Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

XOTIN-QIZLARGA IMTIYOZLAR BOR

7.3.2024 313

Ruxshona TURSUNPO‘LATOVA

XOTIN-QIZLARGA IMTIYOZLAR BOR

Jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga munosabati va g‘amxo‘rligida ko‘rinadi. Xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish yurtimizda ustuvor vazifalardan biri sanaladi.

Yaqinlashib kelayotgan Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston qonunchiligida ayollarga qanday imtiyoz va yengilliklar belgilangani haqida to‘xtalishga qaror qildik.

Xotin-qizlarga kontrakt puli to‘lab beriladi

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 585-son qaroriga muvofiq, har yili bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilingan, ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari bo‘lgan talaba xotin-qizlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etilgan.

Ular har yili o‘zlarining hududlaridan o‘qishga kirgan 40 nafardan, ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan 110 nafar, jami 150 nafar xotin-qiz uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy to‘lov-kontrakt summasini to‘rt o‘quv yili yakuniga qadar to‘lab beradi.

Qizlar ta’limi moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi

Prezidentning “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik ta’lim kreditlari ajratiladi. Bunda foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamg‘armasi qoplab beradi. Xotin-qizlar esa asosiy qarzni o‘qishni tamomlagach, 7 yil davomida to‘laydi.

Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida, davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtiriladi. Magistraturada tahsil olayotgan talabgor xotin-qizlar kontrakt to‘lovini qoplash maqsadida o‘z universitetining rektori nomiga yilning 15-sentabrgacha ariza bilan murojaat etishlari kerak.

5 yillik staj orqali talaba bo‘lish imkoniyati

Mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik stajiga ega, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat tomonidan ajratilgan 500 ta kvota orqali to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘lishlari mumkin. Talabgorlar Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasi asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Ushbu tavsiyanoma talabgorlar o‘rta-maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi; ta’lim olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi; o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi lozim.

OTMga kirishda imtiyoz

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi. Tavsiyonama quyidagi mezonlarning biriga mos tushadigan nomzodlarga beriladi:

  • kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

 

Kasb o‘rganish xarajatlarini davlat to‘laydi

Xotin-qizlar nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qiganda qilgan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi.

 

Homilador ayolni ishga qabul qilish

Ayol homiladorligi yoki yosh bola parvarish qilayotganini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo‘shatish:

  • BHMning 25 baravarigacha (6 million 750 ming so‘mgacha) jarima;
  • yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
  • yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 

DMTTlarga imtiyozli qabul

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 319-son qaroriga ko‘ra, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning bolalari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega.

 

2 yoshga to‘lmagan farzandi bor onalarga qo‘shimcha tanaffus

2 yoshga to‘lmagan bolali ayollarga bolani ovqatlantirish uchun (o‘ziga berilgan dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari) kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam bo‘lmagan tanaffus beriladi.

2 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolali ayollarga tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanadi. Mazkur tanaffuslar uchun ish haqi kamaytirilmaydi.

Bolali ayolning xohishiga ko‘ra tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo‘shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirilib, ish kuni shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.

 

3 yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollarga qisqartirilgan ish soati

Uch yoshga to‘lmagan bolaning onasiga haftasiga o‘ttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi. Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida ishlayotgan ayollarga haq to‘lash har kungi to‘liq ish davomiyligida ishlaydigan xodimlar uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.

3 ish kunidan kam bo‘lmagan qo‘shimcha ta’til

12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam bo‘lmagan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Shuningdek, ularning xohishiga ko‘ra har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan ish haqi saqlanmagan ta’til beriladi.

Bunday ta’til yillik ta’tilga qo‘shib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin.

 

Davolanish uchun bepul order

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi 250-son qaroriga ko‘ra, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning sog‘lig‘i holati og‘ir bo‘lganda viloyat ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga yoki respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga davolanish uchun bepul order ajratiladi.

33 million so‘mgacha kredit

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son qarori bilan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Buning uchun ular quyidagi dasturlardan birini muvaffaqiyatli tugatgan bo‘lishi kerak:

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi ma’qullagan dasturlar asosidagi o‘quv kurslari;

“Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat ta’lim muassasalarining kasbga o‘rgatish o‘quv kurslarining maxsus o‘qitish dasturlari.

 

Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi 285-son qaroriga muvofiq, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga beriladigan arzon uy-joylar to‘lovining:

10 foizi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi, talabgor ishlayotgan tashkilot va boshqa manbalar hisobiga (boshlang‘ich badal sifatida);

90 foizi banklarning imtiyozli kreditlari hisobiga qoplanadi.

 

Ayrim ayollar 53 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 938-XII-son qonuniga muvofiq, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqargani yoxud korxonaning tugatilgani munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan ayollar 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Ruxshona TURSUNPO‘LATOVA,

“Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi,

huquqshunos

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish