Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

10.9.2026 210

MAKTABDA DARS TAQSIMOTI: masalaga qonuniy yechim bor

Har yili ayni avgust va sentabr oylari maktablarda “dars soati uchun kurash” ketadi. Kimdir o‘ziga tegishli yuklamani olish uchun rahbariyat eshigini qoqadi, kimdir yillar davomida olib kelgan soatlari nega kamayganini tushuntirishni so‘raydi. Eng achinarlisi, dars taqsimoti kasbiy mezon va belgilangan tartib asosida emas, rahbarning shaxsiy munosabati, “qosh-qovog‘iga qarashi” yoki tanish-bilishchilikka, hatto korrupsion holatlarga bog‘liq bo‘lib qolayotgan vaziyatlar ham uchrab turadi. Aslida dars soati rahbarning xohishiga ko‘ra beriladigan “ulush” emas. Uning taqsimotida aniq huquqiy mezonlar, tartib va javobgarlik masalalari mavjud. Demak, o‘qituvchining “Menga nega bu soat berilmadi?”, degan savoliga “Direktor shunday qaror qildi” degan javobning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirliklarining 3271-raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan qo‘shma qarori dars taqsimoti masalasini tartibga soladi. Mazkur qarorning 15-bandiga asosan dars taqsimoti quyidagi ketma-ketlikda bo‘linishi belgilab qo‘yilgan. Umumtaʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqilib, har yili 15-sentabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi: oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra); dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilar (sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga koʻra); birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra); ikkinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra); oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar; qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar (oʻqituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi boʻyicha mazkur bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlganda taalluqliligiga koʻra tegishli koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan oʻqituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega boʻladi); oʻrindoshlik asosida ishlayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar; oliy taʼlim muassasalarining pedagogika yoʻnalishi boʻyicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari; oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar (faqat boshlangʻich sinflarda dars beruvchi oʻqituvchilar uchun); oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari. Shuningdek, boshlangʻich sinflarda oʻqitiladigan fanlar boʻyicha dars soatlarini taqsimlashda oʻqituvchilarning boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki ushbu fanni boshlangʻich sinflarda oʻqitish metodikasi boʻyicha taʼlim olganligi inobatga olinadi. Qolavera, qarorga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Dars taqsimotida faqatgina belgilangan tartibga amal qilish lozim. Chunki bu ta’lim sifati uchun muhim, ta’lim sifati esa kelajak avlodga daxldor masala.

10.9.2026 195

Ish koʻp, mutaxassis yoʻq... Dunyoga qaysi kasb egalari kerak?

Tasavvur qiling: to‘rt yil universitetda o‘qidingiz, diplom oldingiz. Ammo shu vaqt ichida dunyo ham, mehnat bozori ham bir joyda turmaydi. Siz endigina kasbingizni egallayotgan paytda ayrim mutaxassisliklarga talab kamaygan, boshqalariga esa ehtiyoj keskin oshgan bo‘lishi mumkin. Chunki mehnat bozorini endi faqat iqtisodiyot belgilamayapti. Aholi qariyapti, texnologiyalar rivojlanyapti, yashil energetika jadal sur’atlarda kengayyapti, yangi ishlab chiqarish tarmoqlari paydo bo‘lyapti. Bir joyda ishchi qo‘llar kamayayotgan bo‘lsa, boshqa joyda muayyan kasb egalariga ehtiyoj ortmoqda. Xo‘sh, kelgusi besh yilda dunyoga qanday mutaxassislar kerak bo‘ladi? Qaysi kasblar qadrlanadi, qaysi ko‘nikmalar yoshga ustunlik beradi? Markaziy bankning yangi tahlili bu savollarga javob beradi. Birinchi signal Yevropadan Avvalo tahlilni Yevropadan boshlash kerak. Chunki bu hududda kelajakdagi mehnat bozori qanday o‘zgarishini ko‘rsatadigan muhim jarayon allaqachon boshlangan: aholi qariyapti, ishlaydigan yoshdagi odamlar esa kamaymoqda. 2030-yilgacha Yevropa davlatlarida demografik o‘zgarish mehnat bozori oldidagi asosiy muammolardan biriga aylanishi kutilmoqda. Federal bandlik agentligi huzuridagi Mehnat bozorini o‘rganish instituti va Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududda ishchi kuchi taqchilligi 7,5–10,5 million kishigacha yetishi mumkin. Bu raqam ortida esa oddiy bir muammo turibdi: ish o‘rinlari bo‘ladi, ammo ularni egallaydigan odamlar yetishmasligi mumkin. Shu sababli Yevropada muhandislik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi, transport va logistika, agrar soha, tibbiyot, axborot texnologiyalari, turizm hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga talab oshishi kutilyapti. Germaniyadagi vaziyat buni yanada yaqqol ko‘rsatadi. Mamlakatga har yili kamida 400 ming nafar malakali migrant kirib kelmasa, ishchi kuchi tanqisligi YIM o‘sishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ammo gap faqat odamlar sonida emas. Mehnat bozorini kelajakda qanday iqtisodiyot qurilayotgani ham belgilaydi. Masalan, Shimoliy Yevropa davlatlari ekologik toza texnologiyalar markaziga aylanmoqda. Shu bois bu mamlakatlarda yashil metallurgiya, shamol energetikasi va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda mutaxassislarga talab yanada ortishi kutilyapti. Tibbiyot va ijtimoiy ta’minot sohasi AQSh, Yevropa davlatlari, xususan, Germaniya, Avstriya va Buyuk Britaniya, shuningdek, Yaponiya va Koreyada aholining keksayishi natijasida tibbiyot, parvarishlash va ijtimoiy xizmatlar sohalarida ishchi kuchiga ehtiyoj eng yuqori yo‘nalishlardan biriga aylanishi kutilmoqda. Germaniya Xususiy tibbiy sug‘urta ilmiy instituti (WIP) prognoziga ko‘ra, 2030-yilga kelib Germaniyada parvarishga muhtoj aholi soni 5,7 million nafarga yetishi, buning natijasida sog‘liqni saqlash va parvarishlash tizimida 500 ming nafargacha qo‘shimcha xodimga, Buyuk Britaniyada esa 90 ming nafarga yaqin qo‘shimcha parvarish xodimiga ehtiyoj yuzaga kelishi mumkin (“Skills England” tashkiloti ma’lumoti). Yaponiyada parvarishlash, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida 6-7 million nafar, Janubiy Koreyada esa kemasozlik, metalga ishlov berish, elektronika va sanoat tarmoqlarida 1,2–1,5 million nafar ishchi kuchi taqchilligi yuzaga kelishi prognoz qilingan. Yaqin istiqbolda bu davlatlarda katta yoshdagi aholi ehtiyojlariga yo‘naltirilgan maxsus tibbiy xizmatlar, jumladan, geriatriya, uyda parvarishlash, maxsus transport, robototexnika hamda aqlli uy tizimlarini boshqarish va ularga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida mutaxassislarga talab ortib boradi. “Yashil” energetika va ekologiya Yevropa Ittifoqi davlatlari (xususan, Germaniya va Daniya), Yaqin Sharq mamlakatlarida 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan yirik loyihalarning amalga oshirilishi energetika, muhandislik, ekspluatatsiya va ekologik xizmatlar sohalarida malakali kadrlarga talabni sezilarli oshiradi. Germaniyada quyosh panellari va shamol turbinalarini o‘rnatish, texnik, motorist, mexaniklar, ekologiya muhandislari, elektr va avtonom transportni ekspluatatsiya qilish yo‘nalishida 300 ming mutaxassis yetishmovchiligi prognoz qilingan. Fors ko‘rfazi davlatlari yo‘nalishi Ushbu davlatlarda “Vision 2030” kabi milliy rivojlanish dasturlari doirasida iqtisodiyotni neftga qaramlikdan bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish, turizm, qurilish, transport, sog‘liqni saqlash va xizmatlar sohalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotiga ko‘ra, ushbu jarayonlar natijasida Saudiya Arabistonida 1,5–2 million nafar, BAAda esa 1 million nafar qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj shakllanishi mumkin. Saudiya Arabistonida yirik infratuzilma va turizm loyihalarini amalga oshirishda qurilish va texnik mutaxassislarga, sog‘liqni saqlash sohasida o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga talab ortishi, BAAda mehmonxona va restoran ishi, turizm, servis, aviatsiya va logistika sohalarida malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lib qolishi prognoz qilinmoqda. Markaziy bank Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, eng yuqori o‘rtacha ish haqi darajalari Yevropa (Lyuksemburg, Belgiya, Niderlandiya, Shveytsariya va boshqalar), Shimoliy Amerika (Kanada va AQSh), shuningdek, Osiyo davlatlarida minimum ish haqlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar Yaponiya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda qayd etilgan. “Kelgusida tashqi mehnat migratsiyasini tashkiliy asosda rivojlantirishda jahon mehnat bozoridagi demografik va tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lishi kutilayotgan yangi geografik va kasbiy yo‘nalishlarni inobatga olish maqsadga muvofiq”, deyiladi Markaziy bank sharhida.

10.9.2026 205

NAM SALFETKA QACHON TAQIQLANADI? Bizga qulay, tabiatga-chi?

Qo‘limiz iflos bo‘lsa, suv izlamaymiz. Bolaning yuzi yoki qo‘li kir bo‘lsa, nam salfetka bilan artib qo‘yamiz. Safarda, ishxonada, mashinada yoki ovqatlanishdan oldin ham eng qulay vositalardan biri shu. Bir necha soniya ichida ishlatamiz va tashlab yuboramiz. Ammo biz uchun bir necha soniyalik qulaylik tabiat uchun ancha uzoq davom etadigan muammoga aylanishi mumkin. Nam salfetka kundalik hayotimizni yengillashtirayotgan oddiy gigiyena vositasidek ko‘rinadi. Aslida esa uning tarkibi, ishlab chiqarilishi va eng muhimi, foydalanilgandan keyingi taqdiri ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Qog‘ozdek ko‘rinadi, ammo... Ko‘pchilik nam salfetkani oddiy qog‘oz mahsulot deb o‘ylaydi. Axir u yupqa, yumshoq va tashqi ko‘rinishidan qog‘ozga o‘xshaydi. Ammo ko‘plab nam salfetkalar tarkibida polyester yoki polipropilen kabi sintetik, ya’ni plastik tolalar mavjud. Bu tolalar salfetkaning nam holatda ham mustahkam turishini ta’minlaydi. Muammo ham shunda. Oddiy qog‘oz suvda tezroq parchalansa, plastik tolali nam salfetka ancha chidamli bo‘ladi. U tashlab yuborilgandan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qolishi, vaqt o‘tishi bilan esa mayda plastik zarrachalarga, jumladan, mikroplastiklarga aylanishi mumkin. Bu zarrachalar suv va tuproqqa tushib, turli tirik organizmlar bilan aloqaga kirishadi. Muammoning ko‘lami esa kichik emas. Masalan, Buyuk Britaniyada 2021-yilning o‘zida bozorga 30 milliarddan ortiq nam salfetka chiqarilgani, ularning qariyb 26 milliardi plastik tarkibli bo‘lgani qayd etilgan. Bitta salfetka juda kichik chiqindi bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo milliardlab marta takrorlanganida uning ekologik oqibati ham kattalashadi. “Fatberg” Nam salfetkalar bilan bog‘liq eng keng tarqalgan xatolardan biri – ularni kanalizatsiyaga tashlash. “Suv bilan ketib qoladi” degan tasavvur aslida muammoning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Nam salfetka hojatxona qog‘ozi kabi suvda tez parchalanmaydi. Aksincha, nam holatda mustahkam turgani uchun kanalizatsiya quvurlarida qolib ketishi mumkin. U yerda salfetkalar yog‘, maishiy chiqindilar va boshqa materiallar bilan birikib, katta tiqinlar hosil qiladi. Bunday tiqinlar ayrim hollarda “fatberg” deb ataladigan ulkan massalarga aylanadi. 2017-yilda Londonning sharqiy qismida og‘irligi qariyb 130 tonna va uzunligi 250 metr bo‘lgan – yog‘ va kanalizatsiyaga tashlangan nam salfetka kabi chiqindilardan iborat ulkan fatberg aniqlangan. Bunday holatlar kanalizatsiya tizimini tozalash va ta’mirlash uchun katta xarajatlarni talab qiladi. Yana, kanalizatsiya tizimidan tashqariga chiqib ketgan plastik tolali salfetkalar suv havzalariga tushishi va vaqt o‘tishi bilan mayda plastik zarrachalarga parchalanishi mumkin. Nam salfetkalar taqiqlanyapti Buyuk Britaniya hukumati plastikli nam salfetkalarni daryo va boshqa suv havzalariga tushadigan plastik va mikroplastik ifloslanish manbalaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda. Muammo ko‘lami sabab mamlakat plastik tarkibli bir martalik nam salfetkalardan voz kechish bo‘yicha aniq muddatlarni belgiladi. Bu taqiq nam salfetkaning barcha turlarini yo‘q qilishni anglatmaydi. Asosiy maqsad – tarkibida plastik bo‘lgan bir martalik mahsulotlarni bozordan chiqarish. Jarayon Britaniyaning to‘rt hududida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Uelsda taqiq 2026-yil 18-dekabrdan kuchga kiradi. Angliyada plastikli nam salfetkalarni sotish va yetkazib berish 2027-yil 19-maydan, Shimoliy Irlandiyada 18-maydan, Shotlandiyada esa 2027-yil 11-avgustdan taqiqlanadi. Taqiq bolalar salfetkalari, pardozni tozalash vositalari, nam hojatxona qog‘ozi, qo‘llar uchun antibakterial salfetkalar, shaxsiy gigiyena va maishiy tozalash salfetkalarining plastik tarkibli turlarini ham qamrab oladi. Tarkibida plastik bo‘lmagan salfetkalar esa savdoda qoladi. Ayrim tibbiy va professional foydalanishga mo‘ljallangan mahsulotlar bundan mustasno. Shuningdek, qadoqdagi “biodegradable”, “plastic-free” yoki “flushable” kabi yozuvlarga ham ongli ravishda qarash kerak. “Biologik parchalanadi” degan yozuv mahsulot istalgan sharoitda va tezda tabiatga singib ketadi degani emas. Parchalanish sharoiti, mahsulot tarkibi va undan keyingi utilizatsiya usuli muhim. Sogʻliqqa ham zarar Ayrim mahsulotlar tarkibida xushbo‘y moddalar, konservantlar, spirtlar yoki boshqa kimyoviy komponentlar bo‘lishi mumkin. Ularning barchasi avtomatik ravishda zararli degani emas, biroq ayrim odamlarda, ayniqsa, sezgir terida qizarish, quruqlashishga sabab bo‘lishi mumkin. Chaqaloq terisi nozik bo‘lgani sababli mahsulot tanlashda uning tarkibiga e’tibor berish kerak. Britaniyaning NHS tibbiy xizmat tavsiyalarida chaqaloq terisini tozalash uchun suv yoki xushbo‘y moddasiz va spirtdan xoli salfetkalardan foydalanish mumkinligi ko‘rsatiladi. Shuning uchun “nam salfetka zararli” yoki “nam salfetka mutlaqo xavfsiz” degan keskin xulosalardan ko‘ra mahsulot tarkibi va undan foydalanish maqsadiga qarash to‘g‘riroq. Uy sharoitida esa ko‘p martalik yumshoq mato oddiy va chiqindisi kamroq muqobil bo‘la oladi. Chaqaloq parvarishida ham imkon bo‘lgan holatlarda suv va yumshoq matodan foydalanish mumkin. Muammoning real koʻlami Nam salfetkalar O‘zbekistonda ham juda ommabop bo‘lib, kundalik hayotning deyarli barcha sohalariga kirib kelgan. Uyda, ayniqsa, bolali oilalarda, avtomobilda, ofislarda, umumiy ovqatlanish joylarida va safarlarda nam salfetkadan tez-tez foydalanamiz. Shu qadar odatiy holga aylanganki, ko‘pincha foydalanib bo‘lgach, uning keyingi taqdiri haqida o‘ylamaymiz. Buyuk Britaniya plastikli nam salfetkalardan voz kechish bo‘yicha aniq muddatlarni belgilayotgan bir paytda O‘zbekistonda ham bu masala haqida o‘ylashga asos bor. Chunki nam salfetka muammosi faqat bir mamlakatga xos emas. Plastik chiqindilar, kanalizatsiya tiqinlari va noto‘g‘ri utilizatsiya har qanday shaharda paydo bo‘lishi mumkin. Avvalo, O‘zbekistonda bu muammoning real ko‘lamini o‘rganish kerak: kanalizatsiya tiqinlarida nam salfetkalar qanchalik ko‘p uchraydi, maishiy chiqindilar tarkibida ularning ulushi qancha, bozorda plastik va plastik bo‘lmagan mahsulotlar nisbati qanday? Bunday ma’lumotlar muammoni taxmin bilan emas, aniq raqamlar bilan muhokama qilish imkonini beradi. Bu yerda mas’uliyat faqat iste’molchiga tushmasligi kerak. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar ham mahsulot tarkibini qadoqda aniq ko‘rsatishi, unda plastik bor-yo‘qligini tushunarli belgilashi va foydalanilgandan keyin uni qanday tashlash kerakligi haqida ma’lumot berishi mumkin. Iste’molchi esa eng oddiy qoidalarga amal qilishi lozim: nam salfetkani unitazga tashlamaslik, imkon bo‘lsa plastik bo‘lmagan variantni tanlash, uy sharoitida ko‘p martalik matolardan foydalanish va mahsulot qadog‘idagi tarkibga e’tibor berish.

10.9.2026 181

P2P komissiyalar qanchalik adolatli?

Oʻzbekistonda millionlab odamlar har oy kartadan kartaga, ya’ni P2P (peer-to-peer) tartibida pul oʻtkazadi. Oilasiga, turli xizmatlar uchun, xarid uchun karta orqali toʻlaydi. Bu amaliyot shu qadar odatiy jarayonga aylanganki, aslida ham shunday boʻlishi kerakday. Mavzuga chuqurroq kirsak, savollar paydo boʻladi. P2P nima uchun kerak? P2P oʻtkazmalar bank yoki toʻlov tashkiloti ishtirokida ikki jismoniy shaxs oʻrtasida amalga oshiriladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri pul oʻtkazmasi. Uning asosiy vazifasi naqd pulga ehtiyojni kamaytirish va hisob-kitoblarni tezlashtirish. Bu esa fuqarolar oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlar tez va qiyinchiliksiz, rasmiyatchiliklarsiz amalga oshishiga sabab boʻladi. Lekin P2P faqat qulaylik vositasi emas, davlat uchun ham strategik ahamiyatga ega yo‘nalish. Prezident aprel oyidagi taqdimotda raqamli tahlil va sunʼiy intellekt asosidagi “aqlli” nazorat tizimlarini joriy etish orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushum taʼminlanishi zarurligini alohida taʼkidlagan. Bunda P2P operatsiyalarni monitoring qilish asosiy mexanizmlardan biri sifatida koʻrsatilgan. Boshqacha aytganda, davlat P2P monitoringini yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash quroli sifatida ham koʻrmoqda. Markaziy bank P2P oʻtkazmalarida toʻlov maqsadini keltirishni taklif sifatida kiritdi. Koʻp oʻtmay bu majburiy emasligi va shunchaki fintech kompaniyalariga taklif ekanligi aytilgan. Shundan soʻng barcha ilovalardan bu soʻrov yoʻqolib ketdi. “Xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurash” deyilgan bu tashabbusga ekspertlar ham keskin qarshi chiqqan. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov: – Agar biz iqtisodiyotni “oqartirish” va naqd pulni kamaytirish yoʻlida harakat qilayotgan boʻlsak, P2P texnologiyasini kengaytirishimiz kerak edi. Hatto oʻtgan yil 28-noyabrdagi prezident qarorida ham 2026-yil 1-fevraldan Markaziy bank orqali oʻtadigan P2P oʻtkazmalar tizimini yaratish vazifasi qoʻyilgan edi. Ammo P2Pni kengaytirish o‘rniga uni nazorat qilish yoʻlidan ketyapmiz, − deydi. Iqtisodchi P2P oʻtkazmalarini yana-da rivojlantirish, kengaytirish taklifini bildirar ekan, odamlar orasida naqd pul aylanmasining kamayishi statistik maʼlumotlarning shaffoflashuviga, pul-kredit siyosatining samaraliroq amalga oshirilishiga va oxir-oqibat soliq bazasining kengayishiga olib kelishini taʼkidlaydi. Oʻtkazmadagi komissiyalar adolatlimi? P2P o‘tkazmalari masalasida eng muhim savollardan biri shu aslida. Chunki komissiyalarning 0,1 foizga boʻlsa-da oshirilib qoʻyilishi odamlar mablagʻining bir qismiga ega chiqishdek baholanyapti. Amaldagi bozorni ko‘rib chiqsak, manzara aslida ancha murakkab. Oʻzbekistondagi deyarli barcha yirik banklar va toʻlov ilovalari (Payme, Click, Paynet, Xazna, Uzum bank va boshqalar) oylik maʼlum bir limitgacha, odatda 1 milliondan 10 million so‘mgacha, P2P oʻtkazmalarni bepul taklif qiladi. Bu chegaradan oshgan summalar uchun esa komissiya 0,2 foizdan 1 foizgacha, baʼzan undan ham yuqoriroq boʻladi. Bir qator banklar o‘z kartalari oʻrtasidagi oʻtkazmalarni to‘liq bepul qiladi, biroq turli tizim (Uzcard va Humo) oʻrtasidagi oʻtkazmalarda bu imtiyoz koʻpincha ishlamaydi. Foydalanuvchi bepul yoʻlni topish uchun bir nechta ilova va bank ilovasi orasida “oʻyinlar” qilishga majbur boʻladi. Qiziq jihati shundaki, kichik summada oʻtkazma qiluvchilar uchun komissiyalar unchalik og‘ir tuyilmaydi. Haqiqiy muammo katta summalarni oʻtkazmoqchi boʻlganlarda boshlanadi. Minimum hisoblangan 0,1 foiz komissiya ham ular uchun ko‘zga koʻrinarli miqdorga aylanadi. P2P xizmatlaridagi adolat haqida gap ketganda eng ko‘p savollar “Paynet” kompaniyasi tomonga yogʻiladi. Chunki iqtisodchilar “monopol” deb ataydigan bu kompaniya O‘zbekiston boʻylab naqd pulni kartaga oʻtkazuvchi terminallarga egalik qiladi. Yoqilgʻi quyish shoxobchalarida toʻlovlar faqat onlayn toʻlov tizimiga oʻtgandan keyin bu boradagi bahslar yana-da kuchaydi. Chunki siz naqdingizni kartaga oʻtkazish uchun 3 foizlik komissiya toʻlashga majbursiz va sizda boshqa kompaniyalar boʻyicha tanlov yoʻq. Qizigʻi, kompaniya terminallar orqali o‘z “Paynet karta”siga foizsiz pul oʻtkazish mumkinligini targʻib qildi. Shundan soʻng “Paynet karta”dagi mablagʻni 0,7 foizlik komissiya evaziga boshqa kartaga olish mumkin. Lekin shundan sal oʻtib shu 0,7 foizlik komissiya miqdori 0,9 foizga koʻtarildi. Shunday ekan, P2P xizmatlaridagi adolat haqidagi savolga turli rakurslardan turlicha javob berish mumkin. Komissiya aslida qanday belgilanishi kerak? Iqtisodiy nuqtayi nazardan P2P komissiyasi uchta asosiy tarkibiy qismdan iborat boʻlishi kerak: tranzaksiyani qayta ishlash xarajati (protsessing va maʼlumotlar markazi xizmati), risklarni qoplash uchun zaxira (firibgarlik va qaytarib berish holatlari) va tizimni rivojlantirish uchun investitsiya. Xalqaro amaliyotda bunga ikkita yondashuv qoʻllaniladi: birinchisi – davlat tomonidan yuqori chegara belgilash; ikkinchisi – bozorni toʻliq raqobatga qoʻyib, faqat shaffoflikni talab qilish. Masalan, Rossiyada SBP orqali jismoniy shaxslar boshqa kishilarga oyiga 100 ming rublgacha (taxminan 1200 dollar) mutlaqo bepul pul oʻtkazishi mumkin. Bu chegaradan oshgan summalar uchun komissiya 0,5 foizni tashkil etadi, biroq bir operatsiya uchun 1500 rubldan (taxminan 17 dollar) oshmaydi. Yaʼni qatʼiy yuqorida chegara mavjud. Hindistonda esa UPI tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasidagi barcha oʻtkazmalar bepul. Chunki naqd pulsiz iqtisodiyotni rivojlantirish ustuvor vazifa deb topilgan. Xalqaro tajriba va iqtisodiy mantiq shuni koʻrsatadiki, komissiya bozor samaradorligi va ijtimoiy manfaatlar oʻrtasidagi muvozanat asosida belgilanishi lozim. Bunga erishishning eng maqbul yoʻli moliyaviy inklyuzivlik va erkin raqobatni birga olib borishdir. Yaʼni davlat aholining bazaviy ehtiyojlarini qoplash uchun muayyan oylik limit bepul yoki minimal stavkali oʻtkazmalarni kafolatlashi lozim. Bu aholini naqd pulsiz hisob-kitoblarga ragʻbatlantiradi. Belgilangan limitdan yuqori summalar uchun esa narxlarni erkin bozor raqobatiga topshirish va banklardan toʻliq shaffoflikni talab qilish kifoya. Shunda banklar tranzaksiya tannarxini qoplash va tizimni rivojlantirish uchun yetarli daromad oladi, aholi esa adolatli va raqobatbardosh xizmatdan foydalanish imkoniga ega boʻladi. P2P oʻtkazmalar O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Bir tomondan fuqarolar uchun tezkor va (kichik summalarda) deyarli bepul moliyaviy xizmat, ikkinchi tomondan davlat uchun yashirin iqtisodiyotni qisqartirish vositasi. Biroq bu ikkala maqsad oʻrtasidagi nozik chegarani aniqlab olish zarur. Shu bilan birga davlat komissiyalar borasida aniq cheklovlar kiritishi yoki shaffof raqobat muhitini shakllantirishi kerak.

10.9.2026 195

Bitiruvchilar necha kunda ish topadi?

Universitetni bitirish ko‘pchilik uchun katta marradek ko‘rinadi. Ammo diplom qo‘lga tekkanidan keyin yana bir muhim bosqich boshlanadi – ish topish. Bu davr yoshning olgan ta’limi mehnat bozorida qanchalik talabgir ekanini, qaysi kasblarga ehtiyoj yuqoriligini va universitet bitiruvchini real ishga qanchalik tayyorlaganini ko‘rsatib beradi. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan Bitiruvchilar sifati indeksining (BSI) dastlabki natijalari O‘zbekistonda bu jarayon o‘rtacha qancha davom etishini ko‘rsatdi. Tadqiqotda 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoriga chiqish natijalari tahlil qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda oliy ta’limni tugatgan yosh birinchi ishini topishi uchun o‘rtacha 2 oy 27 kun vaqt sarflaydi. Raqam o‘rtacha ko‘rsatkich xolos. Chunki ayrim yo‘nalishlarda yoshlar ikki oyga yetmasdan ish topayotgan bo‘lsa, ayrimlarida bu jarayon to‘rt, besh, hatto sakkiz oygacha cho‘zilmoqda. Qaysi kasb egasi tezroq ish topadi? Ish topish tezligi qaysi yo‘nalishda diplom olinganiga ham bog‘liq. Tadqiqotda eng tez ish topayotganlar pedagogik yo‘nalishlar bitiruvchilari bo‘lib, ularga o‘rtacha 2 oy 4 kun kerak. Humanitar fanlar bitiruvchilari esa o‘rtacha 2 oy 9 kunda birinchi ishiga ega bo‘lmoqda. Ya’ni bu yo‘nalishlarda diplomdan mehnat bozoriga o‘tish nisbatan tez kechyapti. Birinchi ishni izlashning eng uzoq muddati yuridik yo‘nalishlar bitiruvchilarida qayd etilgan – o‘rtacha 4 oy 20 kun. Mehnatni muhofaza qilish va gigiyena sohasi bitiruvchilariga esa 4 oy 19 kun kerak. Ijtimoiy ta’minot yo‘nalishi bitiruvchilari o‘rtacha 4 oy 5 kun ish izlaydi. Qashqadaryo yetakchi Hududlar kesimida ham qiziq manzara paydo bo‘ladi. Ishga joylashishning eng qisqa o‘rtacha muddati Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan – 2 oy 8 kun. Navoiy va Andijon viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2 oy 9 kundan iborat. Hududlar bo‘yicha ish topish muddati: Qashqadaryo – 2 oy 8 kun Navoiy – 2 oy 9 kun Andijon – 2 oy 9 kun Namangan – 2 oy 14 kun Farg‘ona – 2 oy 16 kun Jizzax – 2 oy 18 kun Surxondaryo – 2 oy 19 kun Xorazm – 2 oy 20 kun Sirdaryo – 2 oy 21 kun Toshkent viloyati – 2 oy 23 kun Buxoro – 2 oy 25 kun Samarqand – 3 oy 3 kun Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 3 oy 7 kun Toshkent shahri – 3 oy 13 kun Universitetlar o‘rtasidagi tafovut Agar hududlar o‘rtasidagi farq sezilarli bo‘lsa, universitetlar kesimida u yanada yaqqol ko‘rinadi. Reytingga kiritilgan 119 ta oliy ta’lim muassasasi orasida bitiruvchilari eng tez ish topayotgan universitet – Qarshi xalqaro universiteti. Bu yerda bitiruvchilar birinchi ishini atigi 1 oy 4 kunda topmoqda. Bitiruvchilari ishni eng tez topayotgan OTMlar: Qarshi xalqaro universiteti – 1 oy 4 kun Toshkentdagi Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi – 1 oy 8 kun Nordik xalqaro universiteti – 1 oy 14 kun V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali – 1 oy 17 kun Andijon davlat universiteti – 1 oy 18 kun Ammo reytingning salbiy tomonida ish topish muddati ancha uzun. Eng katta ko‘rsatkich VGIKning Toshkent filialida kuzatilgan – uning bitiruvchilari birinchi ishini o‘rtacha 8 oy 13 kunda topmoqda. O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali bitiruvchilarida bu ko‘rsatkich 6 oy 1 kun. Birinchi ishini eng uzoq kutgan talabalar bitirgan OTMlar: VGIKning Toshkent filiali – 8 oy 13 kun O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali – 6 oy 1 kun M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali – 5 oy 21 kun ISFT instituti – 5 oy 13 kun Toshkent farmatsevtika instituti – 5 oy 10 kun Maosh qancha? O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan davrdagi ma’lumotlar asosida hisoblangan. Biroq yo‘nalishlar bo‘yicha daromadlar sezilarli farq qiladi. Ijod va sport sohasi bitiruvchilari eng yuqori o‘rtacha daromadga ega – 6,33 million so‘m. Amaliy fanlar yo‘nalishlarida bu ko‘rsatkich 5,5 million so‘m, ijtimoiy-humanitar yo‘nalishlarda 4,61, tibbiyot yo‘nalishlarida esa 4,43 million so‘mni tashkil etmoqda. Ayrim universitetlarda bitiruvchilarning rasmiy daromadi umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha baravar yuqori. Masalan, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilari o‘rtacha 23,4 million so‘m, Inha universiteti bitiruvchilari 12,6 million so‘m, Vestminster universiteti bitiruvchilari esa 12,5 million so‘m rasmiy daromad olyapti. Bu yerda muhim izoh bor: hisob-kitoblarda faqat rasmiy qayd etilgan daromadlar inobatga olingan. Shuning uchun raqamlar bitiruvchilarning barcha real daromadini to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Eng qiziq jihati shundaki, ish topish tezligi va daromad miqdori har doim ham bir-biriga mos kelmaydi. Masalan, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilari birinchi ishini topish bo‘yicha eng uzoq muddat – o‘rtacha 8 oy 13 kunni qayd etgan. Ammo filial bitiruvchilari o‘rtacha daromad bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. Demak, “Kim tezroq ish topadi?” va “Kim ko‘proq pul topadi?” degan savollarning javobi bir xil emas. Mehnat bozorida tez ishga kirish har doim ham yuqori daromad degani emas. Ba’zan tor yoki murakkab mutaxassislik egasi uzoqroq ish izlaydi, biroq o‘z sohasiga mos va yuqori daromadli ish topishi mumkin. Shu nuqtadan qaraganda, Bitiruvchilar sifati indeksi kasb tanlashda yana bir mezonni ko‘rsatadi: diplomni olgach, bu kasb bilan qayerda va qanchada ish topish mumkin, daromad qancha bo‘ladi? Bugungi abituriyent uchun universitet tanlashda shu savollar ham kontrakt narxi yoki o‘tish balidek muhim.

4.9.2026 390

Recognition Before Launch: How Nurshoda Aramova's Research Record Shapes "Hisobchi AI"

Most technology founders build a product first and seek outside validation afterward. Nurshoda Aramova's path has run in something closer to the opposite order: her standing as a published researcher and a recognized contributor to her field was already established before her platform, Hisobchi AI, reached the public. Aramova holds a degree in economics from Karshi State Technical University, with a specialization in sectoral and branch economics, completed in 2025. She subsequently pursued training in computer engineering and information technology, giving her a working command of both economic analysis and software development — a combination that later became the foundation of her project. Her academic output consists of two peer-reviewed articles. The first, "Human Capital and the Brain Drain Question: Education Investment versus Skilled Labor Emigration in Uzbekistan," appeared in the American Journal of Multidisciplinary Bulletin. The second, "Special Economic Zones and Foreign Direct Investment: Evaluating Uzbekistan's Free Economic Zone Model," was published in the Journal of Scientific Research, Modern Views and Innovations. Both examine structural questions in Uzbekistan's economy — how the country retains skilled labor, and how it attracts and manages foreign investment through its free economic zones. Publication was followed by a further step: invitation onto two editorial boards. Aramova serves as an editorial board member of the international scientific journal New Renaissance and of the Journal of Entrepreneurship and Pedagogy. In practice, editorial board membership means evaluating and recommending other researchers' submissions for publication — a role that sits on the assessment side of scholarly work rather than the authorship side, and one typically extended only after a researcher's own output has demonstrated the judgment required to review others'. That professional and scientific record has also drawn formal recognition. The Scientific Academy Research Center named her the winner of the "El-Yurt Faxri" international scientific-practical review competition, held across CIS countries, and separately awarded her the national title "Devotee of One's Profession" ("O'z Kasbining Fidoyisi") — a recognition specifically directed at individuals whose contribution to their field goes beyond what their formal position requires. It is against this backdrop that Hisobchi AI takes shape. The platform is an AI-based accounting and compliance advisor built for Uzbekistan's small and medium-sized businesses, addressing four practical problem areas: guidance on the 1C:Enterprise 8.3 accounting software used by most Uzbek enterprises; core bookkeeping fundamentals for owners without in-house accountants; a continuously updated Tax Code knowledge base paired with a calculator comparing turnover tax against standard and simplified VAT regimes; and labor-law compliance support for businesses hiring their first employee. The system is deliberately not built on open-ended AI reasoning for its highest-stakes output — tax-regime selection is handled by a separate, deterministic calculation engine — and every session closes by directing the user to a licensed accountant or lawyer for final confirmation. The platform is set to launch through Telegram, used daily by roughly 85 percent of Uzbekistan's population, a choice intended to remove the adoption barrier that new standalone applications typically face among small-business users. According to Uzbekistan's State Statistics Committee, the country counted more than 1.2 million active small business entities as of April 2026, generating over half of GDP, while professional accounting services remain concentrated in Tashkent and a small number of regional centers — leaving business owners elsewhere, particularly in regions such as Khorezm, Syrdarya, and Bukhara, with comparatively limited access. Taken together, Aramova's research publications, editorial responsibilities, and competition recognitions form a body of work that existed independently of Hisobchi AI before the platform was conceived. That sequence — credibility established first, application built second — is, in her own account, precisely why she believes the project is positioned to succeed where a purely commercial pitch might not: it rests on a documented track record of analyzing the country's economic structure, not on the platform's promise alone.

29.8.2026 433

Poytaxtning 35 yillik o‘sish sur’ati  

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik tarixiy bosqichi — bu milliy davlatchilik poydevorini qurish, sinovli yillarni mardona yengib oʻtish hamda zamonaviy, raqobatbardosh va inson qadrini ulugʻlaydigan davlatni barpo etishning shonli solnomasidir. Ushbu tarixiy davrning har bir yili va har bir bosqichi biz uchun nihoyatda qadrli va mantiqiy poydevor boʻlib xizmat qildi. Tarixiy adolat va xolislik tamoyilidan kelib chiqqan holda ta'kidlash joizki, Mustaqillikning dastlabki yillarida murakkab geopolitik va iqtisodiy sharoitlarga qaramay, davlatimiz mustaqillikni saqlab qolish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash hamda davlat apparati infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha ulkan tarixiy vazifani uddaladi. Biroq, 35 yillik rivojlanish trayektoriyasini xolis tahlil qilish uchun uni uchta asosiy davr kesimida koʻrib chiqish ilmiy va analitikjihatdan toʻgʻri yondashuvdir: 1991 yilgi boshlangʻich sovet merosi sharoiti, 2016 yilgacha boʻlgan bosqichli barqarorlashuv davri, 2016–2026 yillardagi Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi doirasidagi keskin va shiddatli sakrash davri. Xususan, Toshkent shahri nafaqat respublika poytaxti, balki butun Markaziy Osiyoning yirik moliyaviy, sanoat, madaniy va intellektual habi sifatida shakllandi. Poytaxtda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi va tuman Kengashlarining (XDK) faoliyati ham aynan ushbu evolyutsion bosqichlarga hamohang ravishda shakllanib, oddiy rasmiyatchilik va idoraviy qarorlarni tasdiqlash organidan haqiqiy “vakillik nazorati va xalq muloqoti mexanizmiga” aylandi. Aytish mumkinki, Toshkent shahar va tuman Xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatida2016 yildan soʻng tub burilish yuz berdi. 1991–2016 yillar oraligʻida mahalliy Kengashlar faoliyati koʻp hollarda ijroiya hokimiyati (Hokimliklar) soyasida qolib ketgan edi. “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning eski tahririda Hokimning bir vaqtning oʻzida ham ijroiya hokimiyati rahbari, ham Xalq deputatlari Kengashi raisi boʻlib xizmat qilishi manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarar hamda deputatlik nazoratining ta'sirchanligini pasaytirar edi. 2021–2023 yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy va qonunchilik islohotlari natijasida “Hokim va Kengash raisi vakolatlari bir-biridan toʻliq ajratildi”. Toshkent shahar va uning 12 ta tumanida Xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan alohida Kengash raislari va doimiy komissiyalar biriktirildi. Bu esa hokimiyatlar boʻlinishi va oʻzaro tiyib turish mexanizmining mahalliy darajadagi amaliy gʻalabasi boʻldi.   Indikator / Yo‘nalish 1991–2016 yillar 2016–2020 yillar 2021–2026 yillar (Yangi Bosqich) Kengash Rahbariyati Hokim bir vaqtning o‘zida Kengash raisi Kengash raisi deputatlar orasidan saylanadi. Hokimdan to‘liq mustaqil. Deputatlik so‘rovlari sifati Poytaxt bo‘yicha asosan rasmiy axborot olish;  Muammoli masalalar yuzasidan Kommunal, qurilish, budjet va ijtimoiy sohalari bo‘uicha kengaygan Budjet nazorati va shaffoflik Budjet ijroiya organ tomonidan tasdiqlanib, muhokamasiz qabul qilingan Ochiq e’lon qilinishi va ilk jamoatchilik eshituvlari Open Budget va mahalliy budjetning har bir moddasi deputatlik filtri va tasdiqidan o‘tishi Ijroiya organlari hisobdorligi Yilda 1 marotaba umumiy hisobot Har chorakda sohaviy hisobotlar Hokim o‘rinbosarlari, Boshqarma boshliqlari va Prokuror/IIBB rahbarlarining oylik eshituvlari Soʻnggi yillarda poytaxt OAVlarida XDK deputatlarining faolligi va ularning ijroiya organlari qarorlarini bekor qilish yoki oʻzgartirish boʻyicha erishgan natijalari keng yoritilmoqda: 2026-yilning I choragida Hududlar kesimida Toshkent shahrida 858 mlrd so‘m mablag‘lar mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldi. Tuman darajasida moliyaviy mustaqillikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. ususan, Olmazor va Yunusobod tumanlarida 57 mlrd so‘mdan, Sergelida 54,3 mlrd so‘m mablag‘lar shakllandi. Yunusobod, Chilonzor, Yakkasaroy va Sergeli tuman XDK deputatlari tashabbusi bilan poytaxtdagi jamoat transporti marshrutlari optimallashtirildi va 1000 dan ortiq katta sigʻimli elektrobuslar harakati uchun alohida tumanlararo nazorat komissiyalari tuzildi. Sogʻliqni saqlash sektori — poytaxt aholisining turmush sifatini belgilovchi eng muhim tayanchdir. 1991-yilda sovet davridan meros boʻlib oʻtgan poytaxt tibbiyoti markaziy shifoxonalarning moddiy-texnik bazasi ma’nan eskirgani, dori-darmon ta’minotining oʻta tanqisligi hamda bolalar oʻlimining yuqoriligi bilan xarakterlanar edi. 2016-yildan keyingi davrda Toshkent shahri sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʻlar 6,8 baravarga oshirildi. Toshkent shahrida Milliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Shoshilinch tibbiy yordam respublika ilmiy markazining yangi majmualari hamda unikal transplantologiya va neyrojarrohlik bloklari barpo etildi. Bugungi kunda Toshkent shahrida 3,2 million aholiga 72 ta oilaviy va 12 ta ko‘p tarmoqli poliklinika hamda 43 ta shifoxona xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasalarda 7 mingdan ortiq shifokor va 15,5 mingdan ziyod hamshira faoliyat yuritmoqda. Mazkur ko‘rsatkichlar poytaxt tibbiyot tizimining oddiy infratuzilmaviy kengayishdan zamonaviy, texnologik va aholiga yo‘naltirilgan tibbiy xizmat modeliga o‘tganini ko‘rsatadi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 11,3 trillion so‘mni tashkil etib sog‘liqni saqlash xizmatlarining eng yuqori hajmi Toshkent shahrida qayd etildi. Olti oy davomida bu ko‘rsatkich 5,2 trillion so‘mga yetdi. Toshkent shahri respublikaning asosiy ilm-fan va ta'lim markazidir. Biroq, 2016-yilga kelib poytaxtda ham Oliy ta'lim va Maktabgacha ta'lim sohasida jiddiy turgʻunlik kuzatilgan edi. Demografik oʻsish sur'atiga nisbatan bogʻcha va universitetlar soni oshmay qolgani natijasida bogʻcha qamrovi 32% ni, OʻTY qamrovi esa atigi 14% ni tashkil etgan. 2016–2026-yillarda Toshkent shahrida Davlat-xususiylik sherikligi (DXSh) mexanizmi joriy etilishi natijasida nodavlat bogʻchalar va maktablar tarmogʻi keskin kengaydi. Toshkent shahrida maktabgacha ta'lim qamrovi 2016-yildagi 32,4% dan 2026-yilda 94,8% ga yetkazildi. Poytaxtdagi maktablarda “Bir biriktirilgan fan — bir amaliy koʻnikma” va PISA/PIRLS xalqaro baholash standartlari joriy qilindi. 2016-yilgacha Toshkentda 36 ta OTM faoliyat yuritgan boʻlsa, 2026-yilga kelib ularning soni 82 taga etdi. Ular orasida Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya va Singapur kabi davlatlarning dunyoga mashhur universitetlari filiallari va xususiy innovatsion OTMlar bor. Oliy ta'lim bilan qamrov darajasi poytaxtda 14% dan 52% ga koʻtarildi. 1991-yilda Toshkent shahri sanoati asosan sovet harbiy-sanoat majmualarining ayrim qismlari, toʻqimachilik (TAPOiCh, Toshkent Toʻqimachilik Kombinati) va xomashyoni dastlabki qayta ishlashga yoʻnaltirilgan edi. Koʻplab yirik korxonalar 1990-yillardagi iqtisodiy uzilishlar sababli oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. So’nggi 9 yillikda “Yangi Toshkent”da ob’ektlar qurilishi boshlandi — bu Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlarida taxminan 20 ming gektar maydonda qurilayotgan ulkan shaharsozlik megaproektidir. Shahar 2 million aholiga mo‘ljallangan bo‘lib, ekologik toza va texnologik jihatdan ilg‘or “aqlli shahar” sifatida loyihalashtirilmoqda. Oʻtgan toʻqqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi. Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va koʻngilochar obyektlar “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining soni 3 mingdan oshdi. Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yoʻnalish ochildi. Qoʻshimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi. Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi toʻqqiz yilda 2,5 barobar oʻsib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga koʻpaydi. Natijada kambagʻallik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Yaʼni Toshkent shahrida kambagʻallik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi. Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili oʻrtacha 100 mingdan koʻpayib, 2030-yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirish reja qilingan. 2024-yilda Toshkent MDH davlatlarining Yoshlar poytaxti bo‘ldi. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan 2026-yil Tosheknt shahri uchun  “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari oʻsishi” yili boʻldi. Bu orqali 2026-yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyani 3 ming, 2027-yilda esa 3,5 ming dollarga yetkazish uchun poytaxt tumanlari 3 ta yoʻnalishda rivojlantirilib, 2026-yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilishidavlatimiz rahbari tomonidan belgilab berildi. Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, taʼlim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta koʻrib chiqishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yillik tarixiy tajribasi va Toshkent shahri timsolidagi taraqqiyot dinamikasi shuni koʻrsatadiki, bosib oʻtilgan har bir yil, har bir bosqich davlatimiz va xalqimiz uchun beqiyos saboq va poydevor boʻldi. Sovet davridagi resurslar tengsizligi va xomashyo qaramligidan chiqib, Mustaqillikning dastlabki davrida davlatchilik poydevori mustahkamlandi. 2016–2026-yillardagi shiddatli va keskin islohotlar esa Oʻzbekistonni va uning poytaxti Toshkent shahrini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga — “Inson qadri uchun"” degan ezgu gʻoya amalda qaror topgan zamonaviy megapolisga aylantirdi. Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari ushbu jarayonda xalq va hokimiyat oʻrtasidagi olmos koʻprikka, haqiqiy vakillik va deputatlik nazorati organiga aylandi. Mustaqillikning 35 yillik sarhisobi shundan dalolat beradiki, poytaxtimizda va respublikamizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va institutsional islohotlar Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi ezgu maqsadlarimiz real va mustahkam asosga ega ekanligining amaliy tasdigʻidir.      

27.8.2026 508

Toshkentdan Pensilvaniyagacha: Xojiakbar Abdusamadov qurilish huquqi va ko‘chmas mulk sohasida xalqaro darajadagi yurist karyerasini qanday shakllantirmoqda?

Uning yo‘li xalqaro ilmiy tanlovlar va konferensiyalardan boshlanib, yetakchi yuridik firmada davom etdi va AQSHning nufuzli universitetlaridan birida ta’lim olish bilan davom etmoqda. Bugungi kunda Xojiakbar Abdusamadov chuqur huquqiy tajriba, xalqaro ta’lim va murakkab qurilish hamda tijorat loyihalari bilan ishlash bo‘yicha amaliy tajribani uyg‘unlashtirgan yangi avlod yuristlarini namoyon etmoqda. Zamonaviy yuridik kasb mutaxassisdan qonunchilikni bilishdan ko‘ra ancha ko‘proq narsani talab qiladi. Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, muvaffaqiyatli yurist turli huquqiy tizimlarni tahlil qila olish qobiliyatiga, global biznes xususiyatlarini tushunishga va murakkab amaliy vazifalarni hal etish uchun yuridik bilimlarni qo‘llay olishga ega bo‘lishi kerak. Ushbu yangi avlod mutaxassislari vakillaridan biri — yurist, tadqiqotchi va qurilish huquqi hamda ko‘chmas mulk sohasi mutaxassisi Xojiakbar Abdusamadovdir, uning kasbiy yo‘li akademik yutuqlar, xalqaro tajriba va qurilish huquqi hamda ko‘chmas mulk ob’yektlari sohasidagi amaliy ishni birlashtiradi. Uning tarixi — ilm-fan, ta’lim va yuridik amaliyotda izchil rivojlanish yosh mutaxassisga xalqaro darajaga chiqish imkonini qanday berishining namunasidir. Ilk qadamlar: talabalik ilmidan xalqaro e’tirofgacha Xojiakbar Abdusamadovning kasbiy yo‘li 2021-yilda O‘zbekistonning yetakchi yuridik oliygohlaridan biri — Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishi bilan boshlandi. O‘qish davomidayoq u universitetning akademik va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etdi. U universitet loyihalarida koordinator va volontyor bo‘ldi, ta’lim tizimidagi tashabbuslarda qatnashdi va huquqiy ma’rifat bilan shug‘ullandi. Uning rivojlanishida ilmiy-tadqiqot faoliyati alohida o‘rin egalladi. O‘qish yillari davomida Xojiakbar 12 ta ilmiy maqola muallifi bo‘ldi, xalqaro konferensiya va tanlovlarda ishtirok etib, o‘z tadqiqotlari natijalarini taqdim etdi. Uning akademik yutuqlari orasida: professor Ye.G. Martыnchik nomidagi Xalqaro ilmiy ishlar tanlovining III daraja laureati; «Dunyo mamlakatlarining saylov tizimlari» mavzusidagi IV Xalqaro olimpiada g‘olibi; Qozog‘istondagi D.A. Qonayev nomidagi universitet tomonidan tashkil etilgan xalqaro ilmiy konferensiya g‘olibi. Uning ilmiy qiziqishlari huquqning dolzarb masalalari, xalqaro hamkorlik va zamonaviy yuridik fanning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Muhim bosqichlardan biri Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiyalarda ma’ruzachi sifatida ishtirok etishi bo‘ldi. 2022-yil 11-noyabrda Xojiakbar Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligining 220 yilligiga bag‘ishlangan "Zamonaviy dunyoda gumanitar bilim: huquqiy, iqtisodiy, tarixiy, lingvistik va falsafiy jihatlar" mavzusidagi XVII Xalqaro ilmiy konferensiyada o‘z tadqiqotini taqdim etdi. 2022-yil 16-noyabrda esa Moskvada xalqaro ilmiy konferensiyaning plenar majlisida u quyidagi mavzudagi tadqiqotni taqdim etdi: «Yuridik masalalar: yuridik matnlarni tarjima qilish va madaniyatlararo muloqot xususiyatlari» — bu tadqiqot yuridik til, huquqiy tarjima va turli huquqiy madaniyatlar o‘zaro ta’sirining xususiyatlariga bag‘ishlangan edi. Xalqaro ta’lim: huquqqa global qarashni shakllantirish Huquqni xalqaro kontekstda o‘rganishga intilish Xojiakbar Abdusamadovning kasbiy rivojlanishidagi asosiy xususiyatlardan biriga aylandi. Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qish davomida u akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etdi va xorijiy ta’lim muassasalarida huquqni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U quyidagi grant dasturlari bo‘yicha tahsil oldi: Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi huzuridagi Butunrossiya davlat adliya universitetida; Polshadagi Gdansk universitetida huquq va boshqaruv yo‘nalishi bo‘yicha. Xorijiy universitetlarda tahsil olish unga turli huquqiy tizimlarni o‘rganish, turli davlatlarning huquqiy munosabatlarni tartibga solishga bo‘lgan yondashuvlarini taqqoslash va yuridik amaliyotga xalqaro tushunchani shakllantirish imkonini berdi. Toshkent davlat yuridik universitetini a’lo baholarga tamomlagach, u ta’limini AQSHda davom ettirdi — Pensilvaniya shtat universitetining magistratura dasturiga o‘qishga kirdi. Amerika universitetida u qurilish huquqi, ko‘chmas mulk, shartnomaviy tartibga solish va tijorat munosabatlariga e’tiborini qaratdi, anglo-amerika huquqiy tizimi xususiyatlarini va yirik loyihalarni amalga oshirishga xalqaro yondashuvlarni o‘rgandi. Amaliy tajriba: qurilish huquqi sohasida tajriba ortirish Abdusamadov Xojiakbar shuningdek qurilish va ko‘chmas mulk sohasida amaliy tajribasini rivojlantirdi. Uning kasbiy rivojlanishidagi eng muhim bosqichlardan biri 142 mamlakatda 252 ta ofisiga ega bo‘lgan va Legal 500, Chambers & Partners hamda IFLR 1000 kabi yetakchi yuridik reytinglarga kiritilgan xalqaro yuridik firma — PraeLegal da ishlashi bo‘ldi. PraeLegal da u qurilish huquqi va ko‘chmas mulk masalalari bo‘yicha ixtisoslashdi. Real yuridik loyihalar bilan ishlash unga qurilish sohasining xususiyatlarini amaliy tushunish imkonini berdi — shartnomaviy tartibga solish va qurilish ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligidan tortib, yirik loyihalardagi huquqiy xatarlarni tahlil qilishgacha. Aynan ushbu tajriba uning kasbiy ixtisoslashuvini shakllantirdi va qurilish huquqi hamda ko‘chmas mulk sohasidagi kelgusi rivojlanish yo‘nalishini belgilab berdi. Xalqaro kasbiy e’tirof Akademik va amaliy faoliyat bilan bir qatorda Xojiakbar Abdusamadov xalqaro kasbiy aloqalarni faol rivojlantirmoqda. U xalqaro yuridik tashkilotlarning a’zosi, jumladan: Chartered Institute of Arbitrators (CIArb); British-Uzbek Law Association; Young International Council for Commercial Arbitration (ICCA); Central Asian-American Bar Association. Ushbu tashkilotlarda ishtirok etish unga xalqaro yuridik hamjamiyatning bir qismi bo‘lish, arbitraj, tijorat nizolari va xalqaro huquqiy standartlar sohasidagi bilimlarini rivojlantirish imkonini beradi. Ilmiy va ijtimoiy faoliyatga qo‘shgan hissasi uchun u «El-yurt faxri» va «Yosh tadqiqotchi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumi: yosh mutaxassislar orasida e’tirof Xojiakbar Abdusamadovning kasbiy rivojlanishidagi muhim bosqichlardan biri huquqning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun yirik xalqaro maydonlardan biri bo‘lgan XII Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumida ishtirok etishi bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi va Roskongress jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan forum an’anaviy ravishda yuridik hamjamiyat, davlat organlari, biznes va akademik muhitning yetakchi vakillarini birlashtiradi. PMYUF-2024 doirasida Xojiakbar yuridik bilimlari va tahliliy qobiliyatining yuqori darajasini namoyish etib, quyidagilarga erishdi: yuridik mavzudagi tanlovda ikkinchi o‘rin; go o‘yini bo‘yicha PMYUF Kubogida uchinchi o‘rin. Ushbu natijalar uning chuqur yuridik bilimlar, strategik tafakkur va keng dunyoqarashni uyg‘unlashtira olish qobiliyatining tasdig‘i bo‘ldi. Kelajak: qurilish huquqi bo‘yicha xalqaro amaliyotni rivojlantirish Bugungi kunda Xojiakbar Abdusamadov qurilish huquqi va ko‘chmas mulk sohasidagi kasbiy tajribasini rivojlantirishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda u Nyu-York shtati advokatlik lisenziyasini olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, shundan so‘ng qurilish huquqi, ko‘chmas mulk va xalqaro tijorat loyihalari sohasidagi yuridik amaliyotini davom ettirishni rejalashtirmoqda. O‘zining kelgusi ishida u butun dunyo bo‘ylab yirik infratuzilma va sanoat ob’yektlarini qurishda qo‘llaniladigan murakkab xalqaro qurilish loyihalarini amalga oshirish modellari bo‘lgan EPC va EPCM shartnomalariga alohida e’tibor qaratishni maqsad qilgan. Uning kasbiy maqsadi — qurilish sohasini chuqur bilish, shartnomaviy huquqning zamonaviy standartlari va murakkab loyihalarni yuritishga dunyoning eng yaxshi yondashuvlarini birlashtiruvchi xalqaro yuridik amaliyotni rivojlantirishdir. Xojiakbar Abdusamadovning tarixi yangi avlod zamonaviy yuristi qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi: ilmiy tafakkur, xalqaro ta’lim va murakkab yuridik vazifalarni hal etish uchun amaliy tajribani uyg‘unlashtiruvchi mutaxassis. Ilk ilmiy tanlovlar va xalqaro konferensiyalardan tortib AQSHda ta’lim olish va xalqaro yuridik standartlar bilan ishlashgacha — uning kasbiy yo‘li bilim, tadqiqot va amaliyot orqali huquqni rivojlantirishga bo‘lgan intilishni namoyon etadi.  

25.8.2026 444

UNIVERSITET REYTINGI NIMANI O‘ZGARTIRADI?

Bir necha yil avval O‘zbekiston oliy ta’limi haqida gap ketganda, xalqaro universitet reytinglari ko‘pchilik uchun uzoq va biroz mavhum tushuncha edi. QS yoki Times Higher Education (THE) kabi nomlar asosan xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan yoshlar yoki oliy ta'lim sohasi mutaxassislariga tanish edi. Bugun vaziyat o‘zgardi. O‘zbekiston universitetlari xalqaro reytinglarda paydo bo‘la boshladi, ayrimlari yuzlab pog‘ona yuqorilamoqda. Universitetlarning rasmiy sahifalarida QS, THE, Asia University Rankings kabi natijalar alohida qayd etilmoqda. Rektorlar, professorlar va talabalar bu ko‘rsatkichlarni faol muhokama qilmoqda. Ammo eng muhim savol hali ham o‘sha: xalqaro reyting O‘zbekiston universitetiga aslida nima beradi? Masalan, universitet dunyoda 500-o‘rinni egalladi. Keyingi yili 460-o‘ringa ko‘tarildi. Bu shunchaki chiroyli raqammi? Universitet peshtoqiga yozib qo‘yiladigan navbatdagi yutuqmi? Yoki bu raqamning ortida ancha katta jarayon — universitetning xalqaro reputatsiyasi, xorijiy talabalar oqimi, professorlar, ilmiy hamkorlik va oxir-oqibat butun mamlakat oliy ta'limining tashqi qiyofasi o‘zgarishi turibdimi? O‘zbekistondagi eng qiziqarli misollardan biri — “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetidir. QS World University Rankings 2027 natijalarida TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti 458-o‘rinni egalladi. Bu ayni paytda O‘zbekiston oliy ta'limidagi eng yuqori QS natijasidir. Universitet QS Asia reytingida ham 103-o‘rinda qayd etilgan. Times Higher Education World University Rankings 2026 esa uni 501–600 oralig‘iga joylashtirdi. Bu raqamlarni shunchaki sanab o‘tish mumkin, lekin bundan muhimroq savol bor: 458-o‘rin universitet hayotida nimani o‘zgartiradi? Reyting — universitet uchun xalqaro «pasport» vazifasini o‘taydi. Tasavvur qilaylik: Hindistondagi bir oila farzandini xorijda o‘qitmoqchi. Yoki Pokiston, Xitoy, Misr, Turkiya, Bangladesh yoxud boshqa mamlakatdagi talaba muhandislik yo‘nalishida universitet izlayapti. U O‘zbekistonga hech qachon kelmagan, Toshkentdagi universitetlar kampusini ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Bu yerda qaysi professor kuchli, qaysi laboratoriya zamonaviy, qaysi diplom ish beruvchilar tomonidan yaxshi qabul qilinishini ham bilmaydi. U nimadan boshlaydi? Albatta, internetdan. Universitet nomini qidiradi. Keyin esa unda tabiiy ravishda bir nechta savol tug‘iladi: bu universitet xalqaro miqyosda tan olinganmi, dunyodagi boshqa oliy o‘quv yurtlari orasida qayerda turadi, diplomining nufuzi qanday, xorijiy talabalar bormi, ilmiy faoliyati qay darajada? Ana shu vaziyatda xalqaro reyting universitet uchun o‘ziga xos “ishonch signali” bo‘lib xizmat qiladi. Talaba TIQXMMI nomini birinchi marta eshitgan bo‘lishi mumkin, ammo qidiruv natijasida uning QS World University Rankings’da 458-o‘rinda ekanini ko‘radi. QS platformasining o‘zi universitetlarni tanlashda akademik reputatsiya, ish beruvchilarning munosabati, tadqiqot faoliyati, talabalar tajribasi va xalqaro imkoniyatlar kabi omillarni taqqoslash imkonini beradi. Shunda universitet endi u uchun faqat “Toshkentdagi ma’lum oliy o‘quv yurti” emas, balki global taqqoslash tizimida ko‘rinadigan nufuzli maskanga aylanadi. Mana shu – reytingning birinchi katta qiymati bo‘lib, u universitetga dunyo eshiklarini ochadi. TIQXMMIdagi yana bir e’tiborli tendensiya – bilim yurtining xorijiy talabalarni jalb etish salohiyati keskin oshayotganidir. So‘nggi ma’lumotlarda xalqaro talabalar soni 4 ming nafardan oshgani qayd etilmoqda. Bir universitetga minglab xorijlik yoshlarning kelishi faqat “xalqaro talabalar soni ko‘paydi” degani emas. Bu bir nechta muhim jarayonlarning kesishgan nuqtasidir. Xorijlik talaba O‘zbekistonga keladi, bu yerda yashaydi, mahalliy yoshlar bilan birga o‘qiydi va unda mamlakatimiz haqida aniq tasavvur shakllanadi. O‘z yurtiga qaytgach, universitet va davlatimiz haqida so‘zlaydi. Uning diplomida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtining nomi turadi. Yillar o‘tib o‘sha bitiruvchi o‘z mamlakatida muhandis, olim, tadbirkor yoki davlat xizmatchisiga aylanishi mumkin. Demak, universitet faqat kadr tayyorlamaydi, balki xalqaro aloqalar va diplomatiya tarmog‘ini ham yaratadi. QS’ning International Student Ratio (xorijiy talabalar ulushi) indikatorini izohlovchi metodologiyasida ham bu ko‘rsatkich universitetdagi xalqaro muhit, madaniy almashinuv va bitiruvchilar tarmog‘ining xilma-xilligiga muhim hissa qo‘shishi ta'kidlangan. To‘rt ming xorijiy talaba shunchaki quruq statistika emas, balki to‘rt mingta inson orqali O‘zbekiston oliy ta'limining dunyoning boshqa hududlari bilan bog‘lanishidir. Reyting tizimining eng qiziqarli tomoni shundaki, QS World University Rankings metodologiyasida International Student Ratio (xorijiy talabalar ulushi) umumiy bahoning 5 foizini, International Faculty Ratio (xorijiy o‘qituvchilar ulushi) 5 foizini va International Research Network (xalqaro tadqiqot tarmog‘i) yana 5 foizini tashkil qiladi. Demak, universitetning xalqarolashuvi QS bahosining salmoqli qismini egallaydi. Bu jarayon o‘ziga xos zanjirli mexanizmni hosil qiladi: xorijiy talabalar ko‘payadi – reyting ko‘tariladi; reyting yaxshilanadi – reputatsiya va bilim yurtining taniluvchanligi oshadi; bu esa o‘z navbatida yangi xalqaro talabalarni jalb etadi va xalqaro nufuzni yanada mustahkamlaydi. Aynan shu nuqtadan qaralganda, TIQXMMIdagi xalqaro talabalar sonining o‘sishi va universitetning xalqaro reytinglardagi ko‘tarilishini bir-biridan ayri holda ko‘rib bo‘lmaydi. Albatta, ilmiy nuqtai nazardan “reyting oshgani uchun aynan shuncha xorijiy talaba keldi” deyish bir yoqlama bo‘lar edi. Talabaning qaroriga kontrakt miqdori, viza tartibi, yashash xarajatlari, xavfsizlik, ta’lim tili, universitet marketingi va mamlakatlararo aloqalar kabi ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ammo xalqaro reputatsiya ana shu omillar orasida tobora hal qiluvchi o‘rin egallamoqda. Tadqiqotlarda ham xalqaro talabalarni jalb qilishda universitet reputatsiyasi juda kuchli omil ekani isbotlangan. Masalan, Yasemin Nuhog‘lu Soysal (Yasemin Nuhoğlu Soysal) va hammualliflarning universitetlar tomonidan xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha o‘tkazgan tahlili talabalar oqimida OTM nufuzi va reytingi muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi. Shunday ekan, xalqaro reytingdagi 458-o‘rin — shunchaki universitet nomi yoniga yozib qo‘yiladigan raqam emas. Uning haqiqiy qiymati OTM uchun yaratiladigan yangi imkoniyatlarda: dunyoning boshqa nuqtasidagi talabaning e'tibori, xorijiy professorning qiziqishi, yangi ilmiy hamkorlik, xalqaro loyihalar va eng muhimi — O‘zbekiston oliy ta'limiga nisbatan global ishonchning ortishida namoyon bo‘ladi. Bugun dunyo universitetlari nafaqat auditoriya va laboratoriyalarda, balki global reputatsiya uchun ham shiddat bilan raqobatlashmoqda. Shu ma'noda, O‘zbekiston universitetlarining xalqaro reytinglarda yuqorilashi bir oliy o‘quv yurtining alohida yutug‘i bilan cheklanib qolmaydi. Har bir yuqori pog‘ona dunyoga O‘zbekiston oliy ta’limi haqida yangi va ijobiy signal yuboradi. Demak, masala universitetning 458-o‘rinda ekanida emas, asosiy masala — bu ko‘rsatkichni mamlakat uchun 458 ta yangi imkoniyatga aylantira olishdadir.

25.8.2026 477

EGAMANLIK KUNLARI (badia)

Ko‘chada yurar ekanmiz, O‘zbekistonning mustaqil davlat ekanini ko‘rsatadigan alohida bir belgini izlamaymiz. Bunga hojat-da yo‘q. Aslida ko‘zimizga, ongimizga singib ketgan girdimizdagi aksar voqelik mustaqillik nishonlari. Davlat idoralari peshtoqidagi yozuvlar, maktab hovlisida hilpirayotgan bayroq, qo‘limizdagi pasport, ko‘chadagi reklamalar... Huv bir zamonlar hayotning eng katta siyosiy masalasi bo‘lgan mustaqillik yillar o‘tishi bilan taqvimdagi muayyan sanaga, bayram tadbirlariga, tabriklarga singib ketadi. 1-sentabr yaqin. Shaharlar bezatiladi. Konsertlar, uchrashuvlar, tantanalar o‘tkaziladi. Odamlar bir-birini qutlaydi. Ertasi kuni esa yana odatdagi hayot davom etadi. Inson o‘z hayotini belgilab turgan eng katta omillarni doim ham sezavermaydi. Mustaqillik bilan bog‘liq holat ham shunga o‘xshaydi. Biz, yoshlar uni yo‘qotib ko‘rmaganmiz (shukr!). Shu sabab uning yo‘qligida hayot qanday bo‘lishini bilmaymiz. Biz uchun o‘z davlating nomidan gapirish, o‘z bayrog‘ingni ko‘tarish, tarixingga o‘z ko‘zing bilan qarash, mamlakat kelajagi haqida fikringni aytish tabiiy huquqdek tuyuladi. Ammo bu tabiiylik doim ham bo‘lmagan, aytaylik, 35 yil ilgari. Egamanlik odamlar uchun uzoq bir kelajak bilan bog‘liq umid edi. Kimdir shu umid bilan yashadi, kimdir shu yo‘lda kurashdi, kim qancha odam uning ro‘yobini ko‘rmay ketdi. 1917-yilning oxirlari. Qo‘qon. Shahar hayotida katta o‘zgarishlar nafasi. Odamlar ko‘chalarga chiqqan, yig‘inlar bo‘lyapti, siyosiy voqealar haqida gaplar. Hamma nimanidir kutayotgandek. Ammo kutayotgan narsasining qanday ko‘rinishda bo‘lishini hech kim aniq aytolmaydi... Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi. Bu voqea haqidagi xabar qanot qoqib uchdi. Birinchi jahon urushi davrida asir tushgan turk zobitlari Qo‘qondagi birodarlariga yo‘llagan maktubida muxtoriyatning e’lon qilinganidan xabar topilgani aytiladi. Maktub yakunidagi tilak esa juda qisqa: “Istiqloling yaqin o‘lsun!” Istiqlol kunini tarix darslaridan bilamiz, uning sanasi bor, ramzlari bor, huquqiy maqomi bor. 1917-yildagi odamlar uchun esa istiqlolning bunday aniq chegaralari hali mavjud emasdi. Ular mujda kutib, kelajak haqida gapirar, o‘z yurti qanday siyosiy maqomga ega bo‘lishini jon hovuchlab kutardi. Ertangi noayon kundan umid qilardi. Ular istiqlolni kutgan. Biz esa unda yashayapmiz. O‘sha maktubdagi tilakdan 1991-yilgacha yana uzo-oq tarixiy yo‘l bor. Bu yo‘lda turli siyosiy sinovlar, yo‘qotishlar, umidlar va cho‘ng kurashlar kechdi. Oradan 35 yil o‘tdi. 1991-yil voqealarini eshitib ulg‘ayganlar bilan o‘sha kunlarni boshidan kechirgan avlodning xotirasi bir xil emas. Kattalar o‘sha davrni burilish sifatida eslaydi. Mustaqillik davrida tug‘ilganlar esa buni o‘z hayotining tabiiy qismi sifatida qabul qiladi. Tarixdagi o‘zgarishlar bir necha avloddan keyin kundalik hayotga singib ketishi-da tabiiy. Bir paytlar katta siyosiy kurashlar, umidlar va xavotirlar bilan bog‘liq bo‘lgan narsa yoshlar uchun ayni voqelik. Ular mustaqil davlatda tug‘iladi, shu davlat maktabida ta’lim oladi, uning pasportini olib voyaga yetadi, o‘z kelajagini shu mamlakat bilan bog‘lab rejalashtiradi. Mustaqillikning kundalik hayotimizga singib ketgani u haqida kamroq o‘ylashimizga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin doim mazmun, vazifa, mas’uliyat topsa bo‘ladi. Darhaqiqat, 35 yil shunchaki o‘tib qolgani yo‘q. Bir avlod davlatni oyoqqa turg‘izish haqida o‘ylagan. Boshqa avlod uning iqtisodiy va ijtimoiy asoslarini mustahkamlashga kirishgan. Bugungi avlod esa bilim, texnologiya, raqobat, inson kapitali, ochiq dunyo bilan munosabat kabi masalalar haqida bong urayotir. Qayerdadir kechikdik, kimdir xato qildi, nimadadir ortda qoldik – bular endi boshqa masala. Ozod va egaman qolganimiz esa bor gap. Demakki, mustaqillikning mazmuni vaqt o‘tishi bilan kengayadi. Kecha muhim bo‘lgan vazifa bugun bajarilgan bo‘lishi mumkin. Bugungi vazifa ham qachondir zabd etilgan marraga aylanar. Millat, xalq, hurlik tushunchalarini jo‘nlashtirish bo‘lmasin-ku, lekin eng katta daxldorlik yurtni har tomonlama rivojlantirishga urinishdir. Basharti davlat taraqqiy etmasa, uning mustaqilligi savol ostida qolib ketadi. Ammo takror-batakror aytilsa-da, bir haqiqatni tag‘in ta’kidlamasa bo‘lmas: mustaqillik – ne’mat. Buni anglamoq uchun o‘zimizni, holimizni kimlargadir mengzamoq ham shart emas. 35 yil burungi qadr-u qimmatimizga, Sibir bo‘lgan bobomizga, tul qolgan momomizga, loyqaga botilirilgan tilimizga, o‘zimizga qaramoq kifoya.

25.8.2026 406

“BILIB TURIB, BILMAGANGA OLISHADI” yoxud 1700 so‘mlik mas’uliyatsizlik

Bir vaqtlar konduktorlar tiqilinch avtobusda yo‘lovchilar orasida yurib, yo‘l haqini yig‘ardi. Bu ham noqulay, ham inson omiliga bog‘liq jarayon edi. Bugun shahar jamoat transporti modernizatsiya qilindi, yangi, zamonaviy avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarildi. Tizimni maqbullashtirish, tirbandlikning oldini olish va inson omilini kamaytirish maqsadida konduktorlar xizmatidan bosqichma-bosqich voz kechilib, to‘lovlar elektron tizim va validatorlarga o‘tkazildi. Bu jamoat transportiga to‘lovni qulay, ishonchga asoslangan tizimga aylantirdi. Ammo ishonch doim ham oqlanmayapti. Yuzlab yoʻlovchilarni manziliga yetkazayotgan avtobus haydovchisi bu vaziyatni quyidagicha ta’riflaydi: – Konduktorsiz ishlash bizga katta yengillik boʻldi, asosiy e’tiborni harakat xavfsizligiga qaratamiz. Lekin orqa eshikdan chiqib, toʻlov qilmay tushib ketayotganlarni koʻrganda odamning dili ogʻriydi. Ba’zida oynadan qarab turaman: kartasini validatorga shunchaki tekkizgandek bo‘lishadi-yu, lekin pul yechilganini bildiruvchi signal eshitilmaydi. Buni bilib turib, oʻzini bilmaganga olib ketaverishadi. Bu oddiy 1700 soʻmlik masala emas, balki mehnatni qadrlamaslik... Bu haydovchining shaxsiy ginasi emas, raqamlarda ham oʻz aksini topyapti. 2026-yilning dastlabki 7 oyida o‘tkazilgan reyd va tekshiruvlarda jamoat transportida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangani aniqlangan. Ulardan undirilgan jarimalar miqdori esa 2 milliard so‘mdan oshgan. Ushbu raqamlarni faqat statistika sifatida qabul qilish qiyin. 82 ming kishining har biri “Bir marta to‘lamasam nima bo‘lardi?” degan fikrda bo‘lgan, ehtimol. Ammo minglab odamlar bir xil fikrlasa, muammo shaxsiy emas, tizimli tus oladi. Shunchaki moddiy yetishmovchilik emas Chiptasiz yurishga intilish ortida koʻproq inson psixologiyasi va ijtimoiy xulq-atvor omillari yotadi. Ya’ni bu zinhor moddiy yetishmovchilik natijasi emas. Inson tabiatan nazoratchi boʻlmagan joyda mas’uliyatni kamroq his qilishga moyil boʻladi. Validatordan signalsiz oʻtib ketganda atrofidagilar e’tibor bermasa, odamda beixtiyor jazosizlik hissi shakllanadi. Har kuni 1700 soʻm tejab qolish oy oxirida mo‘may summani jamg‘arishdek tuyulishi mumkin, ammo bu ma’naviy mas’uliyatni vaqtinchalik moddiy manfaatga almashtirish, xolos. Arzimagan 1700 soʻm ulkan iqtisodiy mexanizmga bog‘lanib turadi. Yoʻl haqidan yigʻilgan har bir soʻm avtobuslarni texnik soz holatda saqlash, yoqilgʻi va elektr energiyasi xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi. Toʻlanmagan yo‘l haqlari koʻpaygani sari tizimda daromad kamayib, avtobuslarning qatnov intervallari uzayadi va xizmat sifati tushadi. Yangi va shinam avtobuslarni xarid qilish, yoʻnalishlarni kengaytirish, haydovchi va texnik xodimlarga munosib ish haqi toʻlash shu tushumlar hisobiga amalga oshiriladi. 1-sentabrdan qimmatga tushadi Tez orada qonunchilikda chiptasiz yurganlarga nisbatan choralar keskinlashadi. Transport vazirligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritgan yangi takliflarga ko‘ra, 1-sentabrdan jamoat transportida chiptasiz yurish uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Birinchi marta yo‘l haqini to‘lamasdan ushlangan yo‘lovchiga BHMning yarim baravari – 220 ming so‘m jarima solinadi. Huquqbuzarlik takrorlansa, jarima 1 BHM – 440 ming so‘mga yetadi. Oddiy qilib aytganda, bir necha ming so‘mlik yo‘l haqini tejab qolishga uringan yo‘lovchi yuz baravardan ortiq mablag‘dan ayrilishi mumkin. Yana bir muhim talab bor: avtobusga chiqqan zahoti kartani validatorga tekkizib, to‘lovni amalga oshirish kerak. Dunyoda bu masalaga qanday qaraladi? Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamaslik faqat O‘zbekistonga xos muammo emas. Ammo rivojlangan davlatlarda bunga nisbatan nazorat va javobgarlik ancha qat’iy. Germaniyada avtobus va metrolarda chiptasiz yurganlik uchun 60 yevro jarima solinadi. To‘lovdan muntazam ravishda bo‘yin tovlash ayrim holatlarda jinoiy javobgarlikkacha olib borishi mumkin. Londonda chiptasiz ushlangan yo‘lovchiga 80 funt sterling jarima qo‘llanadi. Ish sudgacha borsa, jarima miqdori 1 000 funtgacha yetishi mumkin. Singapurda to‘lov qilmaganlik uchun jarimalar 50 Singapur dollaridan boshlanadi va takroriy holatlarda 1 000 dollargacha yetishi mumkin. Tallinda esa shahar aholisi uchun jamoat transporti bepul bo‘lishiga qaramay, safarni validator orqali qayd etmagan fuqarolarga 40 yevro jarima solinadi. Tizim ham mukammal bo‘lishi kerak To‘lov madaniyatini shakllantirishda mavjud sharoit ham muhim ahamiyatga ega. Validator har doim ishlayaptimi? Kartadan mablag‘ yechilgani haqida yo‘lovchiga aniq ma’lumot beriladimi? Texnik nosozlik tufayli to‘lov amalga oshmasa, yo‘lovchi qanday yo‘l tutishi kerak? Nizoli holatlarda kimga murojaat qilinadi? Bu savollarga ham aniq va tushunarli javob bo‘lishi zarur. Chunki elektron tizim ishonchga asoslangan bo‘lsa, uning ikkinchi tomoni shaffoflik va texnik barqarorlikdir.

25.8.2026 410

Sarafan marketing yoki iste’molchi fikri nega qiziq?

Biror mahsulot tanlashdan oldin ko‘pchilik reklamalarga emas, sharhlarga e’tibor beradi, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarni ko‘radi yoki tanishlaridan tavsiya so‘raydi. Reklama hayotimizning deyarli barcha jabhalarini egallaganiga qaramay, iste’molchilar ko‘proq boshqa odamlarning tavsiyasiga tayanishni afzal ko‘radi. Mutaxassislar buni reklama samarasining pasayishi, axborot oqimining keskin ortishi va inson psixologiyasi bilan izohlaydi. Natijada an’anaviy marketing usullaridan biri – “sarafan marketing” raqamli texnologiyalar yordamida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Sarafan marketingda mahsulot yoki xizmat haqida uni sinab ko‘rgan iste’molchilar fikr bildiradi. Bu tavsiya yoki tanqid ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Avvallari asosan og‘zaki suhbatlar orqali tarqalgan bo‘lsa, bugun ular ijtimoiy tarmoqlar, marketpleyslardagi izohlar va foydalanuvchilar yaratgan kontent orqali boshqalarga yetib boryapti. Bu marketingning asosiy xususiyati shundaki, axborot manfaatdor tomon emas, mustaqil foydalanuvchi tomonidan tarqatiladi. Shu jihat uni reklamalardan ajratib turadi. Chunki iste’molchi mahsulotni sotishga urinayotgan brendning va’dalaridan ko‘ra uni ishlatgan boshqa odamning tajribasini xolisroq deb qabul qiladi. “Nielsen” kompaniyasining “Trust in Advertising” tadqiqotiga ko‘ra, respondentlarning 84 foizi do‘stlari va yaqinlarining tavsiyasini eng ishonchli axborot manbasi deb hisoblaydi. Shuningdek, 70 foizi internetdagi boshqa foydalanuvchilar qoldirgan sharhlarga ishonishini bildirgan. Bu ko‘rsatkichlar an’anaviy reklama vositalariga bo‘lgan ishonchdan sezilarli darajada yuqori. Sarafan marketingning muvaffaqiyatini ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi va iste’molchining axborotni qabul qilish usuli o‘zgargani bilan izohlash mumkin. Insonlar kun davomida ko‘plab reklama xabarlariga duch keladi. Axborotning haddan tashqari ko‘pligi ham reklama samaradorligini pasaytiradi. Masalan, foydalanuvchi bir xil yoki haddan tashqari ko‘p reklama xabarlarini ko‘rgani sababli ularga befarq bo‘lib qoladi. Inson miyasi takrorlanadigan elementlarni avtomatik ravishda e’tibordan chetda qoldiradi. Bu ortiqcha yuklamadan himoyalanishning tabiiy mexanizmi. Bu jarayonda insonning qaror qabul qilish psixologiyasi ham muhim rol o‘ynaydi. Amerikalik psixolog Robert Chaldini odamlar noaniq vaziyatlarda boshqalarning xatti-harakatiga ergashishga moyilligini ta’kidlaydi. Bu hodisani bugungi bozor sharoitida ham kuzatish mumkin. Bir xil ehtiyojni qondiradigan o‘nlab, ba’zan yuzlab mahsulot va xizmatlar mavjud. Masalan, iste’molchi yangi narsalar tanlayotganda juda ko‘p muqobil variantlarga duch keladi. Bunday vaziyatda boshqa xaridorlarning tajribasi qaror qabul qilish jarayonini soddalashtiradi. Chunki tavsiya xavfni kamaytiruvchi ishonch signali sifatida qabul qilinadi. Telegram guruhlaridagi muhokamalar, TikTokdagi mahsulot sharhlari, Instagramdagi foydalanuvchilar yaratgan kontent, Google Maps yoki marketpleyslardagi reyting va izohlar – zamonaviy sarafan marketing. Endi bitta foydalanuvchining ijobiy yoki salbiy tajribasi qisqa vaqt ichida keng auditoriyaga tarqalishi mumkin.  Iste’molchilar ishonchi uchun reklamalardan ko‘ra tavsiyalar muhimroq bo‘la boshlagani marketing strategiyalarini ham o‘zgartirdi. Ilgari kompaniyalar asosiy e’tiborni reklama kampaniyalariga qaratgan, bugun esa ular mijozlarning o‘zi brend haqida ijobiy fikr bildirishiga sharoit yaratishiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli marketpleyslar xarid tugagach, mahsulotni baholashni so‘raydi, restoran va mehmonxonalar sharh qoldirishni rag‘batlantiradi, ko‘plab brendlar esa foydalanuvchilar yaratgan foto va videolarni o‘z sahifalarida ulashadi. Tavsiya dasturlari orqali do‘stlarini taklif qilgan mijozlarga bonus yoki chegirma berish ham keng qo‘llaniladi. So‘nggi yillarda kichik auditoriyali influenserlar bilan hamkorlik ham ommalashdi. Ularning auditoriyasi mashhur blogerlarnikiga qaraganda kichikroq, lekin ulardagi obunachilar bilan yaqin muloqot va yuqori ishonch darajasi sarafan marketingi orqali kompaniyalarga foyda keltiradi. Reklama xabarlari misli ko‘rilmagan darajada ko‘paygan paytda iste’molchilar tobora ishonchliroq manba – boshqa odamlarning tajribasiga murojaat qilyapti. Shuning uchun zamonaviy kompaniyalar uchun eng qimmat marketing vositasi reklama emas, balki ishonch qadriyati bo‘lib qolyapti.

25.8.2026 369

Qo‘ng‘iroq qilmang, yozing! Nega yoshlar muloqotdan ko‘ra yozishmalarni afzal ko‘radi?

Telefon jiringlaydi. Siz bir necha soniya ekranga tikilib turasiz: ko‘taraymi yoki yo‘qmi? Qo‘ng‘iroq o‘chadi. Oradan bir necha soniya o‘tmay telegram ochiladi: “Tinchlikmi? Yozib yuboring, iltimos”. Birovga telefon qilishdan oldin ham xayoldan bir nechta savol o‘tadi: “Xabar yozib qo‘yaymi?”, “Gaplashishga vaqti bormikan?”, “Nima masalada ekanini avval aytib qo‘ysammi?”. Qizig‘i, telefonlar tobora “aqllilashayotgan” bir paytda ular orqali gaplashishning o‘zi yoshlar uchun noqulaylashib boryapti. Ba’zilar uchun kutilmagan qo‘ng‘iroqning o‘zi kichik stressga aylanadi. Axir telefonning eng asosiy vazifasi gaplashish emasmidi? Nazorat hissi: nega qo‘ng‘iroq yozishmadan qiyinroq? Telegram, Instagram yoki WhatsApp kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda suhbat sur’atini o‘zingiz belgilaysiz: javob berishdan oldin o‘ylaysiz, yozgan gapingizni qayta ko‘rib chiqasiz, kerak bo‘lsa o‘chirib qayta yozasiz yoki suhbatni bir muddatga “pauza”ga qo‘yasiz. Eng muhimi, suhbatdosh sizdan ayni soniyada javob kutmaydi. Telefon qo‘ng‘irog‘ida esa bu nazorat deyarli yo‘qoladi. Savol berildimi, javob kerak, sukut bo‘ldimi, uni kimdir to‘ldirishi kerak. Ovozdagi hayajon, ikkilanish yoki chalkash fikrni esa o‘chirib bo‘lmaydi. Yozishma bizga gapirishdan oldin o‘ylash imkonini beradi, qo‘ng‘iroq esa o‘ylayotganimizda gapirishga majbur qiladi. Shu sabab ayrimlar uchun qo‘ng‘iroqning o‘zi xavotir manbayiga aylanishi mumkin. Psixologiyada bunday holat “telephone anxiety” yoki “telephonophobia” kabi atamalar bilan ifodalanadi. Biroq go‘shakni ko‘tarmaslikni hamma holatda fobiya deb atash to‘g‘ri emas: kimdir shunchaki yozishmani qulayroq deb biladi, diqqatini chalg‘itishni istamaydi yoki spam qo‘ng‘iroqlardan ehtiyot bo‘ladi. Ayrim hollarda telefonning o‘zi emas, suhbat davomida yuz berishi mumkin bo‘lgan noma’lumlik bezovta qiladi: “Nima deyishim kerak?”, “Suhbat to‘xtab qolsa-chi?”, “Savolga darhol javob topolmasam-chi?”, “Meni noto‘g‘ri tushunishsa-chi?” Yozishmada bularning barchasiga tayyorlanish uchun vaqt bor. Demak, gap faqat qulaylikda emas: yozishma insonga muloqotni boshqarish imkonini beradi, qo‘ng‘iroq esa uni real vaqtning o‘zida suhbatga kirishga majbur qiladi. Asinxron muloqot Raqamli kommunikatsiya gaplashish usulimizni, shaxsiy chegaralar haqidagi tasavvurimizni ham o‘zgartirdi. Bugun xabar yozish va telefon qilish deyarli ikki xil muloqot shakliga aylangan. Telegram yoki boshqa messenjerlardagi xabar asinxron muloqot hisoblanadi: “Vaqtingiz bo‘lganda o‘qing va javob bering”. Bu suhbatdoshga vaqtini o‘zi belgilash imkonini beradi. Qo‘ng‘iroq esa sinxron muloqot, u ayni damda javob berishni va e’tibor qaratishni talab qiladi. Shu sabab raqamli etiketda kutilmagan qo‘ng‘iroqdan oldin “Gaplashishga vaqtingiz bormi?” yoki “Qo‘ng‘iroq qilsam bo‘ladimi?” deb yozib qo‘yish tobora odatiy holga aylanyapti. Bir qarashda bu oddiy odob qoidasi. Ammo uning ortida muloqotga qarashning o‘zgargani seziladi: oldin qo‘ng‘iroqqa javob berish tabiiy hol edi, bugun esa kutilmagan qo‘ng‘iroq ayrimlar uchun shaxsiy hududga to‘satdan kirib kelishdek tuyulishi mumkin. Bu o‘zgarish ayniqsa ish va o‘qish muhitida seziladi. “Qo‘ng‘iroq qilaman” degan odamga nisbatan “Qachon?” degan savolning paydo bo‘lishi ham bejiz emas. Chunki bugun vaqtga ham shaxsiy resurs sifatida qaralyapti. Ammo “Avval yozing, keyin qo‘ng‘iroq qiling” qoidasi hamma uchun birdek tabiiy emas. Ayniqsa, bu farq ota-onalar va yoshlar o‘rtasidagi muloqotda yaqqol ko‘rinadi. Avlodlar o‘rtasidagi tafovut Katta avlod uchun telefon avvalo gaplashish va aloqaga chiqish vositasi. Masala bormi, qo‘ng‘iroq qilasiz, gaplashib olasiz. Ular uchun ovozli suhbat tezkorlik, samimiyat va hatto hurmat belgisi bo‘lishi mumkin. Yoshlar uchun esa telefon oddiy gaplashish qurilmasi emas – messenjer, kamera, ijtimoiy tarmoq, ish va o‘qish vositasi, musiqa pleyeri va shaxsiy makon. Shu sabab “Telefon qil, gaplashib olaylik” degan taklif ularga har doim ham qulay tuyulmaydi. Ular ko‘pincha “Nima masalada ekanini yozib yuboring” degan variantni afzal ko‘radi. Bu farqni yoshlarning odamovi bo‘lib qolgani bilan izohlash oson. Ammo masala bundan murakkabroq: ikki avlod shunchaki muloqotning samarali usulini turlicha tasavvur qilyapti. Katta avlod uchun tezkor suhbat qulay bo‘lsa, yoshlar uchun suhbatdan oldin vaqt va imkoniyatni kelishib olishning o‘zi hurmat hisoblanadi. Ammo bu yerda yana bir qiziq savol tug‘iladi: agar yoshlar ovozli suhbatning o‘ziga qarshi bo‘lsa, nega ular ovozli xabar va videoqo‘ng‘iroqlardan foydalanishda davom etmoqda? Demak, muammo ovozning o‘zida bo‘lmasligi mumkin. Ovozli xabar va videoqo‘ng‘iroq paradoksi Qizig‘i shundaki, oddiy qo‘ng‘iroqdan qochadigan yoshlar ovozli xabarlardan unchalik ham qochmaydi. Aksincha, “ovozli” xabarlar kundalik muloqotning odatiy vositasiga aylangan. Buning sababi tushunarli: ovozli xabar ikki xil muloqotning qulay jihatlarini birlashtiradi. Unda ovozning tabiiyligi, intonatsiya va hissiyot bor, ammo suhbatning real vaqt bosimi yo‘q. Siz xohlagan paytda gapirasiz, suhbatdoshingiz esa xabarni o‘ziga qulay vaqtda eshitadi, javobini ham shoshmasdan beradi. Videoqo‘ng‘iroqlarda ham shunga o‘xshash holatni ko‘rish mumkin. Odatda bunday suhbat oldindan kelishiladi: “Soat yettida gaplashamiz”. Demak, inson suhbatga ruhiy jihatdan tayyorlanadi. Oddiy telefon qo‘ng‘irog‘i esa ko‘pincha aynan kutilmaganda kelgani uchun stress uyg‘otadi. Demak, yoshlar ovozning o‘zidan emas, ko‘proq kutilmaganlik va real vaqt bosimidan qochayotganga o‘xshaydi. Bu esa masalani boshqa tomondan ko‘rishga majbur qiladi: “texting” va boshqa raqamli qulayliklar bizning muloqotimizni o‘zgartirayotgan bo‘lsa, buning evaziga nimanidir yo‘qotmayapmizmi? Raqamli qulaylik nimaning evaziga keldi? “Texting” muloqotni osonlashtirdi, masofalarni qisqartirdi va istalgan paytda bir-birimiz bilan aloqa qilish imkonini berdi. Ammo bu qulaylikning ikkinchi tomoni ham bor. Matnli xabarda suhbatdoshning ovozi, intonatsiyasi, yuz ifodasi yoki pauzasidagi ma’no yo‘q. Masalan, oddiygina “Mayli” degan xabarni olaylik. U rozilikni ham, ranjishni ham, befarqlikni ham, “Endi o‘zing bilasan” degan ma’noni ham anglatishi mumkin. Emoji qo‘shish orqali ma’noni aniqlashtirishga urinib ko‘ramiz, ammo u ham har doim yordam bermaydi. Shu jihatdan qaraganda, raqamli muloqot bizga yangi qulayliklar bergani kabi yangi tushunmovchiliklar uchun ham joy ochdi. Agar inson asosan matn, emoji va qisqa xabarlarga tayanib qolsa, real vaqt rejimida suhbatni boshlash, sukutni noqulaylikka aylantirmaslik, fikrni darhol shakllantirish yoki kelishmovchilikni ovoz ohangi bilan yumshatish kabi ko‘nikmalar yaxshi shakllanmasligi mumkin. Demak, masala “texting” yomon degan xulosada emas. Muhimi – qulay muloqot shakli bizga jonli muloqotning boshqa imkoniyatlarini unuttirib qo‘ymasligi. Balki, telefon jiringlaganda darhol vahimaga tushmaslik, har bir qo‘ng‘iroqni “bezovtalik” deb qabul qilmaslik va ba’zan shunchaki gaplashish uchun go‘shakni ko‘tarish ham kerakdir. Chunki ayrim gaplar yozilganda emas, aytilganda o‘z ma’nosini topadi. Xo‘sh, siz-chi? Oxirgi marta qachon biror do‘stingizga hech qanday sabab va oldindan ogohlantirishsiz, shunchaki gaplashish uchun qo‘ng‘iroq qildingiz?

25.8.2026 357

Ichki migratsiya mamlakat bo‘ylab imkoniyatlarning qanday taqsimlanganini ko‘rsatadi

Bir odamning tug‘ilib-o‘sgan joyini tashlab, boshqa bir joyga ko‘chib ketishini shaxsiy qaror sifatida tabiiy qabul qilish mumkin. Ammo juda ko‘pchilik ko‘chishni istasa, bu endi alohida oilalarning emas, butun mamlakatning demografik va iqtisodiy hayotiga ta’sir qiladigan jarayonga aylanadi. Ichki migratsiya dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida uchraydi. Odamlar odatda o‘zlari uchun imkoniyat ko‘proq bo‘lgan joyga intiladi. Ammo ular qayerga va qanchalik erkin ko‘cha olishi faqat shaxsiy xohishga emas, davlat siyosati, uy-joy bozori, mehnat bozori va hududlar o‘rtasidagi farqlarga ham bog‘liq. Migratsiyaning eng oddiy sababi – iqtisodiy sharoit. Yirik shaharlar odatda ko‘proq ish, biznes va ta’lim imkoniyatlarini taklif qiladi. Bundan tashqari, umumiy infratuzilma masalasi: yaxshi maktab, universitet, shifoxona, transport yoki boshqa xizmatlarning mavjudligi ham odamlarning qaroriga ta’sir qiladi. Turmush qurish, oiladan mustaqil yashash yoki qaytish kabi sabablar ham bor. Urush, zo‘ravonlik, tabiiy ofatlar, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik yoki ekologik muammolar tufayli ham odamlar ko‘chishga majbur bo‘ladi. Shu sababli ichki migratsiyani faqat “Qishloqdan shaharga ish izlab ketish” bilan izohlash noto‘g‘ri. Jahon Banki va UNDP ma’lumotlariga ko‘ra, ichki migrantlar soni taxminan 760 million deb ko‘rsatilgan. Biroq mamlakatlarda ichki migratsiyani o‘lchash usullari bir xil emas va global miqyosda muntazam yangilanadigan yagona statistika yo‘q. Dunyoda ichki migratsiyaning eng katta yo‘nalishlaridan biri – urbanizatsiya. Odamlar iqtisodiy faoliyat, ish, ta’lim va xizmatlar jamlangan shaharlarga intiladi. Shu sababli ichki migratsiya va shaharlashish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ammo barcha mamlakatlarda jarayon bir xil emas. Xitoy va Hindiston kabi davlatlarda qishloqlardan yirik shaharlarga katta oqim kuzatilgan bo‘lsa, ayrim rivojlangan mamlakatlarda qimmat uy-joy va zich shahar hayotidan qochib, kichik shaharlarga yoki qishloqlarga ko‘chish ham uchraydi. Shu ma’noda migratsiya mehnat resurslarini ehtiyoji yuqori bo‘lgan joylarga taqsimlashga yordam beradi. Ammo jarayon juda tez yoki bir tomonlama kechishi bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Aholi qisqa vaqt ichida bir necha yirik shaharga to‘plansa, uy-joyga talab oshadi. Ijara haqi qimmatlashishi, yo‘llarda tirbandlik kuchayishi, maktab va shifoxonalarga yuklama ortishi mumkin. Shaharning mavjud infratuzilmasi yangi aholini qabul qilishga ulgurmasa, iqtisodiy imkoniyatlar bilan birga yashash xarajatlari ham oshadi. “Seitz”ning O‘zbekistondagi ichki migratsiya va propiska tizimiga bag‘ishlangan tadqiqotiga ko‘ra, 2018-yilda rasmiy ichki migratsiya darajasi aholining atigi 0,5 foizi atrofida bo‘lgan. L2CU so‘rovida esa aholining taxminan 5 foizi tug‘ilgan viloyatidan boshqa viloyatda yashayotgani aniqlangan. So‘nggi bir yil ichida ko‘chganlar ulushi esa atigi 0,3 foiz bo‘lgan. Besh yillik davr bo‘yicha viloyatlararo migratsiya darajasi 1,24 foizni tashkil etgan. Buning asosiy sabablaridan biri – “propiska” tizimi edi. Sovet davridan meros bo‘lib qolgan ro‘yxatga olish tizimi O‘zbekistonda odamlarning yashash joyini tanlashiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, Toshkentga doimiy ko‘chib kelish bo‘yicha cheklovlar kuchli bo‘lgan. “Seitz” tadqiqotida Toshkent 1999-yilda alohida tartibga ega yopiq shahar sifatida belgilanganini, 2011-yilda esa ayrim cheklovlar Toshkent viloyatiga ham kengaytirilganini qayd etgan. Bu tizimning ta’sirini demografik raqamlarda ham ko‘rish mumkin. 2000–2019-yillarda O‘zbekiston aholisi 36 foizga oshgan, Toshkent shahri aholisi esa atigi 17 foizga ko‘paygan. Keyingi yillarda O‘zbekistonda yashash hududida ro‘yxatdan o‘tish tizimi isloh qilindi. Odamlarning mamlakat ichida harakatlanishiga oid ayrim ma’muriy to‘siqlar yumshatildi. Biroq qonuniy imkoniyat kengaygani bilan odamning real imkoniyati avtomatik ravishda oshib qolmaydi. Bugungi kunga kelib narxlar, ko‘chmas mulk, infratuzilma masalalari ko‘proq ahamiyat kasb eta boshladi. O‘zbekistonda ichki migratsiya haqida gapirganda, ekologik omilni chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Jahon Bankining O‘zbekiston bo‘yicha iqlim va taraqqiyot hisobotida suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, ekstremal issiqlik, chang bo‘ronlari va Orol dengizning qurishi mamlakat uchun muhim xavf sifatida ko‘rsatilgan. Hisobotga ko‘ra, 2030-yilga borib kamida 8 million kishi juda yuqori iqlim xavfi mavjud hududlarda yashashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Iqlim sharoitining yomonlashishi qishloq xo‘jaligi, daromad va ish o‘rinlariga ta’sir qilmay qolmaydi. Natijada odamlar u yerdan ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. Shu sababli kelajakdagi ichki migratsiyani iqlim xaritasi ham belgilaydi. Bugungi rasmiy statistika ichki migratsiyaning mamlakatda ham davom etayotganini ko‘rsatadi. Milliy statistika qo‘mitasining SIAT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston hududlariaro 252,8 ming kishi ko‘chgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 241,8 ming edi. Toshkent shahri va viloyati, Samarqand, Farg‘ona va boshqa iqtisodiy yoki ta’lim markazlari aholining ichki harakatida muhim rol o‘ynaydi. Ichki migratsiya – mamlakat bo‘ylab imkoniyatlarning qanday taqsimlanganini ko‘rsatadigan jarayon. Buni yaxshi yoki yomon hodisa deb bo‘lmaydi. U odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Agar odam Toshkentga yaxshiroq ish uchun ko‘chsa, bu uning iqtisodiy imkoniyatini kengaytirishi mumkin. Ammo odam o‘z hududida ish, sifatli ta’lim, tibbiyot yoki yashash sharoitini topa olmagani uchun ketayotgan bo‘lsa, muammo uning ko‘chganida emas. Shu bilan birga, boshqarilmagan yoki haddan tashqari markazlashgan migratsiya shaharlar va qishloqlarda yangi muammolarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Ichki migratsiya qanday kechayotganini kuzatish imkoniyatlar mamlakat bo‘ylab qanchalik teng taqsimlanganini, hududlardagi iqtisodiy vaziyat, mehnat sharoitlari, turmush darajasini bilishga yordam beradi.

25.8.2026 412

BIOHAKING: Insoniyat o‘zini qayta yarata oladimi?

Bir necha yil oldin inson xotirasini kuchaytirish, kamroq uxlash bilan ko‘proq ishlash yoki genlar yordamida kasalliklarning oldini olish haqidagi g‘oyalar faqat fantastik filmlarga xos edi. Bugun esa bu mavzular oddiy odamlar hayotiga ham kirib kelmoqda. Aqlli gadjetlar orqali salomatlikni kuzatish, ovqatlanishni genetik xususiyatlarga moslashtirish, miya faoliyatini yaxshilash yoki inson imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan texnologiyalar yoshlar orasida tobora ommalashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa “O‘z tanangni optimallashtir”, “Biologik chegaralaringni oshir” kabi g‘oyalar tarqalyapti. Biohaking va genetik tahrir insoniyatga kasalliklarni davolash, umr sifatini yaxshilash va yangi ilmiy yutuqlarga erishish imkonini berishi mumkin. Biroq bu texnologiyalar inson tanasi, kelajak avlod va jamiyat oldida yangi axloqiy hamda xavfsizlik masalalarini ham yuzaga chiqaradi. Xo‘sh, inson o‘z biologik kodini qanchalik o‘zgartira oladi? Buni qilish kerakmi o‘zi? “O‘zing bajar” “Biohacking” atamasi texnologiya olamidagi “hacking” tushunchasidan kelib chiqqan. Dasturlashda haker tizim kodini o‘zgartirib, imkoniyatlarini oshirish yoki ishlash usuliga ta’sir qilishga harakat qiladi. Biohakingda esa gap insonning o‘z biologik tizimi – tanasi, miyasi, immun tizimi va genlari ustida ishlash haqida boradi. Oddiy qilib aytganda, biohaking – inson imkoniyatlarini zamonaviy texnologiyalar, maxsus ovqatlanish tartibi, turmush tarzidagi o‘zgarishlar va biologik tadqiqotlar yordamida yaxshilashga urinish. Maqsad – sog‘liqni nazorat qilish, jismoniy va aqliy imkoniyatlarni oshirish yoki organizm faoliyatini “optimallashtirish”. Biohaking rasmiy akademik fan yoki mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida tan olinmagan. U ko‘proq “O‘zing bajar” (DIY – Do it yourself) tamoyiliga asoslangan global harakat hisoblanadi. Bu oqim tarafdorlari o‘zini o‘z tanasi va salomatligi ustida faol ishlaydigan shaxs sifatida ko‘radi. Biohaking maqsadi va xavf darajasiga qarab bir necha yo‘nalishga bo‘linadi. Maishiy yoki kundalik biohaking – eng ommaviy va nisbatan xavfsiz shakl. Bunga uyqu rejimini tartibga solish, intervalli ochlik, sport mashg‘ulotlarini aqlli soatlar orqali kuzatish kabi odatlar kiradi. Bu usullar odatda katta xavf tug‘dirmaydi va ko‘pchilik qo‘llaydi. Nutrigenomika – inson genlari va ovqatlanish o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Bunda genetik tahlillar orqali organizmga mos individual parhez, vitaminlar yoki miya faoliyatini yaxshilashga qaratilgan nootroplar tanlashga harakat qilinadi. Biroq genetik ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilish yoki mutaxassis maslahatisiz qo‘llash turli nojo‘ya ta’sirlarga olib kelishi mumkin. Kibernetik biohaking yoki “Grinders” harakati – texnologiyalar yordamida inson tanasini o‘zgartirishga qaratilgan yo‘nalish. Bu turdagi biohakerlar teri ostiga RFID va NFC chiplari, turli datchiklar yoki elektron implantlar joylashtirish orqali inson imkoniyatlarini kengaytirishga urinadi. Ammo bunday amaliyotlar infeksiya, jarrohlik xavflari va organizmning begona qurilmalarga munosabati bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. DIY biologiya (mustaqil genetik tajribalar) esa biohakingning eng murakkab va xavfli yo‘nalishlaridan biri. Bu rasmiy ilmiy laboratoriyalardan tashqarida, ba’zan uy sharoitida CRISPR kabi gen tahrirlash texnologiyalari va biologik materiallar bilan tajribalar o‘tkazishni anglatadi. Bunday tajribalar biologik xavfsizlik, sog‘liq va axloqiy me’yorlar bilan bog‘liq savollarni yuzaga keltiradi. CRISPR-Cas9 Biohaking haqidagi eng katta bahslar genetik tahrir masalasida yuzaga keladi. Bu yo‘nalishdagi eng muhim kashfiyotlardan biri – CRISPR-Cas9 texnologiyasi. Unga genomni o‘zgartirish sohasida haqiqiy inqilob yasagan usul sifatida qaraladi. CRISPR inson DNKsidagi ma’lum bir genni topish va unga o‘zgartirish kiritish imkonini beruvchi “biologik qaychi”ga o‘xshaydi. Xuddi kompyuterdagi matn muharririda xato yozilgan so‘zni o‘chirib, o‘rniga yangisini yozgandek, bu texnologiya ham genetik koddagi ayrim nuqsonlarni tuzatishga yordam beradi. CRISPR texnologiyasining kashfiyotchilaridan biri, Nobel mukofoti laureati Jennifer Doudna bu kashfiyot insoniyatga biologik kodni o‘zgartirish imkonini berganini, biroq bunday kuch katta mas’uliyatni ham talab qilishini ta’kidlagan. Bu texnologiyani yaratgan Jennifer Doudna va Emmanuyel Sharpartye 2020-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini olgan. CRISPR yordamida ilgari davolash qiyin bo‘lgan ayrim irsiy qon kasalliklari, ko‘rlikning ayrim turlari va boshqa kasalliklarni molekulyar darajada davolash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Biroq CRISPRning xavfi ham bor. Texnologiyaning tobora arzonlashayotgani va undan foydalanish imkoniyati kengayayotgani sababli genetik tajribalar faqat professional laboratoriyalar doirasida emas, mustaqil biohakerlar orasida ham paydo bo‘lmoqda. Berlin bemori Biohaking va zamonaviy biotexnologiyalar tarixida inson imkoniyatlarini kengaytirishga uringan, katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan bir qancha tajribalar bor. Ulardan biri – Timoti Braun (“Berlin bemori”) holati. U ildiz hujayralari terapiyasi va o‘ziga xos genetik xususiyatga ega donor hujayralari yordamida OIV (OITS) kasalligidan to‘liq tuzalgan dunyodagi birinchi inson sifatida tarixga kirdi. Bu voqea olimlar va biohakerlarning regenerativ tibbiyot hamda genetik davolash imkoniyatlariga qiziqishini yanada oshirdi. Biohakingning yana bir muhim yo‘nalishi miya va texnologiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishdir. Miya-kompyuter interfeyslari (BCI) orqali inson miyasi faoliyatini raqamli qurilmalar bilan bog‘lash imkoniyatlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Masalan, “Neuralink” kabi loyihalar miya va sun’iy intellekt o‘rtasidagi aloqani rivojlantirishni maqsad qilgan bo‘lsa, “OpenBCI” kabi ochiq platformalar miya to‘lqinlarini (EEG) kuzatish imkonini beruvchi texnologiyalarni ommalashtiryapti. Nega odamlar o‘zini xavfga qo‘yadi? Biohakingning eng bahsli jihatlaridan biri – insonni o‘z tanasi ustida xavfli tajribalar o‘tkazishga nima undashi masalasi. Axir tibbiy yoki biologik bilimlari yetarli bo‘lmagan odam nega o‘z sog‘lig‘i va kelajagini xavf ostiga qo‘yadi? Mutaxassislar bu holat ortida qiziqishdan tashqari chuqur psixologik va ijtimoiy omillar borligini aytadi. Birinchi omil – nazoratni o‘z qo‘liga olish istagi. Ba’zilar an’anaviy tibbiyot tizimini juda sekin, murakkab yoki qimmat deb biladi. Ayniqsa, uzoq davom etadigan kasalliklardan aziyat chekayotgan yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga yechim izlayotgan odamlar yangi usullarni mustaqil sinab ko‘rishga moyil bo‘ladi. Ular tanasini shifokor yoki tizim emas, aynan o‘zi boshqarishi kerak degan fikrga keladi. Ikkinchi sabab – qoidalarga qarshi chiqish va ochiq ilm-fan g‘oyasi. Ayrim bioxakerlar ilmiy bilimlar faqat yirik laboratoriyalar va universitetlar qo‘lida bo‘lib qolmasligi, har bir inson tajriba qilish va yangi kashfiyotlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Ular buni ilm-fanni demokratlashtirish deb ko‘radi. Yana bir kuchli omil – mashhurlik istagi. TikTok, Instagram va YouTube kabi platformalarda noodatiy tajribalar, ekstremal sinovlar yoki “inson imkoniyatlarini oshirish” haqidagi videolar tez tarqaladi. Ba’zan ko‘proq ko‘rish va e’tibor olish istagi insonlarni xavfli qarorlar qabul qilishga undashi mumkin. Bundan tashqari, biohaking ortida insoniyatning qadimiy orzularidan biri – o‘z chegaralarini kengaytirish istagi ham yotadi. Odamlar doim uzoqroq yashash, kuchliroq bo‘lish, xotirani yaxshilash yoki kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini izlab kelgan. Bugungi texnologiyalar esa bu istaklarni avvalgidan ko‘ra realroq ko‘rsatyapti. Biohaking inson imkoniyatlarini kengaytirish uchun katta umidlar berayotgan bo‘lsa-da, uning xavfli tomonlari ham mavjud. Ayniqsa, inson organizmiga tibbiy nazoratsiz aralashish kutilmagan va ba’zan qaytarib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin. DNKdagi o‘zgarish oddiy tajriba emas, undagi xatolarni ortga qaytarish imkoni har doim ham bo‘lavermaydi. CRISPR texnologiyasida kerakli gen bilan birga boshqa qismlarga ham ta’sir ko‘rsatish ehtimoli mavjud. Ayniqsa, embrion yoki jinsiy hujayralardagi genetik o‘zgarishlar keyingi avlodlarga ham o‘tishi mumkin... O‘zbekistonlik yoshlar hayotiga ham kirib kelyapti Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali genetik testlar, nootroplar, biologik qo‘shimchalar, “aqlli” qurilmalar va turli optimallashtirish usullari allaqachon o‘zbekistonlik yoshlar hayotiga kirib kelyapti. Dasturlashni biologiya bilan birlashtira oladigan yoshlar genetik ma’lumotlarni tahlil qilish, individual tibbiyot, yangi diagnostika usullari va biotexnologik tadqiqotlarda muhim rol o‘ynashi mumkin. Demak, yoshlar uchun asosiy vazifa o‘z organizmida nazoratsiz tajriba o‘tkazish emas, bu texnologiyalarni tushunadigan, ularning imkoniyati bilan birga xavfini ham baholay oladigan avlodga aylanishdir. Bunday kuch katta mas’uliyatni ham talab qiladi.

25.8.2026 438

JALPAQ JAP ishsizlik va jinoyatchilikdan xoli hudud

Kegeyli tumanidagi Jalpaq jap ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Aynura Karamatdinova bir necha yil avval ish izlab yurgan yoshlardan edi. Hozir o‘zining go‘zallik saloniga ega. Prezidentning PQ–62-sonli qarori ijrosi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit evaziga tashkil etilgan go‘zallik saloni Aynuraning oilasi daromadini oshirdi, mahalladagi boshqa qizlar uchun ham kasb o‘rganish maydoniga aylandi. – Bir paytlar o‘z faoliyatimni boshlashim uchun zarur imkoniyat va mablag‘ yetishmasdi, – deydi Aynura. – Mahalladagi yoshlar yetakchisi muammolarimni o‘rgandi va menga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bugun daromad topib, oilamga yordam beryapman. O‘zimga ishonchim ortdi, kelajak uchun yangi maqsadlar qo‘ya boshladim. Jalpaq jap ovuli balansi: Aholi: 6370 nafar; Yoshlar: 1434 nafar; Xotin-qizlar: 666 nafar.   “Yashil” toifa: 1089 nafar; “Sariq” toifa: 345 nafar; “Qizil” toifa: 0. Mahalla drayveri: chorvachilik va dehqonchilik. Jalpaq japda 2025-yildan beri ijtimoiy himoyaga muhtoj 32 nafar yoshning muammosi “Yoshlar daftari” orqali hal etildi. 2 nafariga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi. 1 nafar yoshning davolanish xarajatlari qoplandi. 1 nafar yigitga haydovchilik o‘quv kursi xarajatlari to‘lab berildi. 5 nafar yosh zamonaviy kasblar yo‘nalishida o‘qitildi. 8 nafar talabaning kontrakt to‘lovi qoplandi. 1 nafar yosh yer maydoniga ega bo‘ldi. 13 nafar yigit-qiz o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Rustam Jumabayev bilan Dildara Erejepova “Yoshlar daftari”dan subsidiya asosida tikuv mashinasi olgan. Rustam milliy kiyimlar tikadi, Dildara esa klassik kostyum, shim va qizlar ko‘ylaklarini tikib, oilasiga daromad keltiryapti. Tadbirli yoshlar – Yoshlar bilan ishlashda biz uchun eng muhim tamoyil – muammoga amaliy yechim topish, – deydi Jalpaq jap ovuli yoshlar yetakchisi Zuhra Kosbergenova. – Shu bois har bir murojaatni alohida o‘rganamiz, har bir yigit-qiz bilan individual ishlayman. Kimningdir bandlikka ehtiyoji bo‘lsa, ishga yo‘naltiramiz, kasb-hunar yoki tadbirkorlikni boshlashni istovchilarga tegishli dasturlar orqali ko‘mak beramiz. Maqsadimiz yoshlarning hayotida ijobiy o‘zgarish qilish, ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashdir. Ovulda tadbirkorlik yo‘nalishida ham amaliy natijalar kuzatilyapti. Prezidentning PQ–62-sonli qarori asosida 2 nafar yosh tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun jami 150 million so‘m imtiyozli kredit oldi. Shulardan biri – Aymurat Azbergenov. U “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 50 million so‘m kredit olib, dehqonchilikni yo‘lga qo‘ydi. Dastlab ikki gektar maydonda mosh yetishtirib, 20 million so‘m sof daromad oldi. Bugunga kelib ekin maydonini uch gektarga yetkazdi. Endilikda u mahalladagi boshqa yoshlar uchun ham tajriba almashayotgan namunali fermerlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mahallada yosh dehqonlardan yana biri – Aytqali Abadanov. U mosh yetishtirish orqali yuqori hosildorlikka erishmoqda. Suv resurslari cheklangan sharoitda suv kam talab qiladigan ekinlarni tanlash iqtisodiy jihatdan ham, ekologik nuqtayi nazardan ham to‘g‘ri qaror. Yosh tadbirkor Juldiz Abdiualiyeva kredit asosida oilasi bilan pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Bugun ularning tomorqasi oilaning asosiy daromad manbayiga aylangan. 2025-yil yakunida mahalladan 38 nafar yosh xorijda mehnat qilayotgan edi. Zuhra Kosbergenova hamda mahalla yettiligi ularning har biri bilan individual suhbatlar, oilalari bilan muloqotlar o‘tkazib, mavjud imkoniyatlarni tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada migratsiyadagi yoshlarning 92 foizi mahallaga qaytdi. Eng muhim omil – ishonch Mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligi ijtimoiy muhitdagi o‘zgarishlar bilan ham baholanadi. Jalpaq jap ovulida ham shunday manzarani kuzatish mumkin. Mahallada ishsizlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida barqaror muhit shakllangan. Yoshlar yetakchisining ta’kidlashicha, hududda huquqbuzarlikka moyil yoshlar yo‘q. “Otaliqqa olingan yoshlar” toifasi ham shakllanmagan. Bu profilaktika, bandlik va doimiy muloqot tizimi samarasidir. Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” respublika bosqichida parakibersport yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni egalladi. Hududiy bosqichda qizlar o‘rtasidagi mini futbol musobaqasida ikkinchi o‘rin qo‘lga kiritildi. Yoshlar yetakchisi Zuhra Kosbergenova tashabbusi bilan “Jaxsılıqtı hárkim hár kúni islewi kerek” (“Yaxshilikni har kim har kuni qilishi kerak”) shiori ostida ko‘ngilli yoshlar jamoasi faoliyat yuritmoqda. O‘ndan ortiq faol yigit-qizni birlashtirgan guruh hududdagi yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar oladi, ularning uy-ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashadi, zarur paytlarda hasharlar tashkil etadi. Shu mehnatlari ortidan 2025-yilda Zuhra “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovining hududiy bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi. 2024-yilda “Yetakchi spartakiadasi” musobaqasida stol tennisi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi bo‘ldi. 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Zuhra Kosbergenova mamlakatdagi eng namunali mahalla yoshlar yetakchilarining kuchli 100 talik reytingidan joy oldi.

7.8.2026 776

Gʻamxoʻr ota boʻlish qiyinmi? Yoki tabiat  yaratgan, jamiyati oʻldirgan instinkt

Har yili O‘zbekistonda yuz minglab erkaklar ota bo‘ladi. Ammo ularning aksariyati farzandi tug‘ilganidan keyingi eng muhim kunlarni tug‘uruqxona va uy o‘rtasida emas, ishxonada o‘tkazadi. Chaqaloq yig‘lasa, uni onasiga uzatish, tungi parvarishni ayolning vazifasi deb bilish, otaning rolini esa faqat oila tebratuvchi va daromad topuvchi sifatida tasavvur qilish odatiy tusga kirgan. Ammo zamonaviy neyrobiologiya, endokrinologiya va rivojlanish psixologiyasi bu tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. ​So‘nggi tadqiqotlar ko‘rsatadiki, mehribon va g‘amxo‘r ota bo‘lish shunchaki zamonaviy madaniyat mahsuli yoki “xotiniga rahm qilish” emas. Bu erkak organizmi va miyasida inson evolyutsiyasi davomida dasturlashtirilgan chuqur, fundamental biologik jarayondir. ​Xo‘sh, bizning ijtimoiy-huquqiy tizimimiz va mavjud mental qarashlarimiz o‘zbek erkaklariga yaxshi ota bo‘lishga, miyasidagi yashirin salohiyatni uyg‘otishga qay darajada imkon beryapti? Erkak miyasi qanday “qayta dasturlanadi”? Uzoq yillar davomida ilm-fan faqat onalik inson organizmida tub o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi deb hisoblab keldi. Buning sababi ham tushunarli edi: homiladorlik, tug‘uruq va emizish davrida ayol tanasi ulkan gormonal o‘zgarishlarni boshdan kechiradi. Erkak esa bu jarayonlarning hech birini jismonan his qilmaydi. Shu bois “ota bo‘lish erkakni biologik jihatdan o‘zgartirmaydi” degan qarash hukmron bo‘ldi. Bugun esa bu fikr eskirdi. MRT yordamida yangi otalarning miyasi o‘rganilganda olimlar kutilmagan natijalarga duch keldi. Ma’lum bo‘lishicha, farzand dunyoga kelishi erkak miyasining ayrim qismlari faoliyatini ham o‘zgartirar ekan. Testosteron kamayadi, bu zaiflik emas. Ko‘pchilik testosteronni erkaklikning asosiy belgisi deb biladi. Darhaqiqat, bu gormon raqobat, qat’iyat va tajovuzkorlik bilan chambarchas bog‘liq. Ammo ota bo‘lish arafasida organizm boshqa vazifani bajarishga kirishadi. Amerikalik antropolog Li Gettler boshchiligidagi tadqiqotlarda farzandli erkaklarda testosteron miqdori farzandsiz erkaklarga qaraganda sezilarli pasaygani aniqlangan. Eng katta pasayish esa chaqalog‘iga bevosita qarayotgan otalarda kuzatilgan. Olimlar fikricha, testosteronning pasayishi erkakni raqobatlashuvchi individ rolidan g‘amxo‘r parvarishlovchi roliga moslashtirishga xizmat qiladi. Bunday biologik moslashuv natijasida erkak chaqaloq yig‘isiga nisbatan sezgirroq bo‘ladi, uning ehtiyojlarini tezroq ilg‘aydi va tajovuzkor reaksiyalar kamayadi. Tabiat go‘yo erkakka shunday deydi: “Endi sening eng muhim vazifang kurashish emas, asrashdir”. Oksitotsin. Oksitotsin odatda onalik bilan bog‘lanadi. Homiladorlik, tug‘uruq va emizish bu gormon muhim rol o‘ynaydi. Ammo bugungi tadqiqotlar yana bir muhim haqiqatni ochdi. Yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini bag‘riga bosgan otalarda ham oksitotsin miqdori sezilarli oshadi. Har safar ota bolasini quchoqlaganda, unga mehr ko‘rsatganda, u bilan o‘ynaganda yoki ovutganda organizm oksitotsin ishlab chiqaradi. Natijada ota bolaga nisbatan yanada sabrliroq, mehribonroq va himoyachi bo‘lib boradi. Bu jarayon o‘zini o‘zi kuchaytiradigan biologik aylana hosil qiladi. Qancha ko‘p muloqot bo‘lsa, shuncha ko‘p oksitotsin ajraladi. Qancha ko‘p oksitotsin ajralsa, ota bolaga shuncha ko‘proq yaqinlashadi. Shuning uchun olimlar bugun otalikni “ishlatilgan sayin kuchayadigan biologik tizim” deb ta’riflamoqda. “Ishlatmasang – yo‘qotasan”. Balki, otalik haqidagi eng muhim ilmiy xulosa ham shudir. Erkakdagi biologik imkoniyat avtomatik ravishda ishga tushmaydi. Uni faollashtiradigan yagona narsa – ishtirok. Chaqaloqni qo‘lga olish, tagligini almashtirish, tunlari uni ovutish, sayr qildirish, u bilan yolg‘iz qolish. Mana shu oddiy ko‘rinadigan harakatlar erkak miyasida yangi neyron aloqalarni mustahkamlaydi. Agar ota turli sabablar (ish, ijtimoiy stereotiplar yoki oiladagi vazifalar taqsimoti) tufayli bola parvarishidan chetda qolsa, tabiat yaratgan bu biologik salohiyat to‘liq namoyon bo‘lmasligi mumkin. Biologiya tayyor, jamiyat-chi? Agar masala faqat biologiyada bo‘lganida edi, ehtimol, dunyoning barcha otalari farzandi tug‘ilgandan birdek faol bo‘lardi. Ammo inson boshqa jonzotlardan farqli ravishda nafaqat instinkt, balki madaniyat, iqtisodiy sharoit va ijtimoiy qarashlar ta’sirida ham yashaydi. Shuning uchun erkakning otalikka moslashishi faqat organizmiga emas, u yashayotgan jamiyatga, qonunchilikka ham bog‘liq. O‘zbekiston qonunchiligida otaning bola parvarishidagi ishtiroki nazarda tutilmagan, deyish noto‘g‘ri. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi otaga ham bola parvarishlash ta’tilidan foydalanish huquqini beradi. Bu muhim norma. Ammo qonun bilan real hayot orasida sezilarli tafovut bor. Aksariyat oilalarda asosiy boquvchi erkak bo‘lgani sababli yosh otalar bu huquqdan foydalanishga jur’at eta olmaydi. Bola parvarishlash davridagi nafaqa oilaning kundalik ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli emas. Natijada erkak tanlov oldida qoladi. Yangi tug‘ilgan farzandi yonida qolishmi yoki oilaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash? Ko‘pchilik ikkinchi yo‘lni tanlaydi. Bu ularning otalikni istamagani uchun emas, sharoit shuni talab qilgani uchun. Shunday qilib, ilm-fan eng muhim deb hisoblayotgan dastlabki haftalar va oylar ko‘pincha ish joyida o‘tadi. Kechqurun uyga qaytgan ota esa ko‘pincha uxlab qolgan chaqaloqni tomosha qilish bilangina cheklanadi. Huquqiy omillardan tashqari yana bir muammo bor – jamoatchilik bosimi. Yosh ota aravachada bolasini sayr qildirib yuribdi. Yoki shifokor ko‘rigiga olib kelgan, taglik almashtiryapti. Bugun bunday holatlar ko‘paygan bo‘lsa-da, ayrim joylarda hali ham bunday erkakka hayrat bilan qarashadi. Ba’zida hazil-mazax qilishadi. Go‘yoki, farzandga qarash erkakning qadrini tushiradi. Ota tarbiyasi – xarakter maktabi Rivojlanish psixologiyasi va neyrobiologiya sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar yana bir muhim haqiqatni ko‘rsatmoqda: ota va ona bir xil rolni bajarmaydi, bolaning rivojlanishida bir-birini to‘ldiradigan ikki xil tarbiyani yaratadi. Ona odatda bolaga xavfsizlik, mehr va hissiy barqarorlikni beradi. Ota esa ko‘pincha uni tashqi dunyoga tayyorlaydi: yangi narsalarni sinab ko‘rishga, tavakkal qilishga, qiyinchiliklarni yengishga va mustaqil qaror qabul qilishga undaydi. Mutaxassislar shu farq bolaning xarakteri shakllanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi. Otalar bolalari bilan ko‘pincha faolroq va jismoniy harakatlarga boy o‘yinlarni tanlaydi: kurashish, quvlashmachoq o‘ynash, yelkasiga mindirish yoki havoga ko‘tarib ushlash. Bir qarashda oddiy tuyuladigan bunday o‘yinlar aslida bolaning emotsional rivojlanishi uchun muhim mashq hisoblanadi. Hayajon, qo‘rquv va quvonch bir vaqtning o‘zida yuzaga keladi, ota esa o‘yin davomida bolaning hissiyotlarini boshqarishga yordam beradi: qachon to‘xtash, qachon ehtiyot bo‘lish, qachon davom etish kerakligini o‘rgatadi. Psixologlarning fikricha, bu tajribalar keyinchalik bolaning jahli chiqqanda yoki stressli vaziyatlarda hissiyotlarini boshqarish qobiliyatini rivojlantiradi. Bundan tashqari, psixologiyada “otaga ehtiyoj” tushunchasi mavjud. Bu faqat otasiz ulg‘aygan bolalarni anglatmaydi. Ba’zan ota oilada bo‘ladi, ammo bola hayotida hissiy jihatdan deyarli ishtirok etmaydi. Tadqiqotlarda bunday holat ayrim bolalarda o‘ziga ishonchning pastligi, xavotir, tashabbus ko‘rsatishdan cho‘chish yoki kattalar davrida yaqin munosabatlarni qurishda qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi. Jahon tajribasi So‘nggi yigirma yil ichida ko‘plab davlatlar otaning bola hayotidagi ilk oylaridagi ishtiroki nafaqat oilaga, balki butun jamiyatga foyda keltirishini anglab yetdi. Shu bois otalikni qo‘llab-quvvatlash oilaviy siyosatning muhim yo‘nalishiga aylandi. Masalan, Islandiya dunyoda otalik ta’tili bo‘yicha eng ilg‘or davlatlardan biri. Bu mamlakatda ota belgilangan ta’tildan foydalanmasa, bu kunlarni onaga o‘tkazib bo‘lmaydi. Davlat shu yo‘l bilan otaning farzand hayotidagi ilk kunlardan faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shunga o‘xshash tizim Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Ispaniya kabi davlatlarda ham joriy qilingan. Bu mamlakatlarda masala erkakka imtiyoz berishda emas, bolaga ota va ona bilan teng yaqin hissiy aloqa o‘rnatish imkoniyatini yaratishda. Natijada otalar bola parvarishida faolroq qatnashyapti, onalar ruhiy va jismoniy jihatdan tezroq tiklanyapti, bolalar esa ham ota, ham ona bilan mustahkam hissiy rishta hosil qilyapti. Mutaxassislar buni kelajak avlodga kiritilgan investitsiya deb baholaydi. Huquqiy va ijtimoiy sharoit kerak Darhaqiqat, ilm-fan va real hayotiy tajribalar bizga inson tabiatining tub qonuniyatini isbotlab berdi: ota bo‘lish chuqur biologik va ruhiy transformatsiyadir. Erkak kishini mehribon otaga aylantirish uchun uning instinktlari uyg‘onishiga huquqiy va ijtimoiy sharoit yaratib berish kerak. O‘zbekistonda sog‘lom demografik muhit, baxtli bolalik va mustahkam oila poydevorini qurish uchun quyidagi strategik qadamlarni qo‘yish – davr talabi. Haq to‘lanadigan “Otalik ta’tili”. Erkaklar uchun farzandi tug‘ilgan ilk oyda foydalaniladigan, kamida 10 ish kunidan iborat, majburiy va ish beruvchi yoki davlat jamg‘armalari tomonidan yuz foiz haq to‘lanadigan maxsus “Otalik ta’tili” tizimini mehnat qonunchiligiga kiritish shart. Bu yosh otaga moddiy tanqislikdan qo‘rqmasdan, dastlabki haftalarda oilasi yonida bo‘lish imkonini beradi. Tibbiy tizimni transformatsiya qilish. Davlat shifoxonalari va poliklinikalarda faqat onalar bilan ishlash tizimidan voz kechish lozim. Homiladorlik davridagi ilk tekshiruvlar va tug‘uruqdan keyingi chaqaloq parvarishiga otalarni ham faol jalb qilish, ularga tibbiy tushuntirishlar berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarur. Ijtimoiy ongni o‘zgartirish. Davlat ijtimoiy buyurtmalari, media va jurnalistika orqali “g‘amxo‘r, farzandining ehtiyojlarini tushunadigan, tunda uni ovutadigan zamonaviy va kuchli ota” obrazini trendga olib chiqish, bola parvarishini gender cheklovlaridan tozalash lozim.