Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Jozibali ot”: velosipedning ixtiro qilinish tarixi

9.10.2023 1985

Muhammadqodir SOBIROV tayyorladi.

Bundan deyarli ikki yuz yil oldin nemis professori baron Karl fon Drayz o‘zining ikki g‘ildirakli “laufmachine” nomli, chavandoz boshqaradigan otsiz transport vositasiga patent oladi. Bu zamonaviy velosipedlarning ilk ajdodi edi. Bugun eng qulay transport vositasi hisoblanuvchi velosiped tarixi haqida hikoya qilamiz.

“Yugurish mashinasi”

1812-yil 12-iyun kuni Germaniyaning Manxeym shahrida olomon professor fon Drayzning yangi kashfiyoti —  “Laufmachine”ni ko‘rish uchun shahardagi eng yaxshi yo‘l bo‘ylab yig‘iladi. Professor Drayz yuqoriga harakatlanib, pochta yo‘nalishining strategik manzili Shvinsenger uyi tomon yo‘l oladi. Bir soatdan kam vaqt davomida, ya’ni bu yo‘lga ketuvchi odatiy vaqtning to‘rtdan birida u sayrni yakunlab qaytib keladi.

Laufmachine so‘zi “yugurish mashinasi” ma’nosini berib, Angliyada “draisine” nomi bilan tarqalgan. Drayzning yugurish mashinasi yog‘och ramaga birlashgan ikki g‘ildirak, o‘rindiq va ruldan iborat edi. Unda pedallar yo‘q bo‘lib, hozirgi samokat kabi haydalardi.

Yangi ixtiro Buyuk Britaniyada tez ommalashadi, bu yerda uni “jozibali ot” deya nomlashadi. Bir qancha britaniyalik kareta ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining “laufmachine”larini ishlab chiqarishni boshlaydi. Ulardan eng mashhuri ancha takomillashgan modelni e’lon qilgan Denis Jonson edi.

 “Velosiped” so‘zi fransuz ixtirochisi Jozef Nisefor tomonidan amaliyotga kiritilgan bo‘lib, u buni balandligi sozlanuvchi egar bilan jihozlangan velosipedga nisbatan qo‘llagandi.

1839—1840-yillarda shotlandiyalik temirchi Krikpatrik Makmillan velosipedni pedal va egar qo‘shib takomillashtiradi. Makmillan o‘rindiqni orqa va old g‘ildiraklar orasiga joylashtiradi, pedallar maxsus temir tayoqchalar orqali orqa g‘ildirakni harakatlantiradi. Old g‘ildirak rul bilan boshqariladigan bo‘ladi. Shunday qilib Makmillan hozirgi velosipedlarning birinchi prototipini yaratadi, biroq Makmillan ixtirosi e’tibordan chetda qoladi va deyarli ommalashmaydi.

Velosipedning ommalashishi

1862-yilda yosh bolalar aravachasi ishlab chiqaruvchisi 19 yoshli fransuz Per Lalmanda ham Makmillannikiga o‘xshash g‘oya paydo bo‘ladi. Lalman Makmillan velosipedi haqida hech nima bilmas edi, uning ixtirosida Makmillannikidan farqli ravishda pedallarni itarish emas, aylantirish kerak edi. Qolaversa, Lalman velosipedida pedallar old g‘ildirakda joylashgandi. Keyingi yil Lalman Parijga keladi va o‘zining birinchi modelini yaratadi.

Lalmanning velosipedi Lion sanoatchilar uyushmasi a’zosi Olivye tomonidan yuqori baholanadi. 1864-yili, kareta muhandisi Pyer Misho bilan hamkorlikda velosipedni ommaviy ishlab chiqarish boshlanadi.  Misho velosiped ramasini metaldan yasashga qaror qiladi. Ba’zi manbalarga ko‘ra “velosiped” atamasini ham aynan Misho o‘ylab topgan.

Misho va Olivye bilan qisqa hamkorlikdan so‘ng Lalman Amerikaga jo‘nab ketadi. 1866-yil u o‘z ixtirosini patentlaydi.

XIX asrning 70-yillarida “penni-farting” deb nomlangan velosipedlar ommalasha boshladi. Penni va farting — ingliz tangalari nomi bo‘lib, farting pennining to‘rtdan biriga teng edi. Bu nom g‘ildiraklar nomutanosibligini ifodalardi, ya’ni old g‘ildirak orqa g‘ildirakdan bir necha barobar katta edi. Penni-fartingda pedallar old g‘ildirak markazida bo‘lib, haydovchi o‘rindig‘i g‘ildirakning ustida joylashgandi. O‘rindiqning balandligi va tortishish markazining old g‘ildirakka ko‘chirilishi bu velosipedni xavfli transportga aylantirdi.

1878-yil ingliz ixtirochisi Lovsen velosiped konstruksiyasiga zanjirli bog‘lamni qo‘shadi.

Hozirgi avlod velosipedlari

Hozirgi velosipedlarga o‘xshash dastlabki velosipedlar 1884-yilda ingliz ixtirochisi Jon Kemp Starli tomonidan ishlab chiqarilgan. Ular Rover deya nomlanib, bu nom hozirgi kunda ham ba’zi tillarda velosiped so‘zini bildiradi (polyakcha Rower, belaruscha Rovar).

Ikkala g‘ildirakning ham o‘lchami bir xil bo‘lganligi sabab roverlar Rossiyada “бисиклет” yoki “бициклет”, Fransiyada “bicyclette”, Angliyada esa “bicycle” deb ataladi. Keyinchalik ingliz tilidan boshqa deyarli barcha tilda “velosiped” atamasi boshqalarini siqib chiqaradi.

1888-yil Jon Boyd Danlop shishiriladigan kauchuk shinalarni ixtiro qiladi. Shundan so‘ng velosipedlar “suyak chayqovchi” nomidan xalos bo‘ladi va bu ularning ommalashishiga turtki beradi. 1890-yillar velosipedlarning “oltin davri” bo‘ldi. 1898-yil oyoq tormozi va erkin harakatlanish mexanizmi ixtiro qilinadi, bu velosiped erkin harakatlanayotganda pedalni bosmaslik imkonini beradi. Xuddi shu yili qo‘l tormozi ham yaratiladi, ammo ular tezda urfga kirmaydi.

Birinchi yig‘iluvchi velosiped 1878-yilda, birinchi ligerad (yotgan holda boshqariluvchi velosiped) esa 1895-yilda yaratiladi.

XIX asrdagi velosipedlar hozirgisiga o‘xshasa-da aslida farq ancha katta. Zanglamaydigan po‘lat hali ixtiro qilinmaganligi sababli velosipedlar zanglaydigan temirdan qilinardi va bo‘yalmas edi. Natijada ularni tez-tez moylash va benzin yoki kerosin bilan tozalash kerak edi.

1905-yildan boshlab avtomobil sanoati rivojlanishi tufayli velosipedlarga bo‘lgan qiziqish pasaya boshladi. 1940-yilga kelib velosiped AQShda oddiy bolalar o‘yinchog‘i sifatida ko‘rila boshlanadi.

1960-yillar oxiridan sog‘lom turmush tarzining targ‘ib qilinishi va atrof-muhit muammolarining ko‘tarib chiqilishi tufayli velosipedlar yana urfga qaytdi.

Bugungi kunda velosipedning o‘rni

Garchi avtomobil sanoati keskin rivojlanib, velosipedni bir chekkaga surib tashlaganiga qaramasdan so‘nggi yillarda velosiped targ‘iboti butun dunyoda, ayniqsa Yevropada keng olib borilmoqda. Ekologiya muammolarining ko‘payishi va kuchayishi fonida bu masala yana-da dolzarb ahamiyat kasb etdi. Xususan, Yevropa davlatlarining bir qancha rahbarlari shaxsiy namuna ko‘rsatib ishga velosipedda qatnay boshladi.

Velosiped transporti rivoji nafaqat inson salomatligi va atrof-muhitga ijobiy ta’siri bilan, balki shaharlarda yuzaga keluvchi bir necha soatlik tirbandliklarning oldini olishi bilan ham foydalidir. Shularni inobatga olgan holda ko‘plab Yevropa davlatlarida veloyo‘laklar yaratish va ko‘paytirish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson ko‘pgina sayrlarga velosipedda chiqishi bilan tanilgan.

Osiyo davlat rahbarlari orasida ham bu borada faollar yetarlicha bo‘lib, ulardan Turkmaniston prezidenti, ko‘plab sport turlari “mutaxassisi” Gurbanguli Berdimuhamedovni misol keltirish mumkin. Deyarli har bir tashrifida velosipeddan foydalanuvchi Arkadag‘ hatto Ashxobodda velosiped uchun monument ham o‘rnatgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish