Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR YETAKCHISI

25.8.2026 668

JALPAQ JAP ishsizlik va jinoyatchilikdan xoli hudud

Kegeyli tumanidagi Jalpaq jap ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Aynura Karamatdinova bir necha yil avval ish izlab yurgan yoshlardan edi. Hozir o‘zining go‘zallik saloniga ega. Prezidentning PQ–62-sonli qarori ijrosi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit evaziga tashkil etilgan go‘zallik saloni Aynuraning oilasi daromadini oshirdi, mahalladagi boshqa qizlar uchun ham kasb o‘rganish maydoniga aylandi. – Bir paytlar o‘z faoliyatimni boshlashim uchun zarur imkoniyat va mablag‘ yetishmasdi, – deydi Aynura. – Mahalladagi yoshlar yetakchisi muammolarimni o‘rgandi va menga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bugun daromad topib, oilamga yordam beryapman. O‘zimga ishonchim ortdi, kelajak uchun yangi maqsadlar qo‘ya boshladim. Jalpaq jap ovuli balansi: Aholi: 6370 nafar; Yoshlar: 1434 nafar; Xotin-qizlar: 666 nafar.   “Yashil” toifa: 1089 nafar; “Sariq” toifa: 345 nafar; “Qizil” toifa: 0. Mahalla drayveri: chorvachilik va dehqonchilik. Jalpaq japda 2025-yildan beri ijtimoiy himoyaga muhtoj 32 nafar yoshning muammosi “Yoshlar daftari” orqali hal etildi. 2 nafariga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi. 1 nafar yoshning davolanish xarajatlari qoplandi. 1 nafar yigitga haydovchilik o‘quv kursi xarajatlari to‘lab berildi. 5 nafar yosh zamonaviy kasblar yo‘nalishida o‘qitildi. 8 nafar talabaning kontrakt to‘lovi qoplandi. 1 nafar yosh yer maydoniga ega bo‘ldi. 13 nafar yigit-qiz o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Rustam Jumabayev bilan Dildara Erejepova “Yoshlar daftari”dan subsidiya asosida tikuv mashinasi olgan. Rustam milliy kiyimlar tikadi, Dildara esa klassik kostyum, shim va qizlar ko‘ylaklarini tikib, oilasiga daromad keltiryapti. Tadbirli yoshlar – Yoshlar bilan ishlashda biz uchun eng muhim tamoyil – muammoga amaliy yechim topish, – deydi Jalpaq jap ovuli yoshlar yetakchisi Zuhra Kosbergenova. – Shu bois har bir murojaatni alohida o‘rganamiz, har bir yigit-qiz bilan individual ishlayman. Kimningdir bandlikka ehtiyoji bo‘lsa, ishga yo‘naltiramiz, kasb-hunar yoki tadbirkorlikni boshlashni istovchilarga tegishli dasturlar orqali ko‘mak beramiz. Maqsadimiz yoshlarning hayotida ijobiy o‘zgarish qilish, ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashdir. Ovulda tadbirkorlik yo‘nalishida ham amaliy natijalar kuzatilyapti. Prezidentning PQ–62-sonli qarori asosida 2 nafar yosh tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun jami 150 million so‘m imtiyozli kredit oldi. Shulardan biri – Aymurat Azbergenov. U “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 50 million so‘m kredit olib, dehqonchilikni yo‘lga qo‘ydi. Dastlab ikki gektar maydonda mosh yetishtirib, 20 million so‘m sof daromad oldi. Bugunga kelib ekin maydonini uch gektarga yetkazdi. Endilikda u mahalladagi boshqa yoshlar uchun ham tajriba almashayotgan namunali fermerlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mahallada yosh dehqonlardan yana biri – Aytqali Abadanov. U mosh yetishtirish orqali yuqori hosildorlikka erishmoqda. Suv resurslari cheklangan sharoitda suv kam talab qiladigan ekinlarni tanlash iqtisodiy jihatdan ham, ekologik nuqtayi nazardan ham to‘g‘ri qaror. Yosh tadbirkor Juldiz Abdiualiyeva kredit asosida oilasi bilan pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Bugun ularning tomorqasi oilaning asosiy daromad manbayiga aylangan. 2025-yil yakunida mahalladan 38 nafar yosh xorijda mehnat qilayotgan edi. Zuhra Kosbergenova hamda mahalla yettiligi ularning har biri bilan individual suhbatlar, oilalari bilan muloqotlar o‘tkazib, mavjud imkoniyatlarni tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada migratsiyadagi yoshlarning 92 foizi mahallaga qaytdi. Eng muhim omil – ishonch Mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligi ijtimoiy muhitdagi o‘zgarishlar bilan ham baholanadi. Jalpaq jap ovulida ham shunday manzarani kuzatish mumkin. Mahallada ishsizlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida barqaror muhit shakllangan. Yoshlar yetakchisining ta’kidlashicha, hududda huquqbuzarlikka moyil yoshlar yo‘q. “Otaliqqa olingan yoshlar” toifasi ham shakllanmagan. Bu profilaktika, bandlik va doimiy muloqot tizimi samarasidir. Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” respublika bosqichida parakibersport yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni egalladi. Hududiy bosqichda qizlar o‘rtasidagi mini futbol musobaqasida ikkinchi o‘rin qo‘lga kiritildi. Yoshlar yetakchisi Zuhra Kosbergenova tashabbusi bilan “Jaxsılıqtı hárkim hár kúni islewi kerek” (“Yaxshilikni har kim har kuni qilishi kerak”) shiori ostida ko‘ngilli yoshlar jamoasi faoliyat yuritmoqda. O‘ndan ortiq faol yigit-qizni birlashtirgan guruh hududdagi yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar oladi, ularning uy-ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashadi, zarur paytlarda hasharlar tashkil etadi. Shu mehnatlari ortidan 2025-yilda Zuhra “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovining hududiy bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi. 2024-yilda “Yetakchi spartakiadasi” musobaqasida stol tennisi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi bo‘ldi. 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Zuhra Kosbergenova mamlakatdagi eng namunali mahalla yoshlar yetakchilarining kuchli 100 talik reytingidan joy oldi.

7.8.2026 1138

SULUVQO‘RG‘ON – 5 KARRA CHEMPION

Paxtachi tumani Suluvqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 24 yoshli Baxtiyor Yarashev tadbirli, o‘z g‘oyasiga ega yoshlardan. Uning tashabbusini mahalla yoshlar yetakchisi Elbek Xudoyqulov qo‘llab-quvvatladi. Mas’ul tashkilotlar bilan bog‘ladi, imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini ko‘rsatdi, maslahat va amaliy ko‘mak berdi. Natijada qariyb 30 gektar maydonda baliqchilik ko‘llari tashkil etilib, 12 nafar ishsiz yosh doimiy ish bilan ta’minlandi. – Oldin shunchaki niyat qilardim xolos, – deydi  Baxtiyor Yarashev. – Lekin Elbek aka imkoniyatlar borligini tushuntirdi, hujjatlarimni rasmiylashtirishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, mutasaddilar bilan uchrashtirdi. Bugun o‘zimning ishim bor, eng muhimi, yana o‘nlab tengdoshlarim bilan birga mehnat qilyapmiz. Endi maqsadimiz baliqchilikni yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish. Bu Suluvqo‘rg‘on mahallasida yoshlar bilan ishlash tizimi qanday yo‘lga qo‘yilganining yorqin namunasi. Mahallada bunday yoshlar soni 200 nafardan ziyodni tashkil etadi. Suluvqo‘rg‘on mahallasi balansi: Aholi: 2682 nafar; Yoshlar: 637 nafar; Xotin-qizlar: 308 nafar. “Yashil” toifa: 506 nafar; “Sariq” toifa: 126 nafar; “Qizil” toifa: 5 nafar. Mahalla drayveri: baliqchilik. Yoshlar yetakchisining vazifasi faqat tadbir o‘tkazish yoki ro‘yxat yuritishdan iborat emas. Zamon yetakchidan tashabbuskorlikni, muammolarni joyida hal qilishni, har bir yigit-qizning qiziqishi va salohiyatini yuzaga chiqarishni talab qilmoqda. Viloyatda birinchi, respublikada uchinchi! Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Mini futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, kitobxonlik tanlovlari va musiqiy kechalar muntazam o‘tkaziladi. Natijalar esa e’tiborga molik. Suluvqo‘rg‘on yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichlarida 32 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ushbu natija bilan mahalla Samarqand viloyatida birinchi, respublika miqyosida esa uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Eng e’tiborlisi, mahalla yoshlari shu kungacha besh marotaba respublika chempioni bo‘lgan. Yutuqlar evaziga mahallada universal sport maydoni va vorkout majmuasi qurib berildi. 53 nafar yosh band qilindi Mahallada bandlik masalasiga kompleks yondashilgan. Prezidentning tegishli qarori asosida 53 nafar ishsiz yoshga uzoq muddatli ijara asosida yer ajratildi. Mavsumiy ekinlar ekib, yiliga 2-3 martadan hosil olayotgan yoshlar ham bor. Ular dehqonchilik va boshqa yo‘nalishlarda daromad topishni boshladi. Tadbirkorlik qilish istagidagi 48 nafar yoshga hokim yordamchisi bilan hamkorlikda 1 milliard 220 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Tahlillar ko‘rsatadiki, Suluvqo‘rg‘onda yoshlar bilan ishlashning asosiy ustuni – manzilli yondashuv. Har bir yoshning muammosi alohida o‘rganiladi, qiziqishidan kelib chiqib imkoniyat yaratiladi. Joriy yilda mahallada 3 nafar ishsiz yosh aniqlanib, tuman Investitsiya, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻiga biriktirildi. Masʼul rahbar ular bilan muntazam uchrashib, qiziqishi va kasbiy salohiyatini oʻrgandi. Har biriga mos yoʻnalish tanlanib, tadbirkorlikni boshlash, ishga joylashtirish hamda davlat dasturlari orqali qoʻllab-quvvatlash yuzasidan amaliy choralar koʻrildi. Ichki ishlar organlarining profilaktik nazoratida boʻlgan 5 nafar yosh Paxtachi tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi boʻlimi boshligʻiga otaliqqa biriktirilgan. Ular bilan individual suhbatlar oʻtkazilib, oilaviy va ijtimoiy muammolari oʻrganildi, bandligini taʼminlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jinoyatchilikdan xoli mahalla Sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik mahallada yoshlar jinoyatchiligiga to‘liq barham berdi. Hozir Suluvqo‘rg‘on mahallasi “qizil” toifadan “yashil” toifaga o‘tdi. – Har bir yoshning qiziqishi, orzusi va imkoniyatini o‘rganishga harakat qilamiz. Bizning vazifamiz ularni kerakli tashkilotlar bilan bog‘lash, davlat yaratgan imkoniyatlardan foydalanishiga ko‘maklashishdir. Baxtiyorning baliqchilik loyihasi ham shunday amalga oshdi. Mahallamizda muammoli yoki ishsiz yoshlarni mas’ul rahbarlarga biriktirib, ular bilan individual ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganmiz. Natijada ko‘plab yoshlar doimiy ishga joylashdi, tadbirkorlikni boshladi yoki kasb-hunar egalladi, – deydi Elbek Xudoyqulov.

4.6.2026 2530

Mahallada mehr tizimi

Kech kuzning sovuq kunlaridan birida Ulug‘nor tumani Bobur mahallasidagi tor ko‘chada qo‘lida oziq-ovqat to‘la xalta ko‘targan bir guruh yoshlar qariyb unutilgan hovli tomon yo‘l oldi. Bu mehr, e’tibor va mas’uliyatning ifodasi edi. Ana shu kuni bu xayrli ish tizimli ijtimoiy harakatga aylandi. Bu tashabbusni boshlab berganlardan biri Shoiraxon Mo‘minova edi. U 2022-yildan buyon Bobur mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritadi. Yoshlar bilan ishlashni o‘zining eng muhim burchi deb bilgan Shoiraxon doim yangi tashabbuslarni ilgari surib, iqtidorli yoshlarni kashf etib keladi. Yoshlar yetakchisi 2024-yilda mahallada, xususan, yoshlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash maqsadida “Savob” nomli ko‘ngillilar loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur loyiha doirasida faol yoshlar bilan birgalikda homiylik mablag‘lari asosida kam ta’minlangan oilalarga muntazam yordam ko‘rsatib kelinyapti. Shunday savobli ishlar natijasida bugunga qadar 50 dan ziyod oilaga quvonch ulashildi. – Bu loyihani boshlaganimizda oddiy bir niyat bor edi – mahallamizdagi ehtiyojmand oilalarga imkon qadar yordam berish, yoshlar orasida mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytirish, – deydi Shoiraxon Mo‘minova. – “Savob” loyihasi shu ehtiyojdan kelib chiqdi. Yoshlarimiz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Odatda savobli ishlarimizni oshkor qilmaslikka harakat qilamiz. Ammo shunday bo‘lsa-da, bu haqda eshitgan, bilgan insonlar o‘zlari kelib qo‘shilishni istaydi. Dastlab loyihamiz boshida homiylar juda kam edi. Ba’zan hatto yordamni o‘zimiz yig‘ib, o‘zimiz yetkazgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Bugun vaziyat butunlay o‘zgardi. Homiylik qilishni istaydiganlar soni tobora ortib bormoqda. Menimcha, eng katta natija berilgan yordam emas, balki yoshlarimiz qalbida shakllanayotgan mehr va insoniylikdir. Agar biz shu tuyg‘ularni mustahkamlashga erishsak, demak, qilayotgan ishlarimiz besamar emas. Bobur mahallasi balansi: Aholi: 2542 nafar; Yoshlar: 636 nafar; Ayollar: 335 nafar. “Yashil” toifa: 567 nafar; “Sariq” toifa: 62 nafar; “Qizil” toifa: 7 nafar. Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.   Bugungi kunda yoshlar siyosatida eng muhim talab tizimlilik va manzillilik. Shoiraxon Mo‘minovaning faoliyati +shu ikki tamoyil asosida qurilgani bilan ajralib turadi. 2025-yil davomida u ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlashni oddiy ro‘yxat yuritish darajasidan chiqarib, muammolarni aniqlash – tizimga kiritish – yechim topish – nazorat qilish zanjiri asosida tashkil etdi. Natija esa aniq: 9 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, muammolari hal etildi; 9 nafarining kontrakt to‘lovi to‘landi; 2 nafariga moddiy yordam berildi; 24 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Shoiraxon Mo‘minova yoshlar bilan ishlashda sportni tarbiya va birlashtiruvchi vosita sifatida samarali yo‘lga qo‘ydi. Natijada yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mini futbol va stol tennisi sport turlarida tuman bosqichida 1-o‘rinni, kurash, shashka, shaxmat, vorkaut hamda yengil atletika yo‘nalishlarida esa 2-o‘rinni egalladi. Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi Yoshlar yetakchisi faqat boshqalarga yo‘l ko‘rsatib qolmay, o‘zi ham doimiy rivojlanishda. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida u “Super star”, “Tezkor rus tili” va turk tili kurslaridan sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Shoiraxon “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tuman bosqichi g‘olibi bo‘lib, viloyatda tuman sharafini munosib himoya qildi. Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan. Bobur mahallasidan 25 nafar yosh xorijga ishlash uchun ketgan. Shoiraxon Mo‘minova ular bilan muntazam aloqada, ijtimoiy uzilishning oldini olmoqda. Yetakchining mehnatlari natijasida joriy yil 2 nafar yosh Vatanga qaytarilib, fermer xo‘jaliklariga ishga joylashtirildi. Mahallada 4 nafar og‘ir toifadagi ishsiz yosh mavjud. Ular Andijon viloyati Agrobank ATB Ulug‘nor filiali rahbari Allomurod Oʻrinboyevga biriktirilgan. Mas’ulning yoshlar bilan doimiy muloqoti va bandligini ta’minlashga qaratilgan harakati o‘laroq 7 nafar yoshning barchasi ish bilan ta’minlandi. Mahalladan 7 nafar yosh otaliqqa olingan. Ular bilan muntazam suhbatlar, profilaktik ishlar, yuqori darajadagi nazorat olib boriladi. Yoshlarga tuman hokimi, prokuror va FVV mas’ullari biriktirilgan. Bandlikning barqaror yo‘li Setora Boborahimova misolida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish borasidagi amaliy yondashuvning samarasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. U dastlab o‘zini o‘zi band qilgan holda 15 million so‘m kredit olib, zarur jihozlar – elektr tokida ishlaydigan pech va xamir qorish uskunasini xarid qilib, yashash xonadonida shirinliklar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Tirishqoqligi va izchil mehnati natijasida yana 100 million so‘m miqdorida kredit oldi. Faoliyatini kengaytirib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladi. U o‘zini band qilish bilan birga 3 ta yangi ish o‘rni ham yaratdi. Yana 3 nafar shogirdni kasbga o‘rgatish orqali o‘z faoliyatini barqaror rivojlantirib bormoqda. – Dastlab ishni boshlash oson bo‘lmadi, – deydi yosh tadbirkor Setora Boborahimova. – Ham mablag‘, ham tajriba yetishmasdi. Lekin imkoniyat bor ekan, undan foydalanish kerakligini tushundim. 15 million so‘m kredit olib, kerakli jihozlarni xarid qildim va uyimda shirinliklar tayyorlashni boshladim. Avvaliga buyurtmalar kam edi, lekin asta-sekin mijozlar ortib bordi. Eng katta qo‘llab-quvvatlashni mahallamiz yoshlar yetakchisidan his qildim. Keyinchalik faoliyatimni kengaytirishga qaror qildim va yana kredit olib, ishni rivojlantirdim. Bugun o‘zim bilan birga yana bir necha insonni ish bilan ta’minlayotganimdan xursandman. Shogirdlarim bor, ularga o‘rgatyapman. Menimcha, eng muhimi – harakat qilishdan to‘xtamaslik. Agar imkoniyatdan to‘g‘ri foydalansak, kichik ishni ham katta natijaga aylantirish mumkin. Eng muhimi, bu sa’y-harakatlar orqali yoshlar orasida mehr-oqibat, birdamlik va ijtimoiy mas’uliyat kuchaymoqda.

4.6.2026 2574

Taraqli mahallasi: REAL IMKONIYATLAR ANIQ NATIJALAR BERMOQDA

Qo‘ng‘irot tumanidagi Taraqli mahallasida yoshlar hayotiga oid muhim qaror katta o‘zgarishlarga yo‘l ochdi: 18 nafar yoshga 16 gektar yer ajratildi. Bu yoshlarning kelajak sari tashlagan dadil qadami bo‘ldi. Eng muhimi, bu imkoniyat natijaga aylandi: tashabbuskor 4 nafar yosh 2025-yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon bozorlariga chiqib, 20 tonnadan ortiq, jami 70 million so‘mlik qovun va qovoq eksport qilishga erishdi. – Bizga yer ajratilgan kunni yaxshi eslayman. Avvaliga bu imkoniyatdan qanday foydalanishni o‘ylab, biroz ikkilanib ham qolgandik. Lekin mahallamiz yoshlar yetakchisi bizni bir joyga jamlab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, kerakli mutaxassislar bilan bog‘ladi. Yerga ishlov berib, qovun va qovoq yetishtirishni boshladik. Har bir bosqichni o‘rganib, tajriba orttirdik. Keyinchalik mahsulotimizni dastlab ichki bozorda, keyin esa eksportga yo‘naltirdik. 2025-yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlariga mahsulot eksport qilganimiz biz uchun katta yutuq bo‘ldi. Bizga berilgan imkoniyat va bildirilgan ishonch o‘z samarasini berdi, – deydi Jonibek Serikbayev. Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati izchil va tizimli asosda amalga oshirilayotgan bir paytda mahalla darajasida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Shu jihatdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani Taraqli mahallasi yoshlar yetakchisi Nurlan Joljanov faoliyati alohida e’tiborga loyiq. “Taraqli” mahallasi balansi: Aholi: 3016 nafar; Yoshlar: 885 nafar; Xotin-qizlar: 427 nafar.   “Yashil” toifa: 621 nafar; “Sariq” toifa: 262 nafar; “Qizil” toifa: 2 nafar.   Mahalla drayveri: savdo-sotiq va chorvachilik. Aniq natijalar asosi Nurlan Joljanov faoliyatining muhim bosqichlaridan biri yil boshida amalga oshirilgan xatlov jarayonidir. Mahalladagi 13 nafar ishsiz yosh aniqlanib, ular bilan individual ishlandi. Ishlar Prezidentning 2025-yil 14-fevral kungi videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar asosida yanada tizimli tashkil etildi. 13 nafar yosh Qo‘ng‘irot tumani komissiyasining 01-44-sonli bayoniga asosan “Ustyurt qidiruv burg‘ulash boshqarmasi” MChJ rahbariga biriktirildi. Yoshlar bilan korxona rahbarlari bevosita uchrashib, ularning muammolari va takliflarini o‘rgandi. Natijada yil davomida ular 100 foiz ish bilan ta’minlandi: 5 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi; 5 nafariga imtiyozli kredit ajratildi; 2 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi; 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Mahallada yoshlar bandligini ta’minlashda “Bitiruvchi yoshlar” dasturi amalga tatbiq etildi. 2025-yilda Taraqlida jami 72 nafar yosh ta’lim muassasalarini bitirib, shundan 24 nafari mehnat bozoriga kirib keldi. Yoshlar yetakchisi ularning qiziqishlarini o‘rgandi. Maktab bitiruvchilarining 8 nafari ta’limni davom ettirdi; professional ta’lim bitiruvchilaridan 1 nafari ishga joylashdi, 1 nafari o‘qishni davom ettirdi; oliy ta’lim bitiruvchilarining 8 nafari ishga joylashdi, 2 nafari o‘qishni davom ettirdi, 2 nafari kredit asosida qo‘llab-quvvatlandi. Umuman olganda, dastur orqali 73 nafar yosh qamrab olinib, yil yakunida 72 nafarining bandligi ta’minlandi. Taraqli mahallasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy mexanizmlar keng qo‘llanildi. Jumladan, 22 nafar yoshga jami 215 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. PQ-60, PQ-61 va PQ-62-sonli qarorlar ijrosi doirasida qo‘shimcha 390 million so‘m kredit yo‘naltirildi. Mablag‘lar yoshlarning tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi va daromad manbayiga ega bo‘lishida muhim bo‘ldi. – Bugun Taraqlida erishilayotgan natijalar tizimli yondashuv, har bir yosh bilan individual ishlash va ularga ishonch bildirish natijasidir, – deydi yoshlar yetakchisi Nurlan Joljanov. – Biz faoliyatimizni oddiy suhbat yoki umumiy chaqiriqlar bilan emas, aniq xatlov, muammo va ehtiyojlarni o‘rganishdan boshladik. Har bir yoshning qiziqishi, salohiyati va hayotiy maqsadini aniqlab, shunga mos yo‘l tutishga harakat qildik. Kimdir tadbirkorlikka qiziqdi – kredit bilan qo‘llab-quvvatladik, kimdir kasb o‘rganmoqchi bo‘ldi – o‘qishga yo‘naltirdik, yana boshqasi ish izlayotgan edi – korxonalar bilan bog‘ladik. Eng muhimi, hech bir yosh e’tibordan chetda qolmadi. Yer ajratish tashabbusi ham aynan shu yondashuvning bir qismi edi. Manzilli yordam 2025-yil davomida “Yoshlar daftari” orqali 5 nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplab berildi, 4 nafar yosh turli o‘quv kurslariga jalb etildi, 2 nafar yoshning haydovchilik kursi xarajatlari qoplandi. Bu orqali yoshlarning ta’lim olishi va kasb egallashi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Mahallada xorijda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ham muntazam ishlar olib borilmoqda. Migratsiyada bo‘lgan 12 nafar yosh bilan doimiy onlayn muloqotlar yo‘lga qo‘yilib, ularning 4 nafari qaytarilib, bandligi ta’minlandi. Yoshlar bilan ishlash hudud bilan cheklanmasdan, ularning har qanday holatida qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ijtimoiy himoya va profilaktika Ijtimoiy xavf guruhidagi yoshlar bilan ishlash ham yetakchi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Otaliqqa olingan 2 nafar yosh bilan individual ishlash natijasida ulardan biri profilaktika hisobidan chiqarildi va haydovchilik kursiga yo‘naltirildi. Ikkinchisi xorijiy til kurslariga jalb qilinib, xarajatlari qoplab berilmoqda. Bu yondashuv yoshlarni jamiyatga moslashtirish va to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida faol ishtirok etib, sportning shaxmat turi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, 2023-yili mahalla yoshlari shashka va shaxmat bo‘yicha olimpiadaning respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Natijada mahallaga universal va vorkaut sport maydonchalari qurib foydalanishga topshirilgan. Nurlan Joljanov ham shaxsiy yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘la oladi. U o‘tgan yili “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2026-yil I chorak yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston bo‘yicha “Top 100 yoshlar yetakchilari” ro‘yxatiga kirdi. “Yetakchi Camp” loyihasi doirasida o‘quv seminarlarini muvaffaqiyatli yakunlab, maxsus guvohnoma bilan taqdirlandi.

14.5.2026 2972

Taraqqiyot nuqtasi

Xursand Karlibayev 17 yoshda. Qo‘ng‘irot tumanidagi Hakim ota mahallasida yashovchi bu yigit tengqurlaridan bir jihati bilan ajralib turadi: u 11-sinf o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay, o‘z mehnati bilan oyiga 2–4 million so‘m daromad topayotgan yosh mutaxassis. Xursandning bu natijasi tizimli ishlangan yoshlar siyosati, to‘g‘ri yo‘naltirilgan imkoniyatlar va mahalladagi samarali muhit natijasidir. – Mahallamizda yaratilgan imkoniyatlar, to‘garaklar va ustozlar ko‘magida o‘z yo‘limni topdim. Bu jarayonda mahallamiz yoshlar yetakchisi Sevara opaning ko‘magi katta bo‘ldi. Hozir o‘qish bilan birga ishlayapman. Dastlab qiyin bo‘ldi, lekin vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgandim. Kelajakda ham o‘qishimni davom ettirib, o‘z kasbim bo‘yicha yanada rivojlanmoqchiman, – deydi Xursand Karlibayev Bugun Xursand kabi yoshlar Hakim ota mahallasida anchagina. Bu yerda yoshlar o‘z kelajagini qurish bilan band. Natijalar ortida esa mahalladagi yoshlar yetakchisi Sevara Abdikarimovaning izchil va tizimli faoliyati turibdi. Hakim ota mahallasi balansi: Aholi: 4012 nafar; Yoshlar: 1037 nafar; Xotin-qizlar: 1867 nafar.   “Yashil” toifa: 484 nafar; “Sariq” toifa:  122 nafar; “Qizil” toifa: 4 nafar.   Mahalla drayveri: chorvachilik va dehqonchilik. Nazariyadan amaliyotga Hakim ota mahallasida “Besh muhim tashabbus” yoshlarning kundalik hayot tarziga aylanib ulgurgan. Hozir 186 nafar yosh kutubxonaga muntazam qatnasa, 273 nafari turli to‘garaklarga jalb etilgan. Umumiy qamrov esa 459 nafarni tashkil etadi. Sport yo‘nalishida esa “Besh tashabbus olimpiadasi” orqali yoshlarning 60 foizdan ortig‘i sportga jalb qilingan. AT va zamonaviy kasblarni o‘rgatuvchi “Ustoz AI” loyihasi doirasida 102 nafar yosh kompyuter savodxonligini oshirib, 23 nafari onlayn faoliyat orqali daromad topyapti. Ular orasida oyiga 700–1200 dollar daromad qilayotganlar ham borligi alohida e’tiborga loyiq. Xotin-qizlar bandligi yo‘nalishida esa “Qizlar akademiyasi” va “Ushshoq” loyihalari orqali 107 nafar qiz kasb-hunar egasiga aylangan. – Yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat boshlaganimga 9 oy bo‘ldi, – deydi Sevara Abdikarimova. – Bu davr men uchun katta sinov va bir vaqtning o‘zida ulkan imkoniyatlar maktabi bo‘ldi. Dastlab ishni tizimli yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdik. Har bir yosh bilan individual ishlash, ularni band qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali sezilarli natijalarga erisha boshladik. Bugun Xursand kabi o‘z yo‘lini topgan, o‘qish bilan birga daromad topayotgan yoshlarimiz ko‘payayotgani ishlarimizning natijasidir. Qisqa vaqt ichida mahallamizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga erishdik. Kelgusida ham ishlarimizni yanada kengaytirib, ayniqsa AT, tadbirkorlik va kasb-hunar yo‘nalishlarida yoshlarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni rejalashtiryapmiz. “Nol” jinoyatchilik Mahalladagi eng katta yutuqlardan biri 2025-yil va 2026-yilning hozirgacha bo‘lgan davrida yoshlar tomonidan birorta ham jinoyat sodir etilmaganidir. 1037 nafar yoshning har biri bilan individual ishlash, ularni band qilish, qiziqishlariga mos yo‘naltirish orqali ularning dunyoqarashi tubdan o‘zgargan. Bugun bu yerda yoshlarning “bo‘sh vaqti” degan tushuncha deyarli yo‘q: ular o‘qishda, kasb o‘rganishda yoki daromad topish bilan band. Hakim ota mahallasida yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan “Yer – xazina” tashabbusi orqali 12 nafar yoshga yer ajratilib, ular mavsum davomida 4–5 million so‘mgacha daromad qilyapti. Prezidentning “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 62-sonli qarori asosida bir yoshga 80 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Ushbu mablag‘larni samarali yo‘naltirgan Ikram Uzaqbayev sartaroshxona ochib, 5 ta ish o‘rni yaratgan. 10 ga yaqin shogird tayyorlamoqda. U imkoniyatdan unumli foydalangan yosh tadbirkorlar sifatida o‘z tajribasini quyidagicha ifodalaydi: – Avvaldan sartaroshlikka qiziqardim, lekin o‘z ustaxonamni ochish uchun imkoniyat yetishmas edi. Shu dastur orqali o‘z orzumni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Bugun nafaqat o‘zim ishlayapman, balki yana 5 nafar yigitni ish bilan ta’minladim. 10 ga yaqin shogird tayyorlab, ularga kasb o‘rgatyapman. Mahallamizdagi yoshlar yetakchisining faoliyati natijasida ko‘plab yigit-qizlar o‘z yo‘lini topyapti. Men ham aynan yetakchining yo‘naltirishi va tavsiyalari orqali ushbu imkoniyatdan xabardor bo‘ldim. Oddiy qiziqishdan boshlagan edim, bugun esa o‘z jamoamga ega tadbirkorman. Faoliyatimni kengaytirib, yana ko‘proq yoshlarni ish bilan ta’minlashni maqsad qilganman. Yoshlar yetakchisi mahallada “hech kim e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyili asosida ish olib boradi. Hozir 7 nafar yosh xorijda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Migratsiyadan qaytgan 9 nafar yosh darhol band qilingan. 64 nafardan ortiq yosh ustoz-shogird an’anasi orqali kasb o‘rganyapti. Ulardan biri Tazabay Davletyarov oyiga 4–6 million so‘m daromad topyapti. Shuningdek, 19 nafar ishsiz yosh doimiy ish bilan ta’minlangan. “Yoshlar daftari” orqali 2 nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplab berildi. Bugun Hakim ota mahallasi yoshlari imkoniyatdan foydalanishni biladigan, o‘z ustida ishlaydigan, maqsadli avlod. Mahallada ishsiz yosh deyarli yo‘q. Harakat, izlanish va natija ustuvor. Sevara Abdikarimova boshchiligida yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, agar yoshlar bilan manzilli va izchil ishlansa, har qanday hududni taraqqiyot nuqtasiga aylantirish mumkin.

5.5.2026 3108

ISHSIZLIKDAN FERMERLIKKACHA: bir mahallaning qanday o‘zgargani haqida hikoya

Birgina tashabbus butun mahallaning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartira oladimi? Farg‘ona tumanidagi mahallada bu savolga allaqachon javob topilgan. Sanoat mahallasida 31 nafar ishsiz yoshga berilgan 6 gektar yer bugun butun mahallaning malinachilik klasteriga asos bo‘ldi. Mahallada yoshlar bandligini ta’minlash masalasi har doim dolzarb bo‘lib kelgan. Ayniqsa, ish izlab yurgan, lekin imkon topa olmayotgan yigit-qizlar uchun aniq yechim zarur edi. Ana shunday vaziyatda yoshlar yetakchisi Maftuna Ahmadjonovaning tashabbusi muhim burilish yasadi. Uning sa’y-harakatlari bilan 31 nafar ishsiz yoshga jami 6 gektar yer maydoni ajratib berildi. Dastlab bu tashabbus oddiy tajriba sifatida boshlangan bo‘lsa-da, qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Yoshlar yerga ishlov berib, malinachilikni yo‘lga qo‘ydi. Dastlabki mavsumning o‘zidayoq har bir yosh o‘rtacha 6 milliondan daromadga erishdi. – 20 sotix yer maydoniga malina ekdim. Ko‘chatlar hali yangi bo‘lgani uchun hosil kamroq bo‘ldi. Shunga qaramay, birinchi mavsumning o‘zidayoq 6 million so‘mdan ortiq sof daromad olishga erishdim. 20 sotix maydondan o‘rtacha 300–400 kilogramm atrofida hosil oldik. Bu hali boshlanishi. Malinazor to‘liq kuchga kirgach, hosildorlik 2-3 baravargacha oshadi. Kelgusi yillarda daromadimiz ham ko‘payadi, – deydi 22 yoshli Muhammadali Yo‘ldoshev. Mutaxassislar fikricha, malinachilik yuqori daromad keltiruvchi yo‘nalishlardan biri bo‘lib, uni klaster asosida rivojlantirish katta foyda olib keladi. Sanoat mahallasida aynan shu model shakllanayotgani e’tirofga loyiq. Bugun bu tashabbus 31 nafar yoshning hayotini o‘zgartirdi. Kelgusida esa ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish rejalashtirilmoqda. Yoshlar yetakchisi Maftunaning faoliyatiga nazar tashlasak, u muammoni aniqlash, resurs topish va natijaga yo‘naltirilgan ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganini ko‘rish mumkin. Avvalo, mahalla yoshlari xatlovdan o‘tkazilib, mahalla balansi va ishsiz yoshlar bazasi shakllantirildi. Ularning qiziqish va imkoniyatlari o‘rganildi. Ishsizlikni kamaytirish choralari izlana boshlandi. Yer ajratish orqali bandlikni ta’minlash esa muammoning yechimi bo‘ldi. Sanoat mahallasi balansi: Aholi: 2701 nafar; Yoshlar: 1386 nafar; Xotin-qizlar: 714 nafar; “Yashil” toifa: 384 nafar; “Sariq” toifa: 176 nafar; “Qizil” toifa: 11 nafar; Mahalla drayveri: malinachilik va uzumchilik. – Bu yil yana 20 nafar yoshni yer bilan ta’minlab, ularni malinachilik faoliyatiga jalb qilishni rejalashtirganmiz. Hozirning o‘zida bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi. Yer maydonlarini aniqlash, yoshlarni saralash va ularni ushbu yo‘nalishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Biz faqat yer ajratish bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Yoshlarga malinachilik sirlarini o‘rgatish, ularga agronomlik maslahatlarini berish, tajribali mutaxassislarni jalb qilish orqali jarayonni yo‘lga qo‘yish, Sanoat mahallasida malinachilik klasteri yaratishni maqsad qilganmi, – deydi Maftuna Ahmadjonova. Maftuna faqat tashabbus ko‘rsatish bilan cheklanib qolmadi. Yoshlar bilan doimiy muloqot, ularni rag‘batlantirish, kerakli maslahatlar berish orqali jarayonni nazorat qilib bordi. Aslida bu misol mahallalardagi yoshlar yetakchisi tizimining imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Bugungi kunda ushbu tizim orqali yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgan. Sanoat mahallasida boshlangan tashabbus samarali model sifatida e’tirof etishga arziydi. To‘g‘ri yondashuv orqali kichik imkoniyatlar ham katta natijalar olib keladi. Individual ishlash mexanizmi Maftuna Ahmadjonovaning faoliyati faqat iqtisodiy loyihalar bilan cheklanib qolmaydi. Uning ish uslubida har bir yosh bilan individual ishlash, ayniqsa “og‘ir toifa”ga kiruvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi. Xatlov jarayonlarida mahallada davlat ko‘magiga muhtoj 6 nafar yosh aniqlangan. Ular Farg‘ona tumani hokimi Hamidullo Inomovga biriktirilib, manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ularning ayrimlari doimiy ish bilan ta’minlangan, boshqalariga esa kredit ajratilib, o‘z faoliyatini boshlash imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash faqat yer ajratish bilangina emas, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib o‘zini o‘zi band qilishiga erishish orqali ham amalga oshirilyapti. O‘tgan 2025-yilda 14 nafar yosh aynan shu yo‘l bilan mustaqil daromad topishga kirishgan. Yana bir e’tiborli jihat migratsiyadagi yoshlar bilan bilan ishlash tizimidir. Mahallada 35 nafar yosh xorijda mehnat qilayotgani aniqlanib, ular bilan muntazam aloqa o‘rnatilgan. Ularning oila a’zolari bilan doimiy muloqot olib borilishi, muammolari o‘rganilishi va qaytib kelgan yoshlarni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotgani tizimli yondashuvning yana bir ko‘rinishidir. “Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy muammolarni hal etish ham e’tibordan chetda qolmagan. Jumladan, ehtiyojmand yoshlarning 2 nafariga kontrakt to‘lovlarini to‘lab berish orqali ularning ta’lim olishiga ko‘maklashilgan. Huquqbuzarlikning oldini olish borasida esa profilaktika inspektori Ravshanbek Madmarov bilan hamkorlikda “Harakatlar rejasi” ishlab chiqildi. Har hafta o‘tkaziladigan profilaktik suhbatlar, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosidagi tadbirlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Sport, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi sayohatlar, tungi sport mashg‘ulotlari yoshlarni ijtimoiy faollikka undayapti. Ushbu tadbirlarga jami 260 nafar yosh qamrab olingan. Iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. “Besh tashabbus olimpiadasi”, turli tanlovlar va loyihalar orqali yoshlar o‘z imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Masalan, mahalla yoshlaridan biri Islomjon Abdug‘aniyev shaxmat bo‘yicha “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari tuman bosqichida hamda tuman hokimi tomonidan o‘tkazilgan musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Xorijiy tillarni o‘rganish, AT va sun’iy intellekt asoslari, kitobxonlik, shaxmat kabi yo‘nalishlarda yuzlab yoshlar maxsus loyihalarga jalb etilgan.

12.12.2025 6584

G‘alaba hikoyasi

To‘rtko‘l tumani G‘alaba mahallasida tong uyg‘onib atrofga nazar tashlagan odam ko‘chalar osoyishtaligidan, sport maydonidagi yengil shovqinlardan, maktabga shoshayotgan bolalarning mehrli qadamlaridan xotirjamlik topadi. Mahalla hayoti bir qarashda oddiy tuyulishi mumkin, ammo bu yerda o‘zgarish shamoli esib turibdi. Bularning markazida esa yosh va g‘ayratli yoshlar yetakchisi Muhayyo Kamilova turadi. G‘alaba mahallasi balansi: Aholi: 2148 nafar; Yoshlar: 575 nafar;       Xotin-qizlar: 297 nafar; “Yashil” toifa: 385 nafar; “Sariq” toifa:  176 nafar; “Qizil” toifa: 14 nafar; Mahalla drayveri:  xizmat koʻrsatish. 2024-yilda yetakchi nomi faqat mahallada emas, balki tumanda va respublikada ham tanila boshladi. “Yetakchi spartakiadasi” doirasidagi shaxmat musobaqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida qo‘lga kiritilgan ikkinchi o‘rin, “Eng yosh ma’naviyatchi” tanlovida tumandagi ikkinchi o‘rin, “Yilning eng namunali mahalladagi yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman g‘olibligi – bularning bari uning shijoatidan darak. 2025-yilda ham yetakchimizning turli yutuqlari uzilmay kelyapti. 200 nafar yosh til o‘rganyapti Muhayyo faoliyatining eng muhim qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlashdir. 2025-yilda u 6 nafar yoshni “Yoshlar daftari”ga kiritib, ularning har biriga alohida yondashdi. 3 nafar yoshning kontrakti to‘lab berildi, 1 nafar yosh o‘ziga kerakli asbob-uskunaga ega bo‘ldi, yana 2 nafar yosh esa zamonaviy kasb-hunar kurslariga yuborildi. Shohruh Sa’dullayev kontraktini to‘lashda qiynalgan paytda Muhayyo yordam qo‘lini cho‘zdi. Bugun esa u maktabda ingliz tili o‘qituvchisi, shuningdek, “Platina” o‘quv markazida 200 dan ortiq yoshga ingliz tilini o‘rgatyapti. – Mahallamiz yoshlar yetakchisi Muhayyo Kamilovaning yordami bilan mening hayotim o‘zgardi, u menga ishonmaganida, balki, men bugun bu joyda bo‘lmasdim, – deydi Shohruh Sa’dullayev. – Kontraktni to‘lay olmay, o‘qishni tashlash arafasida yurgan edim. Muhayyo opa esa meni birinchi gaplashganimizdayoq qo‘llab-quvvatladi. O‘qishimni davom ettirdim. Bugun maktabda o‘qituvchiman, yuzlab bolalarning ko‘zidagi ishonchni ko‘rganimda o‘zim ham kuch olaman. O‘quv markazda esa 200 yuzdan ortiq yoshga ingliz tilidan dars bermoqdaman. Yoshlar yetakchisi menga bergan imkoniyatni endi men boshqalarga berishga harakat qilaman. 2025-yilda G‘alaba mahallasi yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida shaxmat, stol tennisi va streetbol bo‘yicha tuman g‘olibi bo‘lishdi va viloyat bosqichida munosib qatnashdi. Mahalla binosida ochilgan shaxmat to‘garagida esa bir necha musobaqalar g‘olibi bo‘lgan murabbiy yoshlarga saboq berib kelyapti. 2025-yilda 14 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlangani ham tasodif emas. Muhayyo har bir yosh bilan shaxsan suhbatlashadi, ularning qiziqishlarini o‘rganadi, ishga moslashtiradi. – Ba’zan yosh hayotidan hafsalasi pir bo‘lgan bo‘ladi. Ularga avval ishonchni qaytarish kerak. Ish oson topilmaydi, lekin maqsad bo‘lsa yo‘l topish mumkin, – deydi Muhayyo Kamilova. Jinoyatchilikdan xoli 2022-yildan buyon G‘alaba mahallasida birorta jinoyat sodir etilmagan. Chunki yoshlar bilan doimiy suhbatlar, uyma-uy profilaktika, kiberjinoyatlardan ogohlantirish, maktab bilan hamkorlik, bo‘sh vaqtlarini to‘ldirish bo‘yicha qilingan keng qamrovli ishlar samara beryapti. Mahalla yoshlari “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida faol ishtirok etdi. Mahalladan “Mutolaa” loyihasi doirasida 150 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular hozir 190 dan ortiq kitobni o‘qib chiqishgan. “Qizlar akademiyasi”da 90 nafar qiz bepul o‘qimoqda. “UzChess” loyihasi orqali 50 nafar yosh 420 ta shaxmat darsini mutlaqo bepul o‘rganyapti. Muhayyo og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida 14 nafar yoshga ko‘mak berdi. Ularning 7 nafariga kredit olib berildi, 2 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Yana 1 nafariga subsidiya ajratilgan bo‘lsa, 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 3 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi. Bu yoshlar To‘rtko‘l tumani hokim o‘rinbosari Bobur Yangibayevga biriktirilgan. Nizomaddin Bekchanov ana shunday yoshlardan biri. Onasi vafot etgan, otasi og‘ir kasal bo‘lgan bu yigitga g‘ildirakni muvozanatlash uskunasi (balansirovka) va havo siqish qurilmasi (kompressor) berilib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugun u oilasiga tayanch bo‘lib turibdi. – Yoshlar yetakchisining o‘sha yordami bo‘lmaganda, qayerdan boshlashni bilmasdim, – deya eslaydi Nizomaddin Bekchanov. – Avvaliga qo‘rqardim: ishni boshlay olamanmi, mijoz topiladimi, oilamni boqishga kuchim yetadimi deb o‘ylardim. Bugun esa kichkina ustaxonamda odam qadami uzilmaydi. Har kuni mo‘maygina daromad topyapman. Hayotimda ilk bor ertangi kunimga qat’iy reja qiladigan bo‘ldim. Tohirbek Komiljonovning taqdiri ham e’tibordan chetda qolmadi. U 1-sinfdan boshlab og‘ir ijtimoiy sharoitda voyaga yetgan bo‘lsa-da, zamonaviy kasblar bo‘yicha o‘qitilib, o‘z yo‘lini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun u oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovini o‘zi to‘lab, Toshkentdagi “Hilol Edu” o‘quv markazida ishlayapti. Qizlat taqdiri Muhayyoning faoliyatida qizlar taqdiriga alohida e’tibor bor. Nazokat Ramonovaning 100 million so‘m kredit asosida ochgan “Desert kafe”si va non sexi, Zuhra O‘rinbayeva uchun ajratilgan yordam, Guli Yusupovaning hamshiralik faoliyati – bularning barchasi bir yetakchining mas’uliyat bilan yondashgan mehnati evaziga yuzaga kelgan. Zuhra Oʻrinbayeva hozirda Farg‘ona davlat universiteti talabasi. U bir necha bor jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan. Yoshlar yetakchisi tomonidan oilaviy sharoiti o‘rganilib, davolanishi uchun 6 mln soʻm miqdorida moddiy yordam ajratilgan. Shuningdek, u o‘qishdan tashqari vaqtida bolalar kiyim doʻkonida sotuvchilik qiladi. Oylik daromadi – 5 mln so‘m. Hikoya davom etadi Muhayyoning rejalariga nazar tashlansa, uning har bir niyati yana o‘sha: yoshlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish, mahalla hayotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadiga xizmat qiladi. U eng birinchi zamonaviy bilimlar markazini tashkil etish ustida bosh qotiryapti. Bu markazda AT yo‘nalishlari, grafika dizayn, robototexnika, tezkor ingliz tili kurslari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, u qizlar uchun alohida “Psixologik ko‘mak va ijtimoiy faollik maktabi”, “Mahalla kitob uyi”ni ochishni maqsad qilgan. Bundan tashqari ham sport musobaqalari, boshqa ijtimoiy loyilar rejalashtirilyapti. Rejalari haqida gapirar ekan, Muhayyo shunday deydi: – Yoshlar har kuni o‘sib borayapti. Ularning bugungi imkoniyati – ertangi kunimizning poydevori. Biz imkon yaratib bersak, ular natija ko‘rsatadi. Mahallamizda hech kim orqada qolmasligi kerak. Rrejamlarning barchasi mana shu g‘oyaga xizmat qiladi. Qahramonimizning hikoyasi oddiy natija haqidagi raqamlar emas. Bu hikoya o‘zgalarga yo‘l ko‘rsatish, yoshlar hayotiga mustahkam poydevor qo‘yish hikoyasidir. Eng muhimi, bu hali davom etmoqda.

11.10.2025 7218

Eng namunali yetakchi

Yoshlarning muammolarini joyida hal etish, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish mahalladagi yoshlar yetakchilarining fidokorona mehnati bilan chambarchas bog‘liq. Shunday faol yetakchilardan biri Toshkent shahri Mirobod tumanidagi Abdulla Avloniy mahallasi yoshlar yetakchisi Maqsud Toshpo‘latov asosiy e’tiborini yoshlar manfaatiga yo‘naltirgan. U ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan tizimli ishlar olib bormoqda. 84 nafar yoshning muammosi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi orqali hal etildi. Himoyaga muhtoj 21 nafar yoshga homiylar yordamida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Natijada yoshlarning moddiy ahvoli yaxshilandi. Maqsud Toshpo‘latov tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini, kitobxonlik kechalari va estafetalar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilyapti. Iqtidorli yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi”da faol ishtirok etib, 6 yo‘nalishda 29 nafar yosh respublika bosqichiga chiqib, yaxshi natijalar ko‘rsatdi. Huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallada ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida yoshlar bilan individual suhbatlar, profilaktik uchrashuv va seminarlar o‘tkazilib, ularning jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishiga ko‘mak berilmoqda. Yetakchi tashabbusi bilan “Yoshlar bandligi” dasturi doirasida 72 nafar yosh ijtimoiy faoliyatga jalb etildi. Ulardan ayrimlari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan bo‘lsa, boshqalari kasb-hunar markazlarida tahsil olmoqda. Mahalla hududida stritbol va vorkout maydonchasi, universal sport maydonchasi hamda tabiiy chim yotqizilgan futbol maydoni barpo etildi. Bundan tashqari, mahalla binosida kutubxona tashkil etilib, 1000 ga yaqin turli janrdagi kitoblar olib kelindi. Maqsud Toshpo‘latov bir qator tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha Mirobod tumanida “Eng namunali yetakchi” sifatida e’tirof etildi. “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2024-yilning to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha “TOP-100” yetakchilar ro‘yxatidan o‘rin olgan. 

7.10.2025 7086

BANDLIK VA FAROVONLIK YO‘LI

Davlat rahbarining 2024-yil 6-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 153-sonli qarori yoshlarning mehnat bozoridagi o‘rnini mustahkamlash, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida muhim huquqiy asos bo‘ldi. Qaror ijrosini ta’minlashda respublika bo‘ylab yoshlar yetakchilari oldiga ulkan vazifalar qo‘yildi. Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi Zilol mahallasi yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonov ham tashabbuskorligi, tizimli ishlari bilan yoshlar bandligini ta’minlash borasida namunali faoliyat olib bormoqda. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida yoshlarga ajratilgan yer maydonlarida “Zilol mirishkor dehqonlari” kooperatsiyasi tashkil etilgan. 46 nafar yoshga dehqonchilik uchun yer ajratilgan bo‘lsa, shundan 30 nafari kooperatsiya tarkibiga qamrab olindi. Eng muhim yangilik yerlarning 10 gektariga issiqxonalar qurilishi bo‘ldi. Natijada yozgi mavsum davomida har bir yosh 35–40 million so‘mdan ortiq daromad olishga erishdi. Kuzgi mavsumda ham ularning daromadi 40–45 million so‘mdan oshishi kutilmoqda. Bu bir guruh yoshlar hayotida iqtisodiy burilish, mahalla darajasida kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash yo‘lidagi katta qadam bo‘ldi. – Oltiariq tumani dehqonchilik madaniyati, mehnatsevar xalqi va boy agrar an’analari bilan mashhur, – deydi Zilol mahallasi yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonov. – Zilol mahallasi bir paytlar bandlik masalasida muammolar mavjud maskan edi. Bugun vaziyat tubdan o‘zgargan. Mahalla yoshlari o‘zini band qilish bilan birga, oilasiga ham yordam keltirmoqda. Kooperatsiyani tashkil etishdan maqsad yoshlar issiqxonada yetishtirgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotishga ko‘maklashishdir. Bu yoshlarning bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi, daromadini ko‘paytiradi. Mahalla balansi: Aholi: 3385 nafar; Yoshlar: 837 nafar; Xotin-qizlar: 376 nafar “Yashil” toifa: 653 nafar; “Sariq” toifa: 184 nafar; “Qizil” toifa: 3 nafar; Mahalla drayveri: dehqonchilik va bog‘dorchilik. Kambag‘allikdan farovonlik sari Jumavoy Sulaymonovning ish uslubida uchta asosiy jihat yaqqol ko‘rinadi: tashabbuskorlik – u yoshlarni faqatgina mavjud imkoniyatlardan foydalanishga emas, yangi imkoniyatlarni yaratishga ham undaydi; tizimlilik – ishlar “kampaniyabozlik” tarzida emas, aniq rejaga asoslangan holda olib boriladi; samaradorlik – har bir tashabbus o‘z natijasini berishi, yoshlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ajralib turadi. Ayni shu jihatlar uni o‘z hududida mashhur, yoshlarga yaqin va ularning ishonchini qozongan yetakchiga aylantirdi. 2025-yilda Zilol mahallasida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi natijasida 25 nafar yoshning doimiy bandligi ta’minlandi, 11 nafar yosh xususiy sektorga ishga joylashtirildi, 35 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi. 6 nafar yosh “ustoz-shogird” an’anasi asosida mahalladagi hunarmandlarga biriktirilgan bo‘lsa, 2 nafar yoshning kontrakt to‘lovlarini to‘lashda amaliy yordam ko‘rsatildi. 5 nafar yoshga jami 165 million so‘m kredit ajratilishiga ko‘maklashildi. Sport – birlashtiruvchi kuch Qahramonimiz mahallada sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib etadi. Shaxsiy namuna sifatida har kuni tongda bir guruh yoshlar va mahalla ahli bilan yugurishni odatga aylantirgan. Mahalla yoshlari 2023-yili “Besh tashabbus olimpiadasi”ning voleybol bahslarida respublikada g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun mahallaga universal sport maydonchasi qurib berilgan edi. Voleybolchi yoshlar joriy mavsumda yana g‘oliblikni maqsad qilgan. Hududda 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Bundan tashqari, yetakchi tashabbusi bilan hududdagi bo‘sh joy obodonlashtirilib, homiylik mablag‘lari asosida yoshlar uchun zamonaviy sport zali barpo etildi. Hozir bu yerda sport to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan va yosh-u qari birdek sport bilan shug‘ullanmoqda. 300 dan ortiq kitob mutolaada Mahallada “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 110 nafar yosh xorijiy tillarni o‘rganayotgan bo‘lsa, ulardan 6 nafari sertifikat olishga erishdi. Qahramonimizning o‘zi ham joriy yilda xorijiy tillarni bilish sertifikatini oldi. “Mutolaa” loyihasi yordamida 120 nafar yosh 300 dan ortiq kitobni mutolaa qilmoqda. 120 nafar yosh “Ustoz AI” dasturidan faol foydalanyapti. “Uzchess” loyihasiga 95 nafar yosh qamrab olingan. Ular shaxmatdan 3 209 ta elektron, audio va video darslarni o‘rganyapti. “Qizlar akademiyasi”da 48 nafar qiz darslarni o‘zlashtirmoqda. Bundan tashqari, mahallada kitobxonlik tanlovlari, ijodkorlar bellashuvlari, sun’iy intellektga asoslangan to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar maktab bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Yetakchi kunni maktabga borib yoshlar bilan suhbatlashish, ularning qiziqish va imkoniyatlari, muammo va takliflarini eshitishdan boshlaydi. Kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar beradi. Zarur bo‘lsa mutaxassislarga yo‘naltiradi yoki maktabda uchrashuvlar tashkil etadi. Namunaviy model Zilol mahallasida 2025-yilning o‘tgan davrida jinoyatchilik yoki huquqbuzarlik sodir etilmadi. Mahalla darajasida to‘g‘ri tashkillashtirilgan ishlar butun respublika uchun namunaviy model bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Avvalo, yer ajratish va kooperatsiya mexanizmi yoshlar bandligini ta’minlashda eng samarali vositalardan biri sifatida o‘zini oqladi. Qisqa fursatda bir guruh yigit-qizlar tomorqadan unumli foydalanib, dehqonchilik va bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘ydi, kooperatsiya orqali ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga erishdi. Ikkinchidan, ustoz-shogird an’anasining tiklanishi yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishda muhim omil bo‘ldi. Tajribali ustozlar yonida hunar o‘rgangan yoshlar kasb sir-asrorini egallamoqda. Sport va madaniyat sohasida erishilgan g‘alabalar yoshlarni birlashtirmoqda. Bu jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali omildir. Mahalladagi to‘garak va turli musobaqalar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish imkonini bermoqda. Kelajakka nigoh Yoshlar yetakchisining asosiy maqsadi Zilol mahallasini nafaqat Oltiariqda, balki butun Farg‘ona vodiysi bo‘yicha yoshlarga oid eng ilg‘or loyihalar markaziga aylantirishdir. Uning maqsadlari ko‘p mehnat va izlanish talab qiladi. Ammo juda hayotiy: Dehqonchilik va agrobiznes. Mahalladagi issiqxonalar kengaytirilib, ularga zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatiladi. Bu hosildorlikni oshiradi, xarajatlarni kamaytiradi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida tomorqa yerlarini kooperatsiya asosida birlashtirish tajribasi davom ettiriladi. Kelgusida “Zilol brendi” ostida mahsulotlarni qadoqlab, ichki bozorga va eksportga chiqarish rejalashtirilmoqda. Yoshlar bandligi. Jumavoy Sulaymonov 2026-yil oxirigacha kamida 50 nafar yoshni ish bilan ta’minlashni maqsad qilgan. Buning uchun hunarmandchilik ustaxonalari kengaytiriladi, yangi yo‘nalishlarda ustoz-shogird tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xotin-qizlar uchun tikuvchilik va pazandachilik kooperativlari ochilishi ko‘zda tutilgan. Intellektual va ma’naviy rivojlanish. Mahallada zamonaviy axborot-kutubxona markazi barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yerda bepul internet, elektron kitoblar va ta’lim resurslari mavjud bo‘ladi. Sport va sog‘lom turmush tarzi. Sport yoshlarni tarbiyalashning eng ta’sirchan vositalaridan biri. Shu bois mahallada universal sport maydonchalari soni ko‘paytiriladi, yangi mini futbol stadioni qurilishi rejalashtirilmoqda. Yetakchi ayniqsa qizlarni sportga keng jalb etish tarafdori. Mahalla qizlaridan voleybol jamoasi tuzish ko‘zda tutilgan. Professional murabbiylar jalb qilinib, to‘garaklarda muntazam mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi. Yoshlar tadbirkorligi. Yoshlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun Jumavoy Sulaymonov amaliy yordam berishga bel bog‘lagan. Kredit, grant va subsidiyalarni olishda maslahat va hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, “Yosh tadbirkorlar klasteri” tashkil etilib, bir nechta yoshlar birgalikda biznes yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika. Yoshlarni huquqbuzarlikdan asrash maqsadida “Bir yoshga bir mentor” tamoyili asosida har bir xavf toifasidagi yigit-qizga doimiy mas’ul biriktiriladi. Huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda muntazam uchrashuvlar o‘tkazilib, yoshlarga huquqiy bilimlar singdiriladi. Bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish uchun sport musobaqalari, madaniy tadbirlar yo‘lga qo‘yiladi. “Zilol yoshlar qishlog‘i” loyihasi Jumavoy Sulaymonovning eng katta orzusi “Zilol yoshlar qishlog‘i” loyihasini amalga oshirish. Bu loyiha doirasida mahallada yoshlar uchun zamonaviy uy-joy massivlari, ishlab chiqarish sexlari, ta’lim va madaniyat markazlari, sport va rekreatsiya hududlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Uning tasavvurida bu qishloq yoshlarga yashash, o‘qish, ishlash va dam olish uchun barcha sharoitlarni birlashtirgan yangi avlod maskaniga aylanadi. Bugun Zilol mahallasi yoshlariga qarasangiz, ularning yuzida ishonch, qalbida orzu, qo‘lida mehnat, hunar borligini ko‘rasiz. Bu o‘zgarishlar bevosita yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonovning fidoyiligi, tashabbuskorligi va tizimli ishlari natijasidir.

8.9.2025 7292

YOSHLAR BILAN YELKAMA-YELKA

Mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari yoshlarning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Qiziloy mahallasi yoshlar yetakchisi Shahzoda Tolibovaning faoliyati ham namunali tajriba sifatida alohida e’tiborga loyiq. U Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining “Faollar jamoasi” va Yoshlar maslahat guruhining a’zosi hisoblanadi. Qiziloy mahallasi balansi: Aholi: 2583 nafar; Yoshlar: 587 nafar; Xotin-qizlar: 304 nafar; “Yashil” toifa: 530 nafar; “Sariq” toifa: 55 nafar; “Qizil” toifa: 2 nafar; Mahalla drayveri: chorvachilik, issiqxonachilik va dehqonchilik. – Yoshlar yetakchisining mehnati oson emas, – deydi yoshlar yetakchisi Shahzoda Tolibova. – Har bir yoshning muammosini o‘rganish, ularga individual yondashish talab etiladi. Kimdir ishli bo‘lishni xohlasa, yana kimdir tadbirkorlikni boshlash orzusida, boshqasi esa o‘z iste’dodini namoyon etish uchun imkon kutadi. Shunday vaziyatlarda mening eng asosiy vazifam ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kerakli tashkilot va mutasaddilar bilan bog‘lashdan iborat bo‘ladi. Ayrim yoshlarda o‘ziga ishonch yetishmaydi, ba’zilari esa imkoniyatlar borligiga qaramay, faol bo‘lishga shoshilmaydi. Men uchun eng katta sinov ularning qalbidagi ishonchni uyg‘otish, “men ham qila olaman” degan tuyg‘uni shakllantirish... Og‘ir toifadagi yoshlarga e’tibor Yoshlar bilan ishlashda eng og‘ir yo‘nalishlardan biri ijtimoiy himoyaga muhtoj, jinoyatchilikka moyil yoki og‘ir toifadagi yoshlarga to‘g‘ri yondashuvdir. Shahzoda Tolibova shu toifaga kiruvchi 2 yoshning muammosini chuqur o‘rgandi. Ulardan biri probatsiya, ikkinchisi esa profilaktik ro‘yxatda edi. Bu yoshlarning xonadoniga borib, ruhiyati, oilaviy va moddiy holati o‘rganildi. Biriga doimiy ish topib berildi, ikkinchisi esa imtiyozli kredit asosida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Eng asosiysi, bu jarayon bir martalik harakat emas, balki doimiy ravishda olib borilgan individual suhbatlar va psixologik ko‘mak tufayli amalga oshirildi. Bu yondashuv natijadorlikka asoslangan ijtimoiy ish modeli bo‘lib, ko‘plab mahallalarda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan muhim tajriba hisoblanadi. 12 nafar yoshga 210 million so‘mlik ko‘mak Shahzoda Tolibovaning tashabbusi bilan Qiziloy mahallasida 12 nafar yoshga umumiy qiymati 210 million so‘mga teng imtiyozli kredit ajratildi. Bu kreditlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularga ishonch va mustaqil daromad manbayi yaratish vositasi bo‘ldi. Imtiyozli kreditlar yordamida Muhriddin Suvonov, Samandar Toshnazarov, Zuhra To‘ychiyeva, Ruxshona Ismatullayeva, Shahzod Toshpo‘latov issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Aziza Maxamatova hamshiralik xizmati ko‘rsatishni boshladi. Sarvar Andaqulov asalarichilik bilan shug‘ullanmoqda. Shahlo Tursunova, Navro‘z Hamroyev chorvachilik yo‘nalishida daromad topyapti. Bu yoshlar bugun o‘zlarini band qilish bilan birga yaqinlariga ham yordamchi bo‘lmoqda.  Ular kelgusida o‘z sohasi bo‘yicha boshqalarga namuna bo‘la oladigan kuchli tadbirkor bo‘lib yetishishlari shubhasiz. Yer ajratish o‘z yeridan pul topish imkoniyati Yoshlarni mustaqil qilishda ajratilayotgan yer resurslari katta ahamiyatga ega. “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida bir nechta yoshga yer maydonlari ajratildi. Ahror Hazratqulov, Gulnoza Islomova, Muxlisa Saydullayeva, Hasan Alimqulov, Jahongir Tohirov, Akmal Norqulov kabi yoshlar poliz ekinlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Bu yoshlar o‘z mahsulotlarini sotib, oilasini ta’minlamoqda. – Ish topish, daromad manbayi yaratish haqida ko‘p bosh qotirar edim, – deydi mahalla yoshlaridan biri Hasan Alimqulov. – Yoshlar yetakchisi yer ajratish bo‘yicha imkoniyatlar borligini tushuntirib, amaliy yordam ko‘rsatdi. “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida men ham yer oldim va tarvuz, qovun, sabzi va boshqa mahsulotlar ekishni boshladim. Dastlab bu ish menga og‘irdek tuyuldi, lekin vaqt o‘tishi bilan natijani ko‘rib, mehnatim bekor ketmaganini angladim. Eng muhimi, o‘zimga ishonchim oshdi: men ham mustaqil, mehnatsevar inson sifatida jamiyatga foyda keltira olyapman. Ma’naviy immunitet Yoshlar orasida salbiy illatlarga qarshi kurashning eng samarali vositasi ularni ma’rifat va sportga keng jalb qilishdir. Shahzoda Tolibova tashabbusi bilan Qiziloy mahallasida quyidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi: Kichik kutubxona tashkil qilindi. Unda yoshlar va oila a’zolari muntazam kitob mutolaa qiladi. Ayniqsa, Qayumovlar oilasi kitobxon oila sifatida e’tibor qozondi. Har kuni yoshlar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, ijtimoiy loyihalar tashkil etilmoqda. Mini futbol bo‘yicha Qiziloy jamoasi “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi”da tuman va viloyat g‘olibiga aylandi va respublika bosqichida qatnashdi. Bunday tadbirlar yoshlar orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Tashabbus va shaxsiy mas’uliyat Shahzoda Tolibova tashabbusi bilan mahallada sport to‘garaklari, xususan, mini futbol bo‘yicha qizlar jamoasi tuzildi. Shu kungacha Ibrat farzandlari loyihasi doirasida 10 nafar yosh, jumladan, yetakchining o‘zi ham ingliz tili kurslarini tamomlab, sertifikat oldi. Bu Shahzodaning yoshlar hayotini o‘zgartirishga chin dildan bel bog‘laganini ko‘rsatadi. Yangi marralar sari intilish Mahalladagi yoshlar bilan samarali faoliyatni yanada kengaytirish, mavjud tajribani mukammallashtirish Shahzoda Tolibovaning kelgusi rejalari markazida turadi. – Yoshlar bilan ishlash doimiy harakat, yangilanish va o‘z ustida ishlashni talab qiladi, – deydi Shahzoda Tolibova. – Bugun erishgan natijalar bilan to‘xtab qolmay, har bir yigit-qizga o‘z orzusi sari intilishga ko‘maklashish mening eng katta maqsadim. Quyida yetakchining yaqin kelajakdagi asosiy rejalari bilan tanishamiz:  “Bir yosh – bir hunar” dasturi. Shahzoda yaqin vaqt ichida hunarmandchilik, AT va servis sohalariga oid bepul qisqa muddatli kurslar tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Bu orqali yoshlar o‘zlari uchun munosib kasb egallab, daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Yosh fermerlar klubi”. Mahallaning drayver yo‘nalishi – dehqonchilik va chorvachilikdan kelib chiqib, bu sohalarga qiziqqan yoshlardan iborat “Yosh fermerlar klubi” tuziladi. Klubda tajriba almashish, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘rganish va kooperatsiya asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Psixologik ko‘mak markazi. Muammoli yoshlar bilan ishlashda samaradorlikni oshirish uchun tajribali psixologlar bilan hamkorlikda kichik psixologik maslahat markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu markazda yoshlar ruhiy bosim, ishsizlik, oilaviy muammolarda malakali yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yosh ayollarni qo‘llab-quvvatlash markazi. Yosh xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish uchun ularga tadbirkorlik, tikuvchilik, pazandachilik va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ular uchun maxsus kreditlar ajratish, ko‘rgazma va startap tanlovlari yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. “Yoshlar tashabbuslari jamg‘armasi”. Yoshlarning innovatsion va ijtimoiy loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mahalla darajasida kichik “Yoshlar tashabbuslari jamg‘armasi” tashkil etish ustida ish olib borilmoqda. Bu jamg‘arma orqali kreativ g‘oyalarga ega yoshlarga mini grantlar berilishi rejalashtirilgan. Shahzoda Tolibova muvaffaqiyatli loyihalarini boshqa mahallalarga ham tatbiq etish, yoshlar yetakchilari uchun treninglar o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish istagida. Uning aytishicha, har bir yoshning ichida kuch, orzu va salohiyat bor. Asosiysi, unga ishonish va imkon yaratish kerak. *** Yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kerakli tashkilot va mutasaddilar bilan bog‘lash mening eng asosiy vazifalarimdan biridir. Qiziloy mahallasida 12 nafar yoshga umumiy qiymati 210 million so‘mga teng imtiyozli kreditlar ajratildi.

18.8.2025 7375

NATIJA HISOBOTDA EMAS, TAQDIRLARDA KO‘RINADI

2025-yil boshida Nurafshon shahridagi Nurafshon mahallasi yoshlar yetakchisi Qutliya Ochilova mahalladagi qarovsiz hududni obodonlashtirib, yoshlar uchun foydali markazga aylantirish g‘oyasini ilgari surdi. Yoshlarning fikr va takliflari asosida bu joy hashar yo‘li bilan ta’mirlanib, zamonaviy infratuzilmaga ega “Yoshlar markazi” barpo etildi. Markaz yoshlar uchun ijtimoiy, madaniy va sport markaziga aylangan. Bu yerda stol tennisi, shashka, shaxmat, armrestling kabi sport turlaridan to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. “Yoshlar markazi” 100 dan ziyod yoshlarni qamram olgan. – Bunday markazlar yoshlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etish, ijtimoiylashuvi, sog‘lom hayot tarziga intilishlarini kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi, – deydi Nurafshon mahallasi yoshlar yetakchisi Qutliya Ochilova. – Har bir yosh shu yerda o‘zini topishi, qiziqishini rivojlantirishi va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Men yetakchi sifatida yoshlarda ichki ruhiy kuchni uyg‘otish va o‘ziga ishonchini oshirishni vazifam deb bilaman.  Nurafshon mahallasi yoshlar soni va ijtimoiy faolligi bo‘yicha viloyatdagi yetakchi hududlar sirasiga kiradi. Qutliya Ochilova yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil qilish va bandligini ta’minlash yo‘nalishida zamonaviy, tizimli va ehtiyojga yo‘naltirilgan yondashuvni yo‘lga qo‘yib, o‘z hududidagi o‘nlab yigit-qizlarning taqdirini ijobiy tomonga o‘zgartirdi. Birgina sportga jalb etilgan yoshlar yutuqlarini olaylik. O‘tgan yilgi mavsumda mahallaning 16-21 yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar jamoasi stritbol bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida ishtirok etdi. Bu ular uchun sportdagi yutuq, psixologik o‘sish va jamoa bilan ishlash tamoyillarini mustahkamlash imkoniyatini berdi. Finalda g‘alaba qozona olmagan bo‘lishiga qaramay, yigitlar to‘xtab qolmadi. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan ularga murabbiy biriktirildi. Jamoa yangi mavsumda o‘z ustida ishlay boshladi. Harakatlar natijasi o‘laroq, olimpiadaning bu yilgi mavsumida jamoa yana stirbol bellashuvlarining yakuniy bosqichida ishtirok etdi. Natija esa kutilganidek – 1-o‘rin! (Natijalar 5-avgust kuni aniq bo’ladi) Bundan tashqari, shu yil Asilbek Ma’murjonov unifight sport turidan kamar sohibi bo‘ldi. Nurafshon mahallasi balansi: Aholi: 1725 nafar; Yoshlar: 354 nafar; Xotin-qizlar: 178 nafar.   “Yashil” toifa: 275 nafar; “Sariq” toifa: 72 nafar; “Qizil” toifa: 7 nafar;   Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.   IELTS va TOPIK Nurafshon mahallasida chet tillarni chuqur o‘rgangan yoshlar soni ortmoqda. Bir guruh yoshlar IELTS va TOPIK imtihonlaridan yuqori ball olib, endilikda tengdoshlariga chet tilini bepul o‘rgatmoqda. Mahalladagi “peer-to-peer” (“tengdosh–tengdoshga”) modeli sifatida shakllangan tashabbus qamrov va natijadorlik nuqtayi nazaridan samarali yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, mahallada “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida chet tillarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ilovada xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 90 nafardan oshgan. Sarvinoz Ma’murova 17 yoshda. IELTS imtihonidan 6,5 ball olishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir o‘z uyida 15 nafarga yaqin tengdoshiga ingliz tilini o‘rgatyapti. – Ingliz tilini bilish zamon talabi, – deydi Sarvinoz. – Men bu tilni o‘rganishda ko‘p mehnat qildim, o‘z ustimda ishladim. Endi o‘rganganlarimni boshqalar bilan baham ko‘rishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Darsda “Ibrat Academy” mobil ilovasi eng yaqin ko‘makchimga aylangan. U orqali topshiriqlarni mustahkamlash, yangi mavzularni tushuntirish osonlashadi. O‘quvchilarim muvaffaqiyat qozonsa, bu mening ham g‘alabam deb bilaman. Shuning uchun har bir kichik yutuqni nishonlaymiz, rag‘batlantiraman. Bandlik dasturi Yoshlar bandligini oshirish masalasi yetakchining ustuvor vazifalaridan biri. Individual yondashuv asosida har bir yoshning qiziqish va salohiyati inobatga olinayotgani ularni ish bilan ta’minlashda asqotyapti: 12 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi; 1 nafar yosh Uzum Marketga, 1 nafari “Havas” do‘konlar tarmog‘iga ishga joylashtirildi; 2 nafar yosh IT yo‘nalishida sertifikat olib, faoliyat boshlagan; 3 nafari kasb-hunarga o‘qitilmoqda.   Ijtimoiy yordam va g‘amxo‘rlik Mahallada ijtimoiy himoya masalasi alohida e’tibor markazida. Qutliya Ochilova imkoniyati cheklangan yoshlar ehtiyojlarini muntazam o‘rganib, ularga manzilli yordam ko‘rsatish tizimini shakllantirgan. Nogironligi bor bir nafar yoshning davolanish xarajatlari to‘liq qoplab berilgan, ko‘z operatsiyasiga muhtoj yana bir yoshga “Yoshlar daftari” orqali moliyaviy yordam ajratilgan. Shuningdek, 11 nafar talabaga kontrakt puli to‘lab berilgan. Qutliyaning o‘zi “Munozara” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi g‘olibi, respublikada 3-o‘rin sohibi bo‘lgan. Toshkent viloyatida davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan rahbar ayollar bilan “Innovator, lider ayollar bilan davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish sari” mavzusida tashkil etilgan amaliy seminarning “Zakovat” intellektual o‘yinida “Yoshlar” jamoasi tarkibidagi yetakchi qizlar bilan 1-o‘rinni egalladi. Yoshlar yetakchisi “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi” o‘quv dasturlarida ham faol ishtirok etgan. “Oila psixologiyasi”, “Oila huquqi” va “Fotografiya” yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli tugatgan. “Eko avlod” o‘quv seminarida ishtirok etib, “Yoshlar va ekologiya” yo‘nalishida Toshkent viloyati mentori maqomiga ega bo‘ldi. Barcha sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, Qutliya Ochilova 2025-yil II chorak yakunlari bo‘yicha samaralai faoliyat ko‘rsatgan “Top – 100” yetakchi safiga kiritildi. Uning aytishicha, haqiqiy natija hisobotlarda emas, har bir yoshning taqdirida ko‘rinadi. Yangi bosqich rejasi Qutliya Ochilova ilgari surgan kelajak rejalari yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyatdagi faol o‘rnini belgilash va bandligini ta’minlashga qaratilgan. Jumladan: “Yoshlar markazi”ni zamonaviy ko‘rinishga keltirish. Yetakchi 2026-yilga qadar mahalladagi yoshlar markazini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, uning negizida ko‘p tarmoqli “Yoshlar markazi”ni barpo qilishni rejalashtirmoqda. Markazda quyidagi yo‘nalishlarda xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi: axborot texnologiyalari va dasturlash, xorijiy tillar markazi, kasb-hunar yo‘nalishlari, ijodiy studiyalar, sport mashg‘ulotlari. Markazda kutubxona va ish markazi maydoni tashkil etilib, yoshlar o‘z loyihalari ustida ishlashi, startaplar tuzishi va jamiyatga foydali g‘oyalar yaratishi uchun sharoit yaratiladi. “Har bir yosh – bir loyiha” modeli. Qutliya 2025–2026-yillar davomida yoshlar orasida ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida “Har bir yosh – bir loyiha” loyihasini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu model yoshlarning muammolarni aniqlab, ularga amaliy yechim topishga qaratilgan loyihalarini moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, eng yaxshi loyihalarni mahalla miqyosida sinovdan o‘tkazish va ommalashtirishni o‘z ichiga oladi. “Yoshlar innovatsion akademiyasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish. BU loyiha doirasida mahalladagi ilg‘or o‘quvchilar va talabalar uchun ilmga yo‘naltirilgan klub tashkil etiladi. Fan olimpiadalari, loyihalar tanlovi, xalqaro grantlar haqida yoshlar xabardor qilinadi va ularga ariza topshirishda amaliy yordam ko‘rsatiladi. Mahalla yoshlar mediaklubini tashkil etish. Kelgusida yoshlar hayotini yoritish, ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etish va jamiyatga ijobiy fikr tarqatish maqsadida “Yoshlar mediaklubi” ishga tushiriladi. Bu yerda blogerlik, videomontaj, dizayn, jamoatchilik bilan aloqalar (PR) bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. – Biz mahallada har bir yigit-qizning bilim olishi, hunar egallashi, ish bilan band bo‘lishi, jamiyatga foydali shaxsga aylanishi uchun imkon yaratishga harakat qilyapmiz, – deydi Qutliya Ochilova. – Rejalarimiz katta: avvalo, xorijiy tillarni o‘rgatuvchi bepul to‘garaklar sonini yana oshiramiz. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasidagi faoliyatni takomillashtirib, til o‘rganuvchilar sonini 250 nafarga yetkazishni mo‘ljallayapmiz. Men uchun eng katta yutuq yoshlarning o‘ziga ishonchi ortib, ularda “men ham jamiyatga kerakman” degan fikr shakllanishidir. Har bir yosh – kelajak. Biz ularni qo‘llab-quvvatlab, aslida butun mamlakatning ertangi kunini mustahkamlab boryapmiz.

24.7.2025 7703

Mahallaga mehr bilan

Mo‘g‘ol mahallasidagi ezgu sa’y-harakatlar Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Mo‘g‘ol mahallasi qardosh millat vakillari bir oiladek yashayotgan so‘lim maskanlardan biri. Ayniqsa, bu mahallada o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, hamkorlik va mehr-oqibat barchaga ibrat bo‘ladi. Hududda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha e’tiborga loyiq faoliyat olib borayotgan, tizimning yoshlarga mehr va g‘amxo‘rligi timsoliga aylangan Xursandoy Jumanazarova 2022-yildan buyon yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda. Mo‘g‘ol mahallasi balansi: Aholi soni: 1704 nafar Yoshlar soni: 465 nafar Xotin-qizlar: 207 nafar  “Yashil” toifa: 303 nafar “Sariq” toifa: 162 nafar “Qizil” toifa: 7 nafar Mahalla drayveri: dehqonchilik va chorvachilik  Faqat do‘stlik va hamjihatlik bor – O‘zbek va qirg‘iz xalqi azaldan bir tuproqda yashab kelgan qardoshlar, – deydi Xursandoy Jumanazarova. – Bu nafaqat tarix, balki hayotiy haqiqat. Mahalla yoshlariga qarasam, ular orasida millat degan to‘siq yo‘q – faqat hurmat, do‘stlik va hamjihatlik bor. Xursandoy faoliyatining ilk kunidanoq mahalladagi har bir yoshning hayotiy sharoitini, ijtimoiy ahvolini chuqur o‘rganishga kirishdi. U “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”da ro‘yxatga olingan fuqarolarning oilaviy, moddiy va psixologik holatini tahlil qilib, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlashni maqsad qildi. Bugungi kunda mahallada har bir yosh bilan individual ishlash tizimi joriy etilgan. Xursandoy Jumanazarova, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish bilan band bo‘lmagan, nogiron, yetim yoki yarim yetim, chekka hududda yashayotgan, hayotga nisbatan ishonchini yo‘qotgan yoki jinoyatchilik yoqasiga kelib qolgan yoshlar bilan alohida ishlaydi. Hamma e’tiborda Mahallada “Yoshlar balansi” tizimi asosida har bir yoshning holati tahlil qilinmoqda. 6 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ular bilan manzilli ish olib borildi. Jumladan, 1 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlandi, 5 nafariga subsidiya asosida mehnat qurollari ajratilib, o‘zini o‘zi band qilishiga imkon yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-153-sonli qaroriga asosan 2 nafar yoshga 1,8 gektar yer maydoni ajratildi. Yana 2 nafar yoshga 60 million so‘m imtiyozli kredit olib berildi. 2 nafar oliy ta’lim bitiruvchisi doimiy ish o‘riniga joylashtirildi. Ijtimoiy himoya – ko‘ngildan 2024-yilda surunkali kasallikka chalingan 8 nafar yoshga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ulardan 4 nafari sog‘lig‘i tiklangach kasb-hunar o‘rganish kurslariga jalb etildi, qolgan 4 nafari esa davolanishni davom ettirmoqda. Otasi vafot etgan, onasi ishsiz, og‘ir moddiy ahvolda hayot kechirayotgan qizga Xursandoy Jumanazarova pasport rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatdi. Yana 2 nafar yoshga haydovchilik kursida o‘qishi uchun zarur xarajatlar to‘lab berildi. Boquvchisini yo‘qotgan, og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan 2 nafar yoshga homiylik mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ajratildi. Ular vaqtincha kunlik ishlarga jalb etilib, hozir oilasiga daromad keltirmoqda. Bir yurak – bir orzu Mo‘g‘ol mahallasining o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, bu yerda o‘zbek va qirg‘iz elatlari azaldan ahil va inoq hayot kechiradi. Millatlararo totuvlik, madaniy xilma-xillik va o‘zaro hurmat yoshlarda ham uyg‘unlikda namoyon bo‘lmoqda. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan “Bir yurak – bir orzu”, “Biz bir oilamiz” kabi 20 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda ikki xalq vakili bo‘lgan yoshlar faol ishtirok etib, kuy-qo‘shiqlar, raqslar, teatr sahnalari orqali millatlararo birlik va do‘stlikni targ‘ib qildi. Shuningdek, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 51 nafar yosh ro‘yxatga olinib, ulardan 45 nafari sertifikatga ega bo‘ldi. “Mutolaa” loyihasida 52 nafar yosh kitoblar o‘qimoqda. “Ustoz AI” loyihasida esa 24 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan. “Uzchess” loyihasiga 45 nafar, “Qizlar akademiyasi”ga 58 nafar yosh faol qamrab olindi. Yoshlar yetakchisining shaxsiy tashabbusi bilan mahalla hududida homiylik mablag‘lari asosida zamonaviy bolalar maydonchasi barpo etildi. Mahalladan respublikagacha Xursandoy Jumanazarova 2025-yilning birinchi yarmida 7 nafar “qizil” toifadagi yosh bilan individual reabilitatsiya ishlarini olib bordi. Ular turli o‘quv kurslariga jalb etildi, psixologik maslahatlar berildi, shuningdek, ayrim yoshlarga vaqtinchalik ish topishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu ishlar yoshlarning hayotga ishonchini tiklash, sog‘lom turmush tarziga qaytarish va ijtimoiy muhitga moslashuvini ta’minlashga xizmat qildi. Bundan tashqari, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yoshlar ovozi” festivali, “Lider yosh”, “Kitobxon yoshlar haftaligi”, “Yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi loyihalar orqali mahalla yoshlari o‘z salohiyatini namoyon etish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu ishlarning amaliy samarasini 2024-yilda o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” misolida ko‘rish mumkin. Unda Mo‘g‘ol mahallasi yoshlari voleybol sport turi bo‘yicha tuman va viloyat bosqichlarida faxrli 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida ham faol ishtirok etdi. Kelajak rejalari aniq Xursandoy Jumanazarovaning yoshlar bilan ishlash borasidagi yondashuvi nafaqat muammolarni hal qilish, balki ularni ildizi bilan yo‘qotishga qaratilgan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitda yashayotgan yoshlar bilan ishlashda u kelajak uchun aniq va manzilli rejalarni belgilab olgan. Birinchidan, mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yigit-qizlar doimiy monitoring asosida o‘rganiladi. Xursandoyning tashabbusi bilan ularning holatini aks ettiruvchi individual reabilitatsiya kartalari yuritilishi, muammolarni erta aniqlash va hal etish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Ikkinchidan, yoshlarning kasbli bo‘lishi – mustaqil hayot sari ishonchli qadam, degan yondashuv asosida har bir ishsiz yoki kasb-hunarga ega bo‘lmagan yigit-qizga ustoz-shogird tizimi, kasb o‘rgatuvchi o‘quv kurslari, subsidiya asosida texnik jihozlar ajratilishi orqali o‘zini o‘zi band qilish imkoniyati yaratiladi. Shu maqsadda mehnat yarmarkalari va tadbirkorlar bilan aloqalar mustahkamlanmoqda. Natijada barcha yoshlar bandligini ta’minlashga erishish mumkin. Uchinchidan, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi yoshlarga ko‘mak ko‘rsatishda faqat davlat emas, balki butun mahalla jipslashishi zarur, degan tamoyil asosida, u homiylar, xayriya tashkilotlari, ta’lim muassasalari va fuqarolar bilan hamkorlikda barqaror yordam tarmog‘ini shakllantirishni maqsad qilgan. Bu yondashuvlar “birorta ham yosh e’tibordan chetda qolmasin” degan insonparvar g‘oyaga tayanadi. Xursandoy Jumanazarovaning sa’y-harakatlari tufayli Mo‘g‘ol mahallasida yoshlarga oid davlat siyosati samarali amalga oshirilmoqda. U yetakchi emas, mehribon opa, do‘st, maslahatgo‘ydek faoliyat olib borayotgan inson sifatida e’tirof etiladi. Xursandoy aytgandek: “Yoshlar baxtli bo‘lsa jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam bo‘lsa kelajak porloq bo‘ladi.”

17.7.2025 7206

Ozodbek – mahallaning naqshi

Buxoro viloyati Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband mahallasida Ozodbek Aminjonov yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda. Uning tashabbuskorligi va “harakatda barakat” tamoyiliga asoslangan amaliy ishlari nafaqat mahalla ahli, balki butun tuman yoshlari uchun ibrat bo‘lmoqda. Ozodbek yoshlarning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni dehqonchilik faoliyatiga jalb etish maqsadida yer ajratilishiga ko‘maklashish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga sharoit yaratish yo‘lida mehnat qilmoqda. MAHALLA BALANSI: Aholi soni: 5137 nafar; Yoshlar soni: 1060 nafar; Xotin-qizlar: 532 nafar. “Yashil” toifa: 913 nafar; “Sariq” toifa: 147 nafar; “Qizil” toifa: 33 nafar. Mahalla drayveri: issiqxona va xizmat koʻrsatish. – Ota-bobolarimiz azaldan dehqonchilik bilan shug‘ullangan, – deydi yoshlar yetakchisi Ozodbek Aminjonov. – Yerni boqsang, yer seni boqadi, deyishadi. Shu sababli mahallamizdagi ishsiz yoshlar bandligini ta’minlashda biz yerni asosiy vosita sifatida ko‘rib, ularni dehqonchilikka jalb qilmoqdamiz. Bu ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga turtki bo‘lyapti. Bugungi kunda mahallamizning asosiy daromad manbayi dehqonchilik, xususan, issiqxona xo‘jaligi hisoblanadi. Yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlarida zamonaviy issiqxonalar barpo qilinib, ularga imtiyozli kreditlar, texnik yordam va amaliy maslahat bermoqdamiz. Natijada bir qancha yoshlar o‘z ishini boshladi, mahsulot yetishtirib ichki bozorga chiqarmoqda, ba’zilari esa eksport qilish darajasiga yetdi. Bu ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash bilan birga, mahallada bandlik va ijtimoiy faollikni ham oshirmoqda. Issiqxona – daromad manbayi 2024-yilda Prezidentning “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-son qaroriga muvofiq, yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni daromadli faoliyatga yo‘naltirish maqsadida yetakchi tashabbusi bilan mahallada birinchi marta issiqxonalar konturi tashkil etildi. Qaror asosida 2 gektar yer ajratilgan bo‘lsa, shundan 8 nafar yoshga jami 34 sotix yer ajratilib, ular uchun imtiyozli kreditlar asosida issiqxonalar qurib berildi. Bu yoshlarning nafaqat ish bilan band bo‘lishiga, balki o‘ziga xos tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishiga imkon yaratdi. Loyiha iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan ham muhim. Chunki har bir issiqxona bu – oila uchun daromad, jamiyat uchun esa ijtimoiy barqarorlik manbayidir. “Yoshlar daftari” 2024-2025-yillarda mahalladagi 40 nafar yoshga “Yoshlar daftari” orqali yordam ko‘rsatilgan. – 3 nafarining kontrakti to‘langan; – 1 nafari kelajak kasblariga o‘qitilgan; – 2 nafariga subsidiya asosida asbob-uskunalar berilgan; – 2 nafariga imtiyozli kredit ajratilgan; – 30 nafar yoshga dehqonchilik qilishi uchun yer ajratilgan; – 2 nafariga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan. Mehnat – baraka manbayi Mahalla yoshlari yer maydonlaridan oqilona foydalanib, issiqxona va ochiq yerda ekin yetishtirishdan barqaror daromadga ega bo‘lmoqda. Mahalla yoshlaridan biri Mirshodbek Muhammadovga dehqonchilik qilishi uchun 20 sotix yer ajratilgan edi. U yerning 5 sotixida issiqxonada tashkil qildi, pomidor yetishtirib, 30 million so‘m daromad oldi. Qolgan 15 sotix maydoniga kartoshka ekkan, ayni paytda hosilni yig‘ishga tayyorlanmoqda. Mirshodbek kartoshkadan 20 million so‘m daromad olishni ko‘zlamoqda. U o‘tgan yilgi faoliyatiga nisbatan bu yilgi hosildorlik va daromadni 2–3 barobarga oshirishni reja qilgan. Yana bir faol yosh Feruz Barotov 5 sotixli issiqxonada bodring yetishtirib, 10 million so‘m daromad ko‘rdi. Qolgan 35 sotix yer maydoniga kartoshka va baqlajon ekib, hozir hosil yig‘ish arafasida turibdi. Uning umumiy rejalashtirilgan daromadi 40 million so‘mni tashkil etadi. Dilnora Abdullayeva esa o‘tgan mavsumda qand lavlagi yetishtirib, 30 million so‘m foyda ko‘rgan edi. Bu yil u 2 sotix issiqxonada pomidor yetishtirib, 8 million so‘m daromad oldi. Qolgan 18 sotix yerga kartoshka ekib, 25 million so‘m daromad olishni rejalashtirgan. Bu yutuqlar mahallada yoshlarga yer ajratish, ularni dehqonchilik va tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish orqali bandlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Har bir muvaffaqiyat asosi – mehnat Ozodbek Aminjonov yoshlarga shaxsiy namuna bo‘la oladi. U 2024-yili “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritib, hududiy bosqichda faol ishtirok etgan. 2025-yil I chorak yakunlari bo‘yicha respublikaning “Top – 100” yetakchisi safiga kiritilgan. “Ibrat farzandlari”ning “Super Start” loyihasida ingliz tilini o‘rganib sertifikat sohibi bo‘ldi. Mahalla yoshlari esa “Besh tashabbus olimpiadasi” “Yosh musavvir” tanlovining tuman bosqichida 2-o‘rinni egalladi. Bu natijalar faqatgina individual yutuq emas, balki tizimli va doimiy sa’y-harakatlarning mahsulidir. Bugungi raqamli dunyoda yoshlar faolligini faqat jismoniy ishlarda emas, balki intellektual va innovatsion loyihalarda ham shakllantirish kerak. Shu jihatdan Bahouddin Naqshband mahallasida quyidagi loyihalar muvaffaqiyatli olib borilmoqda: • “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 500 nafardan ziyod yosh ro‘yxatga olinib, 78 nafari sertifikat olishga erishdi; • “Mutolaa” loyihasida 294 nafar yosh 1512 ta kitob o‘qigan; • “Ustoz AI” loyihasida 8 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tib, zamonaviy kasblarni o‘rganmoqda. Kelajak rejalari: harakat davom etadi Ozodbek Aminjonov bugungi erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, o‘z oldiga katta va uzoq muddatli maqsadlarni ham qo‘ygan. U yetakchi sifatida mahalladagi har bir yoshning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni hayotga tayyorlash, ayniqsa, iqtisodiy va intellektual jihatdan mustaqil fikrlovchi avlodni shakllantirish yo‘lida izchil harakat qilmoqda. Kelgusidagi asosiy rejalar quyidagilardan iborat: “Yosh fermerlar maktabi” loyihasini ishga tushirish – bu orqali yer ajratilgan, ammo dehqonchilik ko‘nikmasi yetarli bo‘lmagan yoshlar uchun amaliy va nazariy treninglar tashkil etiladi. Har bir ishtirokchiga mentor biriktiriladi. Issiqxonalar sonini va maydonini ikki barobarga oshirish – bu yil kamida yana 8 nafar yoshni issiqxona bilan ta’minlab, ularning tadbirkorlikka kirib kelishini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan. “Yoshlar klasteri” modelini joriy etish – ya’ni biror mahsulot (pomidor, kartoshka, lavlagi va shu kabilar) atrofida birlashgan yosh dehqonlar guruhini tashkil etib, ularni urug‘lik, texnika, savdo va eksport bilan tizimli ta’minlash. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga yo‘naltirilgan xizmatlar sonini ko‘paytirish – “Yoshlar daftari” orqali yangi o‘quv kurslari, professional yo‘nalishlar, psixologik yordam va onlayn mentorlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish. Raqamli savodxonlik va zamonaviy kasblar bo‘yicha mini akademiya tashkil etish – “Ustoz AI” loyihasiga yoshlar qamrovini kengaytirib, mahalla yoshlarini sun’iy intellekt, grafik dizayn, veb dasturlash, til o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilish. “Har bir yoshga amaliy loyiha” yondashuvini joriy etish – yoshlarning o‘z g‘oyalarini amalda sinab ko‘rishlari, ularni bosqichma-bosqich rivojlantirishi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimiga bog‘liq holda ro‘yobga chiqarish imkoniyatini yaratish. Mahalla darajasida yoshlar forumlari, ijodiy ko‘rik-tanlovlar, intellektual bellashuvlar o‘tkazish – yoshlarning nutq, fikrlash va liderlik salohiyatini ochish uchun platformalar yaratish. Bu orqali yoshlarning kitobga qiziqishini kuchaytirish va kitobxonlik targ‘iboti maqsad qilinmoqda. Ozodbek Aminjonovning fikricha, har bir yosh o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun unga imkoniyat, ishonch va yo‘l ko‘rsatuvchi kerak. Ana shu omilni muhayyo qilish yetakchining asosiy burchidir. Mas’uliyat, fidoyilik va halollik – Bugun mahalla yoshlari orasida ijtimoiy faollik, mehnatsevarlik va tashabbuskorlik kuchayib borayotgan bo‘lsa, bu, avvalo, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarayotgan yoshlar yetakchisi Ozodbek Aminjonovning mehnati samarasidir, – deydi Bahouddin Naqshband mahallasi raisi Baxshillo Boqiyev. – Ozodbek bugungi kunda mahalla yoshlarining orzu-intilishlariga yo‘l ochib berayotgan, ularni o‘ziga ishontira olgan, har bir yigit-qizning ichki ovozini eshitishga intilayotgan zamonaviy yetakchi. U o‘z faoliyatida bir nechta muhim prinsiplarni tanlagan: natijadorlik, tizimlilik, shaffoflik va insoniylik. Bu yondashuvlar unga ishonch qozonish, har bir yosh bilan individual ishlash, ularning hayotida ijobiy o‘zgarishlarga sababchi bo‘lish imkonini bermoqda.

14.7.2025 6786

Sog‘lom avlod sog‘lom jamiyatni quradi

30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan, faol yoshlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi Navoiy mahallasi yoshlar yetakchisi Jamshidbek Ismoilov ham bor. Jamshidbek Ismoilov yoshlar bilan ishlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasidagi tashabbuslari, mahalladagi ijtimoiy faollikni oshirishga qo‘shgan hissasi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, uning yoshlar siyosatini joylarda targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari, yangilikka intilishi va yetakchilik salohiyati yuqori baholandi. Bu yil u “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Jamshidbek Ismoilov yoshlarni sportga jalb etish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Sport – bu hayot”, “Sog‘ tanda – sog‘lom aql”, “Yoshlar sportda, g‘alaba bizda” kabi shiorlar ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelmoqda. Navoiy mahallasi balansi: Aholi soni: 2988 nafar; Yoshlar soni: 791 nafar; Xotin-qizlar: 380nafar. “Yashil” toifa: 509 nafar; “Sariq” toifa: 266 nafar; “Qizil” toifa: 16 nafar. Mahalla drayveri: ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish. “Sinovlarga taslim bo‘lmadim” Jamshidbek Ismoilov sog‘lom turmush tarziga amal qiladi, sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Sport yordamida yoshlarni jinoyatchilik, giyohvandlik va bekorchilikdan yiroq tutishga intiladi. Jamshidbek faoliyatining dastlabki yilida futbolchilik bilan shug‘ullangan – Qoraqalpog‘iston 2-ligasida o‘ynovchi “To‘rtko‘l” klubi sharafini himoya qilgan. Afsuski, jarohat tufayli futbolni tark etishga majbur bo‘ldi. Ammo uning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nmadi. – Futbol bolalikdagi orzum edi, – deydi Jamshidbek Ismoilov. – Har bir mashg‘ulot, har bir o‘yinda bor kuchim bilan harakat qildim. Afsuski, hayotda hammasi rejadagidek ketavermaydi. Oyoqdan olgan og‘ir jarohatim futbolchilik faoliyatimni erta yakunlashga majbur qildi. O‘sha paytlar ruhiy jihatdan og‘ir bo‘lgan. Yillar davomida qurilgan maqsadlarim bir lahzada qulab tushgandek tuyulgandi. Lekin men bu sinovga taslim bo‘lmadim. O‘zimni boshqa yo‘nalishda sinab ko‘rishga qaror qildim va yoshlarga xizmat qilish yo‘lini tanladim. Bugun yoshlar yetakchisi sifatida mahalladagi har bir orzusi bor yoshga ko‘mak berish, ularga imkoniyatlar eshigini ochish menga kuch va ilhom bag‘ishlaydi. Shuni angladimki, hayotda yo‘qotish emas, undan keyin nima qilishing muhim. Men jamiyatga foydali bo‘lish, boshqalarning orzulariga qanot bo‘lish yo‘lini tanladim. Qahramonimiz O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining futbol murabbiylariga beriladigan “D” toifadagi litsenziyasiga ega. Bolalar va o‘smirlar sport maktabida murabbiylik qilgan. Birlik va iqtidor maydoni Yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan mahallada havaskorlar o‘rtasida turli musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. Mini-futbol bo‘yicha “Navoiy kubogi”, shaxmat-shashka turniri, armrestling va turnikda tortilish musobaqalari, qizlar o‘rtasida yugurish bellashuvlari va hokazo. Bu tadbirlar nafaqat yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirdi, balki bir-birini ilgari tanimagan yigit-qizlarni do‘stlik, hamjihatlik ruhida birlashtirdi. Ayniqsa, har bir musobaqaning o‘z nomi, shiori va sovrin jamg‘armasi bo‘lgani, ishtirokchilarni rag‘batlantirish tizimi ishlab chiqilgani, sport tadbirlarining yuqori saviyada, hakamlar ishtirokida o‘tkazilgani bu boradagi ishlarni professional darajaga ko‘tardi. Homiylar ko‘magida tumandagi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan uyushmagan yoshlarni muntazam ravishda sportga jalb qilish maqsadida mini futbol yo‘nalishida “To‘rtko‘l tumani ligasi” tashkil etildi. Hozir ligada 14 ta jamoa ishtirok etmoqda va haftasiga ikki kun Liga o‘yinlari muntazam o‘tkazilmoqda. G‘olib jamoa uchun qimmatbaho sovrinlar belgilangan. Infratuzilma va tashabbus Jamshidbek mahallada sport maydonlarini ta’mirlash, yangi sport jihozlarini olib kelish, yoshlar uchun ochiq mashg‘ulot zonalarini tashkil etish borasida ham tashabbus ko‘rsatdi. Eski sport maydonchalari ta’mirlandi, yoshlar mini-futbol maydonini tozalab, chiziqlarni tortdi, to‘r o‘rnatdi, homiylar yordamida turnik va sport anjomlari olib kelindi, kechki paytlarda yoritish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Infratuzilmani yangilash orqali mahallada sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar soni ortdi, jismoniy faollik kundalik hayot tarziga aylandi. Avval 50-60 nafar yosh sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, hozir ular soni 500 nafardan oshdi. Natija harakatda! Mahalla yoshlari sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishmoqda. Xususan, qizlar jamoasi mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi tuman bosqichida ketma-ket uch mavsum 1-o‘rinni egallagan. Yigitlar jamoasi ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda – ular o‘tgan mavsumda DXX kubogi doirasidagi tuman bosqichida futbol bo‘yicha 2-o‘rin, mini-futbol bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan. “Besh tashabbus” olimpiadasining voleybol musobaqalarida ham mahalla yoshlari muvaffaqiyatli qatnashdi. Ichki ishlar vazirligi kubogining Qoraqalpog‘iston bosqichida 16–21 yosh toifasida 1-o‘rin, 22–30 yosh toifasida 3-o‘rinni egallab, respublikada ham faol ishtirok etdi. Yangi bosqich sari Jamshidbek Ismoilovning fikricha, har qanday tashabbus davomli bo‘lishi, tizimli yondashuvga asoslanishi zarur. U kelgusida amalga oshirishni rejalashtirayotgan yo‘nalishlar ham barqarorlik va natijadorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Quyida uning kelajakdagi rejalariga to‘xtalamiz. “To‘rtko‘l tumani ligasi”ni rasmiy darajaga ko‘tarish. Bu borada u O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlik o‘rnatish ustida ishlamoqda. Ligaga qatnashayotgan havaskor jamoalarning malakasini oshirish, hakamlar faoliyatini tizimlashtirish va sovrin jamg‘armasini kengaytirish rejalashtirilgan. Natijada bu loyiha butun tumandagi uyushmagan yoshlarni sport orqali ijtimoiy hayotga jalb etishda samarali vositaga aylanadi. Sport murabbiyligi va volontyorlik maktabini tashkil etish. Kelgusida sport murabbiylari va volontyorlar maktabini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bu orqali yoshlarga nafaqat sport bilan shug‘ullanish, balki murabbiy sifatida tajriba orttirish imkoniyati yaratiladi. Ayniqsa, murabbiylikka qiziqqan yoshlar uchun futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “D” va “C” toifadagi litsenziyalar bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. “Sport orqali ijtimoiy uyg‘onish” tashabbusi. Jamshidbek jinoyatchilik, giyohvandlik va bekorchilikka qarshi kurashishda sportning kuchli vosita ekanini chuqur anglab yetgan. Shu bois, “sariq” va “qizil” toifaga kiruvchi yoshlar uchun sport orqali ijtimoiy reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqishni o‘ylamoqda. Tashabbuslarni raqamlashtirish va monitoring qilish. Jamshidbek Ismoilov har bir tashabbusda ochiqlik va hisobdorlik tamoyiliga amal qiladi. Yaqin kelajakda “Navoiy sport harakati” nomli telegram-bot yoki mobil ilova yaratish rejalashtirilgan. Platforma orqali barcha sport tadbirlari, jamoalar, natijalar, mashg‘ulotlar jadvali va ro‘yxatdan o‘tish tizimi markazlashtiriladi. Eng muhim strategik reja – o‘z tajribasini tuman va Qoraqalpog‘iston miqyosida ommalashtirish. Bu borada u “Sport yetakchilari maktabi”ni tashkil etish, o‘z tajribasi asosida metodik qo‘llanma tayyorlash va boshqa yetakchilarga amaliy yordam berishni rejalashtirgan.

12.6.2025 6199

YOSHLARGA ISHONCH – ASOSIY INVESTITSIYA

Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi Xo‘jaqishloq mahallasi yoshlar yetakchisi Shohmirzo Doliyev 2023–2025-yillarda “Yoshlar daftari” loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni aniqlash, ularning muammolarini tizimli hal qilish va jamiyatga qo‘shilishiga ko‘maklashish bo‘yicha samarali faoliyat yuritmoqda. Xo‘jaqishloq mahallasi balansi: Aholi soni: 3550 nafar; Yoshlar soni: 842 nafar; Xotin-qizlar: 410 nafar.   “Yashil” toifa: 462 nafar; “Sariq” toifa: 365 nafar; “Qizil” toifa: 20 nafar. Mahalla drayveri: tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish Maqsad yo imkon... Shohmirzo Doliyev mahalla yoshlarining ijtimoiy holatini doimiy monitoring qiladi, ularning muammolarini aniqlab, “Yoshlar daftari”ga kiritish bo‘yicha tavsiya beradi va tegishli organlar bilan hamkorlikda yechim topadi. 2023-yilda 18 nafar yoshning jami 29 million so‘mlik, 2024-yilda 8 nafar yoshning 25 million so‘mlik, 2025-yilning birinchi choragida 4 nafar yoshning 13,9 million so‘mlik muammolarini hal qilgan. – Har bir yigit-qizning orzusi, o‘z yo‘li bor, – deydi Xo‘jaqishloq mahallasi yoshlar yetakchisi Shohmirzo Doliyev. – Ba’zilarida imkon bor, ammo yo‘nalish yo‘q. Boshqalari esa iste’dodli, lekin imkonsiz sharoitda yashaydi. Mana shu o‘rtadagi farqni kamaytirish mening vazifam deb bilaman. “Yoshlar daftari” orqali biz aniq reja bilan ishlaymiz. Har bir murojaat ortida butun bir oilaning, ba’zan esa bir yoshning kelajak-taqdiri turadi. Men har bir ishimga shu mas’uliyat bilan yondashaman. Ko‘rsatilgan yordamlar faqat raqam emas. Bu orzular tiklangan, yo‘llar ochilgan, hayotga qaytgan yoshlar degani. Ijtimoiy himoya faqat moddiy yordam emas, yoshning qalbiga yetib borish, uni tinglash, unga ishonish. Men uchun eng katta mukofot yordam berilgan yigit-qizlarning keyin o‘zlariday boshqa yoshlarga yordam qo‘lini cho‘zayotganini ko‘rishdir. Mahallada yoshlar bir-biriga ijobiy ta’sir o‘tkazadigan muhit yaratilmoqda. O‘ylaymanki, yoshlar yetakchisi faqat tadbir o‘tkazuvchi emas. U ishonchli do‘st, maslahatgo‘y va zarur bo‘lsa, ko‘makchidir. Biz nafaqat bugungi yoshlarga, balki kelajakdagi kuchli jamiyat poydevoriga xizmat qilamiz. “Men yolg‘iz emasman” Yetakchining “Yoshlar daftari” loyihasidagi ishtiroki aniq tizimli natijalarga olib keldi. Har bir yoshning muammosi individual o‘rganilib, moliyaviy yordam, ta’limda qo‘llab-quvvatlash yoki kasb-hunar o‘rgatish kabi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatildi. Misol uchun, 2023-yilda yordam olgan yoshlarning ko‘pchiligi oilaviy muammolar, ishsizlik yoki sog‘lik muammolari bilan yuzlashgan bo‘lsa, 2024-yilda ko‘proq yoshlar o‘qish yoki ish bilan ta’minlash borasida qo‘llab-quvvatlangan. 2025-yilning birinchi choragida esa yordam ko‘rsatish yanada individual va aniqlashtirilgan tarzda olib borildi. Bu holat yoshlarning jamiyatga qo‘shilishida yanada yuqori natijalarga erishishga imkon berdi. Nasiba Obloqulova 24 yoshda. Otasi erta vafot etgan. Hozir Samarqand davlat universitetida tahsil olmoqda. Yoshlar yetakchisi yordami bilan kontrakt to‘lovining 50 foizi qoplab berildi. – Yoshlikdan orzum o‘qituvchi bo‘lish, bolalarga bilim berish edi, – deydi Nasiba Obloqulova. – Afsuski, oilaviy sharoitimiz sababli oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovini to‘lash men uchun katta muammo bo‘ldi. Shunday vaziyatda mahallamizdagi yoshlar yetakchisiga murojaat qildim. U meni diqqat bilan tingladi, holatimni o‘rgandi va qisqa fursatda yordam berish choralarini ko‘rdi. Natijada, kontrakt to‘lovimning 50 foizi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi yordamida to‘lab berildi. Bu yordam menga faqat moddiy emas, ma’naviy ko‘mak ham bo‘ldi. Endi ishonch bilan ayta olaman: yolg‘iz emasman, mening ortimda davlat, mahalla va yoshlar uchun sidqidildan ishlayotgan insonlar bor. Ularning yordami tufayli ta’limni davom ettiryapman. Tashabbus natijasi Shohmirzo Doliyev yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga ham katta e’tibor qaratmoqda. Mahallada muntazam ravishda sport musobaqalari, madaniyat kechalari va mahorat darslari tashkil etmoqda. Tadbirlar yoshlarning jamiyatga integratsiyasini kuchaytirib, ularni ijtimoiy hayotga jalb etish, ijobiy tarafga o‘zgarishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2024-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan sport tadbirlarida xo‘jaqishloqlik Izzatillo Ibodulloyev shashka, Ulug‘bek Abdusamadov stol tennisi bo‘yicha tuman bosqichida sovrindor bo‘ldi. Paralimpiya bahslarining hududiy bosqichida esa Dilafruz A’zamova parashashka sport turidan 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida qatnashdi. 2025-yilda esa “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida Shohmirzo Doliyev mahalla hududidagi ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va ta’mirlash (transformator va simyog‘ochlar o‘rnatish) bo‘yicha loyihani yutib oldi. Bu tashabbus mahalla infratuzilmasining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. “Ibrat farzandlari” loyihasida 54 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan biri sertifikat oldi. “Mutolaa” loyihasida esa 25 nafar yosh jami 211 dan ortiq kitobni o‘qimoqda. “Ustoz AI” loyihasida 8 nafar foydalanuvchi faol. So‘nggi 3 yilda jinoyat sodir etilmadi Yetakchining faoliyati mahalla ijtimoiy hayotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning kamayishi, ta’lim va ish bilan ta’minlanishi, madaniy va sport tadbirlarida ishtiroki barqarorlik va farovonlik darajasini oshirdi. Yoshlar o‘rtasida ijtimoiy muammolar kamaydi, so‘nggi 3 yilda jinoyat sodir etilmadi. Yoshlar orasida sog‘lom raqobat va ijodiy faollik oshdi. Bu esa mahalla yetakchisining tizimli yondashuvi samarasidir. Qahramonimizning tashabbusi bilan mahallada homiylik asosida zamonaviy kutubxona tashkil etildi. Kutubxonada badiiy, ilmiy-ommabop, tarixiy, psixologik hamda yoshlar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar jamlanib, foydalanishga topshirildi. Yetakchi kitobsevar yoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, o‘qilgan kitoblar yuzasidan tahliliy suhbatlar, kitobxonlik musobaqalari va “Kitob haftaligi” kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etmoqda. Shohmirzo bilan ishlagan yoshlarning fikricha, uning faoliyati ularni o‘z-o‘zini rivojlantirishga undaydi, ijtimoiy himoyaga muhtojlikdan chiqish yo‘llarini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik yoshlar uning ko‘magi tufayli o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishganini ta’kidladi. Istiqboldagi vazifalar Shohmirzo Doliyev yaqin va uzoq istiqbolda quyidagi maqsadlarni o‘ziga belgilab olgan: “Har bir yosh – bir imkon” tamoyilini kengroq tatbiq etish. U har bir yoshni individual yondashuv asosida qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun ijtimoiy xarita yaratish (qiziqish, ijtimoiy holat, ehtiyojlar tahlili) va har bir yoshga kamida 1 ta individual yo‘nalish (ish, o‘qish, ko‘nikma, ijod) orqali imkon yaratishni maqsad qilgan. “Yoshlar daftari” mexanizmini raqamlashtirish. Telegram orqali mahalladagi yoshlarning murojaatlarini onlayn ro‘yxatga olish, ijrosini monitoring qilish tizimini joriy etishni mo‘ljallamoqda. Yoshlar kutubxonasi faoliyatini kengaytirish. Mahalladagi kutubxonani kengaytirib, elektron kitoblar, audio mutolaani yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. O‘qilgan kitoblar asosida munozara klublari tashkil etiladi. Hunarmandchilik va IT bo‘yicha kurslar ochish. Yetakchi yoshlarning bandlik ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida mahallada homiylar ishtirokida hunar o‘rgatuvchi markaz ochishni rejalashtirgan. IT savodxonligini oshirish maqsadida kompyuter darslari va raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha mahorat darslari yo‘lga qo‘yiladi. Sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish. Mahalla hududida ochiq sport maydonchalari ko‘paytiriladi, har hafta mahalla miqyosida sport kunlari, turnirlar tashkil etiladi. Shuningdek, psixologik sog‘lomlashtirish yo‘nalishida “Yoshlar bilan ochiq suhbat” klubini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Faol yosh liderlarni tayyorlash. Yetakchi mahalladagi ijtimoiy faol, bilimli, tashabbuskor yoshlardan iborat “Yetakchi yordamchilari” guruhini shakllantirmoqchi. Ular orqali mahalla hayotida yoshlar ishtirokini oshirishni maqsad qilmoqda.