Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YANGILIKLAR

22.10.2025 278

Oliy attestatsiya komissiyasida ijro intizomi masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida (OAK) Prezidentning 2025-yil 25-iyuldagi PF–117-son Farmoni ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar muhokama qilindi. Tadbirda OAK raisi hisobot berdi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi va OAV vakillari ishtirok etdi. OAKda ijro intizomini kuchaytirish maqsadida har kuni rahbariyatga hisobot berish, haftalik yig‘ilishlarda ijro holatini ko‘rib chiqish hamda oy yakunida Rayosat majlisida umumlashtirilgan tahlilni taqdim etish tizimi joriy etilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning 9 oyi davomida komissiya zimmasiga yuklatilgan barcha topshiriqlar 100 foiz bajarilgan. Shu davrda: Prezident va Hukumat hujjatlari bo‘yicha 5 ta farmon, 2 ta qaror, 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori hamda 7 ta hukumat topshirig‘i to‘liq ijro etilgan; 325 ta fuqarolik murojaati qabul qilinib, ularning barchasiga belgilangan muddatlarda javob berilgan; O‘zbekiston ilmiy muhitida 15 ta yangi ilmiy kengash tashkil etilgan, shundan 4 tasi mintaqaviy oliygohlarda faoliyat boshlagan; 2 ta yangi ilmiy ixtisoslik — “Xoreografiya san’ati” va “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” yo‘nalishlari ro‘yxatga kiritilgan; Xorijiy ilmiy darajalarni tan olish (nostrifikatsiya) bo‘yicha 200 dan ortiq ariza ko‘rib chiqilgan, shulardan 187 tasi ijobiy hal etilgan. Muhokama davomida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, “Yashil makon” umumxalq loyihasi va ilm-fan sohasiga oid farmonlar ijrosida OAKning ishtiroki ham alohida ta’kidlandi. Oliy attestatsiya komissiyasi kelgusida ham ijro intizomini mustahkamlash, ochiqlik va samaradorlik tamoyillariga asoslangan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishni davom ettiradi.

20.10.2025 263

Til bor ekan – millat barhayot

Til bor ekan – millat barhayot Dunyo xalqlari va millatlarining madaniy o‘zagi va asosiy muloqot manbai bu ularning milliy tili hisoblanadi. Shunday ekan, har bir tilning saqlanishi hamda yosh avlodga yetkazilishi, xalq taraqqiyoti va uning kelajagini belgilaydi. Birgina til ko‘plab xalqlarni o‘zaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’ana va madaniyatlarini saqlaydi, uni avloddan avlodga o‘tishini ta’minlaydi. Darhaqiqat, til – millat ko‘zgusi. U har bir millatning qadrli boyligi, ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita. 1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat xalqimizning mustaqillik uchun qo‘yilgan dastlabki qadami bo‘ldi. 2020-yil 10-aprelda esa O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi quvonarli hol bo‘ldi. Mazkur qonun bilan har yili 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni etib nishonlash belgilandi. Chindan ham o‘zbek tilini rivojlantirish, e’zozlash, xalqaro nufuzini yanada oshirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu kabi ezgu sa’y-harakatlarda faollik ko‘rsatish, davlat tiliga kuyinchaklik bilan munosabatda bo‘lish har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi. Mamlakatimizda har yili 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan turli bayram tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, soha mutaxassislari bilan davra suhbatlari tashkil etiladi. Mazkur sana keng miqyosda nishonlanadi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham sana munosabati bilan “Til bor ekan – millat barhayot” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi. Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda Xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sabohat Qahhorova, yozuvchi va dramaturg Javlon Jovliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilovning tabrigini Akademiya prorektori Irgash Daminov o‘qib eshittirdi. Tabrikda ona tilimiz nufuzi va mavqeyi yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Millat ko‘zgusiga bo‘lgan chuqur ehtirom har bir kishining kundalik turmush tarzida ham namoyon bo‘lishi zarurligi yana bir bor ta’kidlandi. Tadbirda so‘z olganlar O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zbek tilining boy tarixi, xususan, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi buyuk bobokalonlarimizning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi. Tantanali marosimda tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi. Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Akademiyadagi barcha rasmiy hujjatlari, kitob va to‘plamlar hamda internet saytida e’lon qilinayotgan ma’lumotlar davlat tili meyorlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Akademiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan esa talaba-oshlarni o‘zbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur o‘rganish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida darslar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Bundan tashqari, kuni kecha Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talaba-oshlar o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovining Akademiya bosqichi o‘tkazildi. Ushbu tanlov Akademiyada tahsil oluvchi xorijiy talabalar o‘rtasida o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, xorijlik talabalar o‘zbek tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tashkil etildi. Unda Akademiyaning xorijlik talabalari yurtimiz tarixi, madaniyati, o‘zbek xalqi qadriyatlari, ijtimoiy hayotiga oid mavzulardan birini tanlab esse yozishdi. Tanlovning g‘olib va sovrindorlari aniqlanib, navbatdagi bosqichga yo‘l olishdi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bakalavr va magistrlari uchun ta’sis etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy maxsus stipendiyasi 2025-yilgi tanlovi g‘oliblariga guvohnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan yosh yozuvchi Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” asari asosida sahnalashtirilgan “Millat fidoyilari” nomli spektakl yig‘ilganlarga havola etildi.

15.10.2025 248

O‘zbekiston startap bozori $3,9 milliardga yetdi

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning startap ekotizimi sezilarli darajada kengaydi. Dealroom.co ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi startaplarning umumiy qiymati 2020-yildagi $301 milliondan 2025-yilda $3,9 milliardgacha oshgan. Bu 13 baravar o‘sishni anglatadi. Dealroom.co tahlilida O‘zbekiston startaplar ekotizimi o‘sish tezligi bo‘yicha nafaqat Markaziy Osiyoda yetakchi, balki Turkiya, Qozog‘iston, Litva, Hindiston va hatto AQShning Silikon vodiysi kabi yirik texnologik markazlardan ham oldinda ekani qayd etilgan. Shu jihatdan mamlakat mintaqaviy innovatsion markaz sifatida e’tirof etilmoqda. IT Park va Dealroom.co hamkorligi Ushbu o‘sish ko‘rsatkichlari IT Park Uzbekistan va xalqaro Dealroom.co platformasi hamkorligida yaratilgan uzbekistan.dealroom.co ekotizimi bilan ham bog‘liq. Platforma O‘zbekiston startaplari, investorlar, universitetlar va akseleratorlar haqidagi ma’lumotlarni yagona ma’lumotlar bazasida jamlab, ekotizim ishtirokchilari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Platforma orqali yangi startaplar ro‘yxatdan o‘tib, o‘z loyihalarini xalqaro hamkorlarga tanitish imkoniga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, investorlar uchun ham mintaqadagi istiqbolli texnologik kompaniyalarni kuzatish imkoniyati kengaygan. Ilg‘or startaplar O‘zbekiston startap bozori turli yo‘nalishlardagi kompaniyalarni o‘z ichiga oladi. Rivojlanayotgan startaplar: bito, Tilmoch, Paylov, Jobster, birbir, Verifix. Kengayib borayotgan kompaniyalar: zip24, unitlab, Finq, Delever, sales doctor. Yirik loyihalar: alif, IMAN, osen, Flexsoft, billz. Yuqori daromadli kompaniyalar: Uzum va TBC Bank (har biri $100 milliondan ortiq daromadga ega). Bu kompaniyalar asosan fintex, logistika, ta’lim texnologiyalari, raqamli savdo va sun’iy intellekt sohalarida faoliyat yuritadi. Innovatsion muhit shakllanmoqda Startaplarning keskin o‘sishi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatida innovatsion yo‘nalishga e’tibor kuchayganidan dalolat beradi. IT Park, Yoshlar texnoparklari, universitetlar va xususiy akseleratorlar o‘rtasidagi hamkorlik ekotizimni qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy omillar sifatida ko‘rsatilmoqda. Dealroom.co hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning texnologik ekotizimi hozir dunyodagi eng tez o‘sayotgan tizimlardan biridir. Bu holat mamlakatda innovatsiyalarni rivojlantirish, xalqaro sarmoyalarni jalb etish va yangi texnologik kompaniyalarni shakllantirish yo‘nalishida barqaror tendensiya kuzatilayotganini ko‘rsatadi.

28.9.2025 237

Sizga ehtirom – aziz ustozlar!

Ustozlik martabasi dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasb sanaladi. Ustoz har bir insonning kelajagi uchun tamal toshini qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham xalqimizning “ustoz otangdek ulug‘” degan ibratli o‘giti zamirida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromi mujassamdir. Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Binobarin, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar yechimida ilm-fanning hayot va amaliyot, ishlab chiqarish bilan o‘zaro uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi. E’tirof etish kerak, davlatimiz tomonidan, eng avvalo, uzluksiz ta’lim tizimi islohotlari asosida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga mas’ul muallim va professor-o‘qituvchilar faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bil’aks, jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda. Jumladan, yurtimizda har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab bayram tantanalari davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham sana munosabati bilan “Sizga ehtirom – aziz ustozlar!”  deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.  Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi. Tantanali marosimni Akademiya rektori Muzaffar Kamilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Talabalarga bilim va tarbiya berayotgan ustoz hamda murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga izzat-ehtirom ko‘rsatish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, islom dinining asl mohiyati, butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini yoshlarga har tomonlama chuqur va mufassal o‘rgatishda ustoz va murabbiylarning hissasi salmoqli ekanini qayd etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanalishini ta’kidlashdi. Tantanali marosimda “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori Ahadjon Hasanov hamda “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi dotsenti Mavluda Xodjayeva Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoyiligi va intellektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.  Rasmiy tadbirlardan so‘ng Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.  Xalqimiz qalbidan joy olgan san’atkorlarning qo‘shiqlariga bayram tadbiriga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.  Akademiyada tashkil etilgan tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.    

17.9.2025 322

Summer Media Camp 2025

Yoshlar ishlari agentligi va Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi hamkorligida Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq tumanida “Summer Media Camp 2025” media oromgohi tashkil etildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan media sohasiga qiziquvchi yoshlar hamda Agentlikning hududiy bo‘linmalaridagi matbuot kotiblari ishtirok etdi.   Oromgoh davomida ishtirokchilar media savodxonlikni oshirish, axborot siyosatidagi dolzarb mavzularni yoritish, foto va videokontent tayyorlash ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek PR va SMM bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.   Media oromgoh nafaqat ishtirokchilar uchun bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish maydoni bo‘ldi, balki hududiy matbuot kotiblari uchun ham kasbiy mahoratni oshirish, yoshlar bilan ishlash jarayonida samarali kommunikatsiya o‘rnatish va kreativ kontent tayyorlash bo‘yicha muhim tajriba maktabiga aylandi.

8.9.2025 348

Sudlar faoliyatida “raqamli sud” konsepsiyasi – qulaylik, yengillik va yangi imkoniyatlar

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda “raqamli boshqaruv” modeliga ustuvorlik berilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, o‘zaro integratsiyalashgan ixcham davlat boshqaruvi takomillashdi va yuridik va jismoniy shaxslarning har qanday davlat bilan bog‘liq munosabatlarida byurokratik to‘siqlar bartaraf etilib, barcha uchun qulay bo‘lgan imkoniyatlar yaratilmoqda. Xuddi shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-son Farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi tasdiqlandi va shu sanadan boshlab aniq rejalar va vazifalar asosida raqamlashtirish jarayonlari jadallashib bormoqda. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi doirasida sudlar faoliyatida ham raqamlashtirish jarayonlariga alohida e’tibor qaratildi hamda “Adolat” Axborot tizimlari kompleksi yaratildi. Mazkur tizim orqali sud prosessi ishtirokchilariga sudlarga onlayn murojaat qilish, sud majlislari va natijalarini onlayn kuzatib borish, sud muhokamasi haqida taraflarni sms yoki elektron pochtasi orqali xabardor qilish va boshqa shu kabi kabi qulayliklar joriy etilib, sud muhokamasida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-140-son Qarori sudlar faoliyatiga sun’iy intellektni keng joriy etish orqali raqamlashtirish borasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarning yangi davrini boshlab bermoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadlar esa, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish; fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish; sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish; Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish; sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha «Kiber huquq» yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish; iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish; “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdan iborat. Sudlar faoliyatiga “Raqamli sud” konsepsiyasi joriy etilishi natijasida: birinchidan: sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi; ikkinchidan: murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi; uchinchidan: ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi;to‘rtinchidan: taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi; beshinchidan: sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, shuningdek, ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuboriladi; oltinchidan: sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritiladi; yettinchidan: sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi; sakkizinchidan: sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi. “Raqamli sud” konsepsiyasini to‘liq joriy etilishini ta’minlash maqsadida 2025 — 2027-yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi ham tasdiqlandi. Mazkur dastur doirasida 2025-yil 1-dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish, 2025-yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish, 2026-yil 1-yanvardan boshlab «my.sud.uz» interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish, 2026-yil 1-martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyatini yaratish, 2026-yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi «Shaxsiy kabinet» platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqishni qamrab olgan muhim vazifalar belgilandi. Farmon doirasida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi natijasida sud protsessi ishtirokchilari uchun sun’iy intellekt yordamida sud bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishi, ma’lumotlar olishi hattoki sud muhokamasining taxminiy natijasini bilsh imkoniyati yaratilmoqda. Shuningdek, aksariyat hollarda sudga murojaat qilishda da’vogar yoki arizachi sudga to‘lanadigan davlat boji va sud xarajatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lmaydi. Mazkur Farmonda bunga ham alohida e’tibor qaratilib, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish vazifasi ham belgilandi. Xulosa qilib aytganda, sudlar faoliyatiga “raqamli sud” konsepsiyasi joriy etish orqali sud prosessi ishtirokchilariga har tomonlama qulaylik, yengillik va yangi imkoniyatlar yaratilishi ta’minlanishiga erishiladi.

3.9.2025 521

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida yangi o‘quv yili boshlandi

Talabalik inson hayotining oltin davri bo‘lib, cheksiz imkoniyatlar, ulkan maqsadlar sari olib boruvchi, zavq-shavqqa to‘lgan eng go‘zal pallasidir. Har bir fasl singari, har bir davrning ham o‘z fazilati va xislati bor. Ayni paytda yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” nomli “Talabalikka bag‘ishlov!” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Akademiya rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar, ota-onalar, Akademik litseyning o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi. Marosim O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya sadolaridan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Kamilov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi hamda 2025/2026-o‘quv yili bilan tabrikladi. Akademiya rektori o‘z tabrigida so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Yoshlarni oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilayotgani, bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanishini qayd etdi.  Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi. Bugungi kunda Akademiyada Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islomshunoslik fakultetlari, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”, “Ijtimoiy fanlar va huquq”, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO”, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi kabi 10 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Tadbir davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi Abdulhay Abdullayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etishdi. Shuningdek, marosimda talabalarning ota-onalari so‘z oldi. Akademiyaga yuqori ball to‘plab, o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Tadbir talabalar tomonidan ijro etilgan Vatan, istiqlol, yoshlikni tarannum qiluvchi kuy-qo‘shiqlar, she’rlarga ulanib ketdi. Tantanali marosim auditoriyalardagi “Mustaqillik darslari” bilan davom etdi.

27.7.2025 686

YOSHLAR GAROV MUNOSABATLARINI TUSHUNADIMI?

Mamlakatimizda kredit munosabatlari kirib bormagan xonadon mavjud emas. Ayniqsa, endigina tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan va o‘zining maqsadli biznes rejasiga ega yoshlar uchun kredit qulay imkoniyat hisoblanadi. Kredit beruvchi tashkilot (odatda bank) kredit majburiyatining bajarilishi – ta’minotni talab qiladi. Aksariyat hollarda likvidli mol-mulk zarur bo‘ladi. Kredit olishni maqsad qilgan shaxsda ta’minot uchun yetarli mol-mulki mavjud bo‘lmasa, kelishuvga asosan o‘ziga yaqin do‘st-birodaridan yordam so‘rab, unga tegishli mol-mulkni kredit ta’minoti sifatida rasmiylashtirishi mumkin. Bunday holatlar kundalik hayotimizda juda ko‘p uchraydi. “Garov to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni majburiyatlarni ta’minlash uchun berishi garov hisoblanadi. Zakalat, ipoteka, shuningdek, huquq garovi amaldagi qonunimizda garov turlari sifatida belgilangan. Tartibga ko‘ra, qarzdor (garovga qo‘yuvchi) kredit majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) bu majburiyat bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatidan boshqa kreditorlarga qaraganda imtiyozli suratda qanoatlantirilishiga, qonunda nazarda tutilgan tartibda, haqli bo‘ladi. Qonun bo‘yicha haqiqiy bo‘lgan har qanday majburiyatning: zayom, bank krediti, ijara, oldi-sotdi, yuklarni tashish va huquqning har qanday subyektlari (jismoniy va yuridik shaxslar, davlat) o‘rtasidagi boshqa majburiyatlarning bajarilishi garov bilan ta’minlanishi mumkin. Majburiyat pul birliklarida (milliy valyutada yoki chet el valyutasida) ifodalangan bo‘lishi lozim. Tadbirkor o‘ziga tegishli mol-mulkni boshqa shaxsning kredit ta’minoti uchun garovga quyish jarayonida buning oqibatlarini anglashi lozim. Garov huquqi garov to‘g‘risida shartnoma tuzilgan paytdan yoxud, basharti shartnoma notarial tasdiqlanishi shart bo‘lsa, notarial tasdiqlangan paytdan, shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘lganida esa u ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Garov shartnomasi rasmiylashtirilyotganda shartnoma shartlari bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Qonun talabi bo‘yicha boshqa shaxsning kredit ta’minoti uchun o‘z mol-mulkini kelishuv asosida garovga taqdim etgan shaxs kelajakda o‘zga shaxs o‘z kredit majburiyatini bajara olmay qolganida kredit mablag‘ini undirish garov ta’minotiga qaratiladi. 2025-yilning o‘tgan davrida Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudida tijorat banklarining kredit bilan bog‘liq 112 ta da’volari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning aksariyatida to‘lanmagan kredit qarzdorlini garov ta’minotiga qaratish so‘ralgan. Jumladan, bir holatda aksiyadorlik tijorat banki sudga da’vo arizasi kiritib, javobgar shaxsdan qariyb 80 000 AQSh dollari miqdorida kreditning foiz qarzdorligini undirish va undiruvni garov mol-mulklariga qaratishni so‘ragan. Javobgarning kredit ta’minoti sifatida o‘zining 2 ta turdagi ko‘chmas mol-mulki hamda yetarlicha ta’minoti bo‘lmagani uchun, boshqa yosh tadbirkorga tegishli issiqxona bino inshootlari (tadbirkorning roziligi bilan) garovga qo‘yilgan. Sud muhokamasida javobgar MChJ kredit mablag‘i foizini to‘lashning mikoniyati mavjud emasligini ma’lum qilgan. Natijada Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan 80 000 AQSh dollari miqdorida kreditning foiz qarzdorligini undirish va undiruvni barcha garov mulklari (qarzdor MChJning 2 ta ko‘chmas mulki va yosh tadbirkorning issiqxona bino-inshooti)ga qaratish yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilingan. Sudda yosh tadbirkor o‘zining tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish niyatida ekanligini, hozir iqtisodiy jihatdan yaxshi holatga kelganini va ayni garovga qo‘yilgan bino-inshootda issiqxona xo‘jaligi faoliyatini olib borayotganini, do‘sti – qarzdor MChJning qarzdorligini undirish uning mol-mulklariga qaratilsa, tadbirkorlik faoliyati o‘z nihoyasiga yetishi mumkinligini bayon qilgan. Biroq sud bunday holatda garov shartnomasi bo‘yicha kreditning bajarilmay qolgan majburiyati yuzasidan o‘zga shaxsga tegishli hamda qonun talablari asosida rasmiylashtirilgan garov (ipoteka) shartnomasi bo‘yicha undiruvni rad etishiga asoslar mavjud emas. Bunday amaliy misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ming afsuski, yosh tadbirkorlar garov (ipoteka) shartnomalarining huquqiy oqibatlarini tushunib-tushunmay tanishiga yaxshilik qilish maqsadida o‘z biznesini xohlamagan holda to‘xtatishga majbur bo‘lib qoladi. Amalda garov (ipoteka) shartnomalarini rasmiylashtirish qonunlar bilan tartibga solingan. Kredit tashkiloti bilan garov munosabatiga kirishishdan oldin, qonun hujjatlari bilan mukammal tanishib chiqish, uning oqibatlarini tushunib yetish va shundan keyingina so‘ralgan yordamni ko‘rsatish tavsiya etiladi.

2.7.2025 1102

Toshkent davlat yuridik universitetida 42 ta turli klub va loyihalar faoliyat yuritmoqda

Bugungi kunda jamiyatimizda sog‘lom va har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, yoshlarning ma’naviy va axloqiy kamoloti, huquqiy madaniyatini oshirish hamda vatanparvarlik ruhini shakllantirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi O‘zbekistonning ertangi kuni — bugungi yoshlarga, ayniqsa talabalar avlodiga bog‘liq. Ular biz orzu qilayotgan taraqqiyparvar, huquqiy, kuchli fuqarolik jamiyatining poydevorini hozirdan boshlab qurmoqdalar. Shunday ekan, bugungi talaba faqat bilim olish bilan cheklanmaydi. U – jamiyatning faol a’zosi, o‘z fikriga ega bo‘lgan, yuksak ma’naviyatli, mustahkam axloqiy tamoyillarga ega, qonunlarga itoatli, yurtga sadoqatli shaxs bo‘lishi kerak. Bu esa nafaqat oliy ta’lim muassasasining, balki butun jamiyatning ustuvor vazifasiga aylanmoqda. Buning amaliy ifodasi sifatida bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetida 42 ta turli yo‘nalishdagi klub va loyihalar faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri talaba yoshlarni har tomonlama rivojlantirish, ularni kasbga mehr bilan bog‘lash, Vatanga sadoqatli yurist sifatida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bu klublar orasida 13 tasi ijtimoiy, ijodiy va san’at yo‘nalishlariga ixtisoslashgan. Talabalar bu yerda she’r yozadi, spektakllar namoyish etadi, san’at orqali qonun, adolat va insoniylikni targ‘ib qiladi. Chunki huquq faqat paragraflar va moddalardan iborat emas – u tirik hayot, u san’at, u qalbni zabt etuvchi kuchdir. Yana 13 ta klub huquqiy va intellektual yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda. Bu yerda yoshlar bahs-munozaralar olib boradi, sud jarayonlarini modellashtiradi, yirik qonunchilik tizimlarini tahlil qiladi. Ular hozirda talabalar, lekin kelgusida sud zallarida, parlament majlislarida, xalqaro forumlarda davlat nomidan so‘z yuritadigan mutaxassislar bo‘lishadi. Amaliyotga ixtisoslashgan 6 ta klub esa talabalarni nazariyani hayotga tadbiq etishga o‘rgatmoqda. Talabalar ushbu klublar orqali sudlar, prokuratura idoralari, ichki ishlar bo‘limlari, advokatura tizimida o‘z amaliyotlarini o‘tamoqdalar. Ular jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislarida kuzatuvchi, ba’zan esa modellashtirilgan sud jarayonlarida sudya, prokuror yoki advokat sifatida qatnashmoqda. Bu ularga qonunni darslikdan emas, hayotdan o‘rganish imkonini bermoqda. Sud binosida o‘tgan bir kun – auditoriyadagi bir oylik darsga teng, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. TDYUda faoliyat yuritayotgan har bir klub va loyihada Vatanga muhabbat, millatga sadoqat g‘oyalari markazda turadi. Ular nafaqat yurt tarixini, balki bugungi islohotlarni, Prezident tashabbuslarini o‘rganadi, ularga o‘z munosabatini bildiradi, faollik ko‘rsatadi. Bu — kelajakda ular jamiyatga befarq bo‘lmaydigan, qonunni o‘z qalbi bilan himoya qiladigan yuristlar bo‘lishining poydevoridir. Shu bilan birga talabalarda ishbilarmonlik, jamoa bilan ishlash, hujjatlar bilan ishlash madaniyati shakllanmoqda. Ular jinoyat ishlari bo‘yicha tergov materiallarini tahlil qiladi, fuqarolik nizolarini yuridik nuqtai nazardan baholaydi, davlat va xususiy sektorda huquqiy tahlil o‘tkazishni o‘rganadi. Ularning faoliyati — bu akademik maqsad emas, balki xalq xizmatiga tayyorlanayotgan mutaxassisning hayot sabog‘idir. Universitet rahbariyati bu klublarni nafaqat rag‘batlantirmoqda, balki ularni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratmoqda. Har bir klubda malakali ustozlar, amaliyotchi yuristlar bilan uchrashuvlar, treninglar, seminarlar tashkil etilmoqda. Bunday yaqinlik, do‘stona muhit esa talabaning ishonchini, bilimga bo‘lgan ishtiyoqini, kasbga bo‘lgan muhabbatini yanada oshiradi. Talabalarning ma’naviy va axloqiy kamoloti, huquqiy savodxonligi va vatanparvarlik ruhini shakllantirish — bu bir kunlik emas, balki uzluksiz davom etadigan tarbiyaviy jarayondir. Bu yo‘lda har bir ustoz, ota-ona, jamiyatning har bir a’zosi o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim. Chunki ma’naviy barkamol, huquqiy madaniyatli va vatanparvar avlodgina ertangi O‘zbekistonni obod qiladi.                              

27.6.2025 1344

Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!

Keyingi yillarda yurtimizda yoshlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etishi uchun zarur imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Zero, yurt taraqqiyotini zamonaviy bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, yoshlarning iqtidorini aniqlash va uni rivojlantirish muhim masalaga aylangan. Ajdodlarimizning boy merosini o‘rganib, har taraflama yetuk, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan barkamol avlodni voyaga yetkazishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘zining navbatdagi bitiruvchilarini hayot yo‘lining yangi davri sari kuzatmoqda. Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Mazkur marosimda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov so‘zga chiqib, bitiruvchi talabalarga o‘z tilaklarini bildirishdi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar, Islomshunoslik va Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti hamda 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. 2024/2025-o‘quv yilida 309 nafar talaba bakalavriat hamda 95 nafar yigit-qiz magistratura bosqichini tamomlamoqda. Ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi yoshlar hamda faol talabalar taqdirlandi. Tadbir davomida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi talabalar hamda faol yoshlarga tantanali ravishda diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Samimiy va qizg‘in muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari so‘z olib, Akademiya rahbariyati va ustozlarga minnatdorlik bildirishdi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, QVZ dasturlari, talabalar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, mehmon san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, bitiruv tadbiri doirasida 2024-2025-oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotini taʼminlash maqsadida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi oʻtkazildi. Unda ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 10 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi. Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir guruh ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi.

22.6.2025 1513

“Dolzarb 90 kun”lik faol davom etmoqda

Qarshi shahar 19-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish maqsadida “Dolzarb 90 kun”lik keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Hozirda maktabda voleybol, shaxmat, shashka, stol tennisi kabi sport to‘garaklari bilan birga, musiqa, texnologiya, rus tili, kitobxonlik, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlarida ham mashg‘ulotlar faol tashkil etilgan. Haftalik reja asosida: Dushanba – “Yosh kitobxonlar kuni” Seshanba – Boshlang‘ich ta’lim fanlariga oid mashg‘ulotlar Chorshanba – Musiqa darslari va to‘garaklari Payshanba – Rus tili fani mashg‘ulotlari Juma – Sportga boy kun: voleybol, shaxmat va shashka Shanba – Texnologiya faniga oid amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Ota-onalar farzandlarining faol ishtirokidan mamnun bo‘layotgan bo‘lsa, o‘quvchilar yangi bilim va ko‘nikmalarni zavq bilan o‘zlashtirmoqda.“ Dolzarb 90 kun” doirasidagi bunday tashabbuslar nafaqat maktabda, balki butun Qarshi shahrida yoshlarning faol va sog‘lom hayot tarzini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

26.5.2025 2019

“Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalari o‘tkazildi

Yurtimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni har jihatdan yetuk va komil insonlar sifatida ulg‘aytirishga yuksak darajada e’tibor qaratilmoqda. Bu borada sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Keyingi yillarda mazkur jabhada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Aholi, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham ilk marotaba “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalari hamda “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi yoshlar bilan ochiq muloqoti doirasida berilgan topshiriqlari, shuningdek, 2025-yil 21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2025-yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Sport musobaqalari O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarni tashkil etishdan maqsad oliy va diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga va jismoniy faollikka jalb qilish, ta’lim muassasalari o‘rtasida sportni targ‘ib qilish va do‘stona aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Musobaqalar orqali talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va do‘stlik muhiti shakllantiriladi. Dastavval sport musobaqalarining ochilish marosimi o‘tkazilib, hurmatli mehmonlar, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda oliy diniy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari va mas’ullari ishtirokida ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov hamda Sport vaziri Adham Ikramov kirish so‘zi bilan ochib berdilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahridan turib ZOOM platformasi orqali tabrik nutqini yo‘lladilar. Tadbirda “Ziyo-zukko” NTM o‘quvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari, “Yangi O‘zbekiston” qo‘shig‘i asosida Akademiya talaba-qizlarining ko‘rgazmali chiqishi namoyish etildi. Sport festivali doirasida “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ham bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston talabalar sporti assosiatsiyasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Mazkur sport festivalida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Akademiya qoshidagi akademik lisey, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Imom Termiziy nomidagi Termiz islom instituti talabalari ishtirok etdi. Jamoalar mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashishdi. Shuningdek, talabalar o‘rtasida milliy o‘yinlar – kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi bahslar ham o‘tkazildi. Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

14.5.2025 2426

Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori

Bugungi globallashuv davrida taraqqiyotning yuksak marralarini koʻzlab intilayotgan har bir davlat oldida yoshlarning qalbi va ongini yot gʻoyalardan asrashdek muhim vazifalar ustuvor boʻlib turibdi. Bunga erishish uchun, avvalo, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish lozim. Yurtimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod va bu ularga oid masalalar bilan ishlashda yangicha yondashuv va talablarni yuzaga chiqarmoqda. Jamiyatimizdagi islohotlar jarayonida bu masalalarga ustuvor ahamiyat berilayotgani navqiron avlodni ertangi kunimizning munosib davomchilari etib tarbiyalashda muhim omil boʻlayotir. Ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ustuvor masala sanaladi. Mehnat bozorida yoshlarga munosib ish oʻrinlarini topib berish mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 2024-2025-oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotini taʼminlash maqsadida “Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi oʻtkazildi. Tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida yoshlar – kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash esa davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini qayd etdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirilganini e’tirof etdi. Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karyera kuni” uchrashuvning oʻtkazilishi muntazamlik kasb etgan. Tadbirda Akademiyaning Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik va Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetlarining bakalavriat yo‘nalishi bitiruvchi talabalari ishtirok etdi. Darhaqiqat, yoshlar – ertamiz egalari. Bu borada joriy yilning 14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda ham bejiz yoshlarni xalqimizning oltin fondi deb atamadilar. Mazkur muloqotda 2025-yilda O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilishi ta’kidlandi. “Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi? Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar!”, dedi davlatimiz rahbari. 2024-2025-oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasini 309 nafar talaba bakalavriat va 95 nafar yigit-qiz esa magistratura bosqichini tamomlamoqda. Akademiyada Islomshunoslik, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. Hamkor tashkilotlar ko‘lami esa yil sayin ko‘payib bormoqda. Hozirgi kunga kelib, Akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangan. Taʼkidlash joizki, globallashuv davrida zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shu bois, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida koʻplab yangiliklar amalga oshirildi. Talaba-yoshlar xalqaro taʼlim standartlari asosida tahsil olmoqda. Ularga oʻz sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda oʻz moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro taʼlim standartlari asosida taʼlim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda. Bitiruvchilarni munosib ish oʻrni bilan taʼminlash maqsadida hozirda ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti. Rasmiy marosimlardan soʻng ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 70 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti,  O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Alfraganus universiteti va boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdilar. Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir guruh ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi. Shundan so‘ng ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Shu kunning o‘zida talabalar bilan mehnat shartnomalari tuzildi. Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bugungi tadbir esa ana shu ishlarning amaliy davomi hisoblanadi.

4.3.2025 3778

Oilaviy qadriyatlarga bag‘ishlangan mural

Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi jamiyatning ma’naviy va madaniy qadriyatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Yangihayot tumani hokimligi ko‘magi, “Ziyo Forum” fondi va “BI Group” qurilish xoldingining hamkorligida yangi mural yaratildi. Ushbu san’at asari shaharni bezash bilan birga, oilaning bebaho o‘rni, avlodlar davomiyligi va an’anaviy qadriyatlarning ahamiyatini eslatib turuvchi ramziy ifodadir. Ushbu mural avloddan avlodga avaylab o‘tib kelayotgan oilaviy qadriyatlarning haqiqiy aksidir. Unda samimiy lahza muhrlangan: yosh ayol mehrli, iliq tabassum bilan stulda turgan kichkina qiziga qaramoqda. Qizaloq go‘yo onasiga uy ishlarida yordam berishga tayyorlanayotgandek tuyuladi, bu esa mehnat, muhabbat va hurmat ramzidir. Quyoshning nurlari bilan yoritilgan derazadan qurilayotgan shahar manzarasi ko‘rinib turibdi - bu jadal rivojlanayotgan Toshkentning qiyofasidir. Eng asosiysi, kompozitsiya uy iliqligi, samimiyat va oilaviy munosabatlarning nafis uyg‘unligini aks ettiradi. Sharqona naqshlar zamonaviy detallar bilan birlashib, o‘tmish va bugunning uyg‘unligini aks ettiradi. To‘q ko‘k ranglar rasmga chuqur ma’no bag‘ishlab, xotirjamlik va ishonch hissini uyg‘otadi. Ular oilaning birligi haqiqiy kuch ekanligini eslatadi. Bu manzaraga qaragan har bir inson uni kutayotgan uyini, mehribon yaqinlarini va haqiqiy baxt oddiy, lekin samimiy lahzalarda ekanini eslaydi. Bu rasm ilhom bersin, birlashtirsin va eslatsin: oila – bizning tayanchimiz va nurimiz. Ezgulikka undovchi san’at Murallar – bu shunchaki ko‘cha rasmlari emas, balki shahar muhitiga jon bag‘ishlaydigan kuchli san’atdir. Ular e’tiborni tortib, devorlarni rang-barang qiladi va madaniyat hamda qadriyatlar haqida so‘zlaydi. Loyiha ijodkorlari ushbu mural shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, oilaviy qadriyatlar va avlodlar davomiyligini aks ettiruvchi timsol bo‘lishiga ishonadi.

4.3.2025 3776

BILIMLAR BELLASHUVI

Yangi O‘zbekistonda yosh avlodning ilmga intilish va ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ularning qalbida Ona Vatanimiz, xalqimizga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, barkamol shaxsni tarbiyalash, kitobga bo‘lgan muhabbatini kuchaytirish, kursantlarning intellektual mantiqiy bilimini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimizning “Zahmatli mehnati orqali orzu-umidlari ushalgan inson – eng baxtli insondir. Shuning uchun doimo balandlarga intiling, ezgu maqsadingiz uchun kurashing. Doimo o‘qing-o‘rganing, o‘zingizga ishoning, kashfiyotlar qiling, yangiliklar yarating, oldinga dadil qadam tashlang”. – deya aytgan so‘zlari yoshlarimizga dastur amal bo‘lib kelayotir. Bu borada, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ham kursantlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda yoshlar o‘rtasida milliy istiqlol g‘oyasi va birdamlikni ta’minlash, intellektual sog‘lom raqobatni yuzaga keltirish, yoshlarning bilimga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, oliy harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan zakovatli yoshlar bilan fikr almashish imkoniyatini yaratish hamda yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan keng qamrovli intellektual o‘yinlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, joriy yilning 28-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganligining 29 yilligi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi harbiy xizmatchilari va kursantlari o‘rtasida “Zakovat” arenasida “Zakovat” intellektual o‘yini yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur “Zakovat” intellektual o‘yinida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul vakillari, FVV Akademiyasi rahbariyati, “Zakovat” nodavlat-notijorat tashkiloti mas’ul xodimlari, Akademiya orkestri, professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan ushbu “Zakovat” intellektual o‘yini avvalo davlat madhiyasi bilan Akademiya orkestri jamoasining kuy-navolari ostida boshlandi va shu bilan birga Akademiya harbiy xizmatchilari va kursantlaridan tarkib topgan 30 ta jamolar o‘rtasidagi chinakam bilimlar bellashuvi bo‘lib o‘tdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qiziqarli o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yini nizom talablari asosida zakovat nodavlat notijorat tashkiloti mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan ikki turdagi 24 ta savollardan iborat shartlar bo‘yicha adolatli baholanib borildi. Mazkur “Zakovat” intellektual o‘yining yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan jamoa “Eksperiment” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi, faxrli ikkinchi o‘rinni “Kapitanlar” jamoasi egallagan bo‘lsa, faxrli uchinchi o‘rin esa “Universal” jamoasiga nasib etdi. Yakunda g‘olib va sovrindorlar Akademiya rahbariyati tomonidan Akademiya boshlig‘ining kubogi, diplom va tashakkurnomasi hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan tantanali taqdirlandilar.