Telefon jiringlaydi. Siz bir necha soniya ekranga tikilib turasiz: ko‘taraymi yoki yo‘qmi? Qo‘ng‘iroq o‘chadi. Oradan bir necha soniya o‘tmay telegram ochiladi: “Tinchlikmi? Yozib yuboring, iltimos”.
Birovga telefon qilishdan oldin ham xayoldan bir nechta savol o‘tadi: “Xabar yozib qo‘yaymi?”, “Gaplashishga vaqti bormikan?”, “Nima masalada ekanini avval aytib qo‘ysammi?”. Qizig‘i, telefonlar tobora “aqllilashayotgan” bir paytda ular orqali gaplashishning o‘zi yoshlar uchun noqulaylashib boryapti. Ba’zilar uchun kutilmagan qo‘ng‘iroqning o‘zi kichik stressga aylanadi. Axir telefonning eng asosiy vazifasi gaplashish emasmidi?
Nazorat hissi: nega qo‘ng‘iroq yozishmadan qiyinroq?
Telegram, Instagram yoki WhatsApp kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda suhbat sur’atini o‘zingiz belgilaysiz: javob berishdan oldin o‘ylaysiz, yozgan gapingizni qayta ko‘rib chiqasiz, kerak bo‘lsa o‘chirib qayta yozasiz yoki suhbatni bir muddatga “pauza”ga qo‘yasiz. Eng muhimi, suhbatdosh sizdan ayni soniyada javob kutmaydi. Telefon qo‘ng‘irog‘ida esa bu nazorat deyarli yo‘qoladi. Savol berildimi, javob kerak, sukut bo‘ldimi, uni kimdir to‘ldirishi kerak. Ovozdagi hayajon, ikkilanish yoki chalkash fikrni esa o‘chirib bo‘lmaydi. Yozishma bizga gapirishdan oldin o‘ylash imkonini beradi, qo‘ng‘iroq esa o‘ylayotganimizda gapirishga majbur qiladi.
Shu sabab ayrimlar uchun qo‘ng‘iroqning o‘zi xavotir manbayiga aylanishi mumkin. Psixologiyada bunday holat “telephone anxiety” yoki “telephonophobia” kabi atamalar bilan ifodalanadi. Biroq go‘shakni ko‘tarmaslikni hamma holatda fobiya deb atash to‘g‘ri emas: kimdir shunchaki yozishmani qulayroq deb biladi, diqqatini chalg‘itishni istamaydi yoki spam qo‘ng‘iroqlardan ehtiyot bo‘ladi. Ayrim hollarda telefonning o‘zi emas, suhbat davomida yuz berishi mumkin bo‘lgan noma’lumlik bezovta qiladi: “Nima deyishim kerak?”, “Suhbat to‘xtab qolsa-chi?”, “Savolga darhol javob topolmasam-chi?”, “Meni noto‘g‘ri tushunishsa-chi?”
Yozishmada bularning barchasiga tayyorlanish uchun vaqt bor. Demak, gap faqat qulaylikda emas: yozishma insonga muloqotni boshqarish imkonini beradi, qo‘ng‘iroq esa uni real vaqtning o‘zida suhbatga kirishga majbur qiladi.
Asinxron muloqot
Raqamli kommunikatsiya gaplashish usulimizni, shaxsiy chegaralar haqidagi tasavvurimizni ham o‘zgartirdi. Bugun xabar yozish va telefon qilish deyarli ikki xil muloqot shakliga aylangan. Telegram yoki boshqa messenjerlardagi xabar asinxron muloqot hisoblanadi: “Vaqtingiz bo‘lganda o‘qing va javob bering”. Bu suhbatdoshga vaqtini o‘zi belgilash imkonini beradi.
Qo‘ng‘iroq esa sinxron muloqot, u ayni damda javob berishni va e’tibor qaratishni talab qiladi. Shu sabab raqamli etiketda kutilmagan qo‘ng‘iroqdan oldin “Gaplashishga vaqtingiz bormi?” yoki “Qo‘ng‘iroq qilsam bo‘ladimi?” deb yozib qo‘yish tobora odatiy holga aylanyapti. Bir qarashda bu oddiy odob qoidasi. Ammo uning ortida muloqotga qarashning o‘zgargani seziladi: oldin qo‘ng‘iroqqa javob berish tabiiy hol edi, bugun esa kutilmagan qo‘ng‘iroq ayrimlar uchun shaxsiy hududga to‘satdan kirib kelishdek tuyulishi mumkin.
Bu o‘zgarish ayniqsa ish va o‘qish muhitida seziladi. “Qo‘ng‘iroq qilaman” degan odamga nisbatan “Qachon?” degan savolning paydo bo‘lishi ham bejiz emas. Chunki bugun vaqtga ham shaxsiy resurs sifatida qaralyapti. Ammo “Avval yozing, keyin qo‘ng‘iroq qiling” qoidasi hamma uchun birdek tabiiy emas. Ayniqsa, bu farq ota-onalar va yoshlar o‘rtasidagi muloqotda yaqqol ko‘rinadi.
Avlodlar o‘rtasidagi tafovut
Katta avlod uchun telefon avvalo gaplashish va aloqaga chiqish vositasi. Masala bormi, qo‘ng‘iroq qilasiz, gaplashib olasiz. Ular uchun ovozli suhbat tezkorlik, samimiyat va hatto hurmat belgisi bo‘lishi mumkin.
Yoshlar uchun esa telefon oddiy gaplashish qurilmasi emas – messenjer, kamera, ijtimoiy tarmoq, ish va o‘qish vositasi, musiqa pleyeri va shaxsiy makon. Shu sabab “Telefon qil, gaplashib olaylik” degan taklif ularga har doim ham qulay tuyulmaydi. Ular ko‘pincha “Nima masalada ekanini yozib yuboring” degan variantni afzal ko‘radi.
Bu farqni yoshlarning odamovi bo‘lib qolgani bilan izohlash oson. Ammo masala bundan murakkabroq: ikki avlod shunchaki muloqotning samarali usulini turlicha tasavvur qilyapti. Katta avlod uchun tezkor suhbat qulay bo‘lsa, yoshlar uchun suhbatdan oldin vaqt va imkoniyatni kelishib olishning o‘zi hurmat hisoblanadi.
Ammo bu yerda yana bir qiziq savol tug‘iladi: agar yoshlar ovozli suhbatning o‘ziga qarshi bo‘lsa, nega ular ovozli xabar va videoqo‘ng‘iroqlardan foydalanishda davom etmoqda? Demak, muammo ovozning o‘zida bo‘lmasligi mumkin.
Ovozli xabar va videoqo‘ng‘iroq paradoksi
Qizig‘i shundaki, oddiy qo‘ng‘iroqdan qochadigan yoshlar ovozli xabarlardan unchalik ham qochmaydi. Aksincha, “ovozli” xabarlar kundalik muloqotning odatiy vositasiga aylangan.
Buning sababi tushunarli: ovozli xabar ikki xil muloqotning qulay jihatlarini birlashtiradi. Unda ovozning tabiiyligi, intonatsiya va hissiyot bor, ammo suhbatning real vaqt bosimi yo‘q. Siz xohlagan paytda gapirasiz, suhbatdoshingiz esa xabarni o‘ziga qulay vaqtda eshitadi, javobini ham shoshmasdan beradi.
Videoqo‘ng‘iroqlarda ham shunga o‘xshash holatni ko‘rish mumkin. Odatda bunday suhbat oldindan kelishiladi: “Soat yettida gaplashamiz”. Demak, inson suhbatga ruhiy jihatdan tayyorlanadi. Oddiy telefon qo‘ng‘irog‘i esa ko‘pincha aynan kutilmaganda kelgani uchun stress uyg‘otadi.
Demak, yoshlar ovozning o‘zidan emas, ko‘proq kutilmaganlik va real vaqt bosimidan qochayotganga o‘xshaydi. Bu esa masalani boshqa tomondan ko‘rishga majbur qiladi: “texting” va boshqa raqamli qulayliklar bizning muloqotimizni o‘zgartirayotgan bo‘lsa, buning evaziga nimanidir yo‘qotmayapmizmi?
Raqamli qulaylik nimaning evaziga keldi?
“Texting” muloqotni osonlashtirdi, masofalarni qisqartirdi va istalgan paytda bir-birimiz bilan aloqa qilish imkonini berdi. Ammo bu qulaylikning ikkinchi tomoni ham bor. Matnli xabarda suhbatdoshning ovozi, intonatsiyasi, yuz ifodasi yoki pauzasidagi ma’no yo‘q.
Masalan, oddiygina “Mayli” degan xabarni olaylik. U rozilikni ham, ranjishni ham, befarqlikni ham, “Endi o‘zing bilasan” degan ma’noni ham anglatishi mumkin. Emoji qo‘shish orqali ma’noni aniqlashtirishga urinib ko‘ramiz, ammo u ham har doim yordam bermaydi.
Shu jihatdan qaraganda, raqamli muloqot bizga yangi qulayliklar bergani kabi yangi tushunmovchiliklar uchun ham joy ochdi. Agar inson asosan matn, emoji va qisqa xabarlarga tayanib qolsa, real vaqt rejimida suhbatni boshlash, sukutni noqulaylikka aylantirmaslik, fikrni darhol shakllantirish yoki kelishmovchilikni ovoz ohangi bilan yumshatish kabi ko‘nikmalar yaxshi shakllanmasligi mumkin.
Demak, masala “texting” yomon degan xulosada emas. Muhimi – qulay muloqot shakli bizga jonli muloqotning boshqa imkoniyatlarini unuttirib qo‘ymasligi. Balki, telefon jiringlaganda darhol vahimaga tushmaslik, har bir qo‘ng‘iroqni “bezovtalik” deb qabul qilmaslik va ba’zan shunchaki gaplashish uchun go‘shakni ko‘tarish ham kerakdir. Chunki ayrim gaplar yozilganda emas, aytilganda o‘z ma’nosini topadi.
Xo‘sh, siz-chi? Oxirgi marta qachon biror do‘stingizga hech qanday sabab va oldindan ogohlantirishsiz, shunchaki gaplashish uchun qo‘ng‘iroq qildingiz?
