Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR HAYOTI

8.9.2025 292

Bilim va tashabbus

Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlari orasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsion tashabbuslar bilan uyg‘unlikda rivojlanayotgan yoshlar safi kengayib bormoqda. Ularning intilishi, bilimga chanqoqligi va tashabbuskorligi mamlakatimizda huquqiy tafakkurni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shunday yoshlar safida o‘zining bilimdonligi, tashabbuskorligi va huquqiy texnologiyalarni targ‘ib etishdagi izlanishlari bilan ajralib turganlardan biri Shohjahon Abdusattorovdir. Shohjahon Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qishni boshlaganidan boshlab faqat dars jarayonlari bilan cheklanib qolmadi. U o‘zini tashabbuskor, faol va yangilikka intiluvchi talaba sifatida namoyon etdi. Talabalik davrida uning eng muhim tashabbuslaridan biri “Zukko Yurist” loyihasi bo‘ldi. U asos solgan ushbu tanlov qisqa vaqt ichida universitet doirasidan chiqib, respublika miqyosiga yoyildi. Ikki yil davomida muntazam tashkil etilgan loyihada 10 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Tanlov nafaqat universitetda, balki yuridik litseylar, Temurbeklar maktablari va boshqa ta’lim muassasalarida ham o‘tkazildi. “Zukko Yurist” o‘ziga xosligi bilan alohida e’tibor qozondi. Bu tanlovda huquqiy bilim, mantiqiy tafakkur va badiiy adabiyot uyg‘unlashgan bo‘lib, yosh huquqshunoslar uchun amaliy maktab vazifasini bajardi. Loyiha orqali ko‘plab talabalar huquqiy bilimlarni o‘zlashtirish, mantiqiy mushohada qilish va badiiy asarlardan huquqiy xulosalar chiqarishni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Qahramonimizning universitetdagi faoliyati va yetakchilik qobiliyati 2022-yilda yuksak darajada e’tirof etildi. U talabalarning ilmiy, ijtimoiy va tashabbuskorlikdagi muvaffaqiyatlarini saralovchi “Yil talabasi” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu unvon yuridik sohada bilim, tashabbus va ijtimoiy faollikni o‘zida mujassam etgan eng ilg‘or talabalar safini belgilab beruvchi mukofot sifatida qadrlanadi. Shohjahonning intellektual salohiyati talabalikdan tashqari maydonlarda ham o‘z ifodasini topdi. U bir nechta intellektual shoularda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu natija uning keng dunyoqarashi va tezkor fikrlash qobiliyatini ko‘rsatgan kichik, ammo ahamiyatli sinovlardan biri bo‘ldi. 2023-yilda u Toshkent davlat yuridik universitetini a’lo darajada tamomlab, xalqaro miqyosda ham muvaffaqiyat qozondi. Shohjahon dunyoning “Top – 100” oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirgan AQShdagi Pensilvaniya davlat universiteti magistraturasiga 80 foizlik grant asosida qabul qilindi. Bu bosqich uning huquqiy bilimlari xalqaro standartlarda ham o‘z qiymatiga ega ekanini isbotladi. Magistrlik izlanishlarida Shohjahon ilmiy qiziqishini intellektual mulk huquqi va sun’iy intellekt sohalarining kesishgan nuqtasiga qaratdi. Bu yo‘nalish bugungi kunda huquq va texnologiya integratsiyasining eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Shohjahon Abdusattorov o‘z tashabbuslarini nafaqat ta’lim jarayonida, balki huquqiy-innovatsion sohada ham davom ettirdi. U yaratgan Zukkoyurist.uz blogi bugungi kunda huquqiy bilimlarni keng jamoatchilikka yetkazib berayotgan eng faol platformalardan biri sifatida shakllandi. Ushbu sayt orqali intellektual mulk huquqi, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq dolzarb maqolalar e’lon qilinib, yoshlarga hamda huquqshunoslarga bilim manbayi bo‘lib xizmat qilmoqda. Platforma yosh mutaxassislar uchun o‘z ilmiy izlanishlarini chop etish maydonini ham yaratib berayotgani bilan ham ahamiyatli. Uning innovatsion faoliyatidagi yana bir muhim qadam “Zukko AI” sun’iy intellekt chatbotini ishlab chiqishi bo‘ldi. Ushbu tizim O‘zbekiston va AQSh qonunchiligi bo‘yicha foydali ma’lumotlarni interaktiv tarzda taqdim etishga xizmat qiladi. Chatbot foydalanuvchilarga murakkab huquqiy matnlarni sodda va tushunarli shaklda tushuntirib berish orqali huquqiy tafakkurni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Bu tashabbuslar huquq va texnologiya integratsiyasida yangi ufqlarni ochib beryapti. Hozirda qahramonimiz aynan ushbu ikki sohaga e’tibor qaratib, huquqiy tizimni raqamli yechimlar orqali samarali va ommabop qilish yo‘lida izlanishlar olib bormoqda. Bugungi kunda Shohjahon Abdusattorov talabalik davrida boshlangan tashabbuslarini xalqaro yutuqlar, ilmiy izlanishlar va texnologik loyihalar bilan boyitib kelayotgan yosh yetakchilardan biridir. Uning faoliyati bir narsani yaqqol ko‘rsatadi: bilimga chanqoqlik, qat’iyat va tashabbuskorlik yoshlarni shaxsiy muvaffaqiyat hamda jamiyat taraqqiyoti sari ham yetaklaydi.

6.8.2025 521

Huquq va texnologiya integratsiyasi

Yoshlar orasida bor bilimini amaliyotga yo‘naltirayotganlar ko‘p. Ulardan ayrimlari biror sohada tajriba orttiribgina qolmay, shu sohaning imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qiladi. Ba’zida o‘qish davridanoq o‘z g‘oyalari bilan ajralib turadi, o‘rganishga shunchaki majburiyat emas, ehtiyoj deb qaraydi. Jamshid Turdibekov ana shulardan biri. U 2023-yili Toshkent davlat yuridik universitetini tamomladi. Talabalik davri yutuqlarga boy bo‘ldi: 2022-yilda “Yil talabasi” tanlovida “Yilning eng faol ixtirochi innovatori” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Talabalarning “Technoways” AT marafonida 1-o‘rinni egalladi. Universitetning “Uzbek Journal of Legal Studies” blogpostlar tanlovida ketma-ket ikki yil g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘qishdan tashqari vaqtlarida Respublika ijtimoiy-axborot markazi qoshidagi “Istiqbolli avlod” tashkilotida bir necha xalqaro loyiha ustida ishladi. Jumladan, Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV) hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti GIZ bilan hamkorlikda olib borilgan dasturlarda loyiha koordinatori sifatida ishtirok etdi. Bu faoliyat yoshlarda huquqiy ong va tafakkurni shakllantirishga xizmat qilgan. Bularning barchasi faqat ijtimoiy yoki akademik faoliyat bilan bog‘liq emas. Jamshid huquqshunoslik bilan birga Python dasturlash tilini ham mustaqil o‘rgandi. U bu ikki soha – huquq va texnologiyani bir-biriga bog‘lashni maqsad qilgan. Universitetda o‘qib yurgan paytida huquq va texnologiyalarni bir-biriga bog‘lash g‘oyasi amaliy shaklga aylana boshladi. Jamshid Turdibekovning bu yo‘nalishdagi ilk tashabbusi “Legal Point” loyihasi edi. Bu oddiy nazariy g‘oya emas, balki real muammoga yechim topish uchun ishlab chiqilgan tizimdir. “Legal Point” telegram platformasida ishga tushirilgan chatbot bo‘lib, foydalanuvchilarga Jinoyat kodeksi asosiy qismining uchinchi bo‘limi doirasidagi savollarga avtomatik javob berishga mo‘ljallangan. Chatbot qonun matnlarini oddiy, tushunarli va tezkor shaklda yetkazish bilan ajralib turgan. Uning asosiy afzalligi inson aralashuvisiz, qonunchilikka asoslangan aniq va tizimli javoblarni taqdim etish edi. “Legal Point” katta auditoriyaga mo‘ljallangan emasdi. Lekin u bu orqali huquqni innovatsion yondashuv bilan ko‘rsatish mumkinligini amalda isbotladi. Jamshid Turdibekov universitetni tamomlagach, o‘z izlanishlarini xorijda davom ettirdi. AQShdagi nufuzli Penn State universitetida magistratura bosqichini tugatdi. Bu yerda u huquqiy texnologiyalar, axborot daxlsizligi va maxfiylik huquqi yo‘nalishida tahsil oldi. O‘qish jarayonida o‘rganganlarini amaliyotda sinab ko‘rishga harakat qildi. “Legal Point” bilan boshlangan tajriba endi yangi bosqichga o‘tdi. Magistrlik o‘qishi davomida Jamshid “LEX-E” deb nomlangan chatbot loyihasini ishlab chiqdi. Bu tizim huquqiy axborotni oddiy odamlarga tushunarli shaklda taqdim etishga tayanadi. Loyiha g‘oyasi “International Association of Privacy Professionals” (IAPP) tashkil etgan maxsus sertifikatlash kursi CIPP/US yo‘nalishida o‘qiyotgan vaqtida shakllangan. Aynan shu tayyorgarlik jarayoni AQShdagi murakkab huquqiy muhitga e’tibor qaratishga undagan. AQShda axborot maxfiyligi bo‘yicha yagona federal qonun yo‘q. Har bir shtatning o‘ziga xos qonunlari mavjud. HIPAA (sog‘liqni saqlash sohasida), CCPA (iste’molchilar ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha Kaliforniya qonuni) kabi normativ hujjatlar mavjud, lekin ularni anglash, farqlash, qo‘llash oddiy foydalanuvchi uchun murakkab. Jamshid ishlab chiqqan LEX-E chatboti shu muammoni hal qilishga qaratilgan. LEX-E foydalanuvchiga huquqiy maslahat bermaydi. U qonunlarni sharhlamaydi va qaror chiqarmaydi. Biroq tizim yordamida foydalanuvchi o‘z huquq va majburiyatlarini anglaydi, muayyan vaziyatda qanday harakat qilish zarurligini tushunadi. Chatbot qonunlarga asoslangan holda sodda, mantiqli va aniq ma’lumot beradi. Bu uni nafaqat huquqshunoslar, balki oddiy internet foydalanuvchilari uchun ham qulay vositaga aylantiradi. LEX-E oddiy texnik yechim emas, ishlab chiqilish jarayonida zamonaviy sun’iy intellekt usullaridan foydalanadi. Ayniqsa, bu tizimda “prompt engineering” deb ataladigan yondashuv muhim rol o‘ynagan. Boshqa chatbotlar foydalanuvchi savoliga umumiy ma’lumot yoki taxminiy javob bilan kifoyalansa, LEX-E aniq va kontekstga mos javob berishga intiladi. Bunda huquqiy tahlilga oid IRAC – Issue, Rule, Application, Conclusion metodologiyasi asos qilib olingan. Bu metod AQShning ko‘plab huquq maktablarida o‘rgatiladi va savollarga tizimli, tushunarli va izchil javob berishning huquqiy modeli hisoblanadi. Ayni paytda LEX-E loyihasi O‘zbekiston bilan ham bog‘lanmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Legal Tech laboratoriyasi va 2025-yil kuzida tashkil etilishi rejalashtirilgan sun’iy intellekt laboratoriyasi bilan hamkorlikda loyihani joriy etish masalasi bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Yana bir jihat shuki, LEX-E faqat g‘oya yoki texnik prototip emas. Uni to‘laqonli startapga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Investitsion grantlar, akseleratsiya dasturlari va hamkorlik loyihalari orqali bu tizimni kengroq auditoriyaga taqdim etish maqsad qilingan. Jamshid Turdibekov kabi huquq, texnologiya va innovatsiyalar chorrahasida faoliyat yuritayotgan yoshlar tobora koʻpaymoqda. Ular zamonaviy muammolarga amaliy yechimlar taklif qilyapti. Eng muhimi, bu yoshlarda tashabbus, fikr, harakat bor.

1.7.2025 861

“ZIYO FEST” FESTIVALI KATTA SHUKUH BILAN O‘TKAZILDI

“ZIYO FEST” FESTIVALI KATTA SHUKUH BILAN O‘TKAZILDI28-iyun kuni poytaxtimizdagi “Ziyo Forum” fondi yoshlar markazida yoshlar uchun navbatdagi yirik, mazmunli va ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir — “Ziyo Fest” festivali bo‘lib o‘tdi.Festival Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etildi. Maqsad yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olish, o‘z ustida ishlash va jamiyatdagi o‘rnini topishga intilishlariga rag‘bat berish.Tadbirda 500 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Festival doirasida blogerlar, ijodkorlar, xususiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, marketing, innovatsiya va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, shuningdek, yoshlar siyosati faollari ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqotlar, tajriba almashishlar, master-klasslar o‘tkazdi.Festival nafaqat bilim va tajriba makoni, balki zavqli hordiq, yangi do‘stlar, unutilmas xotiralar maydoni bo‘ldi. Qatnashchilar uchun qiziqarli o‘yinlar, sovg‘ali tanlovlar, salqin ichimliklar va yengil taomlar bilan bezatilgan dam olish joylari ham tashkil etilgan edi. Ayni shu o‘yinlarda faol ishtirok etgan yoshlar aqlli soatlar, vaucherlar va boshqa qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritishdi.“Ziyo Fest” – bu shunchaki tadbir emas. Bu har bir yosh o‘zini kashf qilishi, imkoniyatlarga eshik ochishi va kelajak sari dadil qadam tashlashi uchun tashkil etilgan haqiqiy ilhom festivali bo‘ldi.Ziyo Forum – ilm-fan va ta’lim-tarbiya yo‘lida yoshlarni har doim qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

28.1.2025 4229

Xitoy universitetida o'qish osonmi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda qariyb 110 ming o‘zbekistonlik talaba chet elda tahsil olyapti. Dunyo miqiyosida esa oxirgi 20 yilda o‘qish uchun xorijga ketganlar soni 2,2 milliondan 6,39 millionga yetgan. Ko‘rinib turibdiki, boshqa davlatda ta’lim olish istagida bo‘lganlar soni kam emas. Xorijda o‘qishni niyat qilganlarning ko‘pchiligi aynan qaysi universitetni tanlash, to‘g‘ri hujjat topshirish, suhbat jarayonida nimalarga ko‘proq e’tibor berish, qanday qilib grant yutish, tanlagan universitetining o‘qitish metodikasi va talabalar uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi kabi savollarga duch keladi. Chet elda tahsil olayotgan talabalardan bu savollarga javob olishga harakat qilamiz. – Yoshim 20 da, – deydi Xitoyning Hangzhou Normal universiteti talabasi Samandar Sayfutdinov. 8-9-sinfda o‘qib yurgan paytlarim bir kun kelib chet elda o‘qishimni ko‘p o‘ylardim. Keyinchalik buni maqsadga aylantirib, o‘qishga kirish uchun harakatni boshladim. Bu harakat, albatta, ingliz tilini o‘rganishdan boshlandi. Chuqurroq o‘rganish va fikrlarimni bemalol ifodalay olishimga 1 yildan kamroq vaqt ketdi. Hozir “Hangzhou Normal university”ning kompyuter savodxonligi va texnologiyasi yo‘nalishida tahsil olyapman. Ha, aytgancha, bu soha ham men uchun begona emas. Bir necha yillardan beri meni o‘ziga tortib kelayotgan yo‘nalishni tanlaganman. – Keling, universitetda o‘qish uchun ilk qadam – hujjat topshirish haqida gaplashsak. Bugungi kunda ko‘pchilik hujjat topshirishda qiynaladi. Bu jarayon sizda qanday kechgan? – Hujjat topshirishning alohida qoidalari bor. Menga akam yordam bergan. Chunki ancha yillardan beri boshqa abituriyentlarga ham yordam berib kelardi. O‘zim topshirishga tavakkal qila olmaganman va undan yordam so‘raganman. Chunki hujjat to‘g‘ri topshirilmasa, o‘qishga kirish ko‘rsatkichi ancha pasayadi. Lekin o‘zingiz ham bu jarayonda to‘liq ishtirok etishingiz va hamma narsaga e’tibor berishingiz kerak. Negaki, bu sizning hujjatlaringiz bilan bog‘liq masala va buni shunchaki ishonib, topshirib qo‘yib bo‘lmaydi. Sizdan talab qilinadigan asosiy hujjatlar bu – shahodatnoma yoki kollej diplomi, agar til sertifikatingiz bo‘lsa, o‘sha sertifikat. – Siz tahsil olayotgan universitetga kirish uchun imtihon qay tartibda o‘tkaziladi? O‘zingiz imtihonni qay darajada topshira olgansiz? – Menda til sertifikati bo‘lmaganligi sababli suhbat orqali qabul qilinganman. Suhbat to‘liq ingliz tilida bo‘lgan. Bundan qo‘rqishning hech hojati yo‘q. Chunki aniq maqsad qo‘ygan har bir abituriyent bu suhbatdan qiynalmay o‘ta oladi. Savollar ham juda oddiy: qaysi yo‘nalishda o‘qishni xohlashingiz va nima uchun aynan shu yo‘nalishni tanlaganingiz hamda bu universitetni tanlashga sizni nimalar undagani haqida bo‘ladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha qobiliyatlaringiz, shahodatnomadagi baholaringizga alohida e’tibor beriladi. Suhbatdan ijobiy o‘tganlar esa “scholarship”, ya’ni grant yutish imkoniga ega bo‘ladi. – “Scholarship” haqida ma’lumot bersangiz. Bu talabaga qanday imkoniyat yaratadi? – “Scholarship” universitetda bepul ta’lim olish huquqini beradi. Darsda qatnashish foizi – davomat masalasi, baholarning pasayib ketishi, universitet ichki tartib-qoidalariga rioya qilmaslik kabi salbiy harakatlar sizni bu grantdan mahrum qilishi mumkin. Ushbu grant bir yilga beriladi va siz bir yil davomida kelasi yilgi grant uchun yuqorida aytilgan a’lo baho, davomat va tartib qoidalariga to‘liq rioya qilishingiz kerak. Menga bu tartib yoqadi. Chunki ortiqcha pul sarflab o‘qishni hech kim istamaydi, ko‘pchilik bepul ta’lim olishga harakat qilib, barcha shartlarni a’lo darajada bajarishga harakat qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan tartib-intizomning davomiyligiga sabab bo‘ladi. – Shu o‘rinda o‘qitish uslubiga to‘xtalsak. O‘zbekistonlik abituriyent va talabalar uchun bu juda qiziq. – Universitetimizda o‘qitish uslubi menimcha juda oddiy. Har bir darsimiz davomida xuddi O‘zbekistondagi maktablarda o‘tiladigan darslar kabi ustoz bilan bemalol muloqot qilish mumkin. Ya’ni ma’ruza va seminar mashg‘ulotlariga ajratilmagan. Maktabdan farqli tarafi talabalar savol berishdan qo‘rqib jim o‘tirmaydi. Bemalol o‘qituvchi bilan fikr almashish, amaliy mashg‘ulotlar bajarish imkoni mavjud. Talabalar ham darsda qatnashgani, berilgan savol va masalalarni bajara olishi orqali baholab boriladi. Bundan tashqari, bir semestrda bir necha marotaba oraliq nazorat ishi bo‘lib o‘tadi va baholanadi. – Har bir davlatning iqlimi, urf-odatlariga mos milliy taomlari bo‘ladi. Boshqa davlat vakillari bu taomlarning barchasini ham yeyolmaydi. Shunga o‘xshash noqulayliklarni inobatga olgan holda xorijlik talabalar uchun maxsus taomnoma yoki oshxona mavjudmi? – Albatta. Musulmonlar uchun halol taomlar tayyorlanadigan oshxonalar bor. Ko‘chadagi oshxonalarga nisbatan ancha arzon. Bundan tashqari, Universitetimiz talabalar turar joyining har juft qavatida o‘zlari ovqat tayyorlashi uchun oshxona bor. Unda o‘zingiz xohlagan taomni tayyorlash imkoni bor. – Talabalar turar joyi haqida so‘z ochdingiz. Mavzudan uzoqlashmay, yotoqxona sharoitlari, narxlari va qulayliklari haqida aytib bersangiz. – Universitet hududida maxsus transportlar mavjud. Yotoqxonadan dars xonalariga olib boradi. Masalan, kichik aftobuslar, skuter va velosipedlar. Sababi universitet hududi ancha katta. Talabalar turar joyi ham shunga mos 14 qavatli binolar. Xorijlik talabalar alohida binoda yashaydi. Uch turdagi yotoqxona bor. Kattaligiga qarab bir-biridan farq qiladi. Har bir xona yuvinish xonasi, televizor, muzlatkich, sovutkich, internet va boshqa kerakli jihozlar bilan ta’minlangan. Eng yaxshi tomoni, xonalar bir kishi uchun mo‘ljallangan. Faqat eng katta xonalardan odatda 2 kishi foydalanadi. Tabiiyki, narxlar ham xonaning katta kichikligiga qarab o‘zgaradi. Eng kichik xona narxi 1 yil uchun 7 ming yuan, bu taxminan 12 million so‘mga to‘g‘ri keladi. Lekin xohishga ko‘ra oylik va kunlik to‘lov qilish ham mumkin.

10.1.2025 4398

Yoshlar bilan samarali uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilmoqda

Umumta'lim maktablarida qishgi ta'til davom etmoqda. O'zbekiston bolalar tashkilotining "Kreativ ta'til" loyihasi doirasida joylarda turli qiziqarli ma'rifiy suhbatlar, sport va intelektual o'yinlar bo'yicha musobaqalar o'tkazilmoqda. Toshkent viloyati yoshlarining yetakchisi Nodir Xojiev Bekobod tumanida bo'lib, ta'tilni maroqli o'tkazayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Shuningdek, Bekobod shahri va tumanida yoshlar uchun davlat siyosatini amalga oshirish borasida o'tgan yil yakunlari, joriy yil uchun rejalar yuzasidan fikr almashildi. Bu boradagi ijobiy tajribalar va kamchiliklar tahlil qilindi. Xuddi shunday muloqotlar Nurafshon shahri, Piskent va O'rta Chirchiq tumanida ham o'tkazildi.

12.12.2024 5172

QUYOSH SHARQDAN CHIQADI!

Joriy yil boshidan Sharq mahallasida yoshlar yetakchisi sifatida ish boshladim. O‘tgan qisqa vaqt men uchun juda qimmatli tajriba bo‘ldi. Xatlov jarayonida aniqlangan 806 nafar yoshning ko‘plab muammolarini hal qilishga hissa qo‘shdim, bir nechta yangi loyihalarni boshladik. “Besh tashabbus olimpiadasi”da ro‘yxatdan o‘tgan 1095 nafar yoshning 66 foizi musobaqalarda ishtirok etdi. 5 nafar ishsiz yoshni daromadli qilish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqilib, ular kasb-hunarga o‘qitildi. 3 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskuna taqdim etildi, 2 nafariga tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit ajratildi. Migratsiyadagi 6 nafar yoshdan 3 nafari yurtimizga qaytarilib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘llanma berildi. Yil boshida “og‘ir” toifadagi yoshlar soni 6 nafar edi. Biriktirilgan tashkilotlar ko‘magida ularning barchasini bu toifadan chiqarishga erishdik. Mahallamiz yoshlari iqtidor va iste’dodi bilan ajralib turadi. Ularni qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini oshirishga doir chora-tadbirlarni doimiy amalga oshirib kelmoqdamiz. Sharq mahallasi yoshlari shunday shior ostida birlashgan: “Quyosh har doim Sharqdan chiqadi!”. Jasurbek Komilov Toshkent tibbiyot Akademiyasida tahsil oladi. Shu yil sentabrda u Moskva shahrida o‘tkazilgan “Yevrosiyo yetakchilari” xalqaro forumida dunyoning “Top-50 lider” yoshlari safidan joy oldi. Jasurbek forumda mehmoni – mashhur bokschi Nikolay Valuyevga do‘ppi sovg‘a qilib, ijtimoiy tarmoqlarda “Nikolay Valuyevga do‘ppi kiydirgan yigit” sarlavhasi bilan mashhurlikka erishdi. Madinabonu Akramova Toshkent davlat Texnika universiteti magistranti. Yoshlar yetakchisining tavsiyasiga asosan, u Beruniy nomli davlat stipendiyasining sohibasiga aylandi. Hozir u “Neyron tarmog‘i tuzilmasida biofeedback algoritmlarini joriy etish va sun’iy intellektga ega xavfsizlik tizimlarini ishlab chiqish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Madinabonu o‘z ilmiy maqolalari bilan 20 dan ortiq konferensiyada ishtirok etgan. O‘tgan o‘quv yilida mahallamizdan 72 o‘quvchi maktab bitirni. Ularning 90 foizi davlat va xususiy OTMlarga o‘qishga qabul qilindi. Gulasal Abdullayeva va Diyora Tursunova IELTS sertifikatlarini qo‘lga kiritib, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti talabasi bo‘ldi. “Yoshlar daftari” jamg‘armasining “Kelajak kasblari” loyihasida ingliz tilini o‘rgangan Bunyod Zamonov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi bo‘ldi. Prezidentning “Mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish va tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarni eng quyi tizimgacha tushirish va mahallalardan iqtidorli yoshlarni saralab olish (seleksiya) tizimini yaratish maqsadida mahalladagi yoshlar yetakchisiga qo‘shimcha vazifalar yuklangandi. Qarorga asosan, Sharq mahallasida futbol bo‘yicha erkaklar va ayollarning turli yosh toifalarida “mahalla terma jamoalari” shakllantirilib, ularni tayyorlash bo‘yicha futbol jamolar tashkil qilindi. Natijada 2023-yili DXX kubogining Chilonzor tumani va Toshkent shahar bosqichlarida Sharq mahallasi ayollar futbol jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida faol ishtirok etgan. Avazjon Erkinov 2024-yilning birinchi choragida “Yoshlar balansi”ning migratsiya dasturiga kiritilgan edi. Muloqotda u futbol sporti bilan professional tarzda shug‘ullanish istagini bildirdi. 2024-yil iyun oyining boshlarida Vatanga qaytgan Avazjon bizning tavsiyamiz asosida “Havas” futbol ligasiga qabul qilinib, liga kubogi g‘olibi bo‘ldi. Liga bahslari yakuniga ko‘ra, u “Eng yaxshi to‘purar” va “Eng chiroyli gol muallifi” sifatida e’tirof etildi. Avazjon Erkinov hozir mahallamiz o‘g‘il bolalar futbol jamoasi sardori hisoblanadi.

12.12.2024 5225

OBILIKLAR OMADI yoxud mahalladagi yoshlar yetakchisi Nurali Jumayevning tirishqoqligi haqida

Yoshlar siyosatini amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy muammolarini hal etishda mahalladagi yoshlar yetakchilari muhim rol o‘ynaydi. Ular xatlov jarayonida 14-30 yoshdagi yoshlarning ijtimoiy holati, ta’lim, bandlik, salomatlik va boshqa muhim jihatlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi – “Yoshlar balansi”ni shakllantiradi. Bu ularning ehtiyojlarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlashda qo‘l keladi. Boysunlik Nurali Jumayev dastur orqali yoshlarning har biriga alohida e’tibor qaratib, ularni jamiyatda faol ishtirok etishga undayotgan yoshlar yetakchilaridan.  Nurali Jumayev – Boysun tumanidagi Obi mahallasi yoshlar yetakchisi. U “Yoshlar balansi” dasturi doirasida amalga oshirayotgan ishlar yoshlarni ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan. Nurali Jumayev mahallada yoshlar bilan bog‘liq masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib, ular bilan ishlashda innovatsion yondoshuvlar qo‘llaydi va har bir yoshning muammolarini individual hal etishga e’tibor qaratadi. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining “Yoshlar balansi” tizimi bilan samarali ish tashkil qilish yo‘nalishida 2-o‘rin sohibi. 2024-yilning 1-choragi yakunlari bo‘yicha “Top – 100” yetakchi reytingiga kiritilgan. Istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan.   Obi mahallasi balansi: Aholi: 2814 nafar; Xonadonlar: 525 ta; Yoshlar: 636 nafar; Xotin-qizlar: 317 nafar.   “Yashil” toifa: 393 nafar; “Sariq” toifa:  243 nafar; “Qizil” toifa: 18 nafar.   Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.   “Maqsadim yoshlarga maydon yaratish” – Obi mahallasi markazda joylashganiga qaramay, yoshlarning yangilikka intilishi, qiziqishi kam edi, – deydi yoshlar yetakchisi Nurali Jumayev. – Avval ularning fikri hech kimni qiziqtirmagan, o‘z iqtidorini kashf etishga imkoniyat yaratib berilmagan. Yoshlar yetakchisi sifatida yoshlar fikrini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatga tortish va ular iqtidorini namoyon etishlari uchun maydon yaratishni maqsad qilganman. Ikki yillik faoliyatimda maqsad sari sezilarli olg‘a siljidik. Har yili xatlov o‘tkazib, yoshlarning bandligi va ijtimoiy holatini o‘rganaman, ularning ehtiyoj va muammolarini aniqlayman. So‘ng amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarni rejalashtiraman va manzilli dastur, yo‘l xaritasini tuzaman. Belgilangan muddatlarda muammolarni bosqichma-bosqich hal qilishni rejalashtiraman. Mehnat bozori yetakchi nazoratida Joriy yilda Obi mahallasida 11 nafar ishsiz yosh, 30 nafar maktab bitiruvchisi, 11 nafar professional ta’lim va 21 nafar oliy ta’lim bitiruvchisi mehnat bozoriga kirib keldi. Yoshlar yetakchisi ularning bandligini ta’minlash maqsadida har birining ehtiyoj va muammolarini chuqur o‘rganib, ularga amaliy yordam ko‘rsatdi. Natijada, hozir ularning 10 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 4 nafari kasb-hunar va o‘quv kurslariga yo‘naltirildi, 13 nafari xususiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga jalb qilindi. Qolgan 17 nafar yoshning bandligini ta’minlash ishlari jarayonda bo‘lib, ularga tez orada yordam ko‘rsatiladi. Nurali Jumayev tashabbusi bilan 11 nafar yosh mahalla yetilligining xulosasi asosida “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Bu yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga, mahallada yangi tashabbuslarni ilgari surishiga va o‘z maqsadlariga erishishiga yordam beriladi. Shu kungacha ularning: – 3 nafariga kontrakt puli to‘lab berildi; – 2 nafariga kredit ajratildi; – 3 nafarining bandligi taʼminlandi; – 1 nafariga subsidiya asosida asbob-uskuna berildi; – 2 nafari jarayonda. 427 nafar yosh olimpiada ishtirokchisi Nurali Jumayev yoshlarni ijtimoiy faoliyatga jalb qilish uchun bir qancha ijtimoiy va madaniy loyihalar tashkil etdi. “Yoshlar balansi”ga kiritilgan yoshlarning qiziqishlari asosida shaxmat, kurash, oshpazlik, futbol, IT va innovatsion ixtirolar, voleybol, musiqa, raqs kabi yo‘nalishlarda turli tadbir va musobaqalar o‘tkazildi. “Jadidlar izidan”, “Uygonish davri”, “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Yosh kitobxon”, “Mushoira”, “Vatanga sadoqat”, “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” kabi kitobxonlik va vatanparvarlikka yo‘naltirilgan tadbirlarga 600 dan ziyod yosh qamrab olindi. Bundan tashqari “Gulxan atrofidagi yoshlar”, “Uch avlod uchrashuvi” “Hashar – yoshlarga yarashar”, “Yashil makon” tadbirlari mahalla yoshlari bilan hamjihatlikda o‘tkazilmoqda. Joriy yilda “Besh tashabbus olimpiadasi”da 26 ta tanlov va loyiha o‘tkazildi. Obi mahallasidan 427 nafar yosh beshtashabbus.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 237 nafar yosh sport yo‘nalishi bo‘yicha, 190 nafari boshqa bellashuvlarda qatnashdi. “Yoshlar ovozi” tanlovida Durdona Xolmamatova va Toshtemir Xolmamatov 2-o‘rin, “Yosh musavvir” tanlovida Asliddin G‘aniyev 3-o‘rinni egalladi. Armrestling bahslarida Jo‘rabek Qahhorov tumanda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichida munosib ishtirok etdi. “Oyligimni 10 foizini kitobga sarflayman” “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Ibrat farzadlari”, “Zakovat”, “Zukko kitobxon”, “Uzchess”, “Ustoz AI” kabi loyihalar mahalla yoshlarini ilm-fan sohalarida rivojlanishga undaydi. Masalan, Obi mahallasidan “Mutolaa” loyihasida 108 nafar, “Ibrat academy”da 89 nafar, “UzChess”da 53 nafar, “Ustoz AI”da 71 nafar va “Qizlar akademiyasi”da 44 nafar yosh ishtirok etmoqda. – Yoshlarning ilm olishga, kitobxonlikka intilishi menga ishtiyoq beradi, – deydi yoshlar yetakchisi. – Mahallamizda kutubxona yo‘q edi, men bu muammoni hal qilishga qaror qildim. Hozir kitobxonlik markazini tashkil etish bo‘yicha harakat qilyapman. Oylik maoshimning 10 foizini kitob sotib olishga ajratishga qaror qildim. Bu kitoblar mahalla kutubxonasi uchun sovg‘a sifatida taqdim etiladi. Shu tariqa, kutubxona yo‘qligi sababli yoshlarimiz ilm olish imkoniyatidan mahrum bo‘lmaydi va mahallada mutolaa madaniyati kengayadi. Bu tashabbus orqali, nafaqat o‘zim, balki mahalladagi barcha yoshlarni kitob o‘qishga, bilim olishga undamoqchiman. “Og‘ir” toifadagilarga yordam Yoshlarni “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga tasniflash muammolarni aniqlash va tezroq hal etishda yordam beradi. Mahallada “Yoshlar daftari” va biriktirilgan rahbarlar ko‘magida jami 93 nafar yoshga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan. Davlat ko‘magiga muhtoj “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan ham rahbarlar birgalikda ishladi, maqsad – ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish. Xususan, “og‘ir” toifada jami 17 nafar yosh mavjud bo‘lib, ular Boysun tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Tohir Sarmanovga biriktirilgan. Rahbar bilan yashash manziliga borib o‘rganish natijasida 5 nafarining muammosi aniqlanib, yordam ko‘rsatilgan, qolgan 13 nafari turli sport musobaqalari va tadbirlarga jalb qilingan. Ko‘cha sardorlari Mahallada jinoyatchilikning oldini olish va yoshlarni nazoratda ushlash maqsadida har bir ko‘chaga iqtidorli yoshlardan sardor tayinlangan. Sardorlar yoshlar yetakchisiga ko‘makchi bo‘lib, o‘z ko‘chasidagi yoshlarni ijtimoiy faoliyatga jalb qilish, salbiy ta’sirlardan himoyalash va jinoyatchilikning oldini olishda yordam bermoqda. Yoshlar bilan muloqot o‘rnatib, salbiy holatlarni tezkorlik bilan aniqlash va ularga qarshi kurashishda yetakchiga yordamchi. E’tiborlisi, liderlik xususiyatlarini o‘zida shakllantirgan ko‘cha sardorlaridan biri Hasan Saodatov Bolalar tashkilotining sardorlar saylovida “Sport va salomatlik yo‘nalishi”da tuman sardori etib saylandi.  

7.11.2024 5631

FIRIB YEGAN TENGDOSHLAR

Onlayn xizmatlardan foydalanish ko‘lami ortgani sari internetda firibgarliklar ko‘payib bormoqda. Firibgarlar moliyaviy zarar yetkazadi, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab, foyda talab qiladi. Masalan, fishing hujumlari orqali firibgarlar foydalanuvchilardan bank ma’lumotlari, parollar yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarni olishga urinadi. Bunday firiblar nafaqat foydalanuvchilarga, balki kompaniyalarga ham katta xavf tug‘diradi. Chunki kiberhujum brend obro‘siga putur yetkazishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlar soxta akkauntlar yaratib, do‘stlar yoki tanishlar nomidan xabar yuborib, odamlarni aldaydi. Ular ko‘pincha moliyaviy yordam so‘raydi yoki soxta loyihalarga pul tikishni so‘raydi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlab, nojo‘ya maqsadlarda foydalanish xavfi ham yuqori.   Hamma narsa shubhali Otabek DO‘STMATOV, talaba: – Nazarimda odamlarda o‘zaro ishonch yo‘qolib, ehtiyotkorlik chegarasini aniqlash tobora qiyinlashmoqda. Hozir arzimagan narsa ham meni shubhalantiradi. Buning sababi yaqinda sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq. Telegram orqali yaqin do‘stimdan xabar keldi: “Menga yordam bera olasanmi? Juda zarur. Bir oz pul kerak, 500 ming so‘m kartamga o‘tkaza olasanmi?” Tabiiyki, yordam berishga tayyor edim va do‘stimdan vaziyatni so‘radim: “Tinchlikmi? Nima bo‘ldi?” U qisqa javob qaytardi: “Ha, tinchlik, keyin tushuntiraman. Shu kartaga o‘tkaz”.  Ammo kartadagi ism va familiyani ko‘rib, shubha paydo bo‘ldi — ism umuman boshqa edi. Do‘stimga qo‘ng‘iroq qildim. U esa hayron bo‘ldi, bunday xabar jo‘natmagan. Bu kiberfiribgarliklar bizga qanchalik yaqinligini isbotladi. Holat shundayki, do‘stlarimiz, oila a’zolarimiz yoki tanishlardan kelgan xabarlarga ham shubha bilan qarash zarur. Texnologik qurilmalardan foydalanishda xavfsizlikni kuchaytirish, ko‘proq maxfiylikka rioya qilish va shubhali xabarlarni darhol tekshirish shart.   Yoʻq uyni ijaraga olmoqchi boʻldim Alisa AHMADOVA, talaba: – O‘tgan oy boshida dugonalarim bilan Toshkentdan arzonroq ijara uy izladik. O‘quv yili boshlangani uchun joy topish qiyin, narxlar baland yoki sharoitlari yaxshi emasdi. “olx.uz”da bir e’longa ko‘zim tushdi. Uy shahar markaziga yaqin joyda, hamma qulayliklari bor, narxi esa ancha arzon edi. E’lon darrov bizni qiziqtirdi. Qo‘ng‘iroq qildim. Uy egasi juda muloyim, ochiq gaplashardi. Uy yangi ta’mirdan chiqqan, barcha sharoitlari bor ekan. Ko‘rish uchun boradikan bo‘ldik. Xullas, ijarachi shunchalik yaxshi taassurot qoldirdiki, masalamiz juda silliq hal bo‘lganidan mamnun bo‘lib ketdim. “Kvartira qidirganlar ko‘p, – dedi u. – Ishonch uchun kichik miqdorda “zaklad puli” o‘tkazsangiz. Shunda men boshqalarga odam topganimni aytaman, yo‘qsa uyni saqlab o‘tirolmayman”. Bu gap birdan shubhalantirdi. Shunchaki uyni ko‘rish uchun oldindan pul berish g‘alati. Ammo shoshmasak, boshqa birovga berib yuborishi mumkin degan xavotir uyg‘ondi. 500 ming so‘mni kartasiga o‘tkazishni aytdi. Dugonalarim bilan fikrlashib, unga ishondik. Pulni o‘tkazdim. So‘ng uy egasi bilan gaplashdim. U bizni xotirjam qilib, uyni ertaga ko‘rsatishini aytdi. “Manzilga yetganingizda qo‘ng‘iroq qilarsiz”, dedi. Ertasi kuni esa uning telefoniga tushib bo‘lmadi... Kechgacha uzluksiz chaqiruvni bosdim va aldanganimizni tushundim. Aytilgan manzildan esa uyni topa olmadik. Firibgarlik qurboniga aylanganimni his qilgan paytimda o‘zimni juda ahmoqdek sezdim. E’lonlar saytidagi profilga qaytib kirmoqchi bo‘lsam, allaqachon o‘chirilgan ekan...   Yuqori maoshli onlayn ish Asilbek HIKMATOV, talaba: – Ijtimoiy tarmoqda qiziqarli e’lon chiqib qoldi. Unda “Yuqori maoshli masofadan ishlash imkoniyati! Kuniga 2-3 soat ishlab, oyiga 5-8 million so‘m topishingiz mumkin!” deb yozilgan edi. Reklamadagi havolaga bosdim. Saytga o‘tib, hamma ma’lumotlarni o‘qib chiqdim, ariza to‘ldirish uchun kerakli joyni bosdim. Avvaliga ism-familiya, telefon raqam va elektron pochtamni kiritdim. Keyin ishga qabul qilish jarayonida shaxsiy ma’lumotlarim, maoshni olish uchun bank kartasi ma’lumotlarini kiritish so‘ralganda biroz shubhalandim. Lekin taklif jozibali va maosh yoqimliligi shunchalik yoqimli ediki, bu haqida ortiq o‘ylamadim. O‘zimni ishga qabul qilinayotgandek his qilib, karta raqami va amal qilish muddati, SMS orqali kelgan kodni ham kiritdim. “Buni ular menga ishonch hosil qilishi uchun kerak”, — deb o‘yladim. Arizani jo‘natganimdan so‘ng “Tabriklaymiz! Siz muvaffaqiyatli ariza topshirdingiz. Tez orada siz bilan bog‘lanamiz!” degan xabar keldi. O‘sha kuni qo‘ng‘iroq kelmadi. Biroz o‘tib, telefonimga SMS xabar keldi: “Sizning kartangizdan 200 ming so‘m yechildi”. Holat bir necha daqiqada bir necha marta takrorlandi. Tushunmay qoldim — nima uchun pul yechilyapti? Tezda bankga qo‘ng‘iroq qildim va ma’lumotlarimni o‘g‘irlashgani ma’lum bo‘ldi. Firibgarlar mening shaxsiy ma’lumotlarimni va karta raqamimni ishlatib, pullarimni qayergadir o‘tkazishgan ekan. Bank xodimi xavfsizlik uchun kartani blokladi. Ertasi kuni bankga borib, to‘liq ma’lumot olganimda ular allaqachon 1 500 000 so‘mdan ortiq mablag‘ yechishga ulgurgan ekan. Pullar qandaydir mavhum jo‘natilgan, qayerligini aniqlab bo‘lmas edi...

3.10.2024 6582

Dilemma: pul yoki kelajak

Talabalik o‘ziga xos sarf-xarajatlarni talab qiladi. Nafaqat kontrakt to‘lash majburiyati bor, balki yashash, transport, kitob va oziq-ovqat xarajatlari ham og‘ir. Bir talabaning ehtiyojini qoplash uchun qishloqdagi ho‘kizdan tortib, tovuqgacha sotilishi hech gap emas. Hozirgi moddiy kamchilik tufayli odatda kelajak haqida umuman o‘ylab ham ko‘rilmaydi. Kelajakda biron yaxshi kasbning egasi bo‘lish, o‘qish-izlanish emas, balki erta uchun pul topish muammosi ko‘proq qiynaydi. Ko‘plab talabalar o‘qish bilan birga ishlashga tirishadi. Ayniqsa, kuryerlik va taksichilik kabi sohalar yoshlar hayotida “trend”ga aylanmoqda. Bir qarashda bu ishlar qulay grafik, yaxshi daromad va hayotiy tajriba orttirish uchun imkoniyat bo‘lib tuyuladi. Biroq ular bunday ishlarning qiyinchiliklarini ishga kirishganlaridan so‘nggina tushunib, hafsalasi pir bo‘ladi. Bu ishlarni ko‘pchilik juda oson deb o‘ylaydi. Ishni boshlash uchun oddiygina ro‘yxatdan o‘tish yoki o‘z transport vositasini topish kifoya(!). Lekin birinchi kunlardanoq kasbning qiyinchiliklari oshkor bo‘ladi. Kuryer va kirakashning asosiy muammolaridan biri bu – mijozlar bilan muloqotdir. Har bir mijoz o‘ziga xos, ularning talab va muomalasi turlicha. Ko‘pincha ular tushunmovchiliklar, noto‘g‘ri manzillar va mijozlarning salbiy munosabati bilan yuzlashadi. Kuryerlar ko‘pincha mijozlarning buyurtmani vaqtida yetkazib bermagani yoki tovarning holati kabi noroziliklar bilan to‘qnash keladi. Ayniqsa, kechqurun yoki tungi smenalarda mijozlar bilan bog‘liq hodisalar yana-da murakkablashadi. Kirakashlar esa mijozlar bilan joy tanlash, yo‘l xaritasi va to‘lov masalalarida ko‘p marta nizolarga duch keladi. Ularning xavfsizligi muammosi eng dolzarb masalalardan biridir. Ayniqsa, tungi ish paytida xavf darajasi oshadi. Tungi paytda talabalar o‘zlarini himoya qilish uchun hech qanday imkoniyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Ular ko‘pincha og‘ir ishdan charchagan holda o‘z xavfsizligini to‘liq taʼminlay olishmaydi. Spirtli ichimlik isteʼmol qilgan mijozlar bilan ishlash, yomon niyatli odamlarning mashinaga chiqishi, yo‘nalishni o‘zgartirish va turli bahs-munozaralar kechki smenalarda tez-tez uchraydi. Kuryerlar uchun velosiped, skuterlardagi nosozliklar jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Mashinaning buzilishi yoki uni tuzatish uchun kerakli ehtiyot qismlar xarid qilish, kutilmagan xarajatlarni keltirib chiqaradi. Bu qiyinchiliklar talabalar hayotiga o‘z taʼsirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.  Keling, so‘zimiz isboti sifatida shu sohada ishlagan va ishlayotgan talabalarning hikoyalarini tinglaylik. “Kuryer ham odammi?!”   Mo‘minjon KELDIYEV, kuryer: – Yetkaib berish xizmatida ish boshlaganimga endi 6 oy bo‘ldi. Ishga kirishdan oldin boshqa ishlar ham qidirgan edim. Lekin bunisi qulayroq bo‘lib tuyuldi. Avvaliga velosiped sotib oldim va sifatida ish boshladim. Menda vaqtni mustaqil boshqarish imkoniyati mavjuddek, o‘qish jadvali bilan moslashib olishim mumkindek edi. Dam olish kunlari ko‘proq ishlayman deb o‘yladim. Chunki boshida buni juda oson ish deb o‘ylardim. Manzilga buyurtmani yetkazib bersam, bo‘ldi. Lekin aslida hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi. Birinchi kunlarda eng katta muammo – mijozlarni topish edi. Baʼzan mijozlar manzilni noto‘g‘ri ko‘rsatib qo‘yadi yoki telefoniga javob bermaydi. Ko‘cha-ko‘yda u yoqdan bu yoqqa o‘tib, mijozning uyini qidiraman. Yana, kechikmaslik talabi ham bor. Bu kundan-kunga asabimni buzar edi. Bundan tashqari, ko‘p qavatli, lifti ishlamaydigan yoki lifti umuman yo‘q joylarga borib qolsam... Odamlar bilan ishlash doim murakkab. Ko‘p mijozlarga duch kelaman: xushmuomalali ham, bee’tiborlari ham, juda asabiylari ham bor. Baʼzi mijozlar buyurtmani o‘z vaqtida yetkazmagan bo‘lsam, darrov asabiylashadi. Bunday vaziyatda ular bilan muloqot qilish yana-da qiyinlashadi. Mijozni tinchlantirish, kechirim so‘rash va tushuntirish kuryerning yana bir yoqimsiz vazifasi. Yaqinda shunday voqea bo‘ldi. Buyurtmani 10 daqiqa kech yetkazib kelganim uchun mijoz shikoyat qilmoqchi bo‘ldi. Meni haqorat qildi, baqirdi. O‘sha payt juda noqulay vaziyatga tushib qoldim. Kechirim so‘radim, vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘ldim. U esa meni eshitishni ham xohlamadi va buyurtma pulini yerga otib, eshikni “tars” etib yopdi. Jamiyatda men ham odam ekanimga shubhalanib qoldim. Mijozlar buyurtmani qabul qilgach, minnatdorchilik bildirishsa, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Lekin yuqoridagidek yomon hodisalar xotirada uzoqroq saqlanadi.  Ha, ishim ko‘p sabr-toqat talab qiladi. Hozir boshqa ish topishni o‘ylayapman. Qish kunlarida ishlash juda qiyin bo‘ladi. Kunda talaba, tunda kirakash Farrux YO‘LDOSHEV, haydovchi: – Kirakashlik qilayotganimga ikki yil bo‘ldi. Dastlab, oilaviy holat sababli bu ishga kirishganman. O‘qish bilan birga ishlashni boshlash zarur edi. Chunki ota-onamni qiynashni xohlamadim. Avvaliga ijaraga mashina oldim. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda yoki dam olish kunlarida ishlar edim. Ishlagan pulim ijara to‘loviga ham yetmasligini tushunganimdan keyin ko‘proq ishlashga harakat qildim. O‘qishga deyarli eʼtibor bermay qo‘ydim. Darslarda uxlab qolardim, umuman eshitmasdim. Bironta darsda yaxshi baho olganimni eslay olmayman. Keyinchalik uydagilar yordami bilan Matiz oldim. Ijara mashinada foyda qilish deyarli imkonsiz ish ekan. Keyinchalik dadam yig‘gan-terganlarini to‘plab, uydagi 2 ta qoramolni sotib, mashina olib berdi. Haydovchilik qiziqarli va bir vaqtning o‘zida juda og‘ir. Mijozlar har xil – kimdir muloyim va tushunadigan, kimdir esa tajang va asabiy. Taksist bo‘lishning asosiy qiyinchiliklaridan biri – insonlar bilan ishlash, ularning turli kayfiyatlariga moslashishdir. Men avvaliga asosan tungi vaqtda ishlar edim. Lekin tezda tushundimki, kechasi ishlash oson emas. Tungi ishning yagona yaxshi tomoni tirbandliklar deyarli bo‘lmaydi. Boshqa yaxshi tomoni yo‘q.  Tungi mijozlar ko‘pincha spirtli ichimlik ichgan bo‘ladi. Ulardan baʼzilari tajovuzkor. Bir safar kechasi mijoz bilan shunday muammo bo‘ldi. U manzilga kelganimizda to‘lov qilmayman deb, mashinadan tushmaslikka urindi. Shunda uni tinchlantirishga va kelishuvga erishishga bir soatcha vaqt ketdi. Bunday holatlarda pul oxirgi o‘ringa tushib qoladi. Asosiysi, katta muammo yaratmaslik hamda xavfsizlik. Ko‘pincha ishdan charchab, darslarga borishga kuch topolmayman. To‘g‘risini aytsam, bu borada muvozanatni topish imkonsizdek. O‘zimga vaqt ajratish, dam olish imkoniyati yo‘q va bu ruhiy holatimga ham taʼsir qiladi. Borgan sari asabiy bo‘lib qolyapman. Men kabi talabalar, mendan maslahat so‘rashganida agar imkoniyati bo‘lsa, hech qanday ishda ishlamasliklarini va o‘qishga ko‘proq eʼtibor berish kerakligini aytgan bo‘lardim. Bu ishda vaqtincha daromad topib turishingiz mumkin. Ammo butun umr kirakash bo‘la olmaysiz-ku! Vaqt borida yaxshi kasbni egallash uchun o‘qib-izlanish kerak deb o‘ylayman. Ertaga farzandingiz “Mening dadam yurist”, “Mening dadam iqtisodchi”, “Mening dadam jurnalist”, “Mening dadam direktor” deb gapira olishi uchun hozirdan harakat qilishimiz kerak. Axir, tanlov o‘z qo‘limizda. “Kriminal zona”dagi so‘nggi mijozim Niyozbek SAFAROV, haydovchi: – Men taksichilik qilayotganimga 10 kun ham bo‘lmadi. Allaqachon bu ishni yig‘ishtirdim. Ayrim mijozlar juda qo‘pol muomalada bo‘ladi. Tezroq haydashimni, hatto svetofor qizil chirog‘ida yurishimni, belgilanmagan joylardan qayrilishimni so‘rashadi. Baʼzilarni manziliga eltish uchun mashina yurmagan yo‘llardan yurishga to‘g‘ri keladi. Ayrim yo‘llar shu darajada notekiski, allaqachon 2 marta mashinamni “qorni” yerga tegdi.  Topganim servisga ketdi. Faqat ziyon ko‘rdim, foyda ko‘rmadim. Ayniqsa, kechqurungi mijozlar... Bir kuni odatiy mijoz olishga borganimda, yo‘lovchi avtoraqamimni ko‘rib, bir viloyatdan ekanmiz deb shevada gapirishni boshladi. Tungi soat 2:05. Men juda charchagan edim. Biroq savollariga samimiy javob qaytarardim. Mijoz do‘stlari bilan – 4 kishi bo‘lib chiqishdi va shahar bo‘ylab 2 soatdan ortiq, u yoqdan bu yoqqa yurdik. Yo‘lda har xil narsalarni gaplashib, shovqin qilib, baqir-chaqir bilan miyamni egovladi. Orada bir do‘konga to‘xtashimni so‘rashdi. Do‘konga kirib chiqgan bir sherigi qaytib kelib, do‘konda kartadan kartaga o‘tkazib to‘lav qilish imkoni yo‘q ekanini, naqd pul berib tursam, safar yakunida kartaga o‘tkazib berishini aytdi. Mendan 230 ming so‘m pul oldi. Nihoyat safar yakunlandi. Narx 170 ming so‘m bo‘ldi. Jami 400 ming berishi kerak edi. “Aka, bu kam, sizga 500 o‘tkazaman, “otdushi”, charchagan bo‘lsangizam xizmat qildingiz” dedi. Mashinadan tushib kartamni so‘radi, aytdim. “O‘tkazdim” dedi, telefonimni tekshirsam, hali tushmabdi. Shundoq qarasam, mijoz allaqachon yo‘q. Ozgina kutdim, pul hali tushmadi. Ular qaysi tomonga ketganini izlashga harakat qildim, topolmadim. Ilovadan haydovchini qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga yozdim, ular mijozning telefon raqamini berishdan bosh tortib, ichki ishlarga xabar berishini aytdi. Tezda 102 ga telefon qildim. Voqeani aytdim. “Hozir qayta qo‘ng‘iroq qilamiz, voqea joyidan ketmang” dedi. Keyin qayta qo‘ng‘iroq qilib, menga bittasi baqiryapti: “Shunchalik soddamisan, yana ko‘proq pul berish kerak edi, yo‘qmi yoningda yana 1-2 million, uniyam berib yubor! Topganingni berginda, keyin bizdan so‘ra! Kelib-kelib meni navbatchiligimda shunaqa qilasanmi? Uxlading o‘sha pulingga “karochche”! To‘g‘risi, men hech narsaga tushunmay qoldim. Nima qilishni bilmay, yo‘l chetida turib qoldim. Keyin oldimga bir xodim keldi va meni idoraga olib ketdi. Voqeani eshitdi, tushuntirish xati va ariza yozdirdi. Keyin “sizga o‘zimiz bog‘lanamiz” deb kuzatib qo‘ydi. To‘g‘risi, ularni topishlariga ishonmayman. Chunki ko‘rinishidan organ xizmatchilariga ham ortiqcha bosh og‘riq kerak emas. Oldin shunga o‘xshash holatlar haqida eshitgandim, biroq o‘zim bilan bunday voqea sodir bo‘ladi deb o‘ylamagan edim. Men odamlarda yomon niyat yo‘q deb bilar edim. Shundan so‘ng uyga bordim. O‘ylab yotib, sog‘ligimga shukr qildim. To‘g‘risi, ular menga va avtomobilimga ham zarar yetkazib ketishlari mumkin edi. Ko‘chada menga yordam berishi mumkin bo‘lgan tirik zot bo‘lmasa! Bilasizmi, menda odamlarga nisbatan nafrat paydo bo‘ldi va endi hammadan shubhalanadigan (balki yomon) odamga aylandim. Endi men hech qachon odamlar bilan ko‘p muloqot qiladigan ishda ishlamayman va boshqa bunday tavakkal qilmayman. Bir-ikki so‘m topaman deb, hayotimni xavfga qo‘yishni xohlamayman. Men 100 yil oldingi voqeani aytmayapman. Bu o‘ylab topilgan ham emas. Yaqinda Toshkentda sodir bo‘ldi. Toshkent tunda haqiqatda “kriminal zona”ga aylanadi.

26.9.2024 6501

Suv serob, tuproq ekinbob: hosilning cho‘g‘i qanday?

Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligidagi yerlardan samarali foydalanish va shu orqali yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi xayrli tashabbuslar o‘z natijasini bermoqda. Prezidentimizning joriy yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi. Yil boshidan buyon 15 ta tumanda 10 ming 847 nafar yoshning har biriga 30 sotixdan 50 sotixgacha yer ajratildi. – Menga ham 30 sotix yer maydoni berildi, – deydi Ohangaron tumani “Qiziloy” mahallasida yashovchi Abduvoid Abduhalilov. – Ushbu yer maydoniga yeryong‘oq ekdik. Yetishtirgan hosildan 20 million so‘m sof daromad olishni rejalashtiryapman. – Toshkent viloyatidagi mahallalarda yoshlar yetakchilari ishtirokida yoshlar takliflarini qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish  borasida ko‘plab ishlar qilinmoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov. – Ayniqsa, dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan yoshlarning qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida bandligini ta’minlash maqsadida joriy yil boshidan buyon suvga qulay joylardan 5 ming gektarga yaqin yer maydonlari ajratildi. Jarayonlarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ushbu mahallalarni aniq bir yo‘nalishga ixtisoslashtirish va yoshlarni lider tadbirkorlarga biriktirish ishlari ham amalga oshirildi. Agarda sizning ham yo‘lingiz Ohangaron tumanining “Qiziloy”, Bo‘ka tumaning “Achamayli Fayz-baraka” mahallasiga tushsa, ko‘plab xonadonlarda, keng dalalarda meva-sabzavot, poliz ekinlari, dukkakli ekinlar ekilganini ko‘rib, ko‘zingiz quvnashi aniq. – Bizga erta bahorda “E-auksion” elektron platformasi orqali serunum, suvi serob dalalardan yer maydonlari ajratib berilgan edi, – deydi Bo‘ka tumani “Achamayli Fayz-baraka”  mahallasida yashovchi yoshlardan biri  Hasan Qurolboyev.  – Yeryong‘oq ekkanmiz. Yerga urug‘ qadaganimizdan boshlab hozirgacha soha mutaxassislari ishtirokida mahsulot yetishtirish va uni parvarishlashdagi muhim jihatlar, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borish yuzasidan tushunchalar berib borilmoqda. Hosilimizning cho‘g‘i yomon emas. Ukam Husan bilan 40 million so‘m atrofida daromad olishni rejalashtiryapmiz. Toshkent viloyati yoshlari boshqa yo‘nalishlarda ham belni mahkam bog‘lab, oilaviy daromadga hissa qo‘shishga astoydil intilmoqda. Ularning ayrimlari xonadonida mebelchilik, chorvachilik, bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ba’zilari tadbirkorlik orqasidan tengdoshlarini ish bilan ta’minlamoqda. Bu ishlarda yoshlar yetakchilarining ham mehnatlari katta. – Mahallamizda yaqin yillar ichida ko‘plab e’tiborga molik ishlar qilindi, – deydi “Qiziloy” mahallasi yoshlar yetakchisi Diyorbek Rahmatullayev. – Mahallada yoshlar bilan individual ishlash tizimini joriy etish uchun 14-30 yoshdagi 856 nafar yosh faoliyati tahlil qilindi. Ular uch toifaga ajratilib, tarbiyasi og‘ir va alohida ishlash zarur bo‘lgan yoshlar turli darajadagi tashkilot-muassasalar rahbarlariga biriktirildi. Natijada yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan 15 nafar o‘g‘il-qizning barchasiga amaliy ko‘mak berildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 29 nafar o‘g‘il-qizning muammolari hal etildi. O‘tgan yili ham 42 nafar yoshga sabzavotchilik va chorvachilik uchun yer maydonlari ajratilgan edi. Suhbatdoshlarimiz qayd etganidek, biz jannatmakon diyorda yashayotganimizdan har qancha sevinsak, g‘ururlansak arziydi. Zero, o‘lkamizda yilning to‘rt faslida ham to‘kinlik, farovonlik. Unumdor yerlarimiz behisob. Istagancha ekin qilish, bog‘-rog‘lar barpo etish mumkin. Mehnat qilgan inson esa kam bo‘lmaydi.

14.9.2024 7752

TALABA! IJARA SHARTNOMASI TUZISHDA MUAMMO BORMI?

Yotoqxonaga joylasha olmagan talabalarning yagona ilinji – ijara uy. Ammo narxlarni hammaning ham cho‘ntagi ko‘taravermaydi. Shu bois ko‘pchilik talabalar ijara haqining bir qismi davlat tomonidan qoplanishi uchun harakatni boshlaydi. Bu jarayonda asosiy talab qilinadigan narsa esa ijara shartnomasidir. Agar shartnoma bo‘lsa, Toshkent shahrida ijarada turuvchi kunduzgi ta’limda o‘qiydigan talabalarga BHMning bir barobarigacha, qolgan hududlarda esa yarim barobarigacha miqdorda pul to‘lab beriladi. Ammo ijara shartnomasini tuzish, hisobga qo‘yishni ko‘pchilik tushunmaydi, aksar ijaraga beruvchilar esa daromad solig‘idan qochib shartnoma tuzishni istamaydi. Quyida ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish, narxi hamda ijaraga beruvchilar uchun foydalari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Hisobga qo‘yishning 2 usuli Ijara shartnomalarini ikki xil yo‘l bilan hisobga qo‘yiladi. Ijara.soliq.uz sayti orqali. Bunda ijaraga beruvchi saytdan “Talabalar ijarasi” bo‘limini tanlab, “Ijaraga oluvchi talaba to‘g‘risida ma’lumot” oynasiga talabaning JShShIRni kiritganda uning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi. Keyingi jarayonda “Qo‘shish” tugmasi orqali talaba bilan birga turgan boshqa talabalar dasturga kiritiladi. So‘ngra “Telefon raqami” qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish” tugmasi bosiladi. Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi” qatoriga yozilib, “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi. “Soliq” mobil ilovasi orqali. Ilovaning “Ijaraga berish”, undan so‘ng “Talabalar uchun ijara shartnoma” bo‘limi orqali talabalar bilan tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalari hisobga qo‘yiladi. Unda ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan talabaning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilganda uning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi. Talabalar “Face ID” yoki telefon raqamiga SMS orqali keladigan 5 xonali raqamni kiritib, ijara shartnomasini tasdiqlashi mumkin. Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yishda talabalardan elektron raqamli imzo talab etilmaydi. Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qo‘yilganda bu ma’lumotlar Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi bazasida shakllanadi. Daromad solig‘i olinmaydi Daromad solig‘idan qochish uchun ba’zi fuqarolar talabalar bilan ijara shartnomasi tuzishni istamaydi yoki soliq to‘layman degan vaj bilan ko‘proq pul talab qiladi. Ammo Soliq kodeksining 378-moddasiga ko‘ra, ijaraga beruvchi shaxsning uy-joyini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi. Shuningdek, uy-joyni ijaraga beruvchilar shartnomani portal orqali davlat hisobiga bepul qo‘yishi mumkin. Bu ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va shartnoma tuzilgan sanadan boshlab 3 kun muddat ichida amalga oshirilishi kerak.

14.9.2024 7044

“KELAJAK KASBLARI” Xorazm yoshlari misolida

“Necha kundan beri ish qidiraman. Deyarli barcha e’lonlarda SMM, mobilografiya, videomontaj kabi sohalarni yaxshi biladiganlarga ish borligi haqida yozilgan. Maoshi ham ko‘p. Kechagina 18 yoshli jiyanim 6 oylik kursni tamomlab, ishga joylashgandi. Bugun oilasiga daromad olib kelyapti. Men-chi? OTMni tamomlab, haligacha tayinli ishga joylashganim yo‘q. Men tanlagan kasb allaqachon eskirib bo‘lgan. Zavodlarda ba’zi ishchilar o‘rnini zamonaviy uskunalar egalladi”... Ha, endi bu yog‘iga kasb tanlash kelajakka juda katta ta‘sir qilishini xayolingizdan o‘tkazgan bo‘lsangiz, ajab emas. Zamonaviy kasblarni o‘rganish zamon talabiga aylanib bormoqda. Yoshlarni zamonaviy kasblarga qiziqtirish va kerakli kadr tayyorlash maqsadida qator imkoniyatlar yaratilayotgani ham bejiz emas. O‘nminglab yoshlarga zamonaviy kasb va xorijiy tillarni o‘rganishga yordam berayotgan “Kelajak kasblari” loyihasi 2022-yildan o‘z faoliyatini boshlagan. Shu bilan birga loyiha doirasida o‘qigan yoshlar yaxshi natija va katta yutuqlarga erishishda davom etishmoqda. Loyihaning birinchi mavsumida 7 598 nafar yosh o‘qitildi va o‘qish xarajatlari uchun 20 milliard so‘m ajratilgan. Ikkinchi mavsum esa 2023-yilning 10-iyulidan 2024-yilning 18-martigacha davom etdi va shu ikki mavsumda o‘qigan yoshlar 24 773 nafarni tashkil qildi. Bu ko‘ratkich loyihaning ishonchliligi va zamonaviy kasblarga qiziqishning tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Loyihaning 2-mavsumida Xorazm viloyatidan 440 nafar yosh “Data union” o‘quv markazida grafik dizayn, videomontaj, 3D max, dasturlash, mobilografiya, ijtimoiy tarmoqlar marketingi kabi zamonaviy kasb va axborot texnologiyalari bo‘yicha tahsil oldi. Shuningdek, o‘quv markazi bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlashda keng qamrovli tashabbuslarni amalga oshirib, ularning kelajakda muvaffaqiyatli kasb egalariga aylanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Keling, mana shu o‘quv markazini tamomlagan va hozirgi kunda zamonaviy kasb egasi bo‘lgan yoshlarning o‘zidan bu haqida tinglasak. Uy bekasidan – hisobchilikka Niyazmetova Dilnoza – 29 yoshda. Shu paytgacha uy bekasi bo‘lgan. Prezident qarori bilan tasdiqlangan yoshlar zamonaviy kasblarni egallashi uchun beriladigan imkoniyatlar haqida o‘qib, loyihadan xabar topgan va o‘qishni rejalashtirgan. – Uch oy davomida Urganchdagi “Data ta’lim” o‘quv markazida buxgalteriya ya’ni hisobchilik kasbini o‘rgandim, – deydi Dilnoza Niyazmetova. – Turmushga chiqqanimdan beri farzand tarbiyasi bilan band bo‘lib, hech qayerda ishlamagandim. Lekin ishlash, oilaviy byudjetimizga foyda keltirish niyatim bor edi. Prezidentimizning 312-sonli qarorini o‘qib, o‘qish istagi paydo bo‘ldi. Mana, 4 oydan beri xususiy firmada hisobchi yordamchisi lavozimida ishlayapman. Oylik maoshim 3 million so‘m, o‘zimga, ro‘zg‘orimizga bemalol yetyapti. Qahramonimizning aytishicha, 3 oylik kursning to‘lovi 100 foiz to‘lab berilgan. Ya’ni u bu sohani o‘rganish uchun pul sarflamagan, darslar sifati a’lo darajada. 10 ta o‘quv kursini tamomlagan Saidmurod Jumanazarov – 18 yoshda. 10 yoshidan media sohasiga qiziqadi. Hozir sohasining ustasi desak, adashmaymiz. 2022-yildan boshlab esa boshqa yo‘nalishlarga ham qiziqish bildirgan va ta’lim olishni boshlagan. – Xorazmdagi “Data ta’lim” o‘quv markazida 5 xil yo‘nalishda o‘qiganman, – deydi Saidmurod. – Ular orasida 3 oylik videomontaj kurs xarajatlari “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida to‘lab berildi. Undan so‘ng “Xiva IT centr” o‘quv markazida “Dasturlash python”dan tortib “Android dasturlash”gacha kamida 4-5 ta yo‘nalishda o‘qiganman. Bulardan tashqari “Toshkent Azamat coaching Digital marketing”da O‘zbekiston bo‘yicha birinchi ochilgan “Progrev” kursni tamomladim. Yana shular bilan birga biznes bo‘yicha “Andrey Tate”da ham ta’lim olganman. Qahramonimizning aytishicha, biror bir kasb tanlayotganda sohaga qiziqish birinchi o‘rinda turishi kerak. Qiziqib ish boshlagan odam o‘qib, izlanishdan ham charchamaydi. – Hozirgi kunda o‘z jamoam bor, – deydi Saidmurod. – Biz birgalikda loyihalar ustida ishlaymiz. Bitta loyiha ustida 5-7 nafar, ba’zida 50 nafargacha jamoa a’zolari bilan birga ish olib boramiz. Loyihalar o‘rtacha 1000 dollardan yuqori narxda baholanadi. Zamonaviy kasblarni puxta o‘rganib, faoliyat yuritayotgan yosh qahramonimizning oldiga qo‘ygan maqsadlari juda katta. Buning uchun izlanish va harakatdan to‘xtamaslik kerakligini o‘z shioriga aylantirib olgan. Va bunga amal qilgan holda, hozirgi kunda poytaxtga o‘z sohasi bo‘yicha malaka oshirish uchun kelgan. – Darslarni imkon boricha yaxshi o‘rganib, jamoadoshlarim bilan bo‘lishib, ishimizni yanada rivojlantirishni ko‘zlaganman, – deydi u.                                    Sertifikat hech narsani hal qilmaydi Hayotbek Hojiboyev – 22 yoshda. Videomontaj ustasi kursini tamomlagan. Hozir “G‘ayratbek studiya”da va yana ikkita loyihada faoliyat olib bormoqda. Daromadi oyiga 4 million so‘m atrofida. – “Kelajak kasblari” loyihasida 4 oy videomontajchilik kursida o‘qidim, – deydi Hayotbek Hojiboyev. – O‘quv markazi sifatli ta’lim berdi. Bundan juda mamnunman. Tamomlaganimdan so‘ng yetarlicha bilimga ega bo‘ldim va ish boshladim. Menimcha har sohada asosiy talab qilinishi kerak bo‘lgan narsa bilim va tajriba. Bu loyiha yurtimizning barcha hududlaridagi yoshlarni qamrab olyapti. Shu bilan birgalikda katta auditoriyaga ega reytingi yuqori o‘quv markazlari bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani ham yoshlar uchun katta imkoniyatdir. Ikkinchi mavsumdan boshlab tasdiqlangan 104 ta o‘quv markazining 170 dan ortiq filialida 11 374 nafar o‘quvchining o‘qishga kelish-ketishini monitoring qilish uchun “face-id” tizimi joriy qilindi. Bu orqali, bugungi kunda o‘qishni davom ettirayotgan 1 023 nafar yoshlarning darslardagi ishtiroki onlayn nazorat qilinmoqda. Ikkinchi mavsumda til o‘rganishga bel bog‘laganlar 8 balgacha til sertifikatlarini qo‘lga kiritmoqda. Loyiha ish boshlaganidan to bugungi kungacha tahsil olgan yoshlarning 2 360 nafari doimiy daromadga ega bo‘lgan va 868 nafari chet tili sertifikatlarini qo‘lga kiritgan. Yana minglab yoshlar keyingi mavsum boshlanishini intiqlik bilan kutmoqda.

30.8.2024 6890

IMTIHONDAN YIQILDINGIZMI? ENDI YANAYAM KUCHLI BO‘LISHINGIZ KERAK!

ENDI YANAYAM KUCHLI BO‘LISHINGIZ KERAK! OTMga kirish imtihonlaridan yiqilish ko‘pchilik yoshlarda stressli kechadi. Bunday holatda o‘zini tushkun his qilish va qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy. Lekin bu muvaffaqiyatsizlik hayotning so‘nggi nuqtasi emas. Bu bir muddatli sinov. Testdan yiqilgan abituriyentlar buni shaxsiy rivojlanish uchun imkoniyat sifatida ko‘rishi kerak.   Keyingi safar kuchliroq boʻlasiz Zinatjon IBODULLAYEVA,  maktab o‘qituvchisi O‘qituvchi sifatida ko‘plab o‘quvchilarimning imtihondan yiqilgandagi holatini kuzatganman va buning qanchalik qiyin bo‘lishini yaxshi tushunaman. Ammo unutmaslik kerakki, har bir muvaffaqiyatsizlik aslida qimmatli tajribadir. Bu tajriba yoshlarning shaxsiy rivojlanishiga, kelajakdagi yutuqlariga zamin yaratadi. Birinchi navbatda, muvaffaqiyatsizlikni qabul qila olish kerak. Ko‘pchilik o‘qishdan yiqilishni hayotdagi katta va tuzatib bo‘lmas xato deb qabul qiladi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini susaytiradi. Aslida muvaffaqiyatsizlik o‘zingizni qayta kashf etishga, tahlil qilishga va qayerda xato qilganingizni aniqlashga undaydi. Masalan, agar siz matematika fanidan kamroq natija ko‘rsatgan bo‘lsangiz, demak matematikada bilimingiz kamroq, ammo bu zaiflikni imkoniyatga aylantirish o‘z qo‘lingizda. Men o‘quvchilarimga doim shunday deyman: to‘xtab qolmang, buni tajriba deb qabul qiling va undan keyingi safar qanday muvaffaqiyatli bo‘lishingizni o‘ylab, qayta urinishdan qo‘rqmang. Har bir urinish, har bir xato sizning bilim va tajribangizni oshiradi. O‘zingizga savol bering: “Qaysi fandan ko‘proq tayyorgarlik ko‘rishim kerak?” va “Qaysi mavzularni chala o‘qidim?” Mavzularni qayta ko‘rib chiqish, ko‘proq takrorlash va mavzuga oid testlar yechish muhimdir. Shuningdek, boshqa o‘quvchilar bilan birgalikda o‘qish yoki qo‘shimcha darslarga qayta borish ham muvaffaqiyatga erishishda yordam beradi. Unutmang, bugungi muvaffaqiyatsizligingiz ertaga sizni kuchli qiladi. Muvaffaqiyatsizlik – eng yaxshi ustoz Sevinch OTABOYEVA, maktab psixologi Imtihondan yiqilish ko‘plab yoshlar uchun katta sinov va qiyinchilik bo‘lib tuyuladi. Kutilgan natijaga erisha olmaslik, insonning o‘ziga ishonchini susaytirishi va kelajakka umidini so‘ndirishga qodir. Bunday abituriyentlar ko‘pincha o‘zlarini chuqur tushkunlikda his qiladi. Chunki kelajakni tasavvur qila olmaydi va shu yerda hammasi tugadi deb o‘ylaydi. Bu tabiiy reaksiya, hammada ham shunday bo‘ladi. Aytmoqchimanki, muvaffaqiyatsizlikning maʼnosiga chuqurroq nazar tashlasak, bu inson ruhiyatini o‘stirishga va shaxsiy rivojlanishga katta turtki beradigan imkoniyat ekanligini ko‘rish mumkin. Psixolog sifatida taʼkidlamoqchimanki, muvaffaqiyatsizlik hayotimizdagi eng yaxshi ustoz. Men ruhiy tushkunlikka tushib qolgan abituriyentlarga avvalambor o‘z-o‘zini anglashlarini, xulosa chiqarishlarini va keyingi yil o‘qishga kirish uchun hozir nima qilish kerakligi haqida o‘ylashlarini tavsiya qilaman. Muvaffaqiyatsizlik – hayotning bir qismi, muvaffaqiyatga erishishimiz uchun kerakli tajriba. Insonning haqiqiy kuchi muvaffaqiyatdan emas, muvaffaqiyatsizliklarini tahlil qila olishidan kelib chiqadi. Muvaffaqiyatsizlik bizni o‘zimiz bilan yuzma-yuz qoldiradi. Bu jarayonda eng muhim narsa – o‘zimizni tushunish, ishonish, o‘z oldimizga aniq maqsadlar qo‘yish va maqsadimizga erishish davomidagi qatʼiyatimizni yo‘qotmasligimizdir.    Qiyinchiliklar oʻtib ketadi Dilnura YO‘LDOSHEVA, talaba Men ham universitetga kirish imtihonlaridan yiqilganman. O‘tgan bir yil haqiqatan ham juda qiyin bo‘ldi. Biroz muddat tushkunlikka tushib qoldim. O‘sha paytda orzularimni amalga oshira olmaganimni his qilib, kelajakdan qo‘rqardim va noaniq hissiyotlar ichida qolib ketdim. Hech kimni eshitgim, gaplashgim kelmas edi. Lekin biroz vaqt o‘tib, yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashi orqali o‘zimda motivatsiya topib, bor kuchimni qayta tayyorlanishga berganman. Ha, meni qo‘llab-quvvatlagan do‘stlarim, oila aʼzolarimning ishonchi, daldasi tushkunlikdan chiqishda yordam berdi. Qaytadan kurslarga bordim, bilimlarimni mustahkamladim. O‘qishga kira olmaslik hayot tugadi degani emas. Muvaffaqiyatsizliklar sizni to‘xtatmasligi kerak! Aksincha, ular sizni yana-da kuchliroq qilishi lozim. Bu qiyinchiliklar vaqtincha, talaba bo‘lgan kuningiz hammasi bir lahzada o‘tib ketadi. Mana men misol, hozir talaba sifatida menga bu muvaffaqiyatsizlik juda oddiy holatdek ko‘rinadi.

23.8.2024 6866

“XON” “TOP” YETAKCHI!

Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi tashkil etilganidan so‘ng yoshlarga e’tibor kuchaydi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mahallalarda yoshlar siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishda alohida natijalarga erishgan yoshlar yetakchilari reytingi shakllantirilib, “Top 100” yetakchilar reytingi e’lon qilib kelinmoqda. Bugungi qahramonimiz Avazxon Naqibxonov ham “top” yetakchilardan. Avazxon Naqibxonov – 30 yoshda, Namangan viloyati Kosonsoy tumani “Namuna” mahallasi yoshlar yetakchisi. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovi ishtirokchisi. Avazxon oddiy oilada katta bo‘lgani uchun yoshlar tarbiyasi, kamol topishi, har bir ishda yutuqlarga erishishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga intiladi. Kichik imkoniyatdan katta natijalar yaratishga harakat qiladigan, intiluvchan shaxs. Hamkasblari orasida “Xon” degan nomga ega. Nega bunday murojaat qilishlarini esa Avazxonning o‘zi gapirib berdi: – Turkiston zaminida qadimdan uchta xonlik o‘tgan. Maktab paytlarimda tarix darsligida xonliklar haqida o‘qib, katta bo‘lsam “xon” bo‘laman deb bolalarcha orzu qilib yurardim. Oradan vaqtlar o‘tdi. Yaxshi niyat qilgan ekanman, hozir barcha “xon” deb chaqiradi. Albatta, “xon” deb chaqirishlarining sabablari bor. Har bir ishda liderlikka intilishi, birinchi bo‘lishga harakat qilishi, barchaga yordam qo‘lini cho‘zishi, rahbarlik qobiliyatining borligi uchun kosonsoylik yoshlar yetakchilari qahramonimizni “xon” deb e’tirof qilishadi.   “Namuna” mahallasi balansi: Aholi soni: 2718 nafar; Xonadonlar: 558 ta; Yoshlar: 754 nafar; Ayol-qizlar: 348 nafar; “Yashil” toifa: 663 nafar; “Sariq” toifa: 81 nafar; “Qizil” toifa: 10 nafar; Mahalla drayveri: Parrandachilik, dehqonchilik, chorvachilik.   Xulqi og‘ir yoshlar bilan ishlash Avazxon yoshlar yetakchisi sifatida ish boshlagach, e’tiborini xulqi og‘ir, jinoyatga moyilligi bor yoshlar bilan ishlashga qaratdi. “Namuna” mahallasida “og‘ir” toifadagi yoshlar 10 nafarni tashkil etadi. Ular Kosonsoy tumani hokimining o‘rinbosari Alisher Sheraliyevga biriktirilgan. Hokim o‘rinbosari “og‘ir” holatdagi yoshlar bilan kuchaytirilgan tartib o‘rnatib, nazoratga olgan. Yoshlar yetakchisi ular bilan ishlash uchun uzoq muddatli reja ishlab chiqqan. Inson kimga yaqin yursa, shu insonga qarab intiladi. Yoshlar yetakchisi ushbu g‘oyani o‘z rejasining asosi qilib olgan. Har bir “qizil”dagi yoshga “yashil” toifadagi, yuqori natijalarga erishayotgan, mahallada o‘rni bor yoshlardan 2 nafarini biriktirgan. Bu strategiya xulqi og‘ir yoshlarni nazorat qilishni ancha yengillashtiradi. – Albatta bu bilan cheklanib qolmadik, – deydi Avazxon Naqibxonov. – Yoshlar profilaktika inspektori nazoratiga olinib, psixolog bilan suhbatlar tashkil etilyapti. Qilayotgan mehnatlarimiz o‘z samarasini bermoqda. Mahallada jinoyat xavfi yo‘q, 3 yildan beri jinoyat sodir etilmayapti. 6 nafariga yer maydoni olib berildi, 2 nafari profilaktik hisobdan, 1 nafari probatsiya nazoratidan chiqarildi. Homiylar ham jalb qilingan Yetakchi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlashda daftardagi har bir yosh bilan suhbatlashib chiqishni odat qilgan. Bir marta yordam ko‘rsatilgach, yoshlarni tashlab qo‘ymaydi. Tez-tez ularning xonadoniga borib, muammolari haqida gaplashadi. 2022-2024-yillarda mahalla yoshlariga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi orqali qariyb 115 million so‘mlik yordamlar ko‘rsatilgan: – 2022-yilda 13 nafar yoshga 31,9 million so‘m; – 2023-yilda 23 nafar yoshga 67,9 million so‘m; – 2024-yilda 12 nafar yoshga 15 million so‘m. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 75 nafar yoshga turli xil yordamlar ko‘rsatildi: –  8 nafari ish bilan ta’minlandi;  – 53 nafariga dehqonchilik uchun yer olib berildi; – 6 nafari monomarkazda kasb-hunarga o‘qitildi.   Yoshlarga yordam berishni burch deb biladigan qahramonimiz ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish maqsadida homiylarni ham jalb qilgan. Maxsus jamg‘arma tashkil qilinib, karta biriktirilgan. Yordam berish istagidagi insonlar jamg‘armaga o‘z ulushini qo‘shishi mumkin. Yig‘ilgan mablag‘ qiyin vaziyatga tushib qolgan yoshlar uchun yo‘naltiriladi.   Profilaktika kuni “Namuna” mahallasida otaliqqa olingan yoshlar 329 nafarni tashkil qiladi. Ular orasida “og‘ir” toifadagi, ishsiz, migratsiyadan qaytgan, maktab o‘quvchilari, uyushmagan yoshlar bor. Mahalla yoshlari tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Rustamjon Karimovga biriktirilgan. Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi boshchiligida mahallada yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus shtablar tashkil etildi. Shtab yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, huquqiy savodxonligini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqdi. – Tuman ichki ishlar bo‘limi hamkorligida haftaning har payshanba kuni “Profilaktika kuni” deb e’lon qilindi, – deydi yoshlar yetakchisi. – Shu kuni yoshlar, ularning ota-onalari, maktab direktori va jamoat tashkilotlari bilan uchrashuvlar tashkil etyapmiz. Uchrashuvda yoshlar murojaatlari tinglanib, ijobiy hal etilyapti.   11 nafar yosh xorijdan qaytarildi “Namuna” mahallasidan 37 nafar yosh ishlash va o‘qish maqsadida xorijga ketgan edi. Avazxon Naqibxonov ular bilan doimiy aloqa o‘rnatib, yashash tarzi, qanday ishlar bilan shug‘ullanayotgani, muammolaridan xabardor bo‘lib turadi. Yoshlar yetakchisi joriy yil boshidan beri 11 nafar yoshni Vatanga olib kelish choralarini ko‘rdi. Yurtga qaytarilgan yoshlarning 6 nafariga yer berilib, band qilindi. Har bir yoshning yillik o‘rtacha daromadi 50-60 million so‘mni tashkil qiladi. 3 nafar yosh o‘zi qiziqqan yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashtirildi. Hokim yordamchisi tavsiyasi bilan yoshlarning 2 nafariga imtiyozli kredit olib berildi va ular tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Yetakchi migratsiyadagi 26 nafar yoshni ham ortga qaytarish harakatida. Tez orada yana 5 nafari Vatanga qaytadi. Ular kasb-hunarga o‘rgatish uchun monomarkazga o‘qishga joylashtiriladi.   Yetakchidan taklif va tashabbus  – Bizning tumanda 59 ta mahalla va atigi 1 ta sport maktabi hamda shu maktabning filiali bor, – deydi qahramonimiz Avazxon Naqibxonov. – U ham tuman markazida joylashgan. Sport bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar tuman markaziga borishiga to‘g‘ri keladi. Yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida bir-biriga yaqin mahallalar uchun sport maktabi tashkil etish kerak. Shunda iqtidorlar ko‘payishi va tuman markaziga borish imkoniyati yo‘q yoshlar uchun sharoit yaratilgan bo‘lardi. Bunday muammo hozir barcha mahallalarda mavjud. Deyarli har bir mahallada maktab bor. Mahalladagi maktabni baza qilib olsa bo‘ladi. “Open budget”da mahallamdagi markaziy stadionni ta’mirlash imkoniyatini qo‘lga kiritdik. Hozir ishlar boshlangan. Ushbu stadionda futbol, mini futbol, yugurish, uzunlikka sakrash, basketbol, voleybol, gandbol, vorkaut kabi sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega majmua qilmoqdamiz.   Barcha e’tiborda! “Namuna” mahallasida 26 nafar alohida e’tiborga muhtoj yoshlar bor. Maftuna Ziyayeva 27 yoshda. I guruh nogironi. O‘rganishlar natijasida nogironlik aravachasiga ehtiyoji borligi lekin olishga imkoniyati yo‘qligi aniqlandi. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan zamonaviy nogironlik aravachasi olib berildi. Noʻmonjon Abdullayev 30 yoshda. Xorijga ishlash uchun ketib 1 yildan so‘ng qaytib kelgan. Yoshlar yetakchi bilan uchrashuvda qassobchilikka uquvi borligini aytgach, unga mahalla markazidagi bo‘sh turgan tadbirkorlik obyektidan go‘sht do‘koni ochib berildi. U 1 ta ish o‘rni yaratdi. Bu orqali No‘monjon o‘zi kabi migratsiyadan qaytgan Shukurullo Umarovni ish bilan ta’minladi. Husanboy Turdiboyev probatsiya hisobida turar edi. Probatsiya nazoratidan chiqarib, hokim yordamchisi bilan birgalikda dehqonchilik qilishi uchun 30 yilga 30 sotix yer olib berildi. Yerga mavsumiy ekinlar ekib, daromad topmoqda. Sobirova Mohinur 23 yoshda. Chorva boqish istagi borligini yoshlar yetakchisiga bildirgan. Hokim yordamchisi tavsiyasi bilan chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kredit ajratilgan.

23.8.2024 6712

“SEN KUCHLISAN”

Loyiha muallifi – Marjona Nurmuhamedova. Loyihaning yo‘nalishi – bolalar onkologiyasi va gemotologiyasi. Loyihaning maqsadi: Onkologiya va gemotologiya kasalligiga chalingan bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab quvvatlash hamda O‘zbekistonda onkologik xastalikka chalingan bolalar o‘limi ko‘rsatkichi pasayishi, sog‘ayuvchilar soni ortishiga erishish. “Sen kuchlisan” volontyorlik loyihasi 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u onko-gemotologik kasallikka chaliggan va nogiron bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga muruvvat ko‘rsatishga qaratilgan. Loyihaga asos solinishi haqida Marjona Nurmuhamedova shunday deydi: “Qizalog‘im Safiya” nomli ilk kitobimni 5000 nusxada nashr ettirdim hamda tushgan pullarni bolalar onkologiyasi va gemotologiyasi uchun sarflashga qaror qilib, “Sen kuchlisan” loyihasiga asos soldim. “Shahar bolalar onkologiyasi”dagi ilk uchrashuvim 2023-yil 13-may kuni va shundan buyon kitobimdan tushgan pullarni joylarda bolalar uchun bayram tadbirlari, onalar uchun psixologik treninglar, motivasion roliklar olishga sarflab kelyapman”. “Sen kuchlisan” loyihasi 5 tashabbusni o‘z ichiga oladi: Bemor bolalar uchun animatorlar ishtirokida bayram tadbirlari o‘tkazish (har bir bolaga imkon qadar o‘zi istagan sovg‘asini olib berish bilan birga); Bolalarning onalari uchun psixologik treninglar tashkil etish; Motivatsion roliklar va ko‘rsatuvlar tayyorlash hamda taqdim etish; Bolalar chizgan rasmlarini jamlab, auksion tashkil etish va tushgan mablag‘larga bemorlarni moddiy qo‘llab quvvatlash; Onkologiya va gematologiya sohasidagi muammolarni aniqlash va ularni yoritish, aholi o‘rtasida bunday kasallik bo‘yicha tushunchalarni oshirish, onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha ishlar olib borish. Bolalar jamoani intiq kutadi “Sen kuchlisan” loyihasi doirasida joylarda 20 dan ziyod tadbirlar o‘tkazildi, 30 million so‘mdan ortiq pulga bolalar istagan o‘yinchoqlar olib berildi. Shahar onkologiyasi kasalxonasining bolalar bo‘limida bolalarga xos muhit yaratilib, o‘yingoh bezatilgan. Natijada bolalar har hafta “Sen kuchlisan” jamoasini intiqlik bilan kutadigan bo‘ldi. Tadbirlarda xar bir bola faol qatnashishga harakat qiladi. Sababi tadbirlarga kreativ yondashiladi. Bolalarga istagan sovg‘alarini olib berish –  ularda yuqori kayfiyatni ta’minlaydi. Bemor bolalar kuchli bo‘lishlari kerak, ammo onalari ikki barobar kuchli bo‘lishlari talab etiladi. Bunda onalarning ruhiy holati muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni nazarda tutgan holda loyiha doirasida onalar uchun maxsus treninglar tashkil etildi. So‘nggi marta Psixologik treningni “Shahar bolalar onkologiyasi” kasalxonasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf farzandlari Odinaxon Muhammad Yusuf o‘tib berdi. Treningdan keyin onalar o‘zlarining kuchli ekanini yana bir bor his etdi. Motivatsion ko‘rsatuv Ko‘p hollarda bemor bolalarda psixologik buzilishi kuzatiladi. Bolajonlar (ayniqsa, o‘smirlar) davolash kurslarini keskin rad etadi, ovqatlanmay qo‘yib, atrofdagilarga norozilik bildiradi, baqirish, yig‘lash, narsalarni uloqtirish va shu kabi holatlar kuzatiladi. “Sen kuchlisan” loyihasi vaziyatni o‘rganib, tahlil qildi va o‘zining ilk motivatsion ko‘rsatuv va roligini tayyorladi. Ko‘rsatuvda bemor bolaga orzusidagi – tanlagan kasbida o‘zini sinab ko‘rish imkoni beriladi. Ko‘rsatuv va rolikda samarqandlik 14 yoshli Adhamjon ishtirok etdi. Unda ham yuqoridagi muammolar kuzatilgan. Adhamjon bilan suhbatdan so‘ng uning uchuvchilik orzusi borligi bilib olindi va “Uzairways” hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hamkorligida unga uchuvchilar kiyimi sovg‘a qilindi va u samolyot bortida shturvalga taklif qilinib, uchuvchilar bilan suhbatda bo‘ldi. Adhamjon va “Uzairways” o‘rtasida kelajak shartnomasi tuzildi. Natijada Adxamjonning kelajakka umidi u‘yg‘ondi, davolanish kurslarini davom ettiradigan bo‘ldi. Bemor bolalar rasmlaridan auksion –  Bolalar chizgan rasmlardan auksion tashkil qilish g‘oyasi 2023-yil iyul oyida kasalxonadagi tadbirda uyg‘ongan, – deydi loyiha asoschisi Marjona Nurmuhamedova.  –  Tadbirda bolalarga rasm chizdirdim va u yerdi 8 yoshli Muhammad Alining rasmini sotib oldim. Shunda Muhammad Alining xursand bo‘lib ketgani, tushgan pulga futbol butsasini sotib olishini eshitib o‘ylanib qoldim va g‘oya tug‘ildi. Bunday ishni keng qamrovda, har bir bemor bola ishtirokida qilish kerakligini o‘ylab qoldim va 21-avgust kuni “O‘zbekiston badiiy san’ati akademiyasi” zalida bolalar suratlari ishtirokida katta galereya tashkil qildim. Tadbirni tashkillashtirishda rassom, shoira Xurshida Namazbayeva va ilk marotaba tuzilgan “Sen kuchlisan” volontyorlardan tashkil topgan ko‘ngillilar guruhi yordam berdi. Tadbirda “Shahar bolalar onkologiyasi”, “Respublika bolalar onko-gematologiyasi” va gematologiya qoshidagi “Mehrli maktab bolalari”, “Xospis” bolalari uyida davolanuvchi bolalar ham, umumiy hisobda 50 nafardan ortiq bola 300 dan ortiq suratlar bilan qatnashdi. Xayriya tadbiri uchun keng jamoatchilikka 500 dan ortiq taklifnomalar tarqatildi. Ammo afsuslanarlisi sanoqli insonlargina ishtirok etdi va umumiy hisobda 8 million so‘m xayriya mablag‘i to‘plandi va suratlar egalariga topshirildi. Juda kichik va oddiy xatolar Hatto rivojlangan mamlakatlarda ham onkologik kasalliklarni yengish, bemorlarga yaxshi sharoitlar yaratish qiyin. Sababi xastalik muolajasiga juda katta xarajat ketishidadir. Ammo O‘zbekistonda onkologiya sohasida juda kichik, oddiy bo‘lgan xatolar ko‘p uchramoqda. “Sen kuchlisan” loyihasi onkologiyadagi muammolarni o‘rganadi, tahlil qiladi va yuzaga chiqaradi. O‘rganishlar natijasida 20 nafar bolaga mo‘ljallangan “Shahar bolalar onkologiyasi” bo‘limi zamonaviy bino va ta’mirga muhtoj ekani, u yerdagi bolalar ta’limdan uzilib qolgani aniqlandi. Shundan so‘ng loyiha jamoasi “Yoshlar ishlar agentligi” tomonidan tashkil etilgan eng yaxshi volontyorlik loyihalarini moliyalashtirish tanlovida qatnashdi. “Onkologiya – ongni sindirmasin” loyihasi agentlik tomonidan moliyalashtirilib, IT sohasiga qiziqadigan 12 nafar bemor bolaga zamonaviy noutbuklar topshirildi. Kasallikni erta aniqlash bo‘yicha tushuncha yo‘q Volontyorlar aholi o‘rtasida olib borgan surishtiruvlar shuni ko‘rsatdiki, ota-onalarning har 10 tadan 9 nafarida onkologik xastaliklarni erta aniqlash haqida umuman tushuncha yo‘q. Shu sababdan ham har yili mingdan ziyod bolaning 30 foizida onkologik kasalliklar juda kech (3-4-daraja) aniqlanadi. “Sen kuchlisan” loyihasi vaziyatni o‘rgandi, onkolog vrach va professorlar bilan suhbatlar olib bordi. Endi “Sen kuchlisan” loyihasi aholi orasida onkologiyani erta aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni keng yoyishga bel bog‘ladi. Bunda tadbirlarda, ijtimoiy sahifalarda, ko‘rsatuv va roliklar, kasalxona devorlarida, QVPlarda kasallikni erta aniqlash haqida ko‘rsatmalar beriladi, qisqa ma’lumotlar tarqatiladi.