Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Kitobni o‘qib tushunish va eslab qolish uchun 5 tavsiya

19.1.2024 729

Hudud24

Ko‘pchiligimiz kitobni o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng uning asl mazmunini tushunmaymiz yoki tushunsakda, bir necha oydan so‘ng unutib qo‘yamiz. Ayniqsa, klassik janrdagi, mag‘zi to‘liq kitoblarni eslab qolish ancha qiyinchilik tug‘diradi. Shularni inobatga olib kitobning asl mazmunini uqish va uni ko‘p muddat eslab qolish bo‘yicha bir nechta tavsiyalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.

1. Belgilash

Qizil ruchka bilanmi, yoki maxsus stikerlar bilanmi, kitobning eng muhim joylarini, qahramonlarning otashin nutqlarini, kitobdagi muallifning aytar muxtasar gaplarining ustiga belgilab qo‘yish ancha yaxshi samara beradi. Belgilash jarayonida kitobning eng asosiy joylariga yaxshiroq e’tiboringizni qaratasiz, sergakroq tortasiz. Asar tugaganidan so‘ng belgilangan joylariga yana bir bor qaytish asarni yanada yaxshiroq tushunishingizga hamda uning mag‘zini chaqishingizga katta ko‘makchi bo‘ladi. Bir necha oy vaqt o‘tganidan so‘ng belgilangan joylariga birrov ko‘z yugurtirsangiz darrov kitobning asl mazmuni yodingizga keladi. Bu borada unchalik qimmat turmaydigan stikerlardan foydalanishni maslahat beramiz, zero rahmdil kitobxonning sevimli kitobiga ruchka bilan chizib tashlashga qo‘li bormaydi.

2.Taqriz yozish

Kitobni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng bir necha muddat uning ta’sirida bo‘lishingiz bor gap. Ana shu ta’sirdan chiqib ketmasingizdan burun asar to‘g‘risida moʻjazgina taqriz yozsangiz, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Albatta, taqriz yozish uchun qanaqadir mezonlarga murojaat qilishingiz shart emas. O‘zingiz bilganingizcha, kitobni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng qalbingizdan o‘tgan kechinmalarni hamda asardan olgan xulosangiz to‘g‘risida bir necha satr yozishingiz kifoya. Agar klassik uslubni sevuvchi odam bo‘lsangiz, maxsus bloknotda, zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan bo‘lsangiz telegram kanal ochib taqrizlaringizni yozib borishingiz kitobning mag‘zini chaqish hamda uni eslab qolishingizda ko‘makchi bo‘ladi. Taqrizni bir necha oydan so‘ng qaytadan o‘qish — asarni qayta o‘qishingiz bilan teng bo‘ladi.

3. Chalg‘imaslik

Hozirgi globallashuv davrida inson bir ishni chalg‘imasdan bajarishi juda katta matonatga aylandi. Gadjetlar, ijtimoiy tarmoqlar, turli ko‘ngilochar vositalar sababli insonda tez-tez chalg‘ish yuzaga keladi, mana shu jarayon kitob o‘qish jarayonida avj pallasiga chiqadi. Katta ehtimol bilan 10 daqiqa kitob o‘qiganingizdan so‘ng zerikib boshlaysiz hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlar tomon yugurasiz (tanish holat a)? Shunday ekan bunga qarshi kurashish uchun kitob o‘qish jarayoniga jiddiy yondashganingiz hamda gadjetlarni ovozsiz holatga keltirib, o‘zingizdan ancha uzoq masofaga qo‘yib, qancha muddat o‘qishni aniq belgilab olgan holda mutolaaga sho‘ng‘ishni maslahat beramiz. Zero, pala partishlik bilan, rejalashtirilmasdan turib amalga oshirilgan mutolaa ko‘p hollarda 10 daqiqadan oshmaydi. Saranjomlik bilan ish boshlasangiz, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

4. Muhokama qilish

 Sevimli asarni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng, ichingizga sig‘may ketishingiz turgan gap. Mana shunday vaziyatda xuddi sizdek holatdagi insonlar bilan asarni muhokama qilish yanada zavqli bo‘ladi, shunday emasmi? Kitobni tugatganingizdan so‘ng asarni o‘qiganlar bilan muhokama qilish ham asarni yanada tushunish va mag‘zini chaqishda yordam beradi. Mutolaa jarayonida e’tiboringizdan chetda qolgan jihatlarga e’tibor berasiz, ayniqsa, bahslar yuzaga kelsa, qayta-qayta asarga murojaat qilaverib, uni “suv qilib ichib yuborasiz”. Istasangiz, mutolaani sevuvchi do‘stingiz bilan muhokama qiling, istasangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi kitob muhokamasiga bag‘ishlangan guruh va forumlarda munozaraga kirishing. To‘g‘risini aytsam, do‘stingiz bilan birgalikda bir kitobni o‘qib, muhokama qilishni maslahat beraman. Chunki ikkinchi variantda juda ko‘pchilik bo‘ladi — hammadan har xil fikr chiqadi, turli baxslar yuzaga keladi, mavzudan chetga chiqish ko‘payadi, suhbat mavzusi muhokamadan boshqasiga o‘zgarib ketadi. Kitob muhokamasini tor doirada, offlayn o‘tkazgan samaraliroq.

5. Muallifni o‘rganish

Ba’zi hollarda asarni tushunish uchun kitob muallifining shaxsiyatini o‘rganishga to‘g‘ri keladi. U ijod qilgan zamon, yashagan mamlakat, boshidan kechirgan tuzum, uning ijtimoiy holati kabi omillarni o‘rganish orqali muallif nima demoqchi bo‘lganini tushunish yanada osonlashadi. Shunday ekan asarni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng uning muallifi to‘g‘risida ham biroz o‘rganish olib borishingiz maqsadga muvofiq. Deylik, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarini o‘qiganingizdan so‘ng muallifning tarjimayi holiga ko‘z tashlashingiz asarning nechog‘liq buyukligini anglashingizga yordam beradi. Sho‘rolar tuzumining achchig‘ini tatib ko‘rgan yozuvchining so‘zlari yanada ta’sirliroq jaranglaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish