Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Aqlvoy"dagi soch bo‘yog‘i, “Bolajon”da parashok...

26.2.2026 1432

Durdona SAYFITDINOVA, OʻzMU talabasi, “Mahorat maktabi” tinglovchisi

Reklama hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Qayerga qaramaylik, nimani ochmaylik ko‘zimiz birinchi reklamaga tushadi. Reklama telekanalning mablag‘ manbayi, uning ko‘pligi ham tabiiy, deyish mumkin. Kattalar ko‘radigan telekanallardagi reklamalar oddiy hol bo‘lishi mumkin. Ammo bolalar telekanalida daromad uchun istalgan narsani reklama qilish qanchalik to‘g‘ri yoki mumkin?

Hozirgi kunda O‘zbekistonda bolalar uchun mo‘ljallangan 2 ta telekanal bor: “Bolajon” va “Aqlvoy”. Ana shu telekanallarda ham bolalarga aloqasi bo‘lmagan turli reklamalar qo‘yilmoqda. Bu haqda jamoatchilik fikri ham yakdil.

– Bolalar telekanallariga “parashok” reklamalari umuman kerak emas. Shundoq ham reklama to‘lib yotibdi. 45 daqiqali ko‘rsatuv ko‘raman desangiz, 10 daqiqa reklama bo‘ladi. O‘zim 30 yillik tarbiyachiman. Pedagogik tajribamdan kelib chiqib aytamanki, bolalar telekanallarida ularning yoshiga mos mahsulot reklamalari berilishi kerak, – deydi pedagog Shahnoza Umarova.

Bolam “Aqlvoy” va “Bolajon” kanallarini ko‘radi. Kanal bolalarga umuman aloqasi bo‘lmagan reklamalarni qo‘yadi. Eng kulgilisi, multfilm va ko‘rsatuvlar orasida ayollar uchun mo‘ljallangan soch bo‘yoqlari reklamasi ham efirga ketadi. Menimcha, reklamalarni tartibga solish vaqti keldi, – deydi onalardan biri.

Reklama odamlarni ortiqcha xarajat qilishga undaydi, yolg‘on tasavvur uyg‘otadi, ayniqsa, yoshlarning ongiga kuchli ta’sir qiladi. Virtual makonda ham ayni shu muammo. Reklamasiz bepul ilova, sayt yoki platforma topish deyarli imkonsiz. Reklama beruvchilar bolalarga mo‘ljallangan reklamalarga milliardlab dollar sarflaydi. AQShda bolalar reklamalariga sarflagan xarajatlar 2021-yilda 2,9 milliard dollarni tashkil etgan, 2031-yilga borib 21,1 milliard dollarga yetishi tahlil qilinmoqda. Amerika psixologlar assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bolalar reklamaga birinchi marta duch kelishidayoq reklama mazmunini eslab qolishi va mahsulotga bo‘lgan xohishlarini bildirishi mumkin.

Dunyoning 30 dan ortiq mamlakati, xususan, Avstraliya, Malayziya, Janubiy Koreya va Yevropaning ko‘plab davlatlarida bolalar uchun mo‘ljallangan reklamalarga cheklovlar o‘rnatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarga reklama qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari ularning e’tiborini  tortadigan tarzda tayyorlanadi. Maktab va bog‘chalarda bolalar uchun nosog‘lom ovqatlar, energetiklar, shakar va rang berilgan mahsulotlar sotiladi. Xususan, “Aholi salomatligi – 2030” milliy strategiyasining 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasiga ko‘ra, bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlar kuchaytiriladi.

– Hozir telekanallarda berilayotgan aksariyat reklamalar biz bilgan mezonlardan ancha olisda. Katta yoshdagi insonlar bunday reklamalar namoyishida boshqa kanalga olishi yoki umuman e’tibor qaratmasligi mumkin, lekin o‘smirlik davrida shaxs xulq-atvorida taqlidga moyillik kuzatiladi. Televizorda bir kunda yigirma martadan oshiqroq energetik yoki gazli ichimlik reklamasini tomosha qilgan o‘smir albatta tatib ko‘rishga intiladi va buni bajaradi ham, – deydi psixolog Nigora G’aniyeva.

Reklama bolalarning fikrlashi, xulqi va istaklariga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ular ko‘pincha reklamadagi narsalarni haqiqat deb qabul qilib, keraksiz narsalarni xohlaydi, noto‘g‘ri ovqatlanish odatlarini shakllantirishi va o‘zini boshqalar bilan solishtirishni boshlashi mumkin. Shu sabab reklamalar ustizdan nazoratni kuchaytirib, reklamalarni bolalarning ta’lim-tarbiyasiga, rivojlanishiga va ularning ongiga ta’sirlarini inobatga olgan holda berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish