Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ro‘zador xodimlarga ish vaqtida qo‘shimcha dam bersa bo‘ladimi?

11.3.2024 237

Ish beruvchi xodimlarning e’tiqodini va diniy rasm-rusumlardan iborat bo‘lgan amallarini to‘g‘ri tushungan holda ularga qo‘shimcha yengilliklar berishi mumkin. Bu haqda amaliyotchi huquqshunos Saidali Muxtoraliyev tushuntirish berdi

Kunlik tanaffus berilishi shart

Mehnat kodeksining 204-moddasi birinchi qismida “ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan ikki soat va kamida o‘ttiz daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak” deyilgan.

Misol uchun 5 kunlik ish haftasida kuniga 8 soatdan ishlaydigan xodimlarga 2 soatdan ko‘p bo‘lmagan, lekin 30 daqiqadan kam bo‘lmagan kunlik tanaffus vaqti berilishi shart.

Bizda ko‘plab tashkilotlarda xodimlarga xalq tilida “obed” (tushlik) deyiladigan 1 soatlik (13.00 dan 14.00 gacha, yoki 12.00 dan 13.00 gacha) bo‘lgan kunlik tanaffus vaqti beriladi, to‘g‘rimi? Ya’ni, 1 soat.

Ikki soatdan koʻp boʻlmasligi kerak

Mehnat kodeksining 204-moddasida ko‘rsatilgan yuqoridagi qoidada dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffus vaqti 2 soatdan ko‘p bo‘lmasligi kerakligi aytilyapti. Ya’ni, bu yana 1 soatgacha tanaffus vaqti berilishi mumkin, degani.

Mehnat kodeksining 204-moddasi ikkinchi qismida “dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi” deyilgan.

E’tibor bering, bu qoidaga ko‘ra kunlik tanaffus vaqti xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra ham belgilanishi mumkin.

Ish beruvchi ixtiyorida

Demak, xulosa shunday: agar ishxonada kunlik tanaffus vaqti 1 soat qilib belgilangan bo‘lsa, biroz dam olib olishlari uchun ro‘za tutuvchi xodimlarga, o‘zaro kelishuvga asosan yana 1 soatgacha bo‘lgan qo‘shimcha tanaffus berilishi mumkin, — dedi Saidali Muxtoraliyev.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, ro‘zador xodimlarga bunday qo‘shimcha yengillik berish yoki bermaslik masalasi ish beruvchining mutlaq ixtiyoriga bog‘liqdir. “Bizga shunday imkoniyat qilib bering” deb hech kim uni majburlay olmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish