Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Sanoat zonasi – mahallaning “o‘sish nuqtasi”

28.3.2024 132

Prezident matbuot xizmati materiallari asosida tayyorlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Uychi tumanidagi “Qumtepa” mahallasida joylashgan “Qumtepa” yoshlar kichik sanoat zonasida ham bo‘ldi.

Mahallalarda shakllangan kasb-hunarlarni rivojlantirib, drayverga aylantirish, shu orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Uychi tumanidagi Qumtepa, Dehqon, Balandariq va Jiydakapa mahallalarida temirchilik shunday yo‘nalish sirasiga kiradi.

2021-yilda bu yerda temirchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etilib, xonadonlardagi usta-hunarmandlarga zarur sharoitlar yaratib berildi. Uch gektar maydonni egallagan majmua yo‘l, energiya, ichimlik va oqova suv kabi barcha infratuzilma bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, energiya tejamkor usullar joriy etilib, quyosh panellaridan samarali foydalanilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yerda ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, temirchi hunarmandlar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz mutasaddilarga sanoat zonasi maydonidan samarali foydalanish, yoshlarni va ishsiz fuqarolarni hunarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda mahallabay ishlash orqali ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.

Sayxunobod tajribasi asosida 14 ta tumandagi 788 ta mahallaga iqtisodiy idoralarning rahbar va mas’ul xodimlari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga 557 ming xonadondagi imkoniyatlarni o‘rgangan.

Men Sayxunobodda “bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi” dedim. Maqsad – inson salohiyatiga kapital yo‘naltirish, uni harakatga undash, dunyoqarashni o‘zgartirish. Uychi tumani ham iqtisodiyoti og‘ir hudud. Ushbu tizim asosida ishsizlarga tomorqadan daromad topish, o‘z ishini ochish, qobiliyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish kerak, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari “Qumtepa” mahallasi markazida ham bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur mahallada 5 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Xonadonlar metalni qayta ishlash, dehqonchilik va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.

Bu yil mahalla qiyofasi yaxshilandi. Mahalla idorasi uchun yangi bino qurildi. Barcha xonadonlar ichimlik suvi ta’minotiga ulandi. Ichki yo‘llar, elektr tarmoqlari ta’mirlandi. “Yashil makon” dasturi doirasida yo‘l bo‘ylariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Mahallada tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, sport maydonchalari, tibbiyot punkti, kutubxona, oziq-ovqat do‘konlari hamda dorixonalar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Yangi mahalla binosida Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi ham tashkil etildi. Bu yerda aholi va tadbirkorlar ayrim davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Prezident buni ma’qullab, davlat idoralari bilan bog‘liq masalalarni iloji boricha mahallalarning o‘zida hal etish zarurligini ta’kidladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish