Ilgari “ijod” faqat insonga xos bo‘lgan, hissiyot va intuitsiyaga asoslangan jarayon deb hisoblanardi. Insonlar o‘z ijodkorligi va aqliy salohiyati orqali asar yaratar edi. Bugun esa algoritm soniyalar ichida Navoiy g‘azallariga taqlid qilishi yoki Leonardo da-Vinchi kabi rasm chizishi mumkin. Savol tug‘iladi: agar asarni mashina yaratgan bo‘lsa, uning “egasi” kim?
Hozirgi xalqaro qonunchilikda (masalan, Bern konvensiyasida) mualliflik huquqi faqat inson mehnatining mahsuliga nisbatan qo‘llaniladi. Bugungi kunda dunyo huquqshunoslari SI yordamida tayyorlangan mahsulotni “muallifsiz asar” deb e’lon qilish kerakmi yoki murakkab mo‘yqalamda bajarilgan muallifning asarimi, degan tanlovlar qarshisida qolmoqda. Masalan, AQSh mualliflik idorasi (USCO) allaqachon inson omilisiz algoritm tomonidan yaratilgan asarlarga mualliflik berilmasligini ma’lum qildi. Shundan ma’lumki, SI mahsuloti huquqiy jihatdan “egasi yo‘q mulk”ka aylanib qoladi. Bu esa intellektual mulk bozorida tartibsizlikka sabab bo‘ladi.
Asarni sun’iy intellekt yaratganini hisobga olsak, u jamoat mulki hisoblanadimi yoki uni yaratish uchun “prompt” yozgan insonnikimi? Fotoapparat ixtiro qilinganda ham ko‘pchilik orasida suratni “qurilma olyapti” degan bahslar yuzaga kelgan. Lekin fotosuratda insonning nigohi, rakurs tanlashi va kompozitsiyani shakllantirishi uni muallifga aylantirgan. Xo‘sh, SI bilan bog‘liq vaziyatda ham shunday bo‘ladimi?
Bu borada yana bir nozik nuqta bor: “prompt” muallifini ijodkor deb atash qanchalik to‘g‘ri? Agar siz restoranda oshpazga “taom achchiqroq bo‘lsin”, deb buyurtma bersangiz, bu sizni oshpazga aylantirmaydi. Prompt shunchaki texnik vazifa deb ko‘riladi. Haqiqiy ijodkor jarayonning har bir bosqichida, har bir so‘zni tanlashda individual va hissiy qaror qabul qiladi. SI foydalanuvchisi esa faqat yakuniy natijani tanlab oladi, xolos. Binobarin, “prompt” yozishni yuksak ijodiy mehnat bilan tenglashtirish inson mahoratining qadrini pasaytirishga sabab bo‘ladi.
Mualliflik yoki intellektual parazitizm
"Prompt" yozgan insonni mualliflik darajasiga ko‘taradigan bo‘lsak, bu o‘g‘rilik bo‘lib qolmaydimi? Sababi, SI platformalarining deyarli barchasi Google va shunga o‘xshash ochiq manbalardagi millionlab insonlarning mehnat mahsuli asosida bunday yozuvlarni yozishga yoki savollarga javob berishga layoqatlantirilgan. Ma’lumotlarning bir yerda jamlanishi har qanday so‘rovni bajarishga xizmat qilmoqda. SI ayni shu ma’lumotlar bazasida “yangi” ijod namunalarini shakllantiradi.
Bu yerda eng katta xavf — intellektual parazitizm muammosidir. Agar SI iste’molchilari mashina yaratgan narsaga shunchaki mualliflik huquqi olsalar, bu jamiyatda haqiqiy ijodga qiziqish va rag‘batni kamaytirmaydimi? Buning natijasida ko‘plab yangi ijod namunalari yaratmoqchi bo‘lganlarning salohiyati tushib, ularning yaratilishi mumkin bo‘lgan bebaho asarlari SI ortidan arzimas va qayta ishlangan ma’lumotga aylanib qolmaydimi?
Texnologik nuqtayi nazardan yana bir xavf bor — bu “Model Collapse” (model halokati) hodisasidir. Agar insonlar yangi, original asarlar yaratishdan to‘xtab, faqat SI mahsulotlarini iste’mol qila boshlasa, algoritm kelajakda faqat “o‘zi yaratgan narsalardan” o‘rganishga majbur bo‘ladi. Bu xuddi madaniy turg‘unlik kabidir: original g‘oya qo‘shilmasa, adabiyot sifati pasayib, bir xil andozadagi, qo‘pol qilib aytganda “raqamli axlat”ga aylanib qoladi.
Chunki jamiyatdagi muammolarni va insonning ichki hissiyotlarini, albatta, inson yaxshiroq tushunadi. Mashina esa faqatgina allaqachon mavjud ijod namunalarini qayta ishlaydi. Uning yaratganlari esa insonnikidek chiqmasligi, undagi fayzni, jozibani yo‘qqa chiqarishi tayin. San’at asarining qiymati faqat uning tashqi ko‘rinishida emas, balki ortida turgan iztirob, quvonch va hayotiy tajribadadir.
Van Gogning asarlari shunchaki ranglar kombinatsiyasi emas, bu uning ruhiy holatining in’ikosidir. Algoritmda esa “iztirob” yoki “baxt” tushunchasi yo‘q. Faqat ehtimollar nazariyasi bor. Shuning uchun ham mashina yaratgan she’r qanchalik qofiyali bo‘lmasin, inson nafasini sezib bo‘lmaydi. Insonlar tabiiy ravishda soxtalikdan zerikadi va reallikka oshiqadi.
***
Xulosa o‘rnida aytish joizki, SI va mualliflik huquqi o‘rtasidagi ziddiyat shunchaki huquqiy bahs emas, balki insoniyatning o‘ziga xosligini saqlash masalasidir. Mashina qanchalik buyuk “ijod” yaratishidan qat’i nazar, bu insoniyat yaratgan ma’lumotlar ummonining aks sadosi bo‘lib qolaveradi. U hech qachon to‘liq insonning ichki kechinmalari va hissiyotlarini anglay olmaydi.
Shunday ekan, inson aqli tomonidan kashf qilingan texnologik taraqqiyotni inkor etmasligimiz va ayni paytda, insoniy yaratilishning qadrsizlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Biz bugun mualliflik huquqi va ijod mezonlarini to‘g‘ri belgilab olmasak, ertaga soxtaliklar ichida haqiqatni va algoritmlar orasida insoniyatni yo‘qotishimiz mumkin. Zero, inson qo‘li bilan yaratilgan har qanday “nuqsonli”, ammo samimiy asar SI yaratgan “mukammal” mazmunsizlikdan ustun turaveradi.
