Kuni kecha Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston axborot va komunikatsiyalar agentligi hamkorligida tashkil etilgan loyiha – “WikiStipendiya” marafonining ikkinchi mavsumi boshlanayotgani munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“Kitob olami” majmuasida o‘tgan tadbirda marafon ishtirokchilari, volontyorlar, loyihaga qiziqish bildirayotgan yoshlar va OAV vakillari ishtirok etib, tashkilotchilarga yo‘llagan turli savollariga batafsil javob olishdi.
“O‘tgan yilning 20-may sanasida start olgan marafonning birinchi mavsumi davomida “o‘zbekcha Wikipedia”ning o‘rni 62-o‘rindan 44-o‘ringa ko‘’tarildi, ona tilimizda yana 70 mingdan ziyod maqola qo‘shildi. Ikkinchi mavsum doirasida esa “WikiQuiz”, “Wiki-tur” kabi yangi loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.
Bu savobli ishga hissa qo‘shishni istagan ko‘ngilli va shijoatli yoshlarni safimizda kutib qolamiz” – deydi Yoshlari ishlari agentligi direktorining Davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Mehrinoz Abbosova.