Qo‘limiz iflos bo‘lsa, suv izlamaymiz. Bolaning yuzi yoki qo‘li kir bo‘lsa, nam salfetka bilan artib qo‘yamiz. Safarda, ishxonada, mashinada yoki ovqatlanishdan oldin ham eng qulay vositalardan biri shu. Bir necha soniya ichida ishlatamiz va tashlab yuboramiz. Ammo biz uchun bir necha soniyalik qulaylik tabiat uchun ancha uzoq davom etadigan muammoga aylanishi mumkin.
Nam salfetka kundalik hayotimizni yengillashtirayotgan oddiy gigiyena vositasidek ko‘rinadi. Aslida esa uning tarkibi, ishlab chiqarilishi va eng muhimi, foydalanilgandan keyingi taqdiri ekologik muammolarni keltirib chiqaradi.
Qog‘ozdek ko‘rinadi, ammo...
Ko‘pchilik nam salfetkani oddiy qog‘oz mahsulot deb o‘ylaydi. Axir u yupqa, yumshoq va tashqi ko‘rinishidan qog‘ozga o‘xshaydi. Ammo ko‘plab nam salfetkalar tarkibida polyester yoki polipropilen kabi sintetik, ya’ni plastik tolalar mavjud. Bu tolalar salfetkaning nam holatda ham mustahkam turishini ta’minlaydi. Muammo ham shunda.
Oddiy qog‘oz suvda tezroq parchalansa, plastik tolali nam salfetka ancha chidamli bo‘ladi. U tashlab yuborilgandan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qolishi, vaqt o‘tishi bilan esa mayda plastik zarrachalarga, jumladan, mikroplastiklarga aylanishi mumkin. Bu zarrachalar suv va tuproqqa tushib, turli tirik organizmlar bilan aloqaga kirishadi.
Muammoning ko‘lami esa kichik emas. Masalan, Buyuk Britaniyada 2021-yilning o‘zida bozorga 30 milliarddan ortiq nam salfetka chiqarilgani, ularning qariyb 26 milliardi plastik tarkibli bo‘lgani qayd etilgan. Bitta salfetka juda kichik chiqindi bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo milliardlab marta takrorlanganida uning ekologik oqibati ham kattalashadi.
“Fatberg”
Nam salfetkalar bilan bog‘liq eng keng tarqalgan xatolardan biri – ularni kanalizatsiyaga tashlash. “Suv bilan ketib qoladi” degan tasavvur aslida muammoning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Nam salfetka hojatxona qog‘ozi kabi suvda tez parchalanmaydi. Aksincha, nam holatda mustahkam turgani uchun kanalizatsiya quvurlarida qolib ketishi mumkin. U yerda salfetkalar yog‘, maishiy chiqindilar va boshqa materiallar bilan birikib, katta tiqinlar hosil qiladi. Bunday tiqinlar ayrim hollarda “fatberg” deb ataladigan ulkan massalarga aylanadi.
2017-yilda Londonning sharqiy qismida og‘irligi qariyb 130 tonna va uzunligi 250 metr bo‘lgan – yog‘ va kanalizatsiyaga tashlangan nam salfetka kabi chiqindilardan iborat ulkan fatberg aniqlangan. Bunday holatlar kanalizatsiya tizimini tozalash va ta’mirlash uchun katta xarajatlarni talab qiladi. Yana, kanalizatsiya tizimidan tashqariga chiqib ketgan plastik tolali salfetkalar suv havzalariga tushishi va vaqt o‘tishi bilan mayda plastik zarrachalarga parchalanishi mumkin.
Nam salfetkalar taqiqlanyapti
Buyuk Britaniya hukumati plastikli nam salfetkalarni daryo va boshqa suv havzalariga tushadigan plastik va mikroplastik ifloslanish manbalaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda. Muammo ko‘lami sabab mamlakat plastik tarkibli bir martalik nam salfetkalardan voz kechish bo‘yicha aniq muddatlarni belgiladi. Bu taqiq nam salfetkaning barcha turlarini yo‘q qilishni anglatmaydi. Asosiy maqsad – tarkibida plastik bo‘lgan bir martalik mahsulotlarni bozordan chiqarish.
Jarayon Britaniyaning to‘rt hududida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Uelsda taqiq 2026-yil 18-dekabrdan kuchga kiradi. Angliyada plastikli nam salfetkalarni sotish va yetkazib berish 2027-yil 19-maydan, Shimoliy Irlandiyada 18-maydan, Shotlandiyada esa 2027-yil 11-avgustdan taqiqlanadi.
Taqiq bolalar salfetkalari, pardozni tozalash vositalari, nam hojatxona qog‘ozi, qo‘llar uchun antibakterial salfetkalar, shaxsiy gigiyena va maishiy tozalash salfetkalarining plastik tarkibli turlarini ham qamrab oladi. Tarkibida plastik bo‘lmagan salfetkalar esa savdoda qoladi. Ayrim tibbiy va professional foydalanishga mo‘ljallangan mahsulotlar bundan mustasno.
Shuningdek, qadoqdagi “biodegradable”, “plastic-free” yoki “flushable” kabi yozuvlarga ham ongli ravishda qarash kerak. “Biologik parchalanadi” degan yozuv mahsulot istalgan sharoitda va tezda tabiatga singib ketadi degani emas. Parchalanish sharoiti, mahsulot tarkibi va undan keyingi utilizatsiya usuli muhim.
Sogʻliqqa ham zarar
Ayrim mahsulotlar tarkibida xushbo‘y moddalar, konservantlar, spirtlar yoki boshqa kimyoviy komponentlar bo‘lishi mumkin. Ularning barchasi avtomatik ravishda zararli degani emas, biroq ayrim odamlarda, ayniqsa, sezgir terida qizarish, quruqlashishga sabab bo‘lishi mumkin.
Chaqaloq terisi nozik bo‘lgani sababli mahsulot tanlashda uning tarkibiga e’tibor berish kerak. Britaniyaning NHS tibbiy xizmat tavsiyalarida chaqaloq terisini tozalash uchun suv yoki xushbo‘y moddasiz va spirtdan xoli salfetkalardan foydalanish mumkinligi ko‘rsatiladi.
Shuning uchun “nam salfetka zararli” yoki “nam salfetka mutlaqo xavfsiz” degan keskin xulosalardan ko‘ra mahsulot tarkibi va undan foydalanish maqsadiga qarash to‘g‘riroq.
Uy sharoitida esa ko‘p martalik yumshoq mato oddiy va chiqindisi kamroq muqobil bo‘la oladi. Chaqaloq parvarishida ham imkon bo‘lgan holatlarda suv va yumshoq matodan foydalanish mumkin.
Muammoning real koʻlami
Nam salfetkalar O‘zbekistonda ham juda ommabop bo‘lib, kundalik hayotning deyarli barcha sohalariga kirib kelgan. Uyda, ayniqsa, bolali oilalarda, avtomobilda, ofislarda, umumiy ovqatlanish joylarida va safarlarda nam salfetkadan tez-tez foydalanamiz. Shu qadar odatiy holga aylanganki, ko‘pincha foydalanib bo‘lgach, uning keyingi taqdiri haqida o‘ylamaymiz.
Buyuk Britaniya plastikli nam salfetkalardan voz kechish bo‘yicha aniq muddatlarni belgilayotgan bir paytda O‘zbekistonda ham bu masala haqida o‘ylashga asos bor. Chunki nam salfetka muammosi faqat bir mamlakatga xos emas. Plastik chiqindilar, kanalizatsiya tiqinlari va noto‘g‘ri utilizatsiya har qanday shaharda paydo bo‘lishi mumkin.
Avvalo, O‘zbekistonda bu muammoning real ko‘lamini o‘rganish kerak: kanalizatsiya tiqinlarida nam salfetkalar qanchalik ko‘p uchraydi, maishiy chiqindilar tarkibida ularning ulushi qancha, bozorda plastik va plastik bo‘lmagan mahsulotlar nisbati qanday? Bunday ma’lumotlar muammoni taxmin bilan emas, aniq raqamlar bilan muhokama qilish imkonini beradi.
Bu yerda mas’uliyat faqat iste’molchiga tushmasligi kerak. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar ham mahsulot tarkibini qadoqda aniq ko‘rsatishi, unda plastik bor-yo‘qligini tushunarli belgilashi va foydalanilgandan keyin uni qanday tashlash kerakligi haqida ma’lumot berishi mumkin.
Iste’molchi esa eng oddiy qoidalarga amal qilishi lozim: nam salfetkani unitazga tashlamaslik, imkon bo‘lsa plastik bo‘lmagan variantni tanlash, uy sharoitida ko‘p martalik matolardan foydalanish va mahsulot qadog‘idagi tarkibga e’tibor berish.
