Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BAXT – INTILGANNIKI, G‘ALABA – KURASHGANNIKI!

3.9.2025 2169

Alisher SA’DULLAYEV, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator

Bu yil O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligining 34 yilligini nishonladi. Mustaqillik bayrami nafaqat yurtimiz tarixidagi muhim sana, balki xalqimiz hayotida tobora yangi mazmun kasb etayotgan ulug‘vor qadriyatdir. Bugun mustaqillikning qadri xalqimiz, yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlarimiz qalbida yanada chuqur anglanmoqda. Mustaqillik shunchaki tarixiy sana emas, balki inson erkinligi, huquqlarini hurmat qilish, shaxs qadri va orzu-intilishlariga yo‘l ochib beradigan bebaho ne’matdir.


O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon inson huquqlarini ta’minlash, yoshlar manfaatlarini himoya qilish, adolatli shart-sharoit yaratish va taraqqiyot sari dadil qadam tashlash yo‘lida ko‘plab islohotlarni amalga oshirdi. Yurtimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarimiz mustaqillikni faqat siyosiy erkinlik emas, o‘zini anglash, jamiyatda o‘z o‘rnini topish va yaratuvchanlik yo‘lida keng imkoniyat sifatida ham qabul qiladi.
Shu bois bu yilgi Mustaqillik bayrami ham o‘ziga xos ruh va mazmun bilan o‘tdi. Xalqimiz mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni o‘z hayotida yanada chuqur his etyapti. Ularning so‘zlari, bayram tantanalaridagi kayfiyat shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston erkinlik, farovonlik va yangilanish yo‘lida dadil qadam tashlamoqda.

Nutq katta hayajon uyg‘otdi


Bu yilgi Mustaqillik bayrami o‘zining ko‘tarinkiligi, mazmunan boyligi va amaliy natijalar salmoqliligi bilan qadrlidir. Bayram faqatgina rasmiy marosim emas,xalqimiz  erishgan yutuqlarining ifodasi bo‘lib, shu ma’noda Prezident nutqi kishilarda katta hayajon uyg‘otdi.
“Yashasin O‘zbekiston davlati, yashasin O‘zbekiston xalqi!” degan chaqiriq Mustaqillik bayramida butun yurtimiz bo‘ylab yangradi. Bu da’vat xalqimizning qalbida chuqur aks sado berdi, har bir yurtdoshimizni faxr va hayajonga to‘ldirdi. Bu shior shunchaki bayram so‘zi bo‘lib qolmasdan, kelajak sari ishonch va birlikning timsoliga aylandi.
Mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan natijalar xalqimizning mehnati va fidoyiligining mevasidir. Bugun har bir fuqaro o‘zining tinch hayoti, farovonligi, shuningdek, mamlakat kelajagi uchun mas’ul ekanini his etib yashamoqda.

Buyuk chorlov


So‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodida sezilarli o‘sish kuzatildi. Jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyoti kamida 6 foizlik o‘sish sur’atini saqlab kelmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida sezilarli natijalarga erishildi: ilgari xalqaro tashkilotlar tomonidan 35 foiz deb baholangan kambag‘allik ko‘rsatkichi bugunga kelib 6,8 foizgacha tushdi. Yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb qilish esa iqtisodiyotning poydevorini mustahkamladi.
Aholining turmush darajasi yaxshilandi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida ham katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilib, ularning ilmiy, ijodiy va sportdagi yutuqlari xalqaro maydonda tan olinmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishida yoshlarni “oltin avlod”, Yangi O‘zbekistonning poydevori sifatida ta’riflaydi. Prezidentning nutqlarida yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirish, ularning baxtli kelajagi uchun sharoit yaratish eng ustuvor vazifa sifatida qayd etilmoqda. Yoshlarning erishgan yutuqlari, xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari va sport hamda ilm-fandagi g‘alabalari butun xalqimizga faxr-iftixor bag‘ishlamoqda. Bu yil futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Boks bo‘yicha 19 va 22 yoshli bokschilarimiz Osiyo chempioni bo‘lishdi. Shaxmat va boshqa sport turlarida ham yoshlarimiz xalqaro miqyosda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Bu g‘alabalar yoshlarning mashaqqatli mehnati, davlat e’tibori va xalqning qo‘llab-quvvatlashi natijasidir.
Yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida ham yuqori natijalar ko‘rsatyapti. 2025-yilda kimyo, matematika, AT va geografiya yo‘nalishlarida oltin, kumush va bronza medallar qo‘lga kiritildi. O‘zbekiston yoshlari MDH davlatlari orasida kimyodan ikkinchi, matematika va iqtisodiyotdan uchinchi, AT va geografiyadan to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Bu yutuqlar yoshlarimizning ilmiy salohiyati naqadar yuksak ekanini ko‘rsatadi.

Yoshlar mamlakati

Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlar mamlakati sifatida e’tirof etilmoqda. Bu bejiz emas, chunki mamlakat aholisi tarkibida yoshlar ulushi qariyb 60 foizni tashkil etadi. Prezidentimiz o‘z nutqida ta’kidlaganidek, har yili mamlakat aholisi o‘rtacha 700–800 ming kishiga ko‘paymoqda. Bu raqam o‘z-o‘zidan demografik jarayonlarning qanchalik faol kechayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, har yili 500–600 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Bu esa mamlakat kelajagining bevosita yoshlar salohiyatiga tayanishini anglatadi.
Bunday tezkor o‘sish O‘zbekistonning ertangi kunini inson resurslariga asoslangan taraqqiyot yo‘liga yetaklaydi. Yurtimizdagi yoshlar nafaqat nufusan ko‘p, balki bilim va malakalarini oshirib, mamlakatning intellektual salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bandlik va farovonlik


2025-yilda O‘zbekistonda bandlikni ta’minlash bo‘yicha dasturga ko‘ra, yil davomida 5,5 million aholining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan edi. Eng quvonarlisi shundaki, oradan sakkiz oy o‘tmasdan bu ko‘rsatkich 5 millionlik reja darajasida bajarildi. Bu juda katta yutuq, chunki u nafaqat iqtisodiy barqarorlikni, balki aholi farovonligini ta’minlash yo‘lidagi izchil siyosatning samaradorligini ko‘rsatadi. Ishsizlikning qisqarishi aholining turmush darajasini yaxshilashga bevosita ta’sir qilmoqda. Fuqarolar ish bilan ta’minlangani sayin, ularning ijtimoiy hayotdan qoniqishi ortib, jamiyatda barqarorlik mustahkamlanmoqda.
Prezident topshirig‘iga asosan 2025-yilda 92 ming nafar bitiruvchi talabani ish bilan ta’minlash belgilangan. Ushbu ishlar jadallik bilan davom etib, yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytirmoqda.

Yoshlarga murojaat


Mustaqillik bayramida davlatimiz rahbari bevosita yoshlarga murojaat qilib, quyidagi so‘zlarni aytdi: “Bugungi unutilmas damlarda men butun O‘zbekiston yoshlariga qarata aytmoqchiman.
Aziz farzandlarim, doimo yodda tuting:
baxt – intilganniki, g‘alaba – kurashganniki!
Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi.
Hamisha oldinga qarab intiling, bahodir o‘g‘lonlarim, oqila qizlarim!
Sizlarning ezgu ishlaringizda Vatan, xalq, Prezident barchangizga hamisha ishonchli tayanch va suyanch bo‘ladi”.
Bu so‘zlar yoshlar uchun beqiyos ishtiyoq, ulkan ilhom manbayi bo‘ldi. Mamlakat rahbarining bunday iliq murojaati yoshlarga o‘z kuchiga yanada ishonch, kelajakka qat’iy intilish bag‘ishladi.

Bunday xalqchil tizim dunyoda yo‘q!


O‘zbekistonning yoshlar bilan ishlash borasidagi siyosati o‘ziga xosliklari bilan alohida ajralib turadi. Avvalo, bu siyosat milliy qadriyatlar va tarixiy merosga tayangan holda shakllantirilgan. Mustaqillik yillarida yoshlar masalasini davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylantirish, uni qonunchilik darajasida mustahkamlash va amaliyotda samarali qo‘llash yo‘lida katta ishlar qilindi.
Davlat eng avvalo qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan yoshlar qatlamiga alohida e’tibor qaratmoqda. Ularni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga solish, kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etildi. Yoshlar muammolarini bevosita tinglash, ularga davlat tomonidan kredit va imtiyozli qarzlar berish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlar kasb-hunarga yo‘naltirilib, ularning ta’lim va tarbiyasi davlat siyosatining markaziga olindi. Shu maqsadda maxsus markazlar tashkil etilib, psixologik xizmatlar, oilaviy hayot saboqlari, huquqiy maslahatlar ham yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlar bilan ishlashda yagona tizim shakllantirildi: ularga zarur ish qurollari berish, tadbirkorlikda ilk qadamlarda yordam ko‘rsatish, ota-onasiz qolgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish – bularning barchasi davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
Endilikda bir yoshning muammosi faqat yuqori tashkilotlargacha yetib borishi shart emas. Avvallari bitta murojaat Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi yoki vazirliklargacha chiqishi kerak edi, bu esa ko‘p vaqt va kuch talab qilardi. Bugungi tizim esa bu jarayonni tubdan o‘zgartirdi. Har bir mahallada yoshlar bilan ishlash uchun alohida yoshlar yetakchilari tayinlandi. Ular mahalladagi boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlarning muammolarini joyida hal etmoqda. Endilikda har bir yoshning murojaati to‘g‘ridan to‘g‘ri uyida tinglanib, mas’ul xodimlar u bilan suhbatlashyapti. Natijada yoshlarning muammolari mahallaning o‘zida tezkor hal etilmoqda. Mutasaddi rahbarlar bevosita yoshlarning uyiga borib, ularning sharoitini o‘rganyapti. Yoshlar o‘z fikrini erkin aytish, muammolarini ochiq bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Kasb-hunarga yo‘naltirish, maslahat olish va amaliy yordam ko‘rsatish tizimi samarali ishlamoqda.
Bunday xalqchil tizim dunyoning hech bir davlatlarida uchramaydi. Yoshlarning muammosini joyida hal etish, ularning ijtimoiy hayotini yaxshilash, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash O‘zbekistonning yoshlar bilan ishlash borasidagi yondashuvini ko‘rsatib turadigan jihatdir.

Rekord ko‘rsatkich


Yoshlar bilan ishlashda alohida e’tibor qaratilayotgan yo‘nalishlardan biri – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish. Yaqin tariximizda bunday katta ko‘rsatkichlar bo‘lmagan. Masalan, 2025-yilda o‘tkazilayotgan “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasidagi tanlovlarda rekord ko‘rsatkich – 7 million 300 ming nafar yosh qatnashdi. Sport musobaqalari, turli ko‘rik-tanlovlar, kitobxonlik, kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan bellashuvlar – bularning barchasi yoshlarni band qilish, ularning qiziqishi va iste’dodini yuzaga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Ta’limda yuksalish bosqichi


Yangi O‘zbekistonning ta’lim tizimidagi islohotlari diqqatga molik. So‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim muassasalari soni keskin ko‘paydi. Ayniqsa, xususiy sektorning faol ishtiroki hisobiga bugungi kunda bog‘chalardagi o‘rinlar soni 2,5 millionga yetdi. Natijada 3–6 yoshdagi bolalarning 78 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi.
Yangi maktablar qurilishi va mavjudlarini kengaytirish hisobiga qo‘shimcha 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. Natijada umumiy o‘rta ta’lim sifati oshib, zamonaviy sharoitlarda ta’lim olish imkoniyati kengaydi.
Bundan 9–10 yil avval mamlakatimizda yoshlarning atigi 9 foizi oliy ta’lim bilan qamrab olingan edi. Bugun esa bu ko‘rsatkich 42 foizga yetdi. Bu – tarixiy yutuq. Talabalar tarkibida qizlarning ulushi 53 foizni tashkil etayotgani alohida e’tiborga loyiq. Ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi O‘zbekistonning ertangi taraqqiyotini ta’minlaydigan eng muhim omildir.

O‘rganish – mutlaqo bepul


So‘nggi yillarda yoshlarimizning ta’lim olish va chet tillarni o‘rganishga qiziqishi keskin ortib boryapti. Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 20 dan ortiq chet tilini o‘rganish imkoniyati yaratildi. Natijada yuz minglab yoshlar bepul til o‘rganib, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lmoqda. Bundan tashqari, “Ustoz AI” loyihasi orqali yoshlar kasb-hunar o‘rganmoqda, “Qizlar akademiyasi”da qizlarimiz nafaqat kasb-hunarga, balki psixologik muammolarni hal qilish ko‘nikmalariga ham ega bo‘lmoqda. Yosh kitobxonlar “Mutolaa” platformasi orqali kitob o‘qish imkoniyatidan foydalanmoqda. Eng muhimi, bularning barchasi mutlaqo bepul!
Bugungi kunda yoshlarimizning bilim olishga, oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qiziqishi sezilarli darajada ortgan. Misol uchun, 2025-yilda mamlakatimizdagi uchta maktab bitiruvchilari 100 foizlik natija bilan oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinganini davlatimiz rahbari juda katta faxr bilan tilga oldilar. Bu – O‘zbekiston ta’lim tizimidagi katta yutuqlardan biri.
Yoshlarning chet tillarini o‘rganishi, bepul kasb-hunar dasturlarida ishtirok etishi, kitobxonlik va zamonaviy platformalardan foydalanishi ularning intellektual salohiyatini oshiryapti. Natijada O‘zbekiston yoshlari ta’lim va ilm-fan sohasida yangi cho‘qqilarni zabt etmoqda.

Eng katta baxt


Aslida inson hayotida eng muhim qadriyat – tinchlik. Tinchlik bo‘lmasa, taraqqiyot ham, farovonlik ham bo‘lmaydi. Ikkinchi navbatda esa zamonaviy inson uchun ta’lim muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun yurtimizda iqtisodiy jihatdan ta’minlanganlik, farovonlik, ko‘ngil ochish, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Yurtdoshlarimizning erkin hayot tarziga ega bo‘lishi, o‘z xohish-istaklariga ko‘ra mehnat qilishi, ta’lim olishi, hatto istasa, dunyodagi eng ilg‘or universitetlarda bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi eng katta baxtdir.
Shu sharoitlar mavjud ekan, inson o‘z orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqara oladi. Baxt esa intilgan, g‘alaba esa kurashgan insonga nasib etadi. Davlat rahbarining Mustaqillik kuni munosabati bilan xalqimizga bayram tabrigining bosh g‘oyasi ham aynan shunda mujassam: inson huquqlari ta’minlangan, erkinlik va taraqqiyot nafasini chuqur his etish mumkin bo‘lgan O‘zbekiston – har bir fuqarosi uchun faxr va g‘urur manbayi. Bu chaqiriq xalqimizni kelajakka ishonch bilan qadam tashlashga undaydi.
***
Umid qilamanki, o‘zbekistonlik yoshlar davlatimizning g‘amxo‘rligi va ulkan e’tiborini qadrlab, unga munosib javob qaytarishadi. Ular Vatan kelajagi, xalqimizning farovonligi, jamiyat taraqqiyoti uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni bajarishga tayyor ekanini namoyish etmoqda. Mehnati, bilimi, yutuqlari bilan yoshlarimiz xalqimizga ulkan iftixor bag‘ishlamoqda.
Shu o‘rinda barcha O‘zbekiston yoshlari va butun xalqimizni Mustaqillikning 34 yillik tantanalari bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ushbu buyuk sana yurtimizga taraqqiyot, farovonlik va birlik olib kelsin!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish