Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAMLAKAT TARAQQIYOTINI BELGILOVCHI KUCH

28.3.2024 87

Ibrohim ABDURAHMONOV O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri

Har bir davlatning iqtisodiy barqarorligi, istiqboldagi rivoji hamda dunyoda tutgan o‘rni o‘sib kelayotgan yoshlarning ilmiy salohiyatiga, vatanparvarligi va hayoti davomida erishadigan yutuqlariga bevosita bog‘liq. Shu bois, uzoq istiqbolni ko‘ra olgan davlatlar yoshlar masalalarini davlat siyosati darajasiga ko‘taradi va bu, albatta, o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 20 millionga yaqin yoki jami aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mamlakat mehnat bozoriga har yili 600 ming nafar yoshlar kirib kelayotgan bo‘lsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi. Shu bois O‘zbekiston – yoshlar mamlakati desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy 2024-yilga mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb nom berilishi yoshlarimizning o‘z maqsadlarini amalga oshirishlari yo‘lida tinimsiz intilishlari va kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.

So‘nggi yillarda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliyotga tatbiq etilayotgan loyihalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini har bir yosh o‘z hayotida his etmoqda. Mamlakatimizda bepul umumiy ta’lim olish huquqi kafolatlangan. Shuningdek, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarga berilayotgan zamonaviy ta’lim-tarbiya mamlakatimizda Yangi Renessansning mustahkam poydevori bo‘lmoqda.

 

Agrar sohada yoshlarning o‘rni

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari hamda tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri agrar sohaning o‘zida mehnat qilayotgan yoshlar soni kun sayin oshib bormoqda. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlarida 30 yoshgacha bo‘lgan jami 5 736 nafar oliy ma’lumotli yosh xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lib, jami ishchi-xodimlarning har to‘rtinchisi yoki 23,5 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Ularning 1 460 nafari yoki 25,4 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar. Jami yoshlarimizning 4 693 nafari vazirlik huzuridagi ijro hokimiyati organlari va tizim tashkilotlarida, 930 nafari oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritadi.

Hozir Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida 10 ta ta’lim muassasasi, jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti hamda 8 ta institut faoliyat ko‘rsatmoqda. Ta’lim dargohlarida 64 ta bakalavr va 18 ta magistratura yo‘nalishida 2 ming nafarga yaqin professor va o‘qituvchi jami 40 ming nafarga yaqin talabaga ta’lim bermoqda. O‘tgan 2023-yilda tizimdagi oliy o‘quv yurtlariga 9 ming nafar talaba o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, 5 ming nafar talaba o‘qishni tamomlagan. Bundan tashqari, vazirlik tizimidagi 23 ta texnikumda 11,3 ming nafar yoshlar tahsil olmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida 35 yoshgacha bo‘lgan yosh ilmiy izlanuvchilar soni 632 nafarni tashkil etadi. Ulardan 14 nafari muddatidan oldin ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan bo‘lsa, 2 nafari davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

 Sohadagi tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati 44,6 foizni, ilmiy tadqiqot institutlarida esa 48,2 foizni tashkil etadi. Mazkur oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlarining xalqaro hamkorlik loyihalari va o‘zaro tajriba almashish dasturlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu orqali ko‘plab yoshlar rivojlangan davlatlarning agrar sohaga ixtisoslashgan ilmiy muassasalari ta’lim tizimidagi yangiliklardan ham boxabar bo‘lib kelmoqda.

 

Erishilgan yutuqlar

Dunyodagi eng rivojlangan davlatlarni ham bugungi geosiyosiy vaziyatlar va global oziq-ovqat xavfsizligi muammosi xavotirga solayotgan bir paytda agrar sohada kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish, fermerlar va mirishkor dehqonlarimizning yillar davomida orttirilgan tajribasi bilan birga, sohaga zamonaviy ilm-fan va innovatsiyalarni keng jalb etish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi” asosida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.

Buning natijasida 2023-yilda Toshkent davlat agrar universiteti Osiyodagi nufuzli “QS Higher Education Summit Asia Pacific 2023” 1000 ta oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati asosidagi (Times Higher Education) IMPACT RANKINGS xalqaro reytingida “TOP 700 talik”dan o‘rin egalladi.

2021-2022 va 2022-2023-o‘quv yillarida vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muasasalarida talaba-yoshlarning jami 11 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, 37 nafari Islom Karimov, Beruniy, Alisher Navoiy va boshqa nomdor Davlat stipendiyalari sohiblari safidan joy oldi. 50 nafardan ziyod talaba xalqaro va milliy tanlovlar g‘olibi bo‘ldi, 13 nafari “Zulfiya”, “Mard o‘g‘lon” va “Kelajak bunyodkori” Davlat mukofotlari hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari o‘zlarining kelgusidagi faoliyatini mamlakatimiz agrar sohasi bilan bog‘lashni maqsad qilgan va bu yo‘lda tinimsiz izlanishlar olib borib, turli ixtirolarga qo‘l urayotgan 22 nafar talaba-yoshlar “Qishloq xo‘jaligi vaziri stipendiyasi” (BHMning 3 barobari) sohibi bo‘ldi.

Vazirlik va tizim tashkilotlari oilalardagi murakkab vaziyat yoki turli tashqi omillar tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning hayotda o‘z yo‘lini topib ketishi uchun ko‘maklashishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. O‘tgan yillar mobaynida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor 304 nafar talaba 712,8 million so‘mlik turar joy to‘lovidan ozod qilindi. 225 nafar talaba yoshlar uchun byudjetdan tashqari mablag‘lardan 242,3 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

 

Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi

30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Agrar soha ayollari uyushmasi bilan hamkorlikda vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talaba yoshlari o‘rtasida “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. G‘olib jamoa a’zolari 2023-yil 16-oktabr kuni BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Italiyadagi bosh ofisida o‘tkazilgan xalqaro Oziq-ovqat kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi.

Shuningdek, “Agrar soha yoshlari” respublika yoshlar Forumi ko‘plab yangi iqtidorli yoshlarni kashf etdi. “Zakovat intellektual klubi” NNT hamkorligida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida 36 ta jamoada 216 nafar yosh hamda iqtidorli talabalar ishtirok etdi. “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni”ga bag‘ishlab yoshlar o‘rtasida “Istiqbol umidlari” tanlovi tashkil etildi.

2023-yil 22-dekabr kuni “Yoshlar forumi-2023” tadbirlari doirasida Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida ilk marotaba butun respublika miqyosida “Qishloq xo‘jaligi vaziri va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Unda jami 1 200 nafar yosh faol qatnashdi.

 

Muammolar vazirlik rahbariyati e’tiborida

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan joylarda ish bilan band bo‘lmagan hamda turli ijtimoiy muammolar girdobiga tushib qolgan yoshlar bilan ishlash, ularning oldida turgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” asosidagi olib borilayotgan ishlar ham e’tirofga loyiq.

 Jumladan, 2023-yilda vazirlik rahbariyatiga biriktirilgan 40 nafar yosh bilan ToshDAUda “Mahalladan vazirlikgacha” tizimi asosida dekabr oyida uchrashuv tashkil etildi. Unda yoshlarning muammolari va mavjud masalalar atroflicha o‘rganilib, yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.

Vazirlikning hududiy boshqarmalariga 89 nafardan jami 1 246 nafar, tuman bo‘limlariga 84 nafardan jami 17 472 nafar yoshlar biriktirilgan. Ularning anketa va shaxsiy ma’lumotlari o‘rganib chiqilib, shaxsni rivojlantiruvchi va motivatsiya beruvchi seminar-treninglar tashkil etildi. Shuningdek, bunday yoshlar bilan vazirlik tizimidagi rahbarlar har oyda uchrashib, individual suhbatlar o‘tkazmoqda va muammolarning yechimi bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

2022-2023-yillarda hududlardagi 252 848 nafar yoshlarga 72 ming gektar yer maydonlari ajratilgan. Shundan 30 053 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ularga 11 ming gektardan ortiq yer maydoni to‘g‘ri kelgan. Ayni paytda bu yoshlar turli qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirib, xalqimiz farovonligiga o‘z hissasini qo‘shmoqda, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga va oilasining moliyaviy ahvolini yaxshilashga ham intilmoqda.

Vazirlik tomonidan 2024-yilda bunday yoshlarning har biriga 1 gektardan, jami 15 ming gektar yer maydonlarini eksportbop sabzavot yetishtirish uchun ajratish rejalashtirilgan.

 

Istiqboldagi rejalar

Dunyoda aynan agrar soha eng katta ish beruvchi tarmoqdir. Bugun kurrai zamin aholisining salkam 40 foizi aynan shu soha orqali tirikchilik qiladi. Yurtimizda ham qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i sanaladi. Unda 3,6 million kishi, ya’ni iqtisodiyotda band bo‘lganlarning 27 foizi ishlaydi. YIMda tarmoq ulushi 32 foizga teng bo‘lsa, sohada foydalaniladigan yer maydonlari respublika hududining 45 foizini egallaydi. Hozirgi vaqtda 180 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari 80 dan ortiq mamlakatga eksport qilinayotgani ham diqqatga sazovor.

Lekin bu bilan cheklanib qolish yetarli emas. Sohaga jamiyatdagi eng katta kuch bo‘lgan yoshlarni tobora kengroq jalb etish lozim. Buning uchun esa avvalo yoshlarning yerga munosabatini o‘zgartirish, ularni agrar sohadagi zamonaviy tendensiyalar, ilm-fan yutuqlari bilan tanishtirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois vazirlik tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Bir so‘z bilan aytganda Qishloq xo‘jaligi vazirligi agrar soha yoshlarining ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun bor kuch va imkoniyatlarni ishga solmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Shu bois jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etiluvchi yoshlarga “muammo” deb emas, balki yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaralmoqda. Natijada yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish