Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Kitobxonlik kasalliklari haqida eshitganmisiz?

28.3.2024 183

Ilhomjon ABDUSALOMOV, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi

Oliy dargoh ostonasidan ilk marotaba xatlab, qalbga ummondek orzularni tukkan biz kabi ilmi toliblarga jonkuyar ustozlarimiz bergan dastlabki topshiriq Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga aʼzo boʻlish edi. Masʼuliyatli baʼzi kursdoshlarimiz “missiya”ni oʻz vaqtida, oʻzi xohlab ado etgan boʻlsa, biz kabi qolgan ayrimlar majburiyat oʻlaroq muhtasham ma’rifat maskaniga bordik. Bil’aks, hamyonimiz toʻridan oyda hech qursa 1-2 marotaba ham olinmaydigan kutubxona kartochkasi joy oldi.

Shu voqeani tibbiyot universitetida oʻqiydigan eski tanishimga aytib: “Nima uchun biz kitob oʻqimaslikni, oʻqiganda ham unga yuzaki yondashishni istab qolyapmiz?”, deb savol berganimda, u bu kabi sabablar kasallik belgisi boʻlish mumkinligini aytdi. Bemor oʻz tashxisini shifokoridan bilish uchun ichi qizigani kabi mening ham bu boradagi qistovlarim joʻramning “Qiziqsang, “Gugl aka” dan soʻra. Toqating yetarmikan?” degan javobi bilan barham topdi.

Haqiqatan ham, oxirgi paytlarda kitob oʻqishni ehtiyoj sifatida baholagan taqdirda ham, ayrim insonlarda jismoniy va ruhiy xohishning boʻlmasligi mutolaa bilan bog‘liq turli kasalliklar boʻlishi mumkinligini anglatar ekan. Biz rasmiy manbalarga tayangan holda shunday “kasalliklar” ta’rifi va ularning belgilarini topdik.

Kitob hidini yoqtirsangiz...

Kimdir yomgʻir yoki tuproq, yana birov benzin hidini yoqtirishini bilamiz. Bunday kishilar ushbu hidni tuyishni, undan rohatlanishni yoqtiradi (Nima qilibdi? Shaxsan men ham benzin idishlarini hidlashni yoqtirardim, biroq bu tibbiyotda kamqonlikning dastlabki belgisi ekan. Mayli, chalgʻib ketmay). Xullas, kitob hidini yoqtiruvchi kitobxonlar haqiqiy kitobxon emas, ularda “bibliosmiya” kasalligi bor.

Ular kutubxonaga kitob hidini hidlashga boradi, har sahifani ochganda burniga yaqin tutib, bundan rohatlanadi. “Bibliosmiya” termini kitob hidining oʻquvchiga taʼsirini ifodalaydi. Bibliosmiyaga chalinganlar elektron kitobda bosma kitobning hidi yoʻqligini asosiy kamchilik sifatida iddao qiladi. Manbalarga koʻra, kitobning odamlarga zavq beradigan hidi (ifori) qogʻozlardagi kimyoviy reaksiyalar natijasida paydo boʻladi. Koʻpchilik u qancha eski boʻlsa, hidi ham shuncha kuchli va yoqimli boʻlishini taʼkidlaydi. Lekin haqiqiy bibliosmiyalar har bir kitob yangi yoki eskiligidan qatʼi nazar, oʻz iforiga egaligini aytadi.

Katta hajmli kitob – katta “muammo”?

Sizda bilmadim-u, shaxsan men bironta kitob oʻqish zarurati paydo boʻlsa, uning hajmidan xavfsirayman. Buni qarangki, bu ham kasallik boʻlib, fan tilida “bibliofobiya” deb atalar ekan. Soddaroq aytganda, bibliofoblar uchun “Ufq” haqiqiy muammo, “Urush va tinchlik”ni oʻqish fojia misol gap.

Baʼzilar kutubxonaga shunchaki vaqt oʻtkazgani boradi. Bu xoʻjakoʻrsin jarayon ularga manfaatli boʻlmasligi kunday ravshan. Qolaversa, yana ayrimlar tovush chiqarib kitob oʻqishdan hayiqadi: bu ularda titroq, ter bosishi yoki yigʻiga ham sabab boʻlishi mumkin. Shu kabi kitob va mutolaa bilan bogʻliq qoʻrquvlarning bari yuqoridagi kasallik alomatlari.

Demak, doʻstingiz siz bilan kutubxonaga kelsa-yu, kitob oʻqishni xohlamasa, unda bibliofobiya borligini aytib koʻring. Zora “kasalligi”ni yengishga intilib, kitobga mehri oshsa.

“She’rni jinim suymaydi!”

Ma’naviy ozuqa olish uchun san’at, madaniyat va adabiyotga murojaat qilamiz. Quloqchinda musiqa eshitamiz yoki teatrga boramiz, yana kimdir muzeylarda tarixni oʻz koʻzi bilan koʻrishni xohlaydi. Biroq yana shunday toifa borki, buyuk ruhiy kamolot vositasi – she’riyatga  oshufta. She’r oʻqish yoki yod olishdan zavqlanib, vaqtini maroqli oʻtkazadi. Ammo metrofobiya – sheʼriyatdan qoʻrqish holati ham aksariyat odamlarda kuzatilib turar ekan. Ular she’rni oʻqish yoki yod olish u yoqda tursin, eshitishni ham xohlamaydi. Alal-xusus, ularni metrofoblar deb atasak boʻladi.

Ushlagan joyini uzadiganlar!

Biblioman kitob oʻqishni chin dildan xohlamaydi, lekin u kitobning turli xil shaklini, masalan, ilk yoki soʻnggi nashri, qattiq yoki yumshoq muqovalisini sotib olaveradi. Bibliomanlar uchun kitob mazmunan emas, tashqi koʻrinishi, dizayniga koʻra qiziq va qadrli boʻlib boradi. Xaridlar davomida puli qolmasa, qarz evaziga ham olaveradi.

Indallosi, bibliomanlarni boshqarilmas hissiyotlar natijasida pulsizlik ham kitob xarididan  toʻxtatib qololmaydi.

Bundan tashqari, bibliotaf va bibliofil terminlari ham bor. Ular bibliomaniya bilan juda oʻxshash xususiyatga ega. Chalkashliklar yuzaga kelmasligi uchun kitobshunos Nikolay Lisovskiyning bu terminlar tasnifiga oid fikriga tayanamiz:

“Bibliofil – kitoblarni nafaqat tashqi koʻrinishiga, balki mazmuniga koʻra sevib, qadrlaydigan haqiqiy kitobxon. Kelib chiqishiga koʻra, termin grekchada (“biblion” – “kitob”, “philein” – sevmoq) “kitoblarni sevuvchi” degan maʼnoni anglatadi. Bibliofillar asosiy mablagʻini kamyob va qimmatbaho kitob xaridi uchun sarflaydigan kolleksionerlar sanaladi. Biblioman esa kitoblarni asosan tashqi koʻrinishiga qarab yaxshi koʻradi. U oʻzining javonini kitob mazmunidan qatʼi nazar, uning bejirim dizayni yoki noyobligiga koʻra boyitadi”.

“Kitobimni bergim kelmaydi!”

Kitobxo‘r tanishlaringizdan ozib-yozib kitob soʻrasangiz, yelka qisadi. Shu tobda kitobga ishtiyoq ham so‘nishi hech gap emas. “Nima, bir joying kamayib qolarmidi?” degan iddaongiz, afsuski, haqiqat koʻrinadi. Gap shundaki, bunday toifa kitobxonlar “bibliotaf”lar deb ataladi.

Bibliotaf ham bir qancha sifatlari bilan bibliomanga oʻxshab ketsa-da, ularni asosiy bir jihat: bibliotafning kitoblariga nisbatan oʻta ziqnaligi ajratib turadi. Ular oʻzi toʻplagan noyob yoki soʻnggi nusxadagi kitoblarni begonalardan shunday himoyalab, yashiradiki, qayerga qoʻyganini baʼzan oʻzi ham eslolmaydi. Bu toifadagilar kam nusxali yoki qimmatli, eski kitoblarni toʻplaydi va oʻz kitoblarini hech kim bilan boʻlishishni istamaydi.

Muxtasar qilib aytganda, tarozining ikki pallasi boʻlganidek, kitob oʻqishning ham manfaatli jihatlari bilan bir qatorda yuqoridagi kabi alomatlari ham mavjud. Ishonch bilan ayta olamizki, zamonlar silsilasida bashariyatga maʼnaviy ozuqa berishning qimmatbaho manbayi boʻlmish kitoblar oʻz oʻrnini boshqa moddiyatga berib qoʻymadi. Ingliz faylasufi Fransuz Bekon ta’kidlaganidek, kitob – zamonlar dengizida sayohat qilayotgan va oʻzining qimmatli bilim yukini avlodlarga tashiyotgan hikmat kemasi hisoblanadi...

Ha, aytgancha, siz qanday kitobxonsiz?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish