Yosh tadbirkorlar iqtisodiyot sohasida o‘zlarining sheriklari bilan turli xildagi shartnomaviy munosabatga kirishadi. Eng e'tiborli va taraflar o‘rtasida ko‘p nizoga sabab bo‘luvchi shartnomalardan biri pudrat shartnomasi bilan bog‘liq iqtisodiy nizolardir.
Tadbirokrlik faoliyatini amalga oshiruvchi yoshlar Pudrat shartnomasini tuzish orqali ishlab chiqarish texnikasiga oid texnika vositalarini tayyorlash, yasab berish, uy-joy bino inshootlarini qurib berish, qayta tiklash, ta'mirlash, loyihalash qidiruv ishlari, ilmiy tadqiqot ishlari, tajriba konstruktorlik va texnologik ishlarni bajarish kabi munosabatlar vujudga keladi.
Hozirgi kunda pudrat munosabatlari alohida shartnoma turi sifatida huquqiy asoslari va nazariy jihatlar yaxshi shakllangan. Bu shartnoma alohida shartnoma turi sifatida fuqarolik qonunchiligida maxsus normalar bilan tartibga solinadi. Pudrat shartnomasi munosabatlari maxsus qonunlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 37-bobi (Pudrat to‘g‘risida umumiy qoidalar 631–655-moddalar), maishiy pudrat (656–665-moddalar), qurilish pudrati (666–685-moddalar), loyiha va qidiruv ishlari pudrati (686–692-moddalar), ilmiy-tekshirish, tajriba konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasi (693–702-moddalar), O‘zbekiston Respublikasi Shaxarsozlik kodeksining (masalan, 16-moddasi obyektlar qurilishi bo‘yicha pudratchilarning huquqiy holatini belgilab beradi), qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslar javobgarligi to‘g‘risidagi qonun va boshqa qonunlar, qonunosti hujjatlari asosida tartibga solinadi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “Kapital qurilishni boshqarish tuzilmasini yanada qayta tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2000-yil 13-aprel,144-sonli), “Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi (2000-yil 5-avgust, 305-sonli), “Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi va shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalganligi uchun pudratchi tashkilotni buyurtmachi tomonidan mukofotlash tartibi to‘g‘risida”gi (1999-yil 26-mart,135-sonli) va 1995-yil 12-oktabrdagi 399-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan maishiy xizmat ko‘rsatish qoidalari va boshqalar.
Pudrat shartnomasining huquqiy belgilari quyidagilardan iborat:
Pudrat shartnomasi ikki tomomnlama shartnoma hisoblanadi. Chunki pudrat shartnomasida shartnoma taraflarining xar birida o‘ziga xos huquq va majburiyatlar mavjud. Pudrat shartnomasida belgilangan ishni bajarish majburiyatini va bajarilgan ishlar haqini talab qilish huquqi mavjud bo‘lsa, buyurtmachi shartnomada belgilangan, bajarilgan ish uchun haq to‘lash majburiyati va ishni bajarishni talab qilish huquqi mavjud bo‘ladi.
Pudrat shartnomasi konsesual shartnoma hisoblanadi. Chunki shartnoma taraflar o‘rtasida kelishuvga erishilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi va shu paytdan boshlab kuchga kiradi.
Pudrat shartnomasi xaq baravariga tuziladigan shartnomalar turkumiga kiradi. Pudrat shartnomasida buyurtmachi pudratchi tomonidan amalga oshirilgan ishlar uchun shartnomada belgilangan haqni to‘lashi lozim bo‘ladi. Bajarilgan ishning bahosi taraflarning kelishuvi bilan baholanadi.
Taraflarning kelishuviga ko‘ra, pudratchi tomonidan bajariladigan ishlar pudrat shartnomasining predmeti hisoblanadi. Pudrat shartnomasi bo‘yicha bajariladigan ish ma'lum bir ashyoni tayyorlash, masalan, ishlab chiqarish texnikasiga oid bo‘lgan mahsulot yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha olishi mumkin bo‘lmagan asbob-uskunalar va shunga o‘xshash mahsulotlarni yasatib olish, fuqarolarning maishiy ehtiyojlari uchun buyumlar tayyorlab berish yoki ashyolarni qayta ishlab, ta'mirlab, xom ashyoga qayta ishlov berish yoxud boshqacha tartibda ishni bajarib, buyurtmachiga topshirish yoki buyurtmachining topshirig‘iga muvofiq, uning tomonidan ko‘rsatilgan, vakil qilingan shaxslarga topshirishdan iborat bo‘ladi.
Pudrat shartnomasini tuzishda buyurtmachi va pudratchi o‘rtasida huquq va majburiyatlar, amalga oshiriladigan ishlar va unga to‘landan haq aniq va to‘g‘ri ko‘rsatilishi lozim. Chunki, pudrat shartnomasini noaniqliklarsiz, mukammal tulishi hamda pudrat shartnomasi bo‘yicha taraflar o‘zlariga olgan majburiyatlarni lozim darajada bajarishi, eng avvalo taraflar o‘rtasida nizolar kelib chiqishini oldini oladi. Aks holda, taraflarning sudma-sud yurishiga, vaqti behuda ketishiga va xar xil chiqimlarga (sud xarajatlari, sudga kelib ketish xarajatlari va boshqa xarajatlar) tushishishiga olib keladi.
Statistik ma'lumot bo‘yicha Izboskan tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2024-yilning 9 oyi davomida jami 1657 ta ariza va da’vo arizalari ko‘rib chiqilgan, shundan 20 ta iqtisodiy ish pudrat shartnomasi yuzasidan kelib chiqqan. Taraflar o‘rtasida pudrat shartnomasi bo‘yicha kelib chiqqan va sudda ko‘rilgan nizoning kelib chiqishini asosiy sabablari:
-taraflar tomonidan shartnomaviy majburiyatlarini lozim darajada bajarmasligi:
-taraflar tomomnidan pudrat shartnomasini tuzilish shakli va tartibisha rioya qilmaganligi, jumladan, tadbirkorlik sub'ekti bo‘lgan pudratchilar va byudjet tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan pudrat shartnomasi belgilangan tartibda G‘aznachilik bo‘limlaridan ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi, buning natijasiga byudjet tashkilotlarining pudratchi tomonidan amalga oshirilgan ishlar uchun xizmat haqini to‘lay olmaganligi natijasiga kelib chiqqan.
Xulosa qilib aytganda, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yoshlar pudrat shartnomasini tuzishda qonunchilikda ko‘rsatilgan tartib va shaklda rioya qilinsa, o‘z faoliyatlari davomida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan bu turdagi nizolarni oldini olishga erishgan bo‘ladilar.
