Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAKTABDA DARS TAQSIMOTI: masalaga qonuniy yechim bor

10.9.2026 68

Jasurbek NABIJONOV, Davlat mehnat inspeksiyasi inspektori

Har yili ayni avgust va sentabr oylari maktablarda “dars soati uchun kurash” ketadi. Kimdir o‘ziga tegishli yuklamani olish uchun rahbariyat eshigini qoqadi, kimdir yillar davomida olib kelgan soatlari nega kamayganini tushuntirishni so‘raydi. Eng achinarlisi, dars taqsimoti kasbiy mezon va belgilangan tartib asosida emas, rahbarning shaxsiy munosabati, “qosh-qovog‘iga qarashi” yoki tanish-bilishchilikka, hatto korrupsion holatlarga bog‘liq bo‘lib qolayotgan vaziyatlar ham uchrab turadi.

Aslida dars soati rahbarning xohishiga ko‘ra beriladigan “ulush” emas. Uning taqsimotida aniq huquqiy mezonlar, tartib va javobgarlik masalalari mavjud. Demak, o‘qituvchining “Menga nega bu soat berilmadi?”, degan savoliga “Direktor shunday qaror qildi” degan javobning o‘zi yetarli bo‘lmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirliklarining 3271-raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan qo‘shma qarori dars taqsimoti masalasini tartibga soladi. Mazkur qarorning 15-bandiga asosan dars taqsimoti quyidagi ketma-ketlikda bo‘linishi belgilab qo‘yilgan.

Umumtaʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqilib, har yili 15-sentabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

  • oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);
  • dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilar (sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga koʻra);
  • birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);
  • ikkinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);
  • oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar;
  • qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar (oʻqituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi boʻyicha mazkur bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlganda taalluqliligiga koʻra tegishli koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan oʻqituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega boʻladi);
  • oʻrindoshlik asosida ishlayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar;
  • oliy taʼlim muassasalarining pedagogika yoʻnalishi boʻyicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari;
  • oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar (faqat boshlangʻich sinflarda dars beruvchi oʻqituvchilar uchun);
  • oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari.

Shuningdek, boshlangʻich sinflarda oʻqitiladigan fanlar boʻyicha dars soatlarini taqsimlashda oʻqituvchilarning boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki ushbu fanni boshlangʻich sinflarda oʻqitish metodikasi boʻyicha taʼlim olganligi inobatga olinadi.

Qolavera, qarorga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Dars taqsimotida faqatgina belgilangan tartibga amal qilish lozim. Chunki bu ta’lim sifati uchun muhim, ta’lim sifati esa kelajak avlodga daxldor masala.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish