Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Sinovlarda sinmagan sabr

2.11.2023 1609

Dilnoza ABDUHAMIDOVA oqqa ko‘chirdi

Hayot go‘zal. Biroq uning go‘zalligidan bahramand bo‘lmoq uchun ham inson qanchadan-qancha dovonlar oshib keladi. Ne-ne mashaqqatlar-u sinoatlarni boshidan o‘tkazadi. Bu sinovlar sabr, kuchli ishonch hamda mehnat ila yengib o‘tiladi.

Yangi – “Umr chorrahasi” rukni ostida hayot tegirmonidan butun chiqib, jamiyatda o‘z o‘rnini topish yo‘lida tinimsiz izlanyotgan intiluvchan yoshlarimiz haqida maqolalar berib boramiz. Bugungi qahramonimiz hunarmand - Shodona Yusupova bo‘ladi. 

Bolaligim Toshkent shahri Uchtepa tumanida o‘tgan. Ziyoli oilada ulg‘aydim. Maktabni tamomlab, Toshkent iqtisodiyot kollejining bank ishi mutaxassisligini tamomladim. “Qiz bola – palahmon toshi” deganlari chin ekan. 18 yoshimda ota-onamning duolari ila Shayhontohur tumaniga kelin bo‘lib tushdim. Hovliga kelin bo‘lib kelishning gashti boshqacha. Erta tongdan turib hovlilarni supirish, darvozangizdan mo‘ralagan bolakaylarning tabassumini ko‘rish zavq-shavq beradi insonga. Qaynota-qaynonamning duolarini olib, turmush o‘rtog‘im bilan baxt nimaligini his qilib yashadim. Bu baxtning nishonasi bo‘lib avval katta o‘g‘lim, so‘ngra ikki yil o‘tib egizak farzandlarim dunyoga keldi. Ona degan sharafga ega bo‘ldim.

Biroq, hayotning achchiq qismati, azoblari ham borligi 23 yoshimda ayon bo‘ldi. Besh yillik hayot tuhfasi shu yergan kelganda yakun topdi. Turmush o‘rog‘im avtohalokat tufayli bu yorug‘ olamni tark etdi. Bu og‘ir musibat hali bolaligi ketib ulgurmagan, biroq uch nafar farzandi bo‘lgan ayol uchun katta yo‘qotish edi. Umrim go‘yoki chorrahada qolib ketgandek edi. Qismat ekan, taqdir ekan degan so‘zlarni tushunmasdim. Afsuski, mana shu so‘zlarni anglash vaqti kelgandi. Oldimda ikki yo‘l turardi. Endi 3 nafar go‘dakni yetaklab ota uyiga qaytish va yoki shu yerda qolib, sadoqat, vafo, mehr-muhabbat, imon-e’tiqod bilan turmush o‘rtog‘imning chirog‘ini yoqib o‘tirish.

Ko‘p o‘yladim. Farzandlarimning ko‘zlariga boqib, tunlarni kunlarga uladim. Axiyri, qat’iy qaror qabul qildim. Otasiz qolgan go‘daklarimni bobo-buvisidan, amma-yu amakilaridan ayirgim kelmadi. Ular boshiga tushgan ayriliq boshqalardan ham ayrilishiga sababchi bo‘lishini xohlamadim.

Ko‘pchilik bu qarorimdan hayratga tushdi. Kimlardir turmushga chiqishimni, hal yosh ekanimni uqtirishga urindi. Qaynota-qaynona bilan yashash, erta-bir kun bu uyga sig‘may qolishim mumkinligini, keyin afsus chekishimni ham eslatib qo‘yganlar bo‘ldi. Lekin qarorim o‘z kuchida qoldi. Farzandidan ayrilgan qaynota-qaynonamni nabiralaridan ayirishni xohlamadim. 4 yosh va 2 yosh bo‘lgan ikki o‘g‘lim va bir qizalog‘im bilan qaytadan hayot ostonasiga qadam qo‘ydim. Qaynota-qaynonam bir necha bor taqdirimni tanlash ikoniyatim borligini, har qanday qarorimni qo‘llab-quvvatlashini aytishdi.

Hozir ko‘pchilik oilalarni kuzatib, o‘ylab qolaman. Inson qanchalik mehrli bo‘lsa, insofi, imoni butun bo‘lsa, oilasini mustahkam saqlab qolishi mumkin ekan. “Men qaynota-qaynonam bilan turmayman”, “Turmush o‘rtog‘im bilan alohida yashagim keladi”, “Qaynona bilan bitta uyda yashab bo‘lmaydi”, “Ovsin-ovsinga do‘st bo‘lmaydi” kabi gap-so‘zlar noto‘g‘ri ekanini bir qancha yosh kelinlardan eshitib, ularga tushuntirishga, kezi kelsa uqtirishga harakat qilganman. Afsuski, buni kimdir tushungan, kimdir tushunmagan.

Men uchun maslahatgo‘y bo‘lib kelgan qaynota-qaynonamning ko‘magi hamda duolari bilan farzandlarimni ulg‘aytirdim. Ular sekin-asta bog‘chaga, keyin maktabga chiqishdi. Bo‘ylari bo‘yim bilan bo‘ylashdi. Hozir katta o‘g‘lim 7-sinf, egizaklarim esa 4-sinf. Ularning maktabda yaxshi o‘qishi uchun doim e’tiborli bo‘lishga, kelajakda yurtimizga foydasi tegadigan komil insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga harakat qilaman. Shu qatorda o‘zim ham o‘z ustimda ishlashga, jamiyatda o‘rnimni opishga harakat qildim.

Uyda o‘tirib dastavval internet orqali turli hunarlarni o‘rgandim. Uyda qolib kiyimchalar to‘qish va tikish-bichish hunari orqali pul topishga harakat qildim. To‘qigan mahsulotlarimni bog‘chalarga, qo‘ni-qo‘shnilarga olib chiqib sotdim. Keyinchalik milliy taqinchoqlar yasashni o‘rgandim. To‘y-marosimlar uchun sarpo sandiq qutilari tayyorlab, hamyonbop narxlada ijaraga berardim. Hunarim ko‘payib, atrofimda shogird bo‘lish istagidagi ayollar ko‘payib bordi. Biroz vaqt o‘tib, “Eshonguzar” mahallamiz faollarining taklifi hamda ko‘magi bilan mahalla binosidan ayollarga shu hunarni o‘rgatishim uchun joy ajratib berishdi. Hunarim ortidan el ichida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldim. Allohning sinovlari qancha ko‘p bo‘lsa, uning mukofoti ham shunchalik ko‘p bo‘lar ekan.

Hozir Toshkent shahar Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida trener bo‘lib ishliyman. Hunarmandlar uyushmasi a’zosi, yakka tartibdagi tadbirkorman. Bu fursat oralig‘ida turli tanlov-u ko‘rgazmalarda shogirdlarim bilan birga ishtirok etdim. Bugungi kunda ayollarga hunarmandchilik asosida resinart, floristika – suniy gul kompozitsiyalar yasash, sovundan gulchilik, munchoqli sumkalar, gips dekor, izalondan yoritkichlar yasash va boshqa yo‘nalishlarda dars beraman.

Shu kunga qadar 200 dan ortiq shogirdlar chiqardim. Huddi o‘zimdek qiyin ahvolda qolgan  xotin-qizlarni tushkunlikdan chiqishiga oz bo‘lsa-da ko‘mak berib kelayotganimdan, foydam tegayotganidan o‘zimni baxtiyor his etaman. Shogirdlarimning ko‘pchiligi uyda o‘tirgan holda kasanachilik bilan shug‘ullanib, qo‘l mehnati bilan turli hil mahsulotlar yaratib daromad qilmoqda.

Har bir ayolni qo‘llab-quvvatlaydigan, unga ishonch bildiradigan yaqin insonlari bo‘lsagina u jasorat ko‘rsata oladi. Men mana shunday insonlar qurshovidaman. Ayniqsa, ota-onamning duolari menga kuch beradi. Bundan ikki yil oldin men uchun katta tog‘ bo‘lgan qaynotamdan ayrildik. Bu yo‘qotish ham og‘ir bo‘ldi. Biroq, onamdek aziz bo‘lgan qaynonamning ko‘magi bilan shu kunlarga yetib kelyapman. Farzandlarimning tarbiyasi ishonchli qo‘llarda. O‘zim esa xalqim xizmatida. Halol mehnatim bilan farzandlarimni ulg‘aytiryapman. Donishmand xalqimizning yana bir naqli bor: “Qaynonali kelin – qarqar kelin, qaynonasiz kelin – masxara kelin”. Aslida kattalarning duosida hikmat bor. Ularning menga bo‘lgan mehri, hurmati, e’tiborini oqlagan holda, o‘z oldimga katta maqsadlar qo‘yganman. Nasib etsa, bu hunarmandlik yo‘nalishlarimni yanada kengaytirib, qizlarimizga beminnat o‘rgatish. Hech bo‘lmasa o‘z oilasida tadbirli tadbirkor ayollarni ko‘paytirish, Vatanimiz iqtisodiyotiga foyda keltirishdan iborat.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish