan tashqari, uy-joy O‘zbekistonda deyarli yagona ishonchli jamg‘arma vositasi. Aksariyat oilalar uchun bank depoziti yoki qimmatli qog‘ozlar hali ham ishonchsiz yoki tushunarsiz investitsiya. Shuning uchun ham boy aholi o‘z pullarini ko‘chmas mulk olishga yo‘naltiradi. Ijaraga berish esa passiv daromad keltiradi. Ammo bu tendensiya orqali uylarning katta qismi boy qatlam qo‘lida to‘planib qolish xavfi bor. Bu esa bozordagi narxning yuqori holatda turishiga sabab bo‘ladi. Iqtisodchilar yuqorida sanalgan omillardan ko‘ra aholi daromadiga e’tibor qaratish zarurligini aytmoqda. O‘rtacha odam yoki yosh oila necha yillik oyligi evaziga uy xarid qila oladi?  Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7,091 million so‘mni tashkil etdi, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 12,013 million so‘m. Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazining 2026-yil iyuldagi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarda xonadonlarning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 16,5 million so‘mni tashkil etadi. Markaziy tumanlar – Shayxontohur, Mirobod, Yakkasaroyda narxlar 20–25 million so‘mgacha yetadi. Ochiq bozor e’lonlari tahlil qilinsa, yangi qurilgan uylarda kvadrat metr uchun narx 90 million so‘mgacha yetishi mumkin. Demak, yosh oila 54 kvadrat metrli ikki xonali uy sotib olmoqchi bo‘lsa (Toshkentdagi o‘rtacha narxda), bu taxminan 890 million so‘mga to‘g‘ri keladi. Toshkentdagi o‘rtacha oylik maosh to‘lig‘icha – boshqa hech narsaga sarflanmasdan jamg‘arilsa ham, uyni olish uchun taxminan 6,5 yil kerak bo‘ladi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha maoshda esa bu muddat 10 yildan oshadi. Oila kundalik xarajatlarini ham qoplash kerakligini hisobga olsak, real muddat ikki-uch baravar uzayadi. Ipoteka orqali sotib olish ham unchalik yengillik keltirmaydi. Markaziy bankning 2026-yil iyun oyi ma’lumotlariga ko‘ra, tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan beriladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22 foiz atrofida, ba’zi banklarda esa 24–25 foizgacha yetadi. Davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlar nisbatan arzonroq − yiliga 17–18 foiz. Biroq ularning miqdori cheklangan va Toshkent uchun maksimal 420 million so‘mdan oshmaydi, bu esa poytaxtdagi o‘rtacha kvartira narxini to‘liq qoplay olmaydi. Shuni ham unutmaslik kerakki, statistika ko‘rsatayotgan ish haqi o‘sishi asosan rasmiy va yirik sektorga tegishli, bank, moliya, AT sohalarida oylik 16–18 million so‘mni tashkil etsa, ta’lim va sog‘liqni saqlashda bu ko‘rsatkich 4–4,6 million so‘m atrofida qolmoqda. Demak, uy-joy sotib olish imkoniyati sohalar kesimida ham keskin farqlanadi. O‘qituvchi yoki tibbiyot xodimi bo‘lgan yosh mutaxassis uchun mustaqil uy sotib olish amalda erishib bo‘lmas orzuga aylanadi. To‘g‘ri, bunchalik nomutanosiblik o‘rtasida kurashayotgan birinchi va yagona davlat emasmiz. Singapurda uy-joy muammosi shu qadar keskin bo‘lganki, hukumat mamlakat hududining qariyb 90 foizini davlat egaligiga o‘tkazgan va shu yer zaxirasi hisobidan HDB (Housing & Development Board) tizimi orqali ko‘p qavatli uylar qurib, ularni fuqarolarga bozor narxidan sezilarli darajada arzon sotgan. Xarid uchun fuqarolarning majburiy pensiya jamg‘armasi (CPF) mablag‘laridan foydalanish imkoniyati berilgan. Ya’ni odam yoshligidan to‘plagan ijtimoiy jamg‘armasini uy-joyga yo‘naltira oladi. Natijada bugun Singapur aholisining katta qismi aynan shu tizim orqali uyli bo‘lgan. Avstriya poytaxtida aholining yarmidan ko‘pi munitsipal yoki subsidiyalangan uylarda yashaydi. Bu yerdagi tizimning o‘ziga xosligi shundaki, subsidiyalangan uy-joydan foydalanish huquqi aholining 75 foizigacha bo‘lgan qismida bor. Shu sababli bu dastur “faqat muhtojlar uchun” degan tamg‘adan xoli, o‘rta sinf oilalari ham undan foydalanadi. Shartnoma muddatsiz beriladi va hatto merosga qoldirilishi mumkin, bu esa ijarachiga xuddi mulkdorga xos barqarorlik tuyg‘usini beradi. Ayni shu ikki model (Singapur va Vena) AQShning ba’zi shtatlarida (Kaliforniya, Gavayi) qonunchilikka asos sifatida ko‘chirilmoqda. Chunki erkin bozorga asoslangan tizim narxlarni nazoratsiz o‘stirib yuborgan va o‘rta sinf yoshlarini uy-joydan butunlay uzoqlashtirgan. Shunday ekan, uy-joy muammosini faqat ipoteka foizlarini pasaytirish yoki yangi qurilishlar sonini oshirish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Masala bundan ancha murakkab. Uy-joy bozori mehnat bozori, moliya tizimi, yer siyosati, demografiya va ijtimoiy himoya bilan chambarchas bog‘liq. Avvalo, ijara bozorini qonuniy va shaffof tizimga aylantirish zarur. Odamlar uy sotib ololmasa ham, uzoq muddatli va xavfsiz ijarada yashash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Agar ijarachi bir necha yil davomida narx keskin oshib ketishidan yoki uy egasi uni istalgan vaqtda chiqarib yuborishidan xavotir olmasa, uy sotib olish bosimi ham tabiiy ravishda kamayadi. Bunday tizim ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda uy-joy siyosatining muhim qismiga aylangan. Ikkinchidan, davlatning vazifasi faqat ipoteka kreditlarini subsidiyalash emas, balki taklifni ko‘paytirish bo‘lishi kerak. Bozorga arzonroq uy-joylar kirib kelmasa, kreditning foizini pasaytirish narxlarni yanada oshirib yuborishi mumkin. Iqtisodiyotda bu holat “subsidiyaning narxga singib ketishi” deb ataladi. Ya’ni xaridor qo‘shimcha mablag‘ oladi, ammo bundan oxir-oqibat sotuvchi foyda ko‘radi. Shuningdek, bo‘sh turgan yoki investitsiya maqsadida sotib olinib, foydalanilmayotgan uylar ulushi ham alohida o‘rganilishi kerak. Ko‘plab mamlakatlarda bunday ko‘chmas mulklarga yuqoriroq soliq joriy etish yoki ularni ijaraga chiqarishni rag‘batlantirish orqali bozordagi taklif oshiriladi. Natijada narxlarning sun’iy ravishda yuqori ushlab turilishining oldi olinadi. Albatta, bu shaxsiy mulk daxlsizligiga ta’sir qilmasligi kerak. Yana bir muhim jihat − daromadlarning o‘sishi uy-joy narxlari o‘sishidan ortda qolmasligi. Agar ish haqi yiliga 10 foizga oshayotgan bo‘lsa-yu, uy narxlari 20–25 foizga ko‘tarilsa, vaqt o‘tgan sari uy sotib olish yanada qiyinlashadi. Bunday sharoitda ipoteka ham muammoni to‘liq hal qila olmaydi. Chunki kreditning boshlang‘ich badalini yig‘ishning o‘zi ko‘pchilik uchun yillar talab qiladi. Uy-joy masalasiga faqat iqtisodiy ko‘rsatkich sifatida qarash xato bo‘ladi. Bu demografiya, mehnat unumdorligi va jamiyatning kelajagi bilan bog‘liq masala. Yoshlar oila qurishni kechiktirayotgan, farzand ko‘rishni ortga surayotgan yoki umuman boshqa davlatga ko‘chib ketishni ma’qul ko‘rayotgan bo‘lsa, buning oqibatlari o‘n yoki yigirma yildan keyin mehnat bozorida, pensiya tizimida va iqtisodiy o‘sishda seziladi.

23.7.2026 1343

Qishloqdagi yosh ustoz

Ko‘plab yoshlar yaxshi ta’lim, yuqori maosh va kengroq imkoniyatlar izlab katta shaharlarga intiladi. Bu tabiiy hol. Biroq ayrim yoshlar o‘z yo‘lini boshqacharoq tanlaydi. Ular imkoniyatni o‘zlari yashayotgan hududda yaratishga harakat qiladi. Yakkabog‘lik yosh muallima Mo‘tabar Buxorovaning hikoyasi ham aynan shunday tanlov haqida. Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Imom Yoqub qishlog‘ida yashovchi qahramonimiz bir necha yildan buyon bolalarga matematika fanidan qo‘shimcha dars berib keladi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning matematik mavzularni sodda va hayotiy misollar orqali tushuntirishi ko‘pchilikning e’tiborini tortgan. Mo‘tabar ziyoli oilada voyaga yetgan, onasi qariyb o‘ttiz yildan buyon matematika fanidan dars beradi. Yoshligidan onasining o‘quvchilar bilan ishlashini kuzatib ulg‘aygan qiz uchun ta’lim muhiti begona emas edi. Qahramonimiz bolalarga dars berish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani, turmushidagi ilk yillar, farzandi bilan bog‘liq tashvishlar haqida shunday eslaydi: – Turmushga chiqqanidan keyin ham kitobdan, ilm olishdan uzoqlashishni istamaganman, biroq farzandli bo‘lgach, bor e’tiborimni unga qaratishga to‘g‘ri keldi. Qizim tez-tez kasal bo‘lib qolardi, bu men uchun eng stressli davr bo‘lgan. Yoshman, uning ustiga hissiyotga beriluvchan bo‘lganim uchun bolamning harorati ozgina ko‘tarilsa ham vahimaga tushardim. Ruhiy holatimga bu ancha jiddiy ta’sir qilayotganini sezardim, meni biroz chalg‘itadigan mashg‘ulot topsa, derdim. Shunda bolalarga dars berishni boshlash fikri paydo bo‘ldi.  Dastlab kuniga bir necha soat o‘quvchilar bilan ishlash fikrimni jamlashga yordam berar, farzandimning sog‘lig‘i haqidagi o‘ylardan biroz chalg‘itardi. Ilk darslarimni uyda o‘tdim. Bu menga farzandimga yaqin bo‘lish, yo‘lga vaqt sarflamaslik va uy ishlarini ham qilish imkonini berdi. Biroq katta oilada yashashning o‘ziga xos qiyinchiliklari ham bo‘lgan. Ba’zan kutilmaganda mehmon kelib qolishi yoki uy yumushlari sabab noqulay vaziyatlarga duch kelardim. Darslarni vaqtida o‘tolmasam, vijdonim qiynalardi. Imkonsiz vaziyatlarda onamdan yordam so‘rardim. Chunki qolib ketgan dars o‘quvchilarimning haqqi deb hisoblayman. Mo‘tabar unga yordam berib kelayotgani uchun oilasidan ham juda minnatdor. Onasi ba’zan dars mashg‘ulotlarini o‘tib bergan bo‘lsa, qaynotasi o‘quv markazi tayyorlab berib, uning faoliyati kengayishiga hissa qo‘shgan. – Oila a’zolarim har doim faoliyatimni qo‘llab-quvvatlagan. O‘quvchilarim soni ortib, uydagi xona torlik qila boshlaganda qaynotam alohida bir joy qilib, jihozlab, dars o‘tish uchun joy tayyorlab berdi. Hozir ana shu shinamgina o‘quv maskanida bolalar bilan darslarimni davom ettiryapman. Bu uchun oilamga tashakkur deyman. U faoliyatini kichik yoshdagi bolalar bilan boshlagan. Yosh o‘qituvchi dars jarayonida murakkab formulalardan ko‘ra mavzuning mohiyatini tushuntirishga harakat qiladi. O‘quvchilar mavzuni hayot bilan bog‘lay olsagina uni yaxshiroq o‘zlashtirishiga ishonadi. Aslida ham shunday. Bugun Mo‘tabar Buxorovaning shogirdlari yuzdan oshgan. Kelajakda yuqori sinf o‘quvchilari va abituriyentlar bilan ham ishlash niyatida, buning uchun esa hozir o‘z ustida ishlayotganini aytdi. U katta yoshdagi o‘quvchilar bilan ishlash yanada ko‘proq mas’uliyat, tajriba va mahorat talab qiladi deb hisoblaydi. Mo‘tabarga turli joylardan ishlash takliflari bo‘lganiga qaramay, hozircha o‘z faoliyatini qishlog‘i bilan bog‘lagan. Mo‘tabar shahar markaziga qatnab o‘qishga imkon topa olmaydigan bolalarga yordam berishdan baxt topgan. – Qishloqdagi ko‘plab bolalarning asosiy muammosi qobiliyat yoki qiziqishning yo‘qligida emas. U yerda iste’dodli, o‘qishga ishtiyoqmand bolalar bisyor. Ammo ko‘p hollarda ularning oldidagi eng katta to‘siq moliyaviy imkoniyatlarning cheklanganligi bo‘ladi. Kurslarga qatnash, qo‘shimcha kitob sotib ol, markazga qatnab o‘qi – bularning barchasi mablag‘ talab qiladi. Natijada ayrimlar o‘z salohiyatini namoyom etish imkonini topolmaydi. U qishlog‘idagi ko‘plab oilalarning sharoitini yaxshi biladi. Ko‘p farzandli oilalar bor, hamma bolalarini o‘qitish ota-onalar uchun oson emas. Qishloq sharoitida ish o‘rinlari kam, ba’zilar kunlik mavsumiy mehnat bilan ro‘zg‘or tebratadi. – Ota-onalar ba’zan kurs to‘lovi, hatto kitob xarid qilish uchun mablag‘ topolmaydi. Shunga qaramay, farzandlari o‘qishini xohlashining o‘zi meni quvontiradi. Bilim olishga, kitobga qiziqadiganlar ko‘p. Shu sababdan o‘zi arzon narxda dars o‘tishimga qaramay moliyaviy imkoniyati cheklangan, ammo o‘qishga qiziqishi va iqtidori bor bolalardan pul olmayman. Chunki o‘zim ham ko‘p farzandli oilada ulg‘ayganman, hammamiz bir vaqtda maktabga borardik. Barcha xarajatlarimizni qoplash oson emasdi. Farzand tarbiyasida faqat moddiy ta’minot bilan cheklanib qolish yetarli emas. Bola bilan suhbatlashish, uning fikrlarini tinglash, qiziqishlariga e’tibor berish ham muhim ekanini aytadi qahramonimiz: – Farzandingiz bilan ko‘proq gaplashing. Faqat qornini to‘ydirish yoki kiyintirish uchun emas, uning fikrlashi va hissiy dunyosiga ham mas’ul ekaningizni unutmang. Undan orzulari haqida so‘raganimizda chinakam ziyoli ayol ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik, uning uzoq yillik orzularidan biri – qishlog‘ida kutubxona tashkil etish: – Bu oddiy kutubxona emas, ikki yoshli boladan tortib kattalargacha o‘ziga mos kitob topa oladigan bilim maskan bo‘lishini xohlayman. Chunki bolalarning ta’limga qiziqishi ko‘pincha darslik bilan emas, badiiy kitoblardan boshlanadi deb o‘ylayman. Ular ta’siridagina yangi orzular tug‘iladi, o‘zgacha dunyoqarash shakllanadi. Dunyoni o‘zgartiradigan g‘oyalar aynan ana shu kutubxonada paydo bo‘lishi ham mumkin. Buning uchun esa kutubxona yaratishda boshqalar ham yordam berishini, kitoblarni faqat o‘zim emas, balki qishloq ahli, nashriyotlar va kitobsevarlar bilan birgalikda yig‘ishni orzu qilaman. Bugun Mo‘tabar o‘z faoliyatini rivojlantirish, kelajakda matematikani ingliz tilida ham o‘rgatish, o‘quvchilarini SAT imtihonlariga tayyorlashni maqsad qilgan. – Bir necha yil oldin SAT imtihonlariga tayyorlanishni boshlagan edim. Bu yoshlarni xalqaro universitetlar, grant dasturlari va dunyoning turli mamlakatlaridagi ta’lim imkoniyatlariga olib boradigan yo‘l bo‘lishi mumkin. Ammo bu yo‘nalish yangi, hozircha faqat yirik o‘quv markazlarida o‘qitiladi, chekka hududlarga hali yetib bormagan. Mutaxassislar ham yetishmaydi. Hozircha tayyorgarlik jarayonidaman, lekin kelajakda SAT darslarini o‘tishni niyat qilganman. Qishloq sharoitidagi bolalari ham xalqaro universitetlarda o‘qishi, grantlarni qo‘lga kiritishi va dunyo bilan teng raqobatlasha olishi kerak. Mo‘tabar Buxorova ham istasa shahardagi yuqori maosh tolanadigan xususiy maktablar yoki o‘quv markazlarda ishlashi mumkin edi. Ammo uning maqsadi pul topishdan ko‘ra oliyroq. U hozircha farzand tarbiyasi bilan band, shu bilan birga, qishlog‘idagi bolalardan ham farzandi qatorida bilimini, mehrini ayamaydi. Mo‘tabar Buxorova kabi fidoyi yoshlar bor ekan, chekka-chekka qishloqlarda ham imkoniyatlar paydo bo‘laveradi, bolalar ilm olaveradi.

3.7.2026 1606

Mashhurlikning qiyofasi

Har bir davrning el og‘ziga tushgan qahramonlari, mashhurlari bo‘ladi. Biroq vaqt o‘tib, mashhurlik haqidagi tasavvurlar o‘zgarib ketdi. Bir paytlar inson tanilishi uchun undan katta iste’dod, yillar davomida qilingan mehnat yoki jamiyatga foydasi tegadigan biror faoliyat talab qilingan. Taniqli jurnalist, yozuvchi, olim yoki san’atkor bo‘lish uchun yillar chig‘irig‘idan o‘tish shart bo‘lgan. Endi mezonlar mutlaqo o‘zgardi. Internet asrida odamlarning diqqatini qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham jalb qila olishning o‘zi mashhurlik poydevoriga aylandi. TikTok, Instagram va YouTube kabi global platformalar klassik, qat’iy me’yorlarni buzib tashladi. Ijtimoiy tarmoqni ochsangiz, kechagina hech kim tanimaydigan kishi biror g‘alati ishi, bema’ni bir gapi yoki shunchaki ahmoqona qilig‘i bilan bir kunda trendga chiqib olganini ko‘rasiz. O‘z-o‘zidan mashhurlik tarozisi pallasiga obunachilar soni, videolarga bosilgan “yoqtirma”lar va internetdagi shov-shuvli muhokamalar qo‘yilyapti. Tarmoqlar minbarni hammaga teng tarqatib yubordi. Lekin buning badaliga havas qilinadigan, namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan insonlar haqidagi tushuncha o‘zgardi yoki xas orasida yo‘qolgan ignadek ko‘rinmay qoldi, mashhurlik esa arzonlashib ketdi. Ammo bunday oson kelgan maqom xuddi shunday tez qo‘ldan ketyapti. Bugungi tomoshabin juda injiq va besabr. Internet olami yangilikka shu qadar tez to‘yadi va zerikadiki, sizni kecha millionlab odam ko‘rib, olqishlagan bo‘lsa, ertaga qiziqroq yangi tomosha chiqishi bilan unutib yuborishlari turgan gap. Bugungi internet mashhurlari odamlarning e’tiborini saqlab qolish, tarmoqlar tasmasida doim aylanish uchun ijtimoiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilishga, o‘z shaxsiy hayotini, oilasini, kundalik turmushini ham ko‘rsatib muhokamalar yaratishga urinyapti. Ertalab nima yegani, qayerga borgani, xotini yoki eri bilan qanday urishgani ommaga olib chiqilyapti. Lekin bu poyganing jamiyat uchun eng xavfli asorati – mehnatsiz e’tibor topish istagi. Mashaqqat chekish, yillar davomida ilm olish, kasb-hunar o‘rganish yoki fanga umrini baxsh etish bugungi aksar yoshlar ko‘zicha g‘irt vaqt yo‘qotish. “Nima qilaman, besh yil o‘qib, baribir blogerchalik pul topolmayman-ku” degan fikr o‘smirlar ongini zaharli tuman kabi qoplab bormoqda. Hamma hayotda osongina va kalta yo‘l bilan puldor va mashhur bo‘lishni istayapti. Biroq unutmaslik kerak: mashhurlikning haqiqiy mezoni hech qachon telefondagi quruq sonlar bilan o‘lchanmaydi. Tarix sahifalarida iz qoldirgan buyuk insonlar vaqtinchalik trendlar yoki bir kunlik e’tibor bilan emas, jamiyat hayotini o‘zgartirgan katta xizmatlari bilan qadrlanadi. Vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rishlar soni unutiladi, o‘sha sahifalar ham o‘chib, yo‘qolib ketar, ammo haqiqiy iste’dod va xalqqa teggan foyda yillar o‘tsa ham o‘z qiymatini yo‘qotmaydi. Nima bo‘lganda ham, vaqt baribir o‘z so‘zini aytadi va hamma narsani o‘z joyiga qo‘yadi. Bir kunlik arzon trendlar bilan haqiqiy hurmatni, xalqning chinakam sevgisini hech qachon sotib olib bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar hammamizga minbar berdi, yaxshi imkoniyat. Lekin minbardan turib nima deyishimiz va odamlar xotirasida kim bo‘lib qolishimiz baribir eng asosiy masala.

19.6.2026 1525

G‘AMGIN QO‘SHIQLAR DAVRI

San’at va adabiyot ma’lum davrni baholashda eng xolis manba. Ijodkor o‘sha davr odamlari qanday dard bilan yashagani, jamiyatning kayfiyati qanday bo‘lgani haqidagi savollarga beixtiyor javob beradi. Shuning uchun san’atni kuzatish juda qiziq, yirik o‘zgarishlarni payqamaslik esa ilojsiz. Bu o‘zgarishlar faqat texnik emas, mafkuraviy jihatdan ham ahamiyatga molik. Masalan, qayg‘uli qo‘shiqlarning nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda trend bo‘lishi savollar tug‘diradi. Qo‘shiqlarning “kambag‘allashish”i ham sabablar izlashga undaydi. Qo‘shiqlarni o‘tgan davr bilan solishtirganda ikkita muhim jihat e’tiborni tortadi: birinchisi qo‘shiqlar vaqtining qisqarishi va undagi turli cholg‘u asboblari sadolarining kamaygani bo‘lsa, ikkinchisi – qo‘shiqlardagi tushkunlik ruhi oldinlagani va shunday ruhdagi qo‘shiqlarning trendga aylangani.Davomiylik haqida gap ketganda birinchi ko‘zga ko‘rinadigan sabab ijtimoiy tarmoqlar bo‘ladi. Bu omilning musiqa industriyasiga ta’sirini rad etib bo‘lmaydi. “Diqqat iqtisodi” san’atni o‘z yo‘rig‘iga solyapti. Odamlarning e’tiborini ushlab qolish eng ustuvor vazifaga aylangan. Bu vazifaning ustiga “qanchalik qisqa bo‘lsa, shuncha yaxshi” degan mezon ham qo‘shiladi. Mezonlar shu darajada qat’iylashganki, 2024-yilgi Grammy mukofotida qo‘shiqlarning qariyb 20 foizi uch daqiqadan kamroq vaqt ichida ijro etilgan. 2025-yilgi Grammy mukofotida esa “Yilning eng yaxshi qo‘shig‘i” nominatsiyasiga nomzod bo‘lgan ikkita: Sabrina Karpenterning “Espresso” va Charli XCXning “360” qo‘shiqlari ham xuddi shunday qisqa edi. Qisqarishning eng muhim sababi iqtisodiy omil. Spotify, Yandex Music kabi yirik musiqiy platformalar qo‘shiqlarning qayta-qayta eshitilishiga qarab ijrochilarga pul to‘laydi. Tabiiyki, qisqa qo‘shiqlarning eshitilishi ham takror-takror bo‘ladi. Bu esa san’atkorga daromad degani.Shunday bo‘lsa-da, ijoddagi birlamchi mezon baribir sifat bo‘lib qolaveradi. Aytaylik, “The Weeknd”ning “Blinding Lights” taronasi Spotifyda 4,75 milliard marta eshitilgan. Vaholanki, qo‘shiqning dastlabki 30 soniyasi kirish musiqa bilan boshlanadi. Bunday uzun kirishli musiqalar odatda o‘tgan asrda kuzatilgan.Botir Zokirov yoki Ravshan Namozovning ijod namunalarini eslaylik. Bu asarlar hozirgacha millionlab tinglovchilariga ega. Chunki qo‘shiqda klassik ohang, zamonaviy uslub va butun boshli orkestr uyg‘unlashuvini topishimiz mumkin. Bugun esa ijtimoiy tarmoqlarda gitara yoki pianino bilan kuylayotgan yoshlar to‘lib toshgan. Bu global tendensiya. Butun dunyo yosh musiqachilari bitta cholg‘u asbobi bilan millionlar qalbini zabt etmoqda.  Ayni bu shakl ommalashuviga Billie Aylish kuchli ta’sir o‘tkazgan. U xuddi shu uslubda kuylaydigan va dunyo bo‘ylab milliardlab muxlislarga ega ijodkor. Uning muvaffaqiyatlari bu uslubni trend darajasiga ko‘tardi. Trendga aylanishiga sabab shu shakldagi ijro ko‘pchilikka ma’qul kelgani, albatta. Boshqa tarafdan esa ijrochiga qulay. Bu yo‘l tanilish yoki asar yaratish uchun eng kamchiqim variant: o‘zingda bor cholg‘u asbobini ol, kamerangni yoq va kuyla... Ertaga seni mashhurlik kutayotgan bo‘lishi mumkin.Ming yillardan beri musiqa inson qalbiga malham bo‘lib kelgan. Chunki qo‘shiq inson nutqi bilan ifoda eta olmaydigan tuyg‘ularni ifodalaydi, dardlarni qo‘zg‘aydi. Shuning uchun ham sotsiolog va psixologlar odamlar qanday qo‘shiq eshitayotganiga e’tibor qiladi. Tadqiqotchilar 1973–2023-yillarda yaratilgan 20 ming 186 qo‘shiq matnini o‘rganib chiqqanda 2000-yildan boshlab qo‘shiqlar mavzusi qorong‘ilasha boshlaganiga guvoh bo‘lgan. Bu borada italiyalik tahlilchi jurnalist Gabriele Amante shunday deydi:− Musiqa har doim kayfiyatimiz uchun “og‘riq qoldiruvchi” vosita sifatida ishlatilganini unutmaylik. Deyarli barcha madaniyatlarda motam lahzalari musiqa bilan birga bo‘lgan. Chunki tovush nutqning susaygan joyiga yetib boradi va og‘riqni yengillashtirishga yordam beradi. Dardli ashula eshitish bizning tabiiy biologik talabimiz. Zamonaviy yondashuvlar dramatik film yoki qayg‘uli qo‘shiq orqali yagona jabrdiyda biz ekanimizga ishontiradi. Deyarli barcha qo‘shiq “atrofda bizdan tashqari hamma yomon” degan hissiyotni beradi. Bu hissiyot odam o‘zini yengilroq his qilishiga yordamlashadi. Bu yordam depressiyaga moyil deyilayotgan avlod uchun juda muhim. Michigan universiteti professorlari Fred Konrad va Jeyson Kori o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, inson g‘amgin qo‘shiqlarni 800 martagacha eshitishi mumkin ekan. Baxtli ruhdagilarini esa 175 martagacha. Tadqiqotga ishonsak, g‘amgin asarlarning muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimoli yuqori. Shuning uchun ham shu mavzu g‘oya topolmayotgan prodyuser yoki xonandaga “oltin chipta” bo‘lib xizmat qiladi. Shu asosda yaratilgan asarning qanchalik samimiyligi esa alohida mavzu.Biz doim dardimizni kuylaganni haq va xolis deb bilamiz. Unga uzoq quloq tutamiz. Bundan esa juda mohirona foydalanishyapti. Qo‘shiqlardagi jabrdiyda o‘zimiz, lekin bizga azob berayotgan “Qorabotir” yoki “bevafo yor” kim?