Qayoqqa qarama, muvaffaqiyat haqidagi hikoyalar, aqlli gaplarga duch kelasan: falonchi bu natijaga qanday erishdi, u kabi bo‘lish uchun nima qilish kerak... Kitob do‘konlari ham ruhlantiruvchi bitiklar bilan to‘la. Yana podkastlar, vebinarlar...
Ijtimoiy tarmoqlarda-ku bu deyarli alohida industriya darajasiga chiqdi. Har kuni kimdir qimmat avtomobilini, yangi uyini, navbatdagi sayohatini yoki daromadini namoyish qiladi. Qovun qovundan rang oladi, odamlar ham jamiyat taklif qilayotgan tayyor qolipga intilyapti.
Muvaffaqiyat deganda koʻpchilikning koʻz oldiga deyarli bir xil manzara keladi: yuqori daromad, hashamatli uy, qimmat avtomobil, sayohatlar, mashhurlik. Goʻyo muvaffaqiyatning boshqa shakllari yoʻqdek. Xuddi bu tushuncha kecha paydo bo‘ldi-yu, asosi shudek.
Inson oʻz hayotini emas, boshqalarning yutuqlari andazasidagi tasavvurini yashashga urinadi. Eng xavflisi ham shu. Chunki qanday muvaffaqiyatli koʻrinish kerakligi masalasida bosim yuzaga kelyapti, gap muvaffaqiyatga erishish haqida bo‘lganda mayli edi.
XX asr boshida amerikalik iqtisodchi va sotsiolog Torsteyn Veblen jamiyatdagi qiziq bir hodisani kuzatgan. Odamlar ayrim buyumlarni ularning foydasi uchunmas, boshqalarga oʻz mavqeyini namoyish qilish uchun xarid qiladi. Veblen bu hodisani “namoyishkorona isteʼmol” deb atagan. Uning fikricha, boylik faqat mavjud boʻlishi yetmaydi, u koʻrinishi ham kerak. Chunki jamiyat insonning mehnatidan ko‘ra uning tashqi belgilarini baholashga moyil.
Oradan bir asrdan ortiq vaqt oʻtdi, Veblen tasvirlagan hodisa yangi bosqichga koʻtarildi. Boylikni ijtimoiy tarmoqlar minglab, millionlab odamlarga namoyish qilish imkonini berdi. Zamonaviy tadqiqotlar ham Instagram va boshqa platformalar tobora koʻproq ijtimoiy mavqe va oʻzini namoyon qilish vositasiga aylanayotganini koʻrsatgan.
Fransuz sotsiologi Pierre Bourdieu manzarani yanada chuqurroq tushuntiradi. Uningcha, inson jamiyatdagi oʻrnini faqat iqtisodiy kapital emas, ramziy va madaniy kapital bilan ham namoyon qiladi. Qanday kitob oʻqishi, qayerga sayohat qilishi, didi yoki turmush tarzini namoyish etishi ham ijtimoiy mavqe belgisiga aylandi. Demak, jamiyat muvaffaqiyatning oʻzini ko‘rmasa ham, uni ifodalovchi ramzlarga och.
Muvaffaqiyat haqidagi tasavvur shu ikki nazariya chorrahasida shakllanyapti. Choʻponning usta qo‘yboqarligi, bogʻbonning mahorati yoki oʻqituvchining oʻn yillardan keyin jamiyatga foyda keltiradigan shogirdlari zohiran darrov koʻrinmaydi. Biroq qimmat avtomobil, chet elga sayohat yoki hashamatli uy darhol “oʻqiladigan” belgilar.
Muvaffaqiyatning bunday qoliplarda o‘lchanishi shunchaki did yoki qarashlar masalasimi? Yo‘q. Bu kasblar va ijtimoiy qatlamlarga munosabatni ham oʻzgartiradi. Agar natija faqat yuqori daromad, hashamat va tanilish bilan oʻlchana boshlasa, shu belgilarni tezroq beradigan kasblar jozibador boʻlib qoladi. Vaholanki, barqaror taraqqiyot barcha kasblarning oʻz oʻrnida qadrlanishiga bogʻliq. Tadbirkor ham, shifokor ham, oʻqituvchi ham, dehqon ham, choʻpon ham birdek zarur. Ularning har biri turli va muhim ehtiyojni qondiradi.
O‘ylab qaralsa, masala ijtimoiy siyosatning mazmuniga ham borib taqaladi. Nobel mukofoti sovrindori, iqtisodchi Amartya Sen rivojlanishni insonning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatlari kengayishi bilan baholashni taklif qiladi, faqat daromadlar oʻsishi bilan emas. Uning nazariyasiga koʻra, ijtimoiy siyosatda davlatning vazifasi odamlarni bir xil natijaga olib kelishmas, turli qobiliyat va kasb egalari oʻz imkoniyatlarini erkin amalga oshira oladigan sharoit yaratish. Bunday muhitda muvaffaqiyatning ham yagona formulasi boʻlmaydi. Kimdir ilmi bilan, boshqasi hunari, qaysidir faoliyat orqali o‘zi va jamiyat uchun qiymat yaratadi.
Shu nuqtayi nazardan, inson kasbni tanlayotganda oʻz qobiliyati va qiziqishiga tayanishi, buning ortidan jamiyatda qadr topishiga ishonishi kerak. Shunday ishonch shakllangan joyda ijtimoiy kayfiyat ham barqaror boʻladi.
Ijtimoiy tarmoqlar, podkastlar, biznes forumlar va ruhlantiruvchi adabiyotlarga qarasak, asosan tadbirkorlar, investorlar, bloger yoki mashhurlar fikr bildiradi. Buning oʻziga yarasha sababi bor. Lekin oqibatda jamiyat muvaffaqiyatni shu qatlamning tajribasi orqali tasavvur qila boshlaydi.
Yoshlar kasb tanlayotganda jamiyatdagi ahamiyatidan koʻra u orqali qanday hayot tarziga erishish mumkinligiga koʻproq eʼtibor bera boshladi. Natijada ayrim kasblar nufuzi pasayadi. Bu uzoq muddatda mehnat bozori muvozanatiga, taʼlim tizimidagi ustuvorliklarga, hatto davlatning inson kapitaliga taʼsir qilishi mumkin.
Fransuz faylasufi Mishel Fuko jamiyatda qaysi fikr haqiqat sifatida qabul qilinishini oʻsha fikrni muntazam ishlab chiqarayotgan va tarqatayotgan institutlar belgilashini taʼkidlaydi. Demak, muvaffaqiyat haqidagi tasavvurlarni faqat ayrim ijtimoiy guruhlar shakllantirsa, vaqt oʻtishi bilan ularning hayot tarzi va qadriyatlari meʼyorga aylanadi.
Masalaga yana bir rakursdan qarab ko‘rish kerak. Balki bugun muvaffaqiyat tushunchasini faqat ijtimoiy tarmoqlar yoki ommaviy madaniyat bilan izohlash yetarli emasdir. Oʻzbekistonda hali bozor iqtisodiyoti toʻliq shakllanmagan. Oʻtish davrida odamlar uchun boylik – farovonlik va xavfsizlik kafolati. Sifatli taʼlim, tibbiyot, uy-joy, farzand kelajagi yoki kutilmagan iqtisodiy xatarlarga tayyor turish moddiy imkoniyat bilan bogʻlanadi. Shunday sharoitda boylikning muvaffaqiyat mezoniga aylanishi ham tabiiy jarayondir, ehtimol.
Ammo har qanday oʻtish davri vaqtinchalik boʻlishi kerak. Ijtimoiy siyosat kuchayib, taʼlim, sogʻliqni saqlash, huquqiy himoya va ijtimoiy kafolatlar ishonchli ishlay boshlagan sari insonning ertangi kundan xavotiri kamayadi. Shunda jamiyat muvaffaqiyatni kasbiy mahorat, ilmiy yutuq, xalq oldidagi xizmat yoki maʼnaviy nufuz bilan ham oʻlchay boshlaydi.
Shunda odamlar ham siyqasi chiqqan gaplardan qutulib, bosimsiz, tinchroq uxlaydi.
AKU:
Muvaffaqiyat deganda koʻpchilikning koʻz oldiga deyarli bir xil manzara keladi: yuqori daromad, hashamatli uy, qimmat avtomobil, sayohatlar, mashhurlik. Goʻyo muvaffaqiyatning boshqa shakllari yoʻqdek.
***
Ijtimoiy siyosatda davlatning vazifasi odamlarni bir xil natijaga olib kelishmas, turli qobiliyat va kasb egalari oʻz imkoniyatlarini erkin amalga oshira oladigan sharoit yaratish.
