Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Davlatnikini oʻmarsa boʻladi (?)

27.3.2024 197

Abdulla OMON

“Davlat ishida ishlab davlatning pulidan o‘g‘irlamasang, “gunoh” bo‘ladi!” Har doim emas, ayrim-ayrim vaqtlarda “kassa”da o‘tiradigan sinfdoshimning cho‘ntagiga kirib ketayotgan sariq aralash ko‘k pullarni ko‘rib qolganimda u doim menga shu gaplarni aytardi.

Ammo men qanchalar oppoq va farishtadek gunohsiz, to‘g‘ri odam bo‘lmay, sinfdosh o‘rtog‘imning bu o‘g‘riligi haqida hech kimga hech narsa deya olmas edim. Chunki sarg‘ayib ketgan eski varaqlarga birovga bir tiyinga keraksiz bo‘lgan she’rlar yozib ko‘chada daydib yurgan vaqtimda aynan mana shu do‘stim sababli bankka “Matbuot kotibi” bo‘lib ishga joylashganman. Axir xalqda “Yegan og‘iz uyalar!” degan gap bor-ku! Men ham “yeb” qo‘ygan edim...

Mehnat faoliyatimga uch yilcha bo‘lgach, mening ham fe’limda o‘zgarish yuz bera boshladi. Yangi mashina minish orzusida bir necha yil yiqqan pulini bankka to‘layotgan odamlarga qarar ekanman, o‘zimni go‘yoki sharqirab oqayotgan daryoning bo‘yida suvsizlikdan o‘layotgan, bog‘lab qo‘yilgan itdek tasavvur qila boshladim. Qolaversa, har zamon-har zamonda hamkasblarimning qaysi biridir milliarddan baland summani “yeb” hazm qilib yuborar, aybi fosh bo‘lganidan so‘ng 2-3 yilga qamalar, yeb yuborilgan pullarini qaytaraylik, desak bu “bechora”ning nomida xotinidan bo‘lak hech vaqosi bo‘lmasdi! Natijada qamoq muddatini o‘tab bo‘lgan hamkasbimiz uyga qaytgach, xotini va bolalarining puliga maza qilib yashayverardi. Yomon xayollarga bormasligingiz uchun aytib qo‘yay, u qamoqdan qaytganidan so‘ng egalik qilishni boshlagan milliarddan oshiq pullarni hech qayerda o‘qimagan va ishlamaydigan xotini hamda hali 16 ga kirmagan farzandi o‘z peshona terlari bilan ishlab topib qo‘yishgan bo‘lardi...

Xullas bu holatga chidab, qashshoq yashash imkonsiz edi. Onam menga doim “Ayrilganni ayiq yer”, deb nasihat qilib katta qilgan. Shu sababli men ham hamma qilayotgan ishni qilishga ahd qildim. O‘g‘rilik emas! Shunchaki davlat pulidan shaxsiy ehtiyojlarim uchun vaqtinchalik foydalanib turish!

Birinchi navbatda tajriba sifatida arzimagan narsa olib uyga ketmoqchi bo‘ldim. Shu xayolda stol ustiga bezak uchun turadigan, tilla rangli ruchkani cho‘ntagimga solib, qo‘riqchilar turgan eshik tomon yura boshladim.

O‘zimcha “Agar shu ruchkani eson-omon olib chiqib keta olsam, demak ikki “pochka” pulni ham bemalol olib chiqib keta olaman”, deb xayol qildim. Axir meni o‘ziga yaqin oladigan, oyog‘ini ostiga sochilib yotadigan pullarni mendan yashirmaydigan sinfdoshimning oldidan ikki “pochka” pulni bildirmasdan olish qiyin ish emasdi-da !

– Siz ham boshlabsiz-da, akam?!

Qo‘riqchining gapidan tanamdan muzdek ter chiqib ketdi. O‘zimni qamoqda tasavvur qila boshladim. Ammo u gapiga qo‘shimcha qilib “Mayli, arzimas narsa ekan. Bu safar kechiraman. Boshqa qaytarilmasin”, deb qulog‘imga shivirlagach, meni qo‘yib yubordi. Undan qutulib, bankning hovlisiga chiqar ekanman, menga duch kelgan barcha hamkasblarim meni bu “ishim” bilan tabriklashar, keyingi gal olganga yarasha kattaroq narsa olishimni, arzimagan ruchka bilan qamalib ketmaslikni maslahat berishardi. Men esa ko‘ylagimning cho‘ntagida turgan ruchkani ular qanday sezib qolishayotganidan hayratda edim!

Rangim bo‘zarib uyga yetib kelar ekanman, bitta ruchkani deb shuncha qiynalganimni, agar pul bo‘lganida yuragim naq yorilib ketishini o‘ylab eshikni taqillataman. Eshikni ochgan xotinim esa:

– Obbo! Bu nima qiliq?! Ishxonangizdan ruchka o‘g‘irladingizmi?! – dedi! Xotinimdan buni qanday sezganini so‘rasam, ko‘ylagimga ishora qildi. Shundan keyingina oppoq ko‘ylakning ko‘krak cho‘ntagidagi ruchkaning siyohi kindigimgacha oqib borganiga ko‘zim tushdi!..

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish